Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294935 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 59 60 61 62 63 64 65 66 67 68 69 B


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:11:55

627. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Kimki bir moldan istifoda etsa (foyda ko‘rsa), mol egasi zimmasida, molidan toki bir yil o‘tmagunicha, zakot yo‘q».
Bu hadis Abdurrahmon ibn Zayd ibn Aslamning hadisidan ko‘ra sahihroq.
Ya’ni Abdurrahmon ibn Zayd ibn Aslam marfu’ tarzida rivoyat qilgan hadis - zaif. Mavquf tarzida rivoyat qilingan bu hadis - sahih.
Bu hadisni Ayyub, Ubaydulloh va bittadan ortiq kishi, Nofi’ vositasida, Ibn Umardan mavquf tarzida rivoyat qildilar. Abdurrahmon ibn Zayd ibn Aslam hadis (bobi)da zaifdir. Muhaddislardan Ahmad ibn Hanbal, Ali ibn Al-Madiniy va tag‘in boshqalar, uning zaif ekanini qayd etganlar. O’zi ko‘p o‘rinda yanglishgan.
(Bir yil davomida) foyda ko‘rilgan mol uchun, toki bir yil o‘tmagunicha, zakot yo‘q ekanligi Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan bittadan ortiq kishidan rivoyat qilingan. Molik ibn Anas, Shofi’iy, Ahmad ibn Hanbal va Ishoqning qavli shudir.
Ba’zi ilm ahllari bunday deydilar: «Mulkida (qo‘l ostida) zakot vojib bo‘lgan mol bor esa, unda (foyda, xayr-ehson va meros olish yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan molda) zakot bor. Agar mulkida (qo‘l ostida) foyda keltirgan moldan boshqa, zakot vojib bo‘lgan mol yo‘q esa, foyda keltirgan molidan toki bir yil o‘tmagunicha, bu mol uchun zakot (bermog‘i) vojib emas. «Havoloni havl»dan oldin biror molni foyda qilsa, zakoti vojib bo‘lgan moli bilan birgalikda foyda keltirgan bu molning zakotini beradi».
Sufyon As-Savriy va Kufa ahlining qavli shudir.
Abu Hanifa (rahimahulloh) shu qavlga ega bo‘lganlar. Chunonchi, yil boshida nisobga ega bo‘lib, yil davomida foyda-daromad, hiba (xayr-ehson) va meros (olish) kabi biror sabab bilan, yangitdan foyda ko‘rsa, qo‘liga yangitdan mol tushsa, bu molni eski moliga qo‘shib, zakotini beradi. Ammo yil boshida nisobga ega bo‘lmay, faqat keyinchalik qo‘lga kiritgan moli bilan nisobga ega bo‘lsa, «havaloni havl»dan (molidan to‘liq bir yil o‘tmasidan) oldin zakot vojib bo‘lmaydi...

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:12:14

 11-BOB
MAVZU: ISLOM DINIGA KIRGAN KISHILARDAN JIZYA SOQIT QILINADI


628. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Bitta yer ustida ikki qibla durust bo‘lmagay va musulmon bo‘lgan kishilar uchun jizya yo‘qdir.
Jizya - musulmon mamlakatida yashovchi boshqa dindagi kishilardan jon boshiga olinadigan soliq. Qonlari va jonlari himoya etilmog‘i evaziga Islom davlatiga to‘lov to‘laydilar. Al-Iroqiy Termiziy kitobi sharhida ushbu hadisni bunday izohlaydi: «Yil davomida musulmon bo‘lsa, undan shu yilning jizyasi olinmaydi... Musanniflar jizyani jihod bobidan keyin zikr qilishadi, Termiziy, Imom Molik singari, buni zakot bobida zikr qilganlar». Jizyani ilk bor zakot bobida zikr qilgan kishi Imom Molikdir. Keyingi mualliflardan ba’zisi u kishiga ergashgan, ba’zisi eski usulni qo‘llagan. Zakot bobida zikr etilmog‘ining sababi shuki, zakot - musulmonlar ado etadigan moliyaviy to‘lovdir, jizya esa - kofirlar ado etadigan moliyaviy to‘lov.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:12:26

