Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294572 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 69 B


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:10:40

155-BOB
MAVZU: MUAZZINNING AZON UCHUN HAQ OLMOG’I KAROHAT EKANLIGI


209. Usmon ibn Abil-Os (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning menga aytgan oxirgi ahdlari (shartlari) shu bo‘ldi: «Bir muazzin tutgilki, u azon uchun haq olmasin».
Usmonning hadisi hasan-sahih. Ilm ahlining nazdida amal shu hadis asosidadir. Muazzin azon uchun haq olmogani makruh deb hisoblashgan va azon muqobilsiz, Alloh rizosi uchun aytilmogani mustahab deb qaraganlar.
Hadis muazzin aytgan azoni muqobilida haq olmog‘i makruh ekaniga dalolat qiladi. Ibn Hubbon, Yahyo Al-Baqqoliydan taxrij qilgan; aytadiki, «Bir odam Ibn Umarga: «Men seni Alloh uchun yaxshi ko‘raman», deb aytganini eshitdim. Ibn Umar: «Men esa Alloh uchun seni yomon ko‘raman» deb javob berdi. U odam: «Subhanalloh! Men seni Alloh uchun yaxshi ko‘rsam-u, sen meni Alloh uchun yomon ko‘rasanmi?!.» - dedi. Ibn Umar: «Ha, — dedi, chunki sen azon uchun haq olasan»... Bu orada azonga muqobil haq olganlik uchun jazo berganlar ham bor. Ash-Shavqoniy, «Haq olmoq faqat shart qo‘yilsa - harom, so‘ramagan holda berilsa, harom emas», deb ikki tomonni kelishtiradigan bir fikrni ilgari surgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:11:31

156-BOB
MAVZU: MUAZZIN AZON AYTGANDA (ESHITGAN)KISHI O’QIYDIGAN DUO


210. Sa’d ibn Abi Vaqqos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimki muazzinni(ng shahodat keltirganini) eshitganda: «Va ana ashhadu anla ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah va anna Muhammadan abduhu va rasuluh. Roziytu billahi Robban va bi Muhammadin Rasulan va bil Islami diynan» («Men ham shohidlik beramankim, Allohdan boshqa iloh yo‘q, U yakka-yu-yagonadir, sherigi yo‘qdir va Muhammad Uning bandasi va Rasulidir. Allohni Robbim deb, Muhammadni Rasul deb va Islomni din deb rozi bo‘ldim (qabul qildim)»)- deb aytsa, uning gunohlari kechiriladi».
Bu hadis hasan-sahih-g‘arib. Buni faqat Lays ibn Sa’dning Hukaym ibn Abdulloh ibn Qaysdan qilgan rivoyatidan bilamiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:12:59

157-BOB
MAVZU: O’TGAN MASALA (YA’NI AZON DUOSI)


211. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu apayhi va sallam dedilar: «Kimki azonni eshitganda: «Allohumma Robba hazihid-da’vatit-tammati vas-solatil qoimah ati Muhamaddan vasiylata val-faziylah, va-b’ashu maqomam Mahmuda-nillaziy va’adtah» («Ey ushbu mukammal da’vat va abadiy namoz sohibi bo‘lgan Allohim! Muhammad (sallallohu alayhi va sallam)ga vasiyla va fazilat ato et va u zotni O’zing va’da qilgan maqomi Mahmudga yetkaz!») desa, Qiyomat kunida unga shafoat hal bo‘lur!»
Jobirning hadisi, Muhammad ibn Al-Munqadir rivoyati sifatida sahih-hasan-g‘arib. Bu hadisni Shuayb ibn Abi Hamzadan boshqa, Muhammad ibn Al-Munqadirdan rivoyat qilgan kishini bilmaymiz. Abu Hamzaning ismi - Dinor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:14:28

158-BOB
MAVZU: AZON BILAN IQOMAT ORASIDA QILINGAN DUO QAYTARILMAGAY


212. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Azon bilan iqomat orasidaga duo rad etilmagay».
Anasning hadisi hasan-sahih.
Abu Ishoq Al-Hamdoniy bu hadisni Burayd ibn Abi Maryamdan, Anasdan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan aynan rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:16:01

159-BOB
MAVZU: ALLOH BANDALARIGA NECHA VAQT NAMOZ FARZ QILGAN?


213. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamga «Isro» kechasida ellik vaqt namoz farz qilindi. Keyin besh vaqtga tushirildi. Keyin bunday deb nido qilindi: «Yo Muhammad! Endi so‘z qatiydur, o‘zgartirilmas! Sen uchun shu besh vaqt namozda ellik vaqt namoz savobi bordur!».
Bu bobda Uboda ibn As-Somit, Talha ibn Ubaydulloh, Abu Zarr, Abu Qatoda, Molik ibn Sa’saa va Abu Sa’id Al-Xudriy (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Anasning hadisi hasan-sahih-g‘arib.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:19:49

160-BOB
MAVZU: BESH VAQT NAMOZNING FAZILATI


214. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Besh vaqt namoz hamda jum’agacha bo‘lgan jum’a namozi, gunohi kabiralar qilinmasa, oralaridagi gunohlarga kafforatdir».
Bu bobda Jobir, Anas va Hanzala Al-Usaydiy (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:23:39

