Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294556 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 42 43 44 45 46 47 48 49 50 51 52 ... 69 B


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:49:10

334-BOB
MAVZU: BESH RAK’AT VITR NAMOZI


456. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning tungi namozlari o‘n uch rak’at edi. Shundan besh rak’atini vitr qilar edilar. Ammo bu besh rak’atning faqat oxirida o‘tirar edilar. Vaqtiki, muazzin azon aytib qolsa, o‘rinlaridan turib, ikki rak’at yengil namoz o‘qir edilar».
Oisha (onamiz)ning hadisi hasan-sahih. Bu bobda Abu Ayyub (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan. Payg‘ambar sallallohu apayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ba’zi ilm ahllari vitrni besh rak’at deb isbotlaydilar. Bu besh rak’atning faqat oxirida o‘tiradi, deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:49:23

335-BOB
MAVZU: UCH RAK’AT VITR NAMOZI


457. Alm (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vitrni uch rak’at o‘qir edilar va bu rak’atlarda to‘qqizta sura o‘qir, har rak’atda uchta sura o‘qib, oxirida «Qul: Xuvallohu ahad»ni o‘qir edilar».
Bu bobda Imron Ibn Husayn, Oisha, Ibn Abbos, Abu Ayyub va Abdurrahmon ibn Abzo vositasida Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Abdurrahmon ibn Abzoning o‘zi orqali ham Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan hadis rivoyat qilingan. Ba’zi muhaddislar ana shu tarzda (Abdurrahmonning o‘zidan) rivoyat qiladilar va Ubay Ibn Ka’bni zikr etmaydilar. Ba’zilari esa «Abdurrahmon ibn Abzodan, Ubay ibn Ka’bdan», deydi.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ba’zi ilm ahllari shu hadisni egallab, kishi vitrni uch rak’at o‘qiydi, degan fikrga keldilar.
Sufyon aytadi: «Vitrni xohlasang besh rak’at o‘qiysan, xohlasang uch rak’at, xohlasang bir rak’at». Shundan so‘ng bunday deydi: «Men esa uch rak’at o‘qilmog‘ini ma’qul ko‘raman». Ibnul-Muborakning va Kufa ahlining qavli ham shudir.
Abu Hanifa shu hadis bilan (va yana ko‘plab boshqa hadislar bilan) istidlol qilib, vitr namozi uch rak’at ekanligini aytadi. Hanafiylar fikriga ko‘ra, vitr - uch rak’atdan na ko‘p, na oz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:49:32

458. Sa’id ibn Yaqub At-Tolaqoniy, Hammod ibn Zayddan, Hishomdan, Muhammad ibn Siyriyndan naql etib, bizga bayon qildi; Muhammad ibn Siyriyn aytdi: «Vitrni besh rak’at, uch rak’at, bir rak’at o‘qishar va hammasini yaxshi deb bilishar edi»
(Ilova: «Vitr namozi buyurilishidan avval vitrni bir rak’at, uch rak’at, besh rak’at, yetti rak’at o‘kir edilar. Keyin vitr namozi nozil bo‘ldi, ya’ni Jabroil alayhissalom kelib vitrni xabar berdi. Shundan so‘ng Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uch rak’at bilan kifoya qilmoqni buyurdilar». «Ahli sunnat val-jamoat aqoidi», 51-masala, 60-sahifa. Tarjimon).

