354-BOB
MAVZU: JUM’A KUNI TAHORAT BILAN KIFOYALANMOQ
496. Samura ibn Jundub (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki jum’a kuni tahorat olsa, bu yetarli va juda yaxshidir. Kimki g‘usl qilsa, bas, g‘usl afzalroqdir».
Bu bobda Abu Hurayra, Anas va Oisha (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Samuraning hadisi hasan. Qatodaning birodarlaridan ba’zisi bu hadisni Qatodadan, Al-Hasandan, Samuradan rivoyat qildi. Ba’zisi esa: «Qatodadan, Al-Hasandan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan» deb mursal tarzida rivoyat qildi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Jum’a kuni g‘usl qilmokni ixtiyor etmoq bilan birga bu kunda cho‘milmoqning o‘rniga tahorat bilan kifoyalanmoqni joiz deb hisoblaydilar.
Shofi’iy aytadi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallamning g‘usl qilmoq borasidagi amrlari vojib darajasida bo‘lmasdan, ixtiyoriylik asosida ekanligiga dalolat qiladigan hadislardan biri ham Hazrati Umarning hadisidir».
Chunonchi, u kishi Hazrati Usmonga «Faqat tahorat xolosmi? Axir, siz bilasiz-ku, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam g‘usl qilmoqni buyurganlar», deb aytganlar. Hazrati Umar (roziyallohu anhu) Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning amrlari ixtiyoriylik asosida emas, balki vojiblik asosida, deb bilsalar edi, (Hazrati) Umar (Hazrati) Usmonni orqaga qaytarmasdan qo‘ymas edilar, u zotga: «Qayting, g‘usl qiling!» der(edilar. Hazrati Usmonning o‘zlariga ham bu masala maxfiy qolmasdi. Binobarin, bu hadisda, musulmon kishi qilishi zarur bo‘lgan bir vojib amal yo‘qligiga, balki jum’a kuni g‘usl qilmoqlikda fazilat borligiga dalolat mavjuddir» .
Jum’a kuni g‘usl qilmoq ixtiyoriy ekanligiga doir dalil ana shu tarzda keltiriladi. Ba’zilar bu qarorga ilova qilib, «Masjidda bo‘lgan sahobalar (roziyallohu aihum) Hazrati Umar bilan, Hazrati Usmonning bu holatlariga muvofaqat etgan bo‘ladilar, demak, Jum’a kuni g‘usl ixtiyoriy ekanligi borasida ittifoq qilganlar, deb aytish mumkin». Boshqa tomondan esa Hazrati Umar va Hazrati Usmonning bu qissasidan Jum’a kuni g‘usl qilmoq vojib emas degan ma’noni emas, aksincha, vojib degan ma’noni chiqarganlar bor. Bularning fikricha, Hazrati Umar xutbani bo‘lib, hammaning oldida Hazrati Usmonni ayblab, u zotga ozor berdilar, demak, jum’a kuni g‘usl etmoq muboh bo‘lsa edi, bunday qilmagan bo‘lardilar. Hazrati Usmon esa vaqt tang bo‘lganidan va Jum’a namozini boy berish xavfi bo‘lganidan orqaga qaytmadilar. Chunonchi, bir zaruriyat natijasida vaqtni o‘tkazib yuborganlarini va faqat jum’a azonini eshitgach, o‘zlariga kelganlarini ta’kidlaganlar. («Sahihi Buxoriy»da Hazrati Usmon (roziyallohu anhu) bir yumush bilan band bo‘lib qoldim» deb aytganlari keltirilgan). Bu holat Islom huquqi boy va rang-barangligini, porloq namunalardan bittasi shu ekanligini ko‘rsatadi.