Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294534 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 ... 69 B


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:11:48

226-BOB
MAVZU: BOMDOD NAMOZIDAGI QIROAT


305. Qutba ibn Molikdan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdod namozining birinchi rak’atida «Van-naxla bosiqotin...»(«Qof» surasi)ni qiroat qilganlarini eshitdim».
Bu bobda Amr ibn Hurays, Jobir ibn Samura, Abdulloh ibn As-Soib, Abu Barzo va Ummu Salama (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Qutba ibn Molikning hadisi hasan-sahih.
Nabiy sallallohu alayhi va sallam bomdod namozida 60 oyatdan 100 oyatgacha o‘qiganlari rivoyat qilingan.
Nabiy sallallohu alayhi va sallam («Iza-sh-shamsu kuvvirot» surasi)ni o‘qiganlari ham rivoyat qilinadi.
(Hazrati) Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishiga qaraganda, Umar, Abu Musoga bomdod namozida uzun suralardan o‘qimog‘ini yozma ravishda bildirganlar.
Ilm ahlining amali shu hadis asosidadir. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak va Shofi’iyning ham qavli shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:13:27

227-BOB
MAVZU: PESHIN VA ASR NAMOZLARIDAGI QIROAT


306. Jobir ibn Samura (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh  sallallohu alayhi va sallam peshin va asr namozlarida «Vas-samai zatil-buruj» hamda «Vas-samai vat-toriq» va shunga o‘xshash suralarni o‘qir edilar».
Bu bobda Habbob, Abu Sa’id, Abu Qatoda, Zayd ibn Sobit va Al-Barro (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Jobir ibn Samuraning hadisi hasan-sahih.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam peshin namozida «Sajda» surasi qadarlik o‘qiganlari rivoyat qilingan. Peshinning birinchi rak’atida 30 oyat va ikkinchi rak’atida 15 oyat qadar o‘qiganlari ham rivoyat qilinadi.
(Hazrati) Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: (U kishi) Abu Musoga peshin namozida o‘rtacha (miqdordagi) suralardan o‘qilmog‘ini yozma ravishda bildirdilar.
Ayrim ilm ahlining rivoyatiga ko‘ra asr namozining qiroati shom namozining qiroati singaridir: qisqa suralardan o‘qiladi.
Ibrohim aytadi: «Peshin namozi qiroatda asr namozining to‘rt barobariga yetkaziladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:14:15

228-BOB
MAVZU: SHOM NAMOZIDAGI QIROAT


307. Ummu Fazl (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bemorlik paytlarida boshlarini bog‘lagan holda bizlarga (masjidga) chiqib, shom namozini o‘qib berdilar va «Mursalot» surasini qiroat qildilar. Boshqa biror marta shom namozini o‘qimaslaridan Alloh ‘azza va jallaga qovushdilar».
Bu bobda Jubayr ibn Mut’im, Ibn Umar, Abu Ayyub va Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Ummu Fazlning hadisi hasan-sahih.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan, shom namozining ikki rak’atida «A’rof» surasini (bo‘lib) o‘qiganlari rivoyat qilingan.
Tag‘in shom namozida «Tur» surasini o‘qiganlari ham rivoyat qilinadi.
Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat eshitilishicha, u kishi, shom namozida qisqa suralardan o‘qimog‘ini Abu Musoga yozma ravishda bildirganlar.
Abu Bakr (roziyallohu anhu)dan ham shom namozida qisqa suralardan o‘qiganlari rivoyat qilindi.
Ilm ahlining amali shu hadis asosidadir.
Ibnul-Muborak, Ahmad va Ishoqning qavli shu.
Shofi’iy aytadiki, «Shom namozida uzun suralarni, «Vat-Tur» va «Val-Mursalot» kabi suralarni o‘qimoq makruh ekanligi Molikdan rivoyat qilingan. Menimcha, makruh emas. Aksincha, bu kabi suralarni shom namozida o‘qimoqni mustahab deb qarayman».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:16:51

