Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294553 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 ... 69 B


AbdulAziz  19 Dekabr 2008, 04:00:43

261. Xuzayfa (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; «U (Huzayfa) Nabiy sallallohu alayhi va sallam bilan birga namoz o‘qidi. Ruku’da: («Subhana Robbiyal-a’zim»), sajdada esa («Subhana Robbiyal-a’la») der edilar. (Qiroatlari asnosida) rahmat oyatiga kelganlarida to‘xtab, (Allohdan) rahmat tilar edilar; azob oyatiga kelganlarida to‘xtab, (Allohdan) panoh tilar edilar».
Bu hadis hasan-sahih.

262. Shuba (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi.  (Shu hadisning o‘zi).

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Dekabr 2008, 04:01:57

194-BOB
MAVZU: RUKU’DA VA SAJDADA QUR’ON QIROAT QILINMAYDI


263. (Hazrati) Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ipak matoh va mu’asfar (sariqqa bo‘yalgan) kiyim kiymoqdan, oltin uzuk taqmoqdan va ruku’da Qur’on o‘qimoqdan qaytardilar».
Muslim, Abu Dovud va An-Nasoiy tomonlaridan taxrij qilingan bu hadisda bunday deyiladi: «Diqqat qilingayki, men, ruku’da va sajdada turib Qur’on o‘qimoqdan qaytarildim. Bas, rukuda Robbingizga ta’zim qilingizlar va sajdada esa duoga mashg‘ul bo‘lingizlarkim, duolaringiz qabul qilingaydir».
Bu bobda Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan ham rivoyat bor.
(Hazrati) Alining hadisi hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan bo‘lmish ilm ahllari va sahobalaridan keyin kelgan olimlarning qavli shu.
Ruku’da va sajdada (Qur’on) qiroat qilmoqni makruh deb hisoblashgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Dekabr 2008, 04:03:50

195-BOB
MAVZU: RUKU’DA VA SAJDADA BELINI TO’KIS BUKMAGAN KISHI


264. Abu Mas’ud Al-Ansoriydan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Namozda to‘liq tekislanmagan, ya’ni ruku’da va sajdada belini tekis bukmagan erkak kishining namozi durust emas!»
Bu bobda Ali ibn Shaybon, Anas, Abu Hurayra va Rifo’a Az-Zuroqiy (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Mas’udning hadisi hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan ilm ahlining va ulardan keyingi olimlarning nazdida amal shu hadis asosidadir. Erkak kishi ruku’da va sajdada belini to‘liq tekis bukmog‘i kerak degan jihatga ega bo‘lganlar.
Shofi’iy, Ahmad va Ishoh, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning: «Namoz o‘qiyotib ruku’da va sajdada belini to‘liq tekis bukmagan erkak kishining namozi durust emas», degan hadislariga tayanib, ruku’da va sajdada to‘liq to‘g‘rilanmagan (tekislanmagan) kishining namozi durust emas, deb qabul qilishgan.
Bu imomlar fikricha, ta’dili arkon va ruknlarda mukammallik (to‘liq bajarishlik) - farz. Imomi Abu Hanifa va Imom Muhammadning fikrlaricha, bu vojib ekanligi bayon qilingan. Shuningdek, sunnat ekanligi ham bayon qilingan. Chunonchi, Taxoviyning so‘zidan ko‘proq vojib ekanligi anglashiladi. Hanafiylar, ta’dili arkon farz bo‘lmay, vojib ekanligiga doir keltirgan dalillaridan biri ushbudir: «Allohu taolo: «Ey iymon keltirganlar, ruku va sujud qilingizlar!» deb marhamat etgan. Oyati jalilada ruku va sajda qilmoqqa amr qilinmoqda. «Ruku’» va «sujud» ma’nolari ma’lum bo‘lgan xos atamalardir. Ruku’ning ma’nosi - egilmoq va sajdaning ma’nosi tie cho‘kmoqdir. Mazkur oyati jalilaning hukmiga ko‘ra qiyomdan mutloq tarzda egilmoq va qo‘lini yerga qo‘ymoq farzdir. Zero, xabari voqid bilan Qur’onning itloqini nasx etish (bekor qilish) joiz emas.
Abu Ma’marning ismi - Abdulloh ibn Sahbara.
Badrlik Abu Mas’ud Al-Ansoriyning ismi — Uqba ibn Amr.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Dekabr 2008, 04:07:49

196-BOB
MAVZU: NAMOZXON RUKU’DAN BOSH KO’TARGANDA NIMA DEYISHI KERAK?