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:50:03

336-BOB
MAVZU: BIR RAK’AT VITR NAMOZI


459. Anas ibn Siyriyndan rivoyat qilindi; aytdi: «Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan: «Bomdodning ikki rak’at (sunnat)ini uzun o‘qiyinmi?» - deb so‘radim. Shunda aytdiki, «Nabiy sallallohu alayhi va sallam tunda ikki-ikki rak’atdan namoz o‘qir edilar va bir rak’at vitr (toq) qilar edilar. (Bomdodning) ikki rak’at (sunnat)ini azon quloqlarida bo‘lgan holda o‘qir edilar».
«Azon quloqlarida bo‘lgan holda» iborasidan chiqadigan ma’no shuki, bomdodning sunnatini (azon quloqlariga yetishi bi-lan) qisqa va yengil o‘qir edilar.
Bu bobda Oisha, Jobir, Al-Fazl Ibn Abbos, Abu Ayyub va Ibn Abbos (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Ibn Umarning hadisi hasan-sahih. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’yyndan ba’zi ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir: Kishi ikki rak’at bilan uchinchi (toq) rak’atning orasini salom bilan ajratib, vitrni toq rak’at tarzida o‘qiydi, deb hisoblaydilar.
Molik, Shofi’iy va Ishoqning qavli shudir. (458-hadis ylovasiga va quyidagi to‘rt ilovaga qarang).
(*Termiziy kitobiga yozilgan mo‘‘tabar sharhdan to‘rt ilova:
1-ilova: Hazrati Oisha (roziyallohu anho) Hazrati Abdulloh ibn Abi Qays (roziyallohu anhu)ning savollari ustida, Janobi (Rasuli Akram) sallallohu alayhi va sallamning kechqurundagi namozlarini bu tariqa bayon qilibdurlar: «To‘rt rak’at va uch rak’at; olti rak’at va uch rak’at; sakkiz rak’at va uch rak’at; o‘n rak’at va uch rak’at. Mana bu rivoyatda oxirgi «uch rak’at» degan kalimani to‘rt bor alohida keltirishlaridan ma’lum bo‘lurki, bu namozning adadi na ziyoda, na kam bo‘lur. Shundoq bo‘lmagan taqdirda Hazrati Oisha (roziyallohu anho) har gal «uch rak’at» kalimasini ifoda qilmay, yetti rak’at, to‘qqiz rak’at, o‘n bir rak’at, o‘n uch rak’at deb qo‘ya qolar edi.
2-ilova: Mulla Ali Al-Qoriy rahimahulloh so‘zlaricha, Hanafiylarning dalillari shuldurki, vitr namozining uch rak’at o‘qilishini joiz va mustahsin ekanligiga sahobai ‘izom (roziyallohu anhum) qaror qilgandurlar. Va uch rak’atdan kam bo‘lishida ba’zilari joiz va ba’zilari nojoiz, deb ixtilof qilgandurlar. Sahobalarning ittifoq qilgan masalalariga amal qilmoq ziyoda matlubdir.
3-ilova: Imomi Hasan Basriy (roziyallohu anhu)gaki, muhaddislarning nihoyatda buyuklaridandurlar, debdurlar: «Vitr namozining uch rak’atligiga butun musulmonlar ittifoq qilgandurlar». Bu zotga bir kishi debdurki, «Hazrati Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) uch rak’at vitrning ikki rak’atiga salom berib, qolgan bir rak’atini alohida o‘qir edilar». Anga bu zot (ya’ni imomi Hasan Basriy): «Otalari Hazrati Umar uch rak’atni bir salom ila o‘qir edilar. Va otalari ul kishidan olimroq erdilar», deb javob beribdurlar.
4-ilova: Ahodisi sharifada (hadislarda) tanho bir rak’atlik namoz o‘qish man’ qilingandur. Hazrati Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan bir kishi savol qilib dediki, «Hazrati Sa’id (roziyallohu anhu) vitrni bir rak’at o‘qirlar». Hazrati Abdulloh dedilar: «Bir rak’atlik namoz bo‘lmas».
Bulardan boshqa ham hanafiylarda dalillar ko‘p. Hammadan jome’ va mufrid bir kitob bu masala tahqiqin ustida hazrati mavlono ustozi kabir, allomai shahir, muhaqqaq al-ahnof, a’lamul-ashrof As-Sayyid Muhammad Yusuf Al-Banuriy Allohu majdan va izzan hazratlarining «Termiziyyi sharif»ga qilgon sharhlaridan alohida qilib, tab’ va nashr etgan ta’liflaridur. (Ushbu sharhlar Sayyid Mahmud Toroziy hazratlarining Imom At-Termiziyning «Shamoyili Muhammadiya» kitobiga qilgan izohotidan olindi. Tarjimon).

