35-BOB
MAVZU: SADAQAI FITR HAQIDA
668. Abu Sa’id Al-Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida fitr zakotiga taomdan (bug‘doydan) bir so’, arpadan bir so’, xurmodan bir so’, mayizdan bir so’, qurutdan bir so’ chiqarar edik. To Muoviya Madinaga kelgunicha (shuncha) chiqarib turganmiz. Muoviya (Madinaga kelgach) nutq so‘zladi, xalqqa aytgan gaplarida ushbu (so‘z) bor edi: «Men, Shom bug‘doyidan ikki muddi bir so’ xurmoga to‘g‘ri kelayotganini ko‘ryapman». Shunda xalq bunga ko‘ndi...» Abu Sa’id aytdiki, «Men avval qanday chiqargan bo‘lsam, hanuz xuddi o‘shanday chiqaraman».
So’ - don mahsulotlari o‘lchovi bo‘lib, kilogramm deganidir. So’-Hijoz va Iroq so’i tarzida ikkiga bo‘linadi. Iroq so’i - sakkiz ratl bo‘lib, har ratl 130 dirhamdir. Bu 130 sakkizga ko‘paytirilsa, bir so’ 1040 dirham bo‘ladi. 1040 dirham - dirhami shar’iy e’tibori bilan 2,917 kg, dirhami urfiy e’tibori bilan 3,333 kg bo‘ladi. Hijoz so’i esa besh butun, uchdan bir ratldir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam davrlarida shu so’ qo‘llanilgan.
Bu hadis hasan-sahih. Ba’zi ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Hamma narsadan bir so’ beriladi, degan fikrdalar. Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ba’zi ilm ahllari, bug‘doydan tashqari hamma narsadan bir so’ beriladi va faqatgina bug‘doydan yarim so’ yetarli bo‘ladi, deb xulosa qilganlar. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak va Kufa ahlining qavli shudir. Bug‘doydan yarim so’ beriladi degan fikrdalar.