265. (Hazrati) Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ruku’dan bosh ko‘targanlarida: bunday der edilar: «Samia’llohu liman hamidah, Robbana va laka-l-hamd, mil’a-s-samavati val arz va mil’a ma bay-nahuma va mil’a ma shi’ta min shayin ba’du...» (Alloh, hamd aytgan kishining hamdini eshitgaydir (qabul qilgaydir). «Yo Rabbimiz! Senga osmonlar va yerlarni to‘ldirgulik, ular orasini to‘ldirgulik va O’zing xohlagan (arsh va kursi kabi cheksiz) borliqni to‘ldirgulik hamdlar bo‘lsin!»)
Bu bobda Ibn Umar, Ibn Abbos, Ibn Abi Avf, Abu Juhayfd va Abu Sa’id (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
(Hazrati) Alining hadisi hasan-sahih. Ba’zi ilm ahlining nazdida amal shu hadis asosidadir.
Imomi Shofi’iyning qavli ham shu. Shofi’iyning fikriga ko‘ra, xoh farzda, xoh nafl namozlarida bo‘lsin, shu so‘zlar aytiladi.
Kufa faqihlaridan ba’zilarining fikricha, buni faqat nafl namozida aytadi, farz namozlarida aytmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Dekabr 2008, 04:09:09

197-BOB
MAVZU: O’TGAN MASALA (YA’NI NAMOZXON RUKU’DAN BOSH KO’TARGANDA NIMA DEYDI?)


266. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dats rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Imom «Sami’allohu liman hamidah» deganda, «Robbana va laka-l-hamd!» deb aytingizlar. Chunki, kimning aytgani maloikalarning aytganiga to‘g‘ri kelib qolsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi».
Hadisning zohiri, barcha gunohlarning kechirilishiga dalolat qiladi. Ammo ulamo, buni kichik gunohlarga tegishli, deb hisoblashgan. Insonning aytgani maloikalarning aytganiga to‘g‘ri kelib qolishi «Robbana va laka-l-hamd!» maloikalar bilan ayni bir vaqtda aytilmog‘idir.
Bu hadis hasan-sahih.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning ba’zi sahobalaridan ilm ahllarining va sahobalaridan keyin kelgan olimlardan ba’zilarining nazdida amal shu hadis asosidadir. Imom: «Sami’allohu li-man hamidah» — deydi, imomning orqasidagilar esa: «Robbana-laka-l-hamd!» deydilar.
Imomi Ahmadning qavli ham shu. Ibn Siyriyn va boshqalarning fikriga ko‘ra, imomning orqasidagilar imom aytganidek: «   Sami’allohu li-man-hamidah, Robbana va laka-l-hamd» deyishadi. Shofi’iy bilan Ishoqning qavli shunday.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Dekabr 2008, 04:11:28

198-BOB
MAVZU: SAJDAGA BORAYOTIB QO’LLARNI TIZZALARDAN OLDIN YERGA QO’YMOQ (MUMKINMI?)


267. Voil ibn Hujr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni (namoz o‘qiyotganlarida) ko‘rdim, sajdaga borayotib tizzalarini qo‘llaridan oldin yerga qo‘ydilar va qiyomga turayotib qo‘llarini tizzalaridan oldin ko‘tardilar».
Hasan ibn Alining hadisida ushbu qo‘shimcha o‘rin olgan: Yazid ibn Horun aytadiki, «Shorik, Osim ibn Kulaybdan tanho shu hadisni rivoyat qilgan».
Bu hadis g‘arib-hasan. Shorikdan boshqa bu hadisni rivoyat qilgan kishini bilmaymiz. Ilm ahlining ko‘pchiligi nazdida amal shu hadis asosidadir. Kishi tizzalarini qo‘llaridan oldin yerga qo‘yadi, deb qaraydilar.
Qiyomga turayotganda qo‘llarini tizzalaridan oldin ko‘taradi (erdan oladi).
Hammom bu hadisni Osimdan mursal tarzida rivoyat qilgan; sanadida Voil ibn Hujrni zikr etmagan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Dekabr 2008, 09:45:24

