Termiziy yana boshqalardan, Imom Al-Buxoriy shayxlarining ko‘pidan ham hadis rivoyat qilganlar, U kishi asosan Imom Al-Buxoriyning shogirdi bo‘lib, ijozatlari o‘sha kishidandir. Hadis ilmini u zotdan oldilar va u zotning qo‘llarida kamol topdilar. U kishida o‘qib, u kishidan bahra topdilar. Hadis ilmiga taalluqli ba’zi ishlarda ustoz bilan munozara qildilar. Ustozlar bilan qay bir o‘rinda muvofaqat qiladilar va qay bir o‘rinda muxolafat qiladilar. O’sha davr olimlarida bu xususiyat bor edi. Taqlidni tan olmas edilar. Taqliddan qochish va har qayda hamisha Haqqa, haqiqatga tobe’ bo‘lish ularning odatlari edi.
Masalan, Termiziy ushbu «Sunan» kitobining 17-hadisida roviylar ixtilof qilayotganini ko‘rib, «Men o‘zim Abdulloh ibn Abdurrahmondan so‘radim: «Bu hadisda Abu Ishoqdan qilingan rivoyatlarning qaysi "biri sahihroq?» desam, hech qanday hukm bildirmadi. Buni Muhammad (Buxoriy)dan so‘radim, u ham biror hukm bildirmadi», deydilar. Ya’ni ikki imom ham rivoyatlardan birontasini ustun qo‘ymaydilar. Keyin Imom Buxoriy rivoyatlardan bittasini tanlab, «Al-Jomi’...» kitobiga kiritganlarini Termiziy bayon etadilar. Lekin Termiziy bu fikrga taqlid qilmasdan, o‘z dalillariga tayanib, boshqa rivoyatni afzal ko‘rib, kitobga kiritadilar.