Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294592 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 58 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 B


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:09:27

4-BOB
MAVZU: TUYA VA QO’YNING ZAKOTI


617. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam zakotnoma yozdilar va qilichlariga bog‘langan bu zakotnomani ish ko‘ruvchi voliylariga chiqarmay turib vafot etdilar.* U zot qazo qilgach, Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) to vafotlariga qadar o‘sha bilan amal qildilar. Va (Hazrati) Umar (roziyallohu anhu) to vafotlariga qadar o‘sha bilan amal qildilar. O’sha zakotnomada (ushbular) bitilgan edi: «Besh tuyada — bir qo‘y. Va o‘n tuyada - ikki qo‘y. Va o‘n besh tuyada - uch qo‘y. Va yigirma tuyada - to‘rt qo‘y. Yigirma besh tuyadan to o‘ttiz besh tuyagacha - ikki yashar bir urg‘ochi bo‘taloq. O’ttiz beshtadan oshib, qirq beshtaga qadar yetsa - uch yashar bir urg‘ochi bo‘taloq. Qirq beshtadan oshgach, oltmishtaga qadar yetsa - to‘rt yashar bir bo‘ta. Oltmishtadan oshgach, yetmish beshtaga qadar - besh yashar bir urg‘ochi tuya. Yetmish beshtadan oshgach, to‘qsontaga qadar yetsa - uch yashar ikki urg‘ochi bo‘ta. To‘qsontadan oshgach, yuz yigirmataga qadar yetsa - to‘rt yashar ikki urg‘ochi bo‘ta. Yuz yigirmatadan oshgach, har ellikta (tuya) uchun — to‘rt yashar bir urg‘ochi bo‘ta va har qirqta (tuya) uchun - ikki yoshga to‘lib, uch yoshga o‘tgan bir urg‘ochi bo‘ga. Qo‘ylarda esa har qirqta qo‘yda yuz yigirmataga qadar bo‘lsa - bir qo‘y. Yuz yigirmatadan oshgach, ikki yuztaga qadar bo‘lsa - ikki qo‘y. Ikki yuztadan oshgach, uch yuztaga qadar - uch qo‘y. Uch yuztadan oshgach, har yuz qo‘ydan - bir qo‘y. Keyin uch yuztadan oshib, to‘rt yuztaga yetgunicha - hech narsa (zakot) yo‘q. Zakot (berish)dan qo‘rqib, ayri-ayri (suruv)lar bir-biriga qo‘shib yuborilmaydi va jamlangan (suruv)lar bir-biridan ajratilmaydi.** Suruv qo‘shilgach, egalari bir-birlariga tengma-teng yeaviyada qaraydilar.*** Qarigan va nuqsoni bo‘lgan jonivorlar zakot sifatida olinmaydi».
* Iboradaga takdim va ta’xir nazari e’tiborga olinib, tarjima etildi. Muborakfuriy, Termiziy kitobi sharhiga bag‘ishlangan. «Tuhfat-ul-ahvoziy» asarida mazkur ta’birdagi takdim va ta’xirga ishorat qiladi. Abut-Toyyib As-Sindiy aytadi: «Zakotnomaning qilichga bog‘lanmoqligida zakot bermaganlarga qarshi jang qilishga doir ishorat bor. Chunonchi, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu)ning xilofati davrida zakot bermagan kishilar bo‘lgan va ularga qarshi jang qilingan».
** «Zakot (berish)dan qo‘rqib, ayri-ayri (suruv)lar bir-biriga qo‘shib yuborilmaydi va jamlangan (suruv)lar bir-biridan ajratilmaydi» so‘zini Imom Molik bunday izohlayd»: «Uch kishi bo‘ladiki, har bittasining qirqtadan qo‘yi bor va zakot bermoqlari vojib. Bular, uchchalasining molidan, bitta qo‘y berish vojib bo‘lmog‘i uchun suruvlarini bir-biriga qo‘shib yuborishadi. Yoki ikki kishining ikki yuz ikkita qo‘yi bo‘lib, bulardan zakot sifatida uchta qo‘y bermog‘i vojib. Shunda har biri bittadan qo‘y berish uchun, kelishib, suruvni ajratishadi...» Imomi Shofi’iy aytadi: «Bu bir tomondan mol egasiga, ikkinchi tomondan zakot ma’muriga xitobdir. Zakot berishdan qo‘rqib, bulardan hech biri ajratish yoki qo‘shish harakatiga tushmasligi kerak. Mol egasi zakot ko‘paymog‘idan qo‘rqib, qo‘shish yoki ajratish payiga tushadi. Zakot ma’muri esa zakot ozaymog‘idan qo‘rqib, qo‘shishga yoki ajratishga urinadi. «Zakot (berish)dan qo‘rqib»ning ma’nosi zakotning ko‘paymog‘idan yoki ozaymog‘idan qo‘rqishdir. Bu ma’no xoh mol egasiga, xoh zakot ma’muriga tegishli ehtimoli bo‘lganidan va uni bittalariga qaratmoq ikkinchilariga qaratmoqdan avlo emasligi uchun, ikkoviga birdan qaratiladi. Shunisi borki, ma’noni mol egasiga qaratmoq muvofiqroqdir.
*** Masalan, qo‘shilgan bir suruvda har birining yigirmatadan qo‘yi bo‘ladi va zakot ma’muri shulardan bittasining molidan bitta qo‘y olsa, ikkinchi kishi molidan bitta qo‘y olingan kishiga yarim qo‘yning badalnni pul sifatida to‘laydi.
Az-Zuhriy, «Zakot ma’muri kelganda, uchdan biri yaxshi, uchdan biri - o‘rta, uchdan biri - yomon tarzida uch qismga ajratadi va (zakotni)ng o‘rta qismidan oladi», deydi; (ammo) Az-Zuhriy sigirlarni zikr qilmaydi.
Bu bobda Abu Bakr As-Siddiq, Bahz ibn Hakimning bobosi, Abu Zarr va Anas (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Umarning hadisi - hasan. Butun faqihlarning amali shu hadis asosidadir. Yunus ibn Yazid va bittadan ortiq kishi bu hadisni Az-Zuhriydan, Solimdan rivoyat qilib, uni raf’ etmaganlar (Rasulullohgacha yuksaltirmaganlar). Bu hadisni yolg‘iz Sufyon ibn Husayn marfu’ tarzida rivoyat qilgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:09:41

