298-BOB
MAVZU: TASHAHHUDDAN KEYIN TAHORAT BUZILSA...
404. Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Namozining oxirida (tashahhud miqdorida) o‘tirib, salom berishdan oldin tahorati buzilsa, — ya’ni namoz o‘qigan kishini aytmoqchilar - uning namozi joizdir».
Bu hadisning isnodi sog‘lom emas. Uning isnodi (masalasi)da (muhaddislar) chalkashlikka tushganlar.
Bu chalkashlik, hadis boshqa-boshqa va bir-biridan farqli vajhlardan rivoyat etilgani tufayli yuzaga kelgan. Chalkashlik -sanadda yoki matnda bo‘ladi, yoki bir roviydan yoki bir necha roviydan sodir bo‘ladi. Muztarib hadis, puxta qamralganini ishorat qilgani uchun zaifdir. Al-Qoriy: «Mutaaddid vajhlardan rivoyat etilmog‘i uni zaif martabasidan hasan martabasiga yetkazadi», deydi va u hadisning mutaaddid vajhlari borligini ta’kidlaydi.
Ayrim ilm ahllari (ya’ni Hanafiy mazhabi sohiblari) shu hadisni egallab, «Tashahhud miqdorida o‘tirib, salom berishdan oldin tahorati buzilsa, namozi tugaldir», deyishgan.
Abu Hanifa va sohibaynning (ikki birodarining) qavli shudir. Shu farq bilanki, Abu Hanifa tahorat buzilishi o‘z qasdi bilan bo‘lgan taqdirda, deb hisoblaydi. Sohibayn esa butunlay qabul qiladi.
Ba’zi ilm ahllari esa bunday deydilar: «Xoh tashahhud o‘qimasdan oldin bo‘lsin, xoh salom berishdan oldin bo‘lsin, tahorati buzilsa, namozni ioda qiladi (qayta o‘qiydi)». Imom Shofi’iyning qavli shudir.
Imom Ahmad aytadi: «Tashahhud o‘qimasdan ham salom bersa, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning «Namozning tahlili - salomdir» degan qavllariga binoan, u kishining namozi joizdir. Tashahhud (salomdan) yengildir. Nechukkim, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ikki rak’atidan (o‘tirmay) turib ketganlar va tashahhud o‘qimasdan namozlarida davom etganlar».
Ishoq ibn Ibrohim: «Tashahhud o‘qisa, salom bermasa ham namozi joizdir» deydi va Ibn Mas’udning hadisini dalil sifatida ko‘rsatadi. Chunonchi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)ga tashahhudni o‘rgatganlarida bunday deb aytdilar: «...Bundan (tashahhudni o‘qimoqdan) forig‘ bo‘lgach, zimmangdagi narsani ado etgan bo‘lursan».
Abdurrahmon ibn Ziyod bu - Al-Ifriqiydir. Ba’zi muhaddislar uning (hadisda) zaif ekanini qayd etganlar. Yahyo ibn Sa’id Al-Qatton va Ahmad ibn Hanbal shular orasidadir.