174-BOB
MAVZU: IMOMLIK QILMOQQA KO’PROQ KIM HAQLI?
235. Abu Mas’ud Al-Ansoriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytadi: «Rasululloh sallallohu alaihi va sallam bunday dedilar: «Qavmga Allohning Kitobini eng yaxshi qiroat qiladigan (ahkomlaridan yaxshi voqif bo‘lgan) kishi imomlik qiladi; qiroatda teng bo‘lsalar, sunnatni eng yaxshi bilgan kishi imom bo‘ladi; sunnatda barobar bo‘lsalar, muqaddam hijrat qilgan kishi imom bo‘ladi. Kishiga uning mulkida imomlik qilinmaydi va kishining uyida uy egasi o‘ltiradigan (maxsus) joyga o‘ltirilmaydi, illo o‘zi izn bersa, (mumkin)». Mahmud aytdiki, «Ibn Numayr o‘z hadisi (rivoyati)da: «Yosh jihatidan eng muqaddamlari», deydi.
Bu bobda Abu Sa’id, Anas ibn Molik, Molik ibn Al-Huvayris va Amr ibn Salama (roziyallohu anhum)dan bittadan hadis rivoyat qilingan.
Abu Mas’udning hadisi - hasan-sahih.
Ilm ahllarining nazdida amal shu hadis asosidadir. Aytadilarki, insonlar orasida imomlikka eng loyig‘i - Allohning Kitobini eng yaxshi qiroat qiladigan va Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sunnatini eng yaxshi bilgan kishidir.
Shuningdek, «Uy egasi imomlikka ko‘proq loyiq», deydilar.
Ayrim ilm axllarining fikricha: «Uy egasi izn bersa, boshqa kishi unga imom bo‘lmoqligida zarar yo‘q». Ba’zilari buni makruh deb qaraydilar va bunday deydilar: «Sunnat - namozni uy egasi o‘qib bermog‘idir».
Ahmad ibn Hanbal aytadiki, «Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning: «Kishiga uning mulkida imomlik qilinmaydi va kishining uyida uy egasi o‘ltiradigan (maxsus) joyga o‘ltirilmaydi, illo o‘zi izn bersa, (mumkin)» degan so‘zlariga tayanib, «Uy egasi izn bersa, bu izn hammasiga (uy egasiga imom bo‘lmoqqa va uning joyiga o‘tirmoqqa ham) tegishli bo‘ladi, deb umid qilaman», deydi.
Ahmad ibn Hanbal, agar uy egasi izn bersa, boshqa kishi unga imom bo‘lmog‘i bezarar», deb hisoblaydi.