161-BOB
MAVZU: JAMOAT BILAN O’QILADIGAN NAMOZNING FAZILATI


215. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Jamoat namozi kishi yolg‘iz o‘qigan namozdan yigirma yetti daraja ortiqdir».
Bu bobda Abdulloh ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Mu’oz ibn Jabal, Abu Sa’id, Abu Hurayra va Anas ibn Molik (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Umarning hadisi hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning: «Jamoat bilan o‘qigan namoz kishi yolg‘iz o‘qigan namozdan yigirma yetti daraja ortiqdir», degan so‘zlarini Nofi’, Ibn Umardan, Rasuli Akramdan shu tarzda rivoyat qilgan. Bu bobda Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilganlarning hammasi «yigirma besh (daraja)» degani holda, yolg‘iz Ibn Umar «yigirma yetti (daraja)» deb aytgan.

216. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kishining jamoat bilan o‘qigan namozi yolg‘iz o‘qigan namozidan yigirma besh hissa ortiqdir».
Bu hadis hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:25:25

162-BOB
MAVZU: AZONNI ESHITIB, UNGA IJOBAT QILMAGAN KISHI


217. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Darhaqiqat, odamlarimga: «O’tin yig‘ingizlar!» deb buyursamu o‘tin yig‘salar, keyin namozga buyursamu birovi imomlik qilsa, keyin namozga kelmaganlar(ning uylari)ga borib, ustlaridan o‘t yoqib yuborsam!..»
Bu bobda Abdulloh ibn Mas’ud, Abud-Dardo, Ibn Abbos, Mu’oz ibn Anas va Jobir (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan bittadan ko‘p kishi: «Azonni eshitib turib, ijobat qilmagan kishining namozi yo‘q!» deb aytganlari rivoyat qilingan. Ayrim ilm ahllari bu hukm tag‘liz va tashdid (qattiqlik va talabchanlik) mohiyatida ekaniga to‘xtalishgan. Shunga qaramay, uzrsiz holda hech kim uchun jamoatni tark etmoqqa ruxsat yo‘q.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:25:49

218. Mujohid aytadi: Ibn Abbosdan, kunduzi ro‘za tutib, kechalari uyg‘oq namoz o‘qiydigan, ammo jum’a namoziga ham, jamoatga ham kelmaydigan kishi xaqida so‘raldi. «U Jahannamdadir!» deb javob berdi. Hannod shunday hadisni bizga Al-Muhoribiydan, Laysdan, Mujohiddan bayon qildi.
Hadisda xohlamasdan, haqqini kamsitib va yo‘q xisoblab, jamoatga va jum’aga qatnamaslik nazarda tutilmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Dekabr 2008, 09:28:47

163-BOB
MAVZU: YAKKA HOLDA NAMOZINI O’QIGANDAN KEYIN JAMOATGA KELGAN KISHI


219. Yazid ibn Al-Asvad (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning hajlarida u kishi bilan birga hozir bo‘ldim va Al-Xoyf masjidida u zot bilan birga bomdod namozini o‘qidim. Namozni ado etib bo‘lgach, qayrilib, qavmning oxirida turgan va o‘zlari bilan birga namoz o‘qimagan ikki kishini ko‘rdilar-da: «Ularni menga keltiringizlar», dedilar. Ularni keltirishdi. (Qo‘rquvdan) ularning badanlari dir-dir titrar edi. (Rasuli Akram): «Biz bilan namoz o‘qimoqdan sizlarni nima to‘sdi?» dedilar. Ular: «Yo Allohning Rasuli! Biz chodirlarimizda namozimizni o‘qib olgan edik», deyishdi. «Bunday qilmangizlar, - dedilar (Rasuli Akram). — Agar namozingizni chodirlaringizda o‘qib, keyin bir jamoatning masjidiga kelsangizlar, ular bilan ham birga namoz o‘qingizlar, bu sizlar uchun nafl namozi bo‘ladi».
Bu bobda Muhjan Ad-Diyliy va Yazid ibn Omirdan ham hadis rivoyat qilingan.
Yazid ibn Al-Asvadning hadisi hasan-sahih.
Ilm ahllaridan bittadan ortik kishining qavli shudir. Sufyon As-Savriy, Shofi’iy, Ahmad va Ishoq shu qavlga ega bo‘lishgan. Aytadilarki, «Yakka holda namozni o‘qiganidan keyin jamoatga yetgan kishi o‘qigan namozini jamoat bilan ioda qiladi (qayta o‘qiydi)». Shom namozini yolg‘iz o‘zi o‘qigan va keyin jamoatga yetgan kishi haqida bunday deydilar: «Shom namozini ular bilan birga o‘qiydi va (oxirida o‘zi) bir rak’at qo‘shib, juft qiladi». Bu ilm ahllarining fikricha farz bo‘lgan namoz yakka o‘zi o‘qigan (birinchi) namozdir. (Keyingisi nafl).

Qayd etilgan