33-BOB
MAVZU: O’LIKNING (MARHUMNING) RUHI UCHUN SADAQA BERMOQ
664. Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Odamlardan biri aytdiki, «Yo Rasululloh! Mening onam vafot qildi. Uning (ruhi) uchun sadaqa qilsam, unga foydasi tegadimi?». (Rasuli Akram sallallohu alayhi va sallam): «Ha», dedilar. Kishi aytdi: «Mening bir mevazor bog‘im bor. Sizni shohid qilgaymanki, uni onam (ruhi) uchun sadaqa qilib berdim!».
Bu hadis hasan.
Ilm ahllari bunga tan berganlar. Aytadilarki, «O’likka sadaqa va duodan boshqa hech narsa yetib bormaydi!»
Ba’zilar bu hadisni Amr ibn Dinordan, Ikri-madan, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan mursal tarzida rivoyat qiladilar. «Mening bir maxrafim (mevazor bog‘im) bor» degan so‘zdan ekinzor poliz ko‘zda tutilgan.
Duo va sadaqaning foydasi o‘likka yetib bormog‘i haqida mutobaqat (kelishuv) qilingan. Ahli sunnat val-jamoat ulamosi orasida bu xusuda ixtilof yo‘q. Faqat namoz, ro‘za va Qur’on o‘qimoq kabi jismoniy ibodatlar masalasida ixtilof qilingan. Al-Qoriy hazratlari «Al-fiqhul-akbar»ning sharhida bunday deydilar: «Abu Hanifa, Ahmad va salaf (olimlari)ning barchasi, jismoniy ibodatlar savobi ham o‘likka yetib boradi, degan fikrga ega bo‘lganlar. Shofi’iy va Molik mazhablarida, mashhur bo‘lgan qavl - yetib bormaydi, degan fikrdadir». As-Suyutiy «Sharhus-sudur»da aytadi: «Xatm savobi o‘likka yetish-etmasligi haqida ixtilof qilindi. Butun salaf (olimlar) va uch imom yetib boradi, deb tan berishgan. Imom Shofi’iy «Inson uchun o‘z sa’y-harakatidan boshqa narsa yo‘qdir». «An-najm, 49) oyatiga tayanib, bu qavlga muxolafat qildi: Oldingilar bu oyatni muxtalif jihatdan javoblantiradi. Quyida shu javoblardan ba’zilarini zikr qilamiz.
1) Mazkur oyat, boshqa oyati bilan mansuhdir (hukmi bekor qilingan). Chunonchi, otalar farzandlarining taqvo va yaxshiligi sababidan jannatga kiritilishlari rivoyat qilingan.
2) Bu oyat, Ibrohim va Muso (alayhissalom) qavmiga tegishli. (xos). Ummat uchun esa ham o‘z sa’y-harakatidan, ham uning uchun qilingan sa’y-harakatdan foyda yetadi. Bu Ikrimaning so‘zidir.
3) Bu oyatdagi «Inson uchun» deyishdan murod - kofir insondir. Mo‘‘min inson esa ham o‘z sa’y-harakatidan, ham uning uchun qilingan sa’y-harakatdan foyda topadi. Bu so‘zni Robi’ ibn Anas aytadi.
4) Inson uchun sa’y-harakatining samarasidan boshqa biror narsa bo‘lmasligi adliy tariyqdandir (adolatli yo‘ldir). Ammo ehson bobidan Allohu taolo O’zi xohlaganicha berishi mumkin. Buni Al-Husayn ibn Fazl aytadi.
5) «Lil-inson» birikmasidagi «Lom», «‘ala» ma’nosidadir. Ya’ni insonga gunoh sifatida faqat qilgan gunohi yoziladi va inson faqat sodir qilgan gunohlaridan so‘roq qilinadi, deganidir.
Shuningdek, o‘qilgan Qur’on va tushirilgan xatmning savobi o‘liklarga yetib boradi, deb aytgan olimlar ba’zi hadislar bilan istidlol qiladilar. (dalil-hujjat keltiradilar). Suyutiy: «Bu hadislar zaif bo‘lishi bilan birga, majmu’i e’tibori bilan, o‘liklar ruhiga Qur’on o‘qimoqning bir asl-manbai borligiga dalolat qiladi» deydi va musulmonlar o‘sha paytdan beri shu tartib-qoida asosida davom etib kelayotganlarini va buning bir ijmo’ ekanligini ta’kidlaydi...