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:50:14

337-BOB
MAVZU: VITR (NAMOZI)DAGI QIROAT


460. Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vitr namozida: «Sabbihisma Robikal-ala» va «Qul: ya ayyuhal kafirun» va «Qul: Xuvallohu ahad» suralarini rak’atma-rak’at o‘qir edilar».
Bu bobda Ali, Oisha, Abdurrahmon ibn Abzo’ vositasi bilan Ubay Ibn Ka’b (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Nabiy sallallohu alayhi va sallam «Vitrning uchinchi rak’atida «Mu’avvizatayn» - ikki «Qul: a’uzu» (ya’ni «Al-falaq», «An-nos») bilan «Al-ixlos» suralarini o‘qiganlar»i rivoyat qilindi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ilm ahllarining ko‘pchiligi «Sabbihisma Robikal-a’la», «Qul: ya ayyuhal kafirun» va «Qul: Huvallohu ahad» suralari o‘qilmog‘ini ixtiyor etganlar. Har bir rak’atda bulardan bir sura o‘qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:51:12

461. Abdulaziz ibn Jurayjdan rivoyat qilindi; aytdi: «Oisha (roziyallohu anho)dan: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vitrni qaysi suralar bilan o‘qir edilar?» deb savol qildim. Aytdilarki, «Birinchi rak’atda «Sabbihisma Robikal-a’la»ni, ikkinchi rak’atda «Qul: ya ayyuhal kafirun»)ni, uchinchi rak’atda «Qul: Huvallohu ahad»)ni mu’avvizatayn (ikki «Qul: a’uzu») bilan o‘qir edilar».
Bu hadis hasan-g‘arib.
Abdulaziz - Atoning birodari bo‘lmish Ibn Jurayjning otasidir. Ibn Jurayjning ismi - Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj.
Yahyo ibn Sa’id Al-Ansoriy bu hadisni Amra’dan, Oishadan (roziyallohu anhum), Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:51:40

338-BOB
MAVZU: VITR NAMOZIDA QUNUT DUOSI


462. Al-Hasan ibn Ali (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga vitrda o‘qiladigan ushbu kalimalarni (duoni) o‘rgatdilar: «Allohumma-hdiniy fiyman hadayta va ‘afiniy fiyman ‘afayta va tavallaniy fiyman tavallayta va barikliy fiyma a’toyta va qini sharro ma qozoyta fa innaka taqziy va la yuqziy alayka va innahu la yuzillu valyata tabarokta robbana va ta’alayta»
Ma’nosi: «Allohim! Hidoyat etgan (banda)laring qatori meni ham hidoyat qil! Avf etgan (banda)laring qatori meni ham avf ayla! Do‘st tutgan (asragan) bandalaring qatori meni ham do‘st tut (asra)! Ato etgan narsalaringda men uchun barakat qil! Taqdir-qazo qilganing yomonliklardan meni asra! Albatta, Sen taqdir-qazo qilguvchisan va sening taqdiringga qarshilik qilinmagay! Sen do‘st tutgan(asragan) kishi zalil bo‘lmas! Taboraksan yo Robbimiz, ta’olosan!
Hanafiylarning kunut duosi esa ushbudir:
Allohummma nasta’iynuka va nastag‘firuka. (Va nastaxdiyka) Va nu’minu bika. Va natubu ilayka va natavakkalu ‘alayka. Va nusniy ‘alaykal xoyr. Nashkuruka va la nakfuruk. Va naxla’u va natruku man-yafjuruk! Allohumma! Iyyaka na’budu va laka nusolli va nasjudu va ilayka nas’a va nahfidu va narju rohmataka va naxsha ‘azabak. Inna ‘azabaka bil-kuffaari mulhiq.
Ma’nosi: Ey bor Xudoyo! Biz Sendan madad va ko‘mak talab qilurmiz, Sendan ma’rifat so‘raymiz! (Sendan hidoyat tilaymiz). Senga iymon keltirurmiz va. e’timod eturmiz. (Va senga tavba qilurmiz). Senga sano ayturmiz, yaxshilikning hammasi senga xosdir. Senga shukr qilurmiz. Senga kufr keltirmaymiz va kufroni ne’mat qilmaymiz. Kimki sening buyrug‘ingdan chiqsa, haqdan botilga mayl qilsa, uni chiqarurmiz va tashlagaymiz. Ey bor Xudoyo! Sening o‘zingga ibodat qilurmiz va Sen uchun namoz o‘qirmiz va sajda qilurmiz! Senga intilurmiz va Senga itoat qilurmiz, boshqaga qilmasmiz. Sening rahmatingdan umid qilurmiz va azobingdan qo‘rkurmiz. Albatta, sening azobing kofirlarga yetguvchidir!»
(Ilova: qavsdagi iboralar ba’zi joylarda aytilmaydi, bu nodurust emas, durustdir).
Bu bobda Ali (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan,
Bu hadis hasan. Buni tanho shu vajhdan ismi Robi’a ibn Shaybon bo‘lmish Abul-Xavro’ As-Sa’dning rivoyatidan bilayotirmiz. Qunut borasida, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan bundan yaxshiroq hadisni bilmaymiz.
Ilm ahllari vitr namozidagi qunut (duosi) borasida ixtilof qildilar. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) butun umr vitrda qunut o‘qilmog‘ini ma’qul ko‘rdi va qunut (duosi) ruku’dan oldin o‘qilmog‘ini ixtiyor etdi. Ba’zi ilm ahllarining qavli shu. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak, Ishoq va Kufa ahli shu qavlga ega bo‘lganlar. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)dan, Ramazonning ikkinchi yarmida va ruku’dan keyin qunut o‘qigani rivoyat qilingan. Ba’zi ilm ahllari shu qavlga ega bo‘layotir. Shofi’iy va Ahmadning qavli shudir.
(Ilova: «Sahihi Buxoriy»da qunut duosi rukudan oldin o‘kilishi xulosa qilingan. Hanafiylar ruku’dan oldin o‘qiydilar. 1-jild, 272-bet).