199-BOB
MAVZU: O’TGAN MASALA


268. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Qaysi biringiz namozda tuya cho‘kkalagandek cho‘kkalaydi»
Shorih yuqoridagi izohlarda aytganidek, faqat Imomi Molikning mazhablarida avval qo‘llarni yerga ko‘yib sajdaga boriladi. Ammo qolgan uch imom - (Hazrati) Imomi A’zam - Abu Hanifa, Imom Shofi’iy va Imom Ahmad Hanbaliy mazhablarida sajdaga borayotib, tizzalarni qo‘llardan oldin yerga qo‘yish buyurilgan.
Abu Hurayraning hadisi g‘arib.
Bu hadisni Abuz-Zinodning rivoyatidan tanho shu vajhdan bilamiz..
Bu hadis Abdulloh ibn Sa’id Al-Maqburiydan, uning otasidan, Abu Hurayradan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan.
Yahyo ibn Sa’id Al-Katton va boshqalar, Abdulloh ibn Sa’id Al-Maqburiyning (hadis bobida) zaif ekanligini qayd etishadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Dekabr 2008, 09:46:26

200-BOB
MAVZU: PESHONA VA BURUN BILAN SAJDA QILMOQ


269. Abu Humayd As-Sa’idiy (roziyallohu anhu dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam sajdaga borganlarida burunlarini va peshonalarini yerga yaxshilab bosar, qo‘llarini qo‘ltiqlaridan ajratar va panjalarini yelkalarining to‘g‘risiga qo‘yar edilar».
Bu bobda Ibn Abbos, Voil ibn Hujr va Abu Sa’id (roziyallohu anhum)dan ham hadis rivoyat qilingan.
Abu Humaydning hadisi hasan-sahih.
Ilm ahlining nazdida amal shu hadis asosidadir.
Kishi peshonasi va burnisi bilan sajda qilmogi kerak. Agar burnini yerdan uzib, faqat peshonasi bilan sajda qilsa, ilm ahlidan ba’zilari sajdaning durust ekanligiga iqror bo‘lishgan; ba’zilari esa ham peshona, ham burun bilan sajda qilmagunicha, sajdasi durust bo‘lmaydi, deb aytishadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Dekabr 2008, 09:50:10

201-BOB
MAVZU: KISHI SAJDAGA BORGANDA YUZINI QAYERGA QO’YADI?


270. Abu Ishoqdan rivoyat qilindi; aytdi: «Barro ibn Ozibdan: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam sajda qilganlarida yuzlarini qaerga qo‘yar edilar?» deb so‘radim. «Ikki qo‘llarining orasiga», dedi.
Bu bobda Voil ibn Hujr va Abu Humayd (roziyallohu anhumo)dan ham hadis rivoyat qilingan.
Barroning hadisi hasan-g‘arib.
Ba’zi ilm ahli shuni ixtiyor etishgan. Ya’ni (sajdada) qo‘llari quloqlariga yaqin turishini ma’qullashgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Dekabr 2008, 09:51:10

202-BOB
MAVZU: YETTITA A’ZO BILAN SAJDA QILMOQ


271. Al-Abbos ibn Abdulmuttolib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; u Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning bunday deganlarini eshitgan: «Banda sajda qilganida u bilan birga yettita a’zosi sajda qiladi: yuzi, ikki qo‘li, ikki tizzasi, ikki oyog‘i».
Bu bobda Ibn Abbos, Abu Hurayra, Jobir va Abu Sa’id (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Abbosning hadisi hasan-sahih. Ilm ahlining nazdida amal shu hadis asosidadir».

Qayd etilgan