27-BOB
MAVZU: MOLDA ZAKOTDAN BOSHQA HAM HAQ BOR
654. Fotima binti Qays (roziyallohu anho)dan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan zakot haqida so‘radim yoki so‘raldi», deydi. Shunda: «Albatta, molda zakotdan tashqari ham haq bor», dedilar. Keyin «Baqara» surasidagi ushbu oyatni o‘qidilar: «Yaxshilik faqat yuzlaringizni .... buraverishingiz emas».
Oyati karimaning davomi: «Baqara» surasi, 177-oyat ma’nosi:
«Yaxshilik (faqatgina) yuzlaringizni Mashriq va mag‘rib tomonlarga buraverishingiz emas. Balki, Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, Payg‘ambarlarga iymon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rib turib, molini qarindosh-urug‘lariga, yetim-esirlarga, miskin-bechoralarga, yo‘lovchi musofirlarga, tilanchi-gadolarga va qullarni ozod etish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado qilib, zakotni beradigan kishilar va ahdlashgan paytlarida ahdlariga vafo qiluvchilar va xususan, og‘ir-engil kunlarda va jangu jadal paytida sabr-toqat qiluvchilar yaxshi kishilardir».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam bu oyati karimani, molda zakotdan tashqari ham haq borligiga dalil qilib ko‘rsatdilar. Chunki, Allohu taolo, molning xayr-hasanot joylariga berilishini ta’kidlagandan keyin, zakotga o‘tgan va «zakotni bergaydir» deb marhamat qilgan. Bu esa molda zakotdan tashqari ham haq borligiga dalolat qiladi.