629. Abu Kurayb, Jarir orqali Qobusdan bizga bayon qildi: shu isnod bilan ayni o‘tgan hadis...
Bu bobda Sa’id ibn Zayd va Harb ibn Ubaydulloh As-Saqafiyning bobosi (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Ibn Abbosning hadisi, Qobus ibn Abi Zabyandan, uning otasidan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan mursal tarzida rivoyat qilingan.
Butun ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir: nasoro (xristian) kishi musulmon bo‘lganida undan jizya bekor qilinadi. Chunonchi, bu hukm hadisda tafsir etilib, bunday deyilgan: «Ushr - yahudiy va nasorolar (xristianlar) uchundir; musulmonlar uchun ushr yo‘q».
Ibn-ul-Arabiy «Oridot ul-ahvoziy» nomli Termiziy kitobi sharhida bunday deydi: Termiziy, Abu Umayya ushr borasida otasidan rivoyat qilgan hadisning ma’nosi jizyaga oid deb hisobladilar. Holbuki, undoq emas...» Al-Qoriy hazratlari «Al-Mirqot» kitobida bu hadis sharhida bunday deydi: «Hadisda vorid bo‘lgan «ushr»dan murod - tijorat molidan olinadigan ushrdir, yo‘qsa yer-dala hosillaridan olinadigan zakot ushri emas».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:12:39

12-BOB
MAVZU: ZEB-ZIYNAT ZAKOTI


630. Abdulloh (ibn Mas’ud)ning xotini Zaynab (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizlarga (ayollar jamoasiga) xitob qilib, aytdilar: «Ey ayollar jamoasi! Sadaqa qilingizlar. Loaqal zeb-ziynatlaringizdan bo‘lsa ham, (sadaqa qilib qolingizlar!) Chunki qiyomat kunida jahannam ahlining aksariyati sizlardursiz!...»
Muborakfuriy, «Tuhfat ul-ahvoziy» nomli Termiziy kitobi sharhida bunday deydi: «Bu hadisni zeb-ziynatlar uchun zakot borligiga dalil qilib ko‘rsatmoq o‘ylantiradigan gapdir; chunki bu ma’noda sarih - ochiq-ravshan dalil emas. Chunonchi, inson boshqa mollari uchun vojib bo‘lgan zakotni zeb-ziynat ashyolari bilan to‘lamog‘i joiz. Chunonchi, «Loaqal zeb-ziynatlaringizdan bo‘lsa ham...» degan ta’bir bunga dalolat qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:12:48

631. Mahmud ibn G’aylon, Abu Dovud ordali Shu’badan naql etib, Al-A’mashning bunday deganini bizga bayon qildi: Abu Voildan eshitdim, Abdullohning xotini bo‘lmish Zaynabning jiyani (birodarzodasi) - Amr ibn Al-Horisdan, Abdullohning xotini Zaynabdan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan bayon (rivoyat) qiladi: o‘ggan hadisning o‘zi.
Bu rivoyat Abu Muoviyaning rivoyatidan ko‘ra sahihroq.
Abu Muoviya o‘z rivoyatida vahmga berilib, «Amr ibn Al-Horisdan, Zaynabning jiyanidan» dedi. Sahih bo‘lgani - Zaynabning jiyani - Amr ibn Al-Horisdan» (deyilgani)dir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam zeb-ziynat ashyosida zakot ko‘rganlari Amr ibn Shu’aybdan, uning otasidan, bobosidan, Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan. Bu hadisning isnodida gumon bor.
Termiziy, Amr ibn Shu’aybning hadisini bu bobda tarjih etadilar (ustun qo‘yadilar) va bu hadisning isnodi haqidagi gumonni sharhlaydilar. Keyingi hadis shudir.
Ilm ahllari bu masalada ixtilof qildilar. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va tobi’iyndan ba’zi ilm ahllari oltin va kumush bo‘lgan ziynat ashyosida zakot bor degan fikrdalar. Sufyon As-Savriy va Abdulloh ibn Al-Muborakning qavli shudir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan, oralarida Ibn Umar, Oisha (onamiz), Jobir ibn Abdulloh va Anas ibn Molik (roziyallohu anhum) bor bo‘lgan ba’zi ilm ahllari «Zeb-ziynat ashyosida zakot yo‘q» deydilar. Tobi’iynning ayrim faqihlaridan shunday deb rivoyat qilingan. Molik ibn Anas, Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:12:58

