149-BOB
MAVZU: KECHASI AYTILGAN AZON
203. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bilol kechasi azon aytadi. Sizlar to Ibn Ummi Maktumning azonini eshitmaguncha, yeb-ichveringizlar».
Bu bobda Ibn Mas’ud, Oisha, Unaysa, Anas, Abu Zarr va Samura (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Umarning hadisi hasan-sahih.
Ilm ahllari kechasi azon aytmoq borasida ixtilof qilganlar. Ayrimlari: «Kechasi (tong otishidan oldin) azon aytsa, bomdod azoni o‘rniga o‘tadi va ioda qilmaydi (qayta azon aytmaydi»), deydi. Molik, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir. Ayrimlari esa: «Kechasi (tong otishidan oldin) azon aytsa, ioda qiladi (qayta aytadi) deganlar. Sufyon As-Savriyning qavli shudir.
Hammod ibn Salama, Ayyubdan, Nofi’dan, Ibn Umardan (bunday deb) rivoyat qiladi: «Bilol kechasi azon aytdi va Rasululloh sallallohu alayhi va sallam unga: «Banda uyquga toldi», deb chaqirmog‘ini amr etdilar!». Bu hadis mahfuz emas (tanlangan emas). Sahih bo‘lmish hadis - Ubaydulloh ibn Umarning va yana boshqalarning Nofi’dan, Ibn Umardan rivoyat qilgan hadisidirki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ushbu hadisda bunday deb aytdilar: «Bilol kechasi azon aytadi. Sizlar to Ibn Ummi Maktumning azonini eshitmaguncha yeb-ichaveringizlar».
Abdulaziz ibn Abu Ravvod, Nofi’dan bunday rivoyat qilgan: «Umarning bir muazzini kechasi azon aytdi va Umar unga azonni ioda qilmog‘ini (qayta aytmog‘ini) amr etdi».
Bu hadis ham sahih emas. Chunki, Nofi’dan, Umardan rivoyat qilinganki, munqoti’dir. Balki Hammod shu hadisni murod etgaydir.
Ya’ni, Hammod ibn Salama, (Hazrati) Umarga mavquf bo‘lgan bu asarni so‘zlab bermoqchi bo‘lganida yanglishib va vahmga berilib, «Bilol kechasi azon aytadi» degan bo‘lishi ehtimol. Bu bir ehtimol. Termiziy buning bir ehtimol ekanini «balki» so‘zi bilan ifoda etib o‘tganlar.
Sahih bo‘lgan hadis - Ubaydulloh va yana boshqalarning Nofi’dan, Ibn Umardan hamda Az-Zuhriyning Solimdan, Ibn Umardan rivoyat qilgan, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam «Bilol kechasi azon aytadi» degan hadisdir. Hammodning hadisi sahih bo‘lsa edi, bu hadisning ma’nosi qolmasdi. Chunonchi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bilol kechasi azon aytadi» degan vaqtlarida ularga kelajakda bo‘ladigan narsani bildirgandirlar va Bilolning kechasi azon aytishini ta’kidlagandirlar. Rasuli Akram, Bilolga tong otishidan oldin aytgan azonini ioda qilmoqni buyursalar edi, «Bilol kechasi azon aytadi» demas edilar.
Ali ibn Madaniy aytadiki, «Hammod ibn Salamaning Ayyubdan, Nofi’dan, Ibn Umardan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisi mahfuz (tanlangan) emas, Hammod ibn Salama bu hadisda yanglishgan.