229-BOB
MAVZU: XUFTON NAMOZIDAGI QIROAT


308. Abdulloh ibn Buraydaning otasidan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xufton namozida («Vash-shamsi va zuhaha») va shu singari suralarni o‘qir edilar».
Bu bobda Al-Barro ibn Ozibdan ham hadis rivoyat qilingan.
Buraydaning hadisi hasan.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam xufton namozida «Vat-tiyni vaz-zaytun» surasini o‘qiganlari rivoyat qilingan.
(Hazrati) Usmon Ibn Affon (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilindi: «(U kishi) bomdod namozida «Munofiqiyn» va shu singari suralarni o‘qir edilar».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalari va tobi’iynlar bundan ko‘proq va ozroq (miqdorda) o‘qiganlari kelgan rivoyatlar orasida zikr qilingan: Xufton namozi qiroatiga tahdid qo‘ymagan edilar. Bu xususda eng maqbul rivoyat, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Vash-shamsi va zuhaha» bilan «Vat-tiyni vaz-zaytun» suralarini o‘qiganlariga doir kelgan rivoyatdir.

309. Al-Barro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam xufton namozida «Vat-tiyni vaz-zaytun» surasini o‘qir edilar».
Bu hadis hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:18:08

230-BOB
MAVZU: IMOMNING ORQASIDA QIROAT QILMOQ


310. Uboda ibn Somit (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bomdod namozini o‘qib berdilar va qiroat u kishiga og‘irlik qildi. Namozni o‘qib bo‘lgach: «Ko‘ryapmanki, sizlar imomingizning orqasida qiroat kilayotirsizlar-ku!» dedilar. «Yo Rasululloh! Vallohi, shundoq!» - dedik. «Unday qilmangizlar, illo (faqatgina) «Ummul Qur’on»ni (ya’ni «Fotiha» surasini) o‘qingizlar. Chunki uni o‘qimagan kishining namozi yo‘q!» dedilar.
Bu bobda Abu Hurayra, Oisha (onamiz), Anas, Abu Qatoda va Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhum)dan ham hadis rivoyat qilingan.
Ubodaning hadisi hasan.
Az-Zuhriy bu hadisni Mahmud ibn Ar-Robi’dan, Uboda ibn As-Somitdan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: «Aytdilarki, «Fotiha»ni o‘qimagan kishining namozi yo‘q».
Bu rivoyat sahihroq.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan ilm ahlining va tobi’iyn ulamosining ko‘pchiligi nazdida, imomning orqasida qiroat qilmoq masalasida, amal shu hadis asosidadir.
Molik ibn Anas, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli ham shudir: imomning orqasida qiroat qilinadi, deb qaraydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:19:21