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:51:54

339-BOB
MAVZU: VITR NAMOZINI UXLAB QOLIB YOKI UNUTIB O’TKAZIB YUBORGAN (QAZO QILIB QO’YGAN) KISHI (NIMA QILADI?)


463. Abu Sa’id Al-Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: «Kimki uxlab qolib yoki unutib vitr namozini o‘tkazib yuborsa, yodiga tushishi bilan yoki uyg‘onishi bilan darhol o‘qib olsin».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:54:27

464. Zayd ibn Aslamdan rivoyat qilindi; Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kimki uxlab qolib vitr namozini o‘gkazib yuborsa, tong otganda o‘qib olsin».
Bu hadis oldingi hadisdan ko‘ra sahihroq.
Abu Dovud As-Sijziydan - Sulaymon ibn Al-Ash’asni ko‘zda tutadi - eshitdim; aytdi: «Ahmad ibn Hanbaldan Zayd ibn Aslamning o‘g‘li Abdurrahmon haqida so‘radim. Shunda bunday dedi: «Uning birodari Abdulloh zararsizdir».
Muhammad (Al-Buxoriy)dan eshitdim, Ali ibn Abdulloh Zayd ibn Aslamning o‘g‘li Abdurrahmonni (hadisda) zaif deb topganini ta’kidladi va: «Zayd ibn Aslamning o‘g‘li Abdulloh siqa (ishonchli)» dedi.
Kufa ahlidan ba’zilari shu hadisga ega bo‘lganlar. Aytadilarki, kishi quyosh chiqqanidan keyin bo‘lsa ham, esiga tushgan zahoti vitr namozini(ng qazosi)ni o‘qib oladi. Sufyon As-Savriyning qavli shudir.
Vitr namozining qazosi qaysi vaqtgacha o‘qilishi haqida sakkiz qavl ustida ixtilof qilindi: Birovi, Bomdodning farzini o‘qigunicha, deb, birov: quyosh chiqqunicha, deb, birovi zavol vaqtigacha, deb aytadi. Ba’zilari esa bilib turib qazo qilish bilan uxlab qolib yoki unutib qazo qilish o‘rtasida ajrim (farq) qiladi. Birinchi holatda vitrning qazosi bo‘lmaganini, ammo ikkinchi holatda qachon yodiga tushsa, qazosi o‘qilmog‘ini aytadi. Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)ning hukmicha, vitrning qazosi vojibdir va farz namoelaridek qazosi ado etilgaydir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Dekabr 2008, 09:54:59

340-BOB
MAVZU: VITR NAMOZI TONG OTMASDAN OLDIN O’QILMOG’I BAYONI


465. Ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilindi; Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Subh kirmasidan vitr namoziga chaqqon bo‘lingizlar!»
Bu hadis hasan-sahih.

Qayd etilgan