2-BOB
MAVZU: TAHORATNING FAZILATI
2. Abu Xurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: Rasululloh salallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Musulmon (yoki mo‘min) banda tahorat olayotib, yuzini yuvganida ko‘zlari bilan qarab qilgan har bir gunohi tahorat suvi bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan (yoki shunga o‘xshash ta’bir qo‘lladilar) yuzidan yuvilib tushadi; qo‘llarini yuvayotganida qo‘llari bilan sodir qilgan har bir gunohi suv yoki suvning so‘nggi qatrasi bilan qo‘llaridan to‘kiladi va shunday qilib, banda gunohlaridan poklanib chiqadi».
Bu hadis hasan-sahih.
Bu hadisni Molik Suxayldan, uning otasidan, Abu Hurayradan rivoyat qilgan. Abu Solih Suxaylning otasidir, Abu Solih As-Sammon deb tanilgan bu zotning ismi — Zakvon. Abu Hurayraning ismi masalasida esa ixtilof qilindi. Ba’zilar «Abdushams» deb aytishdi. Kimdir, «Abdulloh ibn Amr», deb aytadi. Xullas, Muhammad ibn Ismoil (Al-Buxoriy), «Eng to‘g‘risi shu!» deydi. (Ya’ni, Abu Hurayraning ismi borasida turli xil naqllar zikr qilingan bo‘lib, Abdulloh ibi Amr ekanligiga ishorat qilingan).
Bu bobda Usmon ibn Affon, Savbon, As-Sunobihiy, Amr ibn Abasa, Salmon va Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhum)dan ham hadis rivoyat qilingan.
As-Sunobihiy Abu Bakr Siddiqdan rivoyat qilgan, ammo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitgan emas. Asli ismi — Abdurrahmon ibn Usayla, kunyasi Abu Abdulloh bo‘lgan As-Sunobihiy Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamni ko‘rmoq uchun yo‘lga chiqqan edi, u hali yo‘lda ekanligida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etdilar. U kishi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan turli hadislar rivoyat qilgan.
Suyutiy ibn Abdilbarrdan naql etib, bunday deydi: Sunobihiyning Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadislari borasida Ibn Moindan so‘raldi, u bunday javob qildi: «Bu hadislar mursaldir. Sunobihiy sahoba emas, ammo tobi’iynlarning eng oldingilaridandir».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan bo‘lgan As-Sunobih ibn Al-A’sar Al-Ahmasiy ham As-Sunobihiy deb yuritiladi. Uning hadisi esa mana bunday: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim, aytdilarki: «Men boshqa ummatlarga nisbatan sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman. Binobarin, mendan keyin bir-birlaringizga qarshi urush qilib ketmangizlar!» (Bu hadisni Imom Ahmad «Musnad» kitobida 4/351 raqam bi-lan va Ibn Moja «Sunan» kitobida (2/240-241) raqami bilan rivoyat qilishgan.)