231-BOB
MAVZU: IMOM JAHR (OVOZ CHIQARIB) O’QIGANDA UNING ORQASIDAGILAR QIROAT QILMASLIGI


311. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam jahr o‘qib bergan bir namozlarini tugatdilar-da, qayrilgach: «Sizlardan bittangiz men bilan birga qiroat qildimi?» dedilar. Bir kishi: «Shundoq, yo Rasululloh!» dedi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilarki, «Aytdim-a, men o‘qiyotgan Qur’onga nechun muqobala qilayotir deb». Insonlar (sahobalar) buni eshitgach, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam jahr o‘qigan namozlarda u kishi bilan birga qiroat qilishni bas qildilar».
Bu bobda Ibn Mas’ud, Imron ibn Husayn va Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Bu hadis hasan.
Ibn Ukayma Al-Laysning ismi - Umaro bo‘lib, uni Amr ibn Ukayma ham deyishadi.
Bu hadisni rivoyat qilgan Az-Zuhriyning birodarlaridan ba’zisi quyidagi jumlani zikr etib, bunday deydi: «Insonlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan buni eshitgach, qiroat aylamoqni bas qildilar».
Bu hadisda imomning orqasida qiroat qilmoqni ko‘zda tutganlarni sindiradigan bir holat yo‘q. Chunki bu hadisni Nabiy sallalloho‘ alayhi va sallamdan rivoyat qilgan Abu Hurayra (roziyallohu anhu), Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan shundoq bir hadis ham rivoyat qilgan: «Kimki bir namoz o‘qisa-yu, o‘sha namozda «Fotiha»ni o‘qimasa, u namoz nuqsonlidir, to‘kis emas!» Shunda hadisni eshitgan kishi Abu Hurayraga: «Men ba’zan imomning orqasida turib qolaman-ku? (Unda nima qilaman?)» dedi. Abu Hurayra: «Fotiha»ni ichingda o‘qi», dedi.
Abu Usmon An-Nahdiy Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilgan ekan; aytadiki: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam «Fotiha»siz namoz yo‘q ekanligini hayqirib eshittirmogimni menga amr qildilar».
Muhaddislarga kelsak, imom jahr o‘qiganda muqtadi’ qiroat qilmaydi, deb ixtiyor etadilar va bunday deydilar: «Imomning saktalarini (qiroat asnosida to‘xtaydigan joylarini) kuzatadi».
Imomning orqasida qiroat qilmoq masalasida ilm ahli ixtilof qilganlar. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’iyndan ilm ahlining ko‘pchiligi imomning orqasida qiroat qilmoqni ko‘zda tutadilar.
Imom Molik, Ibnul-Muborak, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli ham shudir.
Abdulloh ibn Al-Muboraqdan uning bunday degani rivoyat qilingan: «Men imomning orqasida qiroat qilaman. Hamma o‘qiydi, faqat Kufa faqihlaridan bir jamoa o‘qimaydi. O’qimaganlarning namozi ham joiz deb hisoblayman».
Ilm ahlidan ba’zilari imomning orqasida bo‘lsa ham, «Fotiha»ni o‘qimaslik masalasida og‘ir hukmga borib, bunday deyishgan: «Xoh yolg‘iz o‘zi namoz o‘qisin, xoh imomning orqasida bo‘lsin, «Fotiha»ni o‘qimasa, namoz joiz emas». Bular: Uboda ibn As-Somitning Rasululloh sallallohu alayhi aa sallamdan qilgan rivoyatiga ega bo‘lishgan (tayanishgan).
Uboda ibn As-Somit, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan keyin, imomning orqasida qiroat qilibdi va Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Fotiha»siz namoz yo‘q», degan so‘zlarini sharhlabdi.
Shofi’iy, Ishoq va ayrimlarning qavli ham shu.
Imom Ahmadga kelsak, u bunday deydi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «Fotiha»siz namoz yo‘q» degan so‘zlarining ma’nosi yakka o‘zi namoz o‘qigan kishi uchundir». Imom Ahmad, Jobir ibn Abdullohning «Kimki bir rak’at namoz o‘qisa-yu, unda «Ummul Qur’on»ni («Fotiha» surasini) o‘qimasa, namoz o‘qimabdi: illo imomning orqasida bo‘lsa, (namozi durustdir)» degan hadisini dalil sifatida ko‘rsatadi va bunday deydi: «Bu kishi Nabiy sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridandir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning: «Fotiha»siz namoz yo‘q» degan so‘zlarini, yakka o‘zi namoz o‘qigan kishilar uchun, deb ta’vil qilgandir».
Imomi Ahmad, shu bilan birga, imomning orqasida qiroat qilmoqni va namozxon imomning orqasida bo‘lsa ham, «Fotiha»ni o‘qimog‘i jihatini ixtiyor qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:21:15

312. Vahb ibn Kaysondan rivoyat qilindi: U Jobir ibn Abdullohning bunday deganini eshitdi: «Kimki bir rak’at namoz o‘qisa-yu, unda «Ummul-Qur’on»ni («Fotiha» surasini) o‘qimasa, u namoz o‘qimabdi. Faqat imomning orqasida bo‘lsa, (namozi durustdir»).
Bu hadis hasan-sahih.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:22:09