5-BOB
MAVZU: QORAMOL ZAKOTI


618. Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «O’ttizta sigirda - ikki yoshga yetmagan bitta erkak buzoq yoki tana va qirqtada - uch yoshga yetgan bitta g‘unajin (zakot qilib beriladi)».
Bu bobda Mu’oz ibn Jabal (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan.
Abdussalom ibn Harb, Xusayfdan shu tarzda rivoyat qildi. Abdussalom siqa (ishonchli) va hofiz (kishi)dir. Shorik bu hadisni Xusayfdan, Abu Ubaydadan, uning otasidan rivoyat qiladi. Abdullohning o‘g‘li Abu Ubayda otasidan hadis eshitmagan.
Ya’ni Shorik sanadda Abu Ubayda bilan Abdulloh orasida «otasidan» degan lafzni qo‘shayotir. Abdullohning o‘g‘li Kufalikdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:09:51

619. Mu’oz ibn Jabal (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam meni Yamanga yubordilar-da, har o‘ttiz sigirdan ikki yoshga yetgan bitta erkak buzoq yoki tana, har qirqtadan bitta g‘unajin olmoqni, har bir yetuk (balog‘atga yetgan) kishidan bir dinor yoki shunga teng kiyimlik matoh olmoqni buyurdilar».
Bu hadis hasan.
Ba’zilar bu hadisni Sufyondan, Al-A’mashdan, Abu Voildan, Masruqdan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Mu’ozni Yamanga yubordilar va unga (zakot) olmoqni buyurdilar...» Bu rivoyat sahihroq.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:10:02

620. Muhammad ibn Bashshar, Muhammad ibn Ja’far orqali Shu’badan rivoyat qilib, Amr ibn Murroning bunday deganini bizga bayon qildi: «Abu Ubaydadan: «Abdullohdan biror narsa (hadis) xotirlaysanmi?» deb so‘radim. «Yo‘q» dedi.
Abdulloh ibn Mas’udning o‘g‘li Abu Ubayda o‘z otasidan hadis eshitmagan. 618-raqamli hadis izohida bu gap aytildi. Termiziy buning isboti uchun mazqur so‘zni bu o‘rinda qo‘llaganlar. Abdurrahmon Muhammad Usmon tahqik va tahsis etgan Termiziy (kitobi) nusxasiga tayanib, bu so‘zga hadis raqamini qo‘ydik. Holbuki, bu hadisning joyi 618-hadis — Izohida kelgan «Abdullohning o‘g‘li Abu Ubayda otasidan hadis eshitmagan» degan jumladan keyindir. Balki, Termiziy kitobining boshqa nusxalarida bunday tuzatish bordir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:10:13

6-BOB
MAVZU: ZAKOTDA MOLNING YAXSHISINI OLMOQ KAROHAT EKANLIGI


621. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)day rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Mu’oz (roziyallohu anhu)ni Yamanga yubora turib, bunday dedilar: «Sen, Ahli kitob bo‘lmish bir qavmga borayotirsan. Ularni, «La ilaha illalloh» (ya’ni «Allohdan boshqa iloh yo‘q») deb va meni Allohning Rasuli deb shohidlik bermoqqa da’vat qil! Agar bunga itoat etsalar, unda Alloh taolo ularga har kecha-kunduzda besh vaqt namoz (o‘qimoq)ni farz qilganini bildirgin. Agar bunga itoat etsalar, unda Alloh taolo ularga mollarining zakotini (bermoqlikni) farz qilganini bildirgin: boylaridan olib, kambag‘allarga qaytarilgaydir. Agar bunga itoat qilsalar, sen mollarning eng yaxshisi uchun talashma! Mazlumning qarg‘ishidan qo‘rqgilki, mazlum bilan Allohning o‘rtasida parda yo‘qdir!...»
Ya’ni, bir kishiga zulm qilsang, zulm o‘tgan kishi seni qarg‘amog‘idan qo‘rqgil va hech kimga zulm qilma. Suyutiy aytadi: «Mazlum - duosi qabul bo‘lmaydigan kishi bo‘lsa ham, hatto ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, kofir kishi bo‘lsa ham, Alloh bilan mazlumning qarg‘ishi o‘rtasida parda yo‘q».
Bu bobda As-Sunobihiy (roziyallohu anhu)dan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Abbosning hadisi hasan-sahih. Ibn Abbosning mavlosi (ozod etilgan quli) Abu Ma’badning ismi - Nofiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:10:27