632. Amr ibn Shu’aybning bobosidan rivoyat qilindi: «Ikki xotin Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga keldi, qo‘llarida oltin bilaguzuk bor edi. Shunda (Rasuli Akram) ularga: «Buning zakotini berasizlarmi?» dedilar. Xotinlardan bittasi: «Yo‘q» dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilarki, «Alloh taolo ikkalangizga olovdan ikkita bilakuzuk taqdirmog‘ini xush ko‘rasizlarmi?» «Yo‘q!» deyishdi. (Rasululloh): «Unda zakotini beringizlar!...» - dedilar.
Bu hadisni Al-Musanna ibn Al-Sabboh, Amr ibn Shu’aybdan shu tarzda rivoyat qildi. Al-Musanna ibn Al-Sabboh va Ibn La’iya hadis (bobi)da zaif ekanliklari qayd etilgan. Bu mavzuda Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan sahih tarzida biror narsa (hadis) rivoyat qilinmagan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:13:07

13-BOB
MAVZU: KO’KAT-SABZAVOT ZAKOTI


633. Mu’oz (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: u (Mu’oz) Nabiy sallallohu alayhi va sallamga (maktub) yozib, ko‘kat (zakoti) haqida so‘radi, bu esa - baqla(sabzavot)dir. Shunda (Rasuli Akram) aytdilar: «Ko‘kat-sabzavotda hech narsa (zakot) yo‘q!».
Bu hadisning isnodi sahih emas. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan bu bobda sahih tarzida deyarli hech narsa rivoyat qilinmagan. Bu hadis esa Muso ibn Talha orqali Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan mursal tarzida rivoyat qilinadi. Ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Ya’ni ko‘kat-sabzavotda zakot yo‘q degan asosdadir.
Al-Hasan Umaroning o‘g‘li bo‘lib, muhaddislar nazdida zaifdir. Shu’ba va tag‘in boshqalar uning zaif ekanligini qayd etganlar. Abdulloh ibn Al-Muborak uni(ng hadisini) tark etgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:13:20

14-BOB
MAVZU: NAHR (DARYO, ARIQ) VA BOSHQA VOSITALAR BILAN SUG’ORILADIGAN EKINLARDAN OLINADIGAN HOSILLAR ZAKOTI


634. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Osmon (yomg‘ir) va buloq suvlari (oqar suvlar va yer osti sizot suvlari) bilan sug‘oriladigan ekinlarda ushr (hosilning o‘ndan birini berishlik) bor, chig‘ir bilan sug‘oriladigan ekinlarda esa yarim ushr (zakot) bor».
Bu bobda Anas ibn Molik, Umar va Jobir (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Bu hadis Buqayr ibn Abdulloh ibn Al-Ashajj, Sulaymon ibn Yasor va Busr ibn Sa’id vositasida Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan mursal tarzida rivoyat qilindi. Bu aytilgan rivoyat yanada sahihroq.
Ibn Umar ushbu bobda Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadis sahih. Butun faqihlarning amali shu hadis asosidadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:13:30

635. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) orqali Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilindi; «(Rasuli Akram) sallallohu alayhi va sallam: osmon (yomg‘ir) va buloklar (oqar suvlar) yoki yer osti sizot suvlari bilan sug‘orilgan ekinga bir ushr (hosilning o‘ndan biri), chig‘ir orqali sugoriladigan ekinlarga esa yarim ushr (zakot) qo‘ydilar».
Bu hadis hasan-sahih.
Suv havzalari, chig‘irlar (charxpalak) yoki to‘plangan suvlar va pullik suvlar bilan sug‘orilgan ekinlardan ham yarim ushr (hosilning yigirmadan biri) olinadi. Hanafiy mazhabiga ko‘ra bu tur sug‘orish yil bo‘yi yoki yarim yildan ortiq davom etishi kerak.
Butun ulamo va to‘rt imom mazhabiga ko‘ra, bug‘doy, arpa, mosh, no‘xat, sholi(guruch) va shu kabi barcha donli-dukkakli ekin hosillaridan ushr bermoq vojib. Imomi Molik «Al-muvatto’» kitobida bunday deydi: «Zakotda tabiiy bo‘lgan g‘alla ushbulardir: bug‘doy, arpa, javdar, makkajo‘xori, tariq, sholi, mosh, suli, loviya, juljulon va shunga o‘xshash osh-taom qilinadigan donlar. Pishib, don bo‘lganidan keyin bularning hammasidan zakot olinadi».
Bu mazhabning yo‘lboshchisi ushr vojib bo‘lishiga dalolat kiladigan hadis va oyatlar ma’nosi bilan amal qilayotir. Hasan Al-Basriy, Hasan ibn Solih, As-Savriy va Ibn Siyriyn arpa, bug‘doy mayiz va xurmolardan boshqa narsada zakot yo‘q degan fikrga ega bo‘lganlar. Bularning fikricha, ushr faqat shu to‘rt narsada vojib. Taboroniy, Al-Hokim va Ad-Doruqutniyning Abu Muso Al-Ash’ariy va Mu’oz (roziyallohu anhumo)dan taxrij qilgan hadislari bilan istidlol qiladilar. Bu hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu ikki sahobaga bunday deb aytganlari rivoyat qilinadi: «Zakotni faqatgina ushbu to‘rt sinf (narsa)dan olingizlar: arpa, bug‘doy, mayiz va xurmodan». «Subulus-Salom» muallifi Bayhaqiyning bu hadis haqida bunday deganini yozadi: «Bu hadisning roviylari siqa (ishonchli) kishilardir va sanadi mutassildir». Ash-Shavqoniy ham «An-Nahiy» kitobida shu usulni tarjih etadi va bunday deydi: «Haqiqat shuki, «zakot faqat bug‘doy, arpa, mayiz va xurmodan vojib va shu to‘rttadan boshqa yer mahsulotlarida zakot (ushr) yo‘q. Amr ibn Shu’aybning hadisida makkajo‘xori bu to‘rt narsaga qo‘shilgani masalasiga kelsak, bu hadisda rivoyati matruk bo‘lgan roviy uchramoqda, shu bilan birga, Mujohid va Al-Hasanning mursal rivoyatlari bilan quvvat kasb etgan». Muborakfuriy, «Abu Muso va Mu’ozning mazkur hadisi sanadida Talha ibn Yahyo borki, bu zot borasida ixtilof qilingan» deydi va bunday davom etadi: «Bu o‘rindagi cheklash haqiqiy emas. Haqiqiy bo‘lsa edi, bu to‘rt sinfdan boshqa narsada zakot vojib emasligi lozim bo‘lardi. Lozim botil bo‘lganidek, malzum (lozim qiluvchi) ham aynan botildir. Bu o‘rindagi chegara faqat nisbiydir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:13:40

15-BOB
MAVZU: YETIM MOLINING ZAKOTI


636. Amr ibn Shu’aybning bobosidan rivoyat qilindi: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam insonlarga (musulmonlarga) xitob qilib, aytdilar: «Kimki moldor bir yetimning valiysi bo‘lsa, o‘sha mol bilan tijorat qilsin va toki sadaqa (zakot) uni yeb tugatguniga qadar tark etib qo‘ymasin!».
Bu hadis bitta shu vajhdan rivoyat qilingan va uning isnodida gumon bor. Chunki Al-Musanna ibn Al-Sabboh hadisda zaif ekanligi qayd etilgan. Ba’zisi esa bu hadisni Amr ibn Shu’aybdan «Umar ibn Al-Xattob» deb rivoyat qilib, ayni shu hadisni zikr etdi.
Ilm ahllari bu bobda ixtilof qildilar. Payg‘ambar sallallohu alayhi ‘a sallamning sahobalaridan, oralarida (Hazrati) Umar, (Hazrati) Ali, Oisha va Ibn Umar (roziyallohu anhum) ham bor bo‘lgan mutaaddid kishilar, yetimning molida zakot bor, degan fikrdalar. Molik, Shofi’iy, Ahmad va Ishoq shu qavlga ega bo‘lganlar. Ilm ahllaridan bir guruhi esa, yetimning molida zakot yo‘q, deb aytganlar. Sufyon As-Savriy va Abdulloh ibn Al-Muborakning qavli shu.
Amr ibn Shu’ayb bu - Al-Os o‘g‘li Abdulloh o‘g‘li Muhammadning o‘g‘lidir. Shu’ayb bobosi Abdulloh ibn Amrdan (hadis) eshitgan. Yahyo ibn Sa’id, Amr ibn Shu’aybning rivoyati haqida (tanqidiy) so‘z qiladi va: «U bizning nazdimizda zaifdir» deydi. Amr ibn Shu’aybning zaif ekanligini qayd etganlar, otasi Abdulloh ibn Amrning sahifasidan hadis rivoyat qilgani uchun uni zaif deb aytayotirlar. Ammo muhaddislarning ko‘pchiligi Amr ibn Shu’aybning hadisi bilan istidlol qiladilar va uni tasbit etadilar. Ahmad, Ishoq va tag‘in boshqalar shular orasidadir.

Qayd etilgan