232-BOB
MAVZU: MASJIDGA KIRAYOTGANDA O’QILADIGAN DUO


313. Fotimat-ul-Kubro (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam masjidga kirganlarida Muhammadga (ya’ni o‘zlariga) salotu salom keltirib, «Robba-g‘firliy zunubiy, va-ftah liy abvaba rohmatik» («Yo Rabbim! Gunohlarimni mag‘firat qil va menga rahmating eshiklarini ochgil!..») der edilar. Masjiddan chiqayotganlarida esa Muhammadga salotu salom keltirib, «Robba-g‘firliy zunubiy, va-ftah liy abvaba faz-lik!»( «Yo Robbim! Gunohlarimni magfirat qil va menga fazling (ne’matlarining) eshiklarini ochgil!») der edilar».
Allohning Rasuliga munosib salotu salom aytish haqidagi oyat. («Ahzob»-33) nozil bo‘lgach, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam Allohning amrini tutib, o‘zlariga (birinchi bo‘lib) o‘zlari salotu salom keltirganlar. Bundagi salotu salom keltirmoqlik Allohning amrini ado etish bilan birga ummatlariga ta’lim uchun hamdir. Al-Qoriy «Al-mirqot»ida aytganidek, «Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallam o‘zlariga iymon keltirmoqlari va Payg‘ambarlik shaxsiyatiga ta’zim sifatida o‘zlariga salotu salom keltirmoqlari vojib qilingan».

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:23:20

314. Ismoil ibn Ibrohimdan rivoyat qilindi; aytdi: «Abdulloh ibn Hasan bilan Makkada uchrashib qoldim va undan bu hadis haqida so‘radim. Meiga hadisni bayon etdi va bunday dedi: «Kirayotganlarida: «Robba-ftah baba rohmatik» («Yo Rabbim! Rahmating eshigini menga ochgil!») der edilar va chiqayotganlarida «Robba-ftah liy baba fazlik» (Yo Robbim! Fazling (ne’matlaring) eshigini menga ochgil!») der edilar».
Bu bobda Abu Humayd, Abu Usayd va Abu Hurayra (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Fotima (roziyallohu anho)ning hadisi - hasandir va isnodi muttasil emas. Chunki Husaynning qizi Fotima - Fotimai Kubroni ko‘rmagan, chunki Fotimai Kubro Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan keyin atigi bir necha oy yashagan, xolos.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Dekabr 2008, 08:25:25

233-BOB
MAVZU: TAHIYYAT-UL-MASJID NAMOZI


315. Abu Qatoda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Sizlardan birortangiz masjidga kelsa, o‘tirmasdan oldin ikki rak’at namoz o‘qib olsin».
Bu bobda Jobir, Abu Umoma, Abu Hurayra; Abu Zarr va Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Qatodaning hadisi hasan-sahih.
Bu hadisni Muhammad ibn Ajlon va mutaaddid (bir qancha) kishilar, Molik ibn Anasning rivoyatiga o‘xshash tarzda Omir ibn Abdulloh ibn Az-Zubayrdan rivoyat qilganlar.
Suxayl ibn Abu Solih bu hadisni Omir ibn Abdulloh ibn Az-Zubayrdan, Amr ibn Sulaymdan, Jobir ibn Abdullohdan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi. Bu hadis mahfuz emas. Sahih hadis Abu Qatodaning hadisidir.
Birodarlarimizning amali shu hadis asosidadir: Kishi masjidga kirganida, agar uzrli bo‘lmasa, o‘tirmasdan oldin ikki rak’at namoz o‘qib olishi mustahab, deb qaraganlar.
Ali ibn Al-Madaniy aytadiki, «Suxayl ibn Abi Solihning hadisi yanglishdir». Ishoq ibn Ibrohim, buni menga Ali ibn Al-Madaniydan xabar berdi.

Qayd etilgan