7-BOB
MAVZU:  MEVA, POLIZ VA G’ALLA EKINLARINING ZAKOTI


622. Abu Sa’id Al-Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Beshtadan oz tuyalar (podasi)da zakot yo‘q»; besh uvqiyadan oz (kumush)da zakot yo‘q; besh vasaqdan oz (meva sabzavot va g‘alla)da zakot yo‘q».
Uvqiya - 1283-grammlik qadimiy bir og‘irlik o‘lchovi. Ammo hadisda bilittifoq qirq dirhamning muqobili tarzida qo‘llangan.
Bir vasaq - oltmish so’. Chunonchi, Termiziy bu so‘z tafsirini hadisning izohida berganlar.
Bu bobda Abu Hurayra, Ibn Umar, Jobir va Ab-dulloh ibn Amr (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilindi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:10:44

623. Muhammad ibn Bashshar bizga Abdurrahmon ibn Mahdiy orqali bayon etdiki, Sufyon, Shu’ba va Molik ibn Anas, Amr ibn Yahyodan, uning otasidan, Abu Sa’id Al-Xudriydan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qildilar: Abdulazizning Amr ibn Yahyodan rivoyat qilgan hadisining xuddi o‘zi...
Abu Sa’idning hadisi hasan-sahih.
Bu hadis, Abu Sa’iddan bittadan ko‘p vajhdan rivoyat qilingan. Ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Ya’ni besh vasaqdan oz (narsalar)da zakot yo‘q. Bir vasaq - oltmish so’. Besh vasaq - uch yuz so’ bo‘ladi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning so’i - beshta va uchta bir ratldir. Kufa ahlining so’i esa - sakkiz ratl. Besh uvqiyadan ozida zakot yo‘q. Bir uvqiya - qirq dirham. Besh uvqiya - ikki yuz dirham bo‘ladi. Tuyaning beshtadan ozida zakot yo‘q, ya’ni sanog‘i beshtaga yetmagan tuyada zakot yo‘q. Tuyaning sanog‘i yi-girma beshtaga yetganda ularda ikki yoshga kirgan bir urg‘ochi bo‘ta bor. Yigirma beshtadan oz tuyaLarda, har besh tuyada (zakot sifatida) bitta qo‘y bor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:10:56

8-BOB
MAVZU: (TIJORAT TUFAYLI BO’LMAGAN) OT VA QUL UCHUN ZAKOT YO’Q


624. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Musulmon kishi zimmasida (tijorat tufayli bo‘lmagan) oti va quli uchun zakot yo‘q».
Bu bobda Abdulloh ibn Amr va Ali (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih. Ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Chunonchi, (minib yuriladigan va yaylovga qo‘yib yuborilgan) otlar uchun va xizmatdagi qul uchun zakot yo‘q. Faqatgina tijorat uchun bo‘lsa, bir yoshdan oshganida ularning saminlari (qiymatlari) uchun zakot bor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:11:24

9-BOB
MAVZU: ASALNING ZAKOTI


625. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Har o‘n ziqq (mesh, sanoch) asal uchun bir ziqq (zakot) bor».
Bu bobda Abu Hurayra, Abu Sayyor, Al-Mutaiy va Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Umar hadisining isnodida gumon bor. Bu bobda Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan sahih tarzida ortiq biror narsa rivoyat qilinmagan. Ilm ahllari ko‘pchiligining amali shu hadis asosidadir. Ahmad va Ishoqning qavli shu. Ba’zi ilm ahllari asal uchun hech narsa (zakot) yo‘q deb qaror qilishgan.
(Ilova: «Sahihi Buxoriy»ning zakot haqidagi boblaridan birida: «Umar ibn AbdulAziz asalga soliq solmoqni lozim ko‘rmaganlar», deyiladi. (1-jild, 409-bet).

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:11:39

10-BOB
MAVZU: FOYDA KELTIRADIGAN MOL UCHUN, TO’LIQ BIR YIL O’TMAGUNICHA, ZAKOT YO’Q


626. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Kimki bir moldan istifoda etsa (foyda ko‘rsa), to bir yil o‘tmagunicha o‘sha mol uchun zakot yo‘q».
Bu bobda Zarro binti Nabhon (roziyallohu anho)dan hadis rivoyat qilingan.

Qayd etilgan