Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 197753 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 69 B


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:53:28

Shoz(z) - rivoyati maqbul bo‘lgan roviy o‘zidan ko‘ra maqbulroq bo‘lgan roviyga muxolif (qarshi) tarzda rivoyat qilgan hadis. Hofiz ibn Hajar shoz(z) hadisga ana shu ta’rif munosib ekanligini aytadi.
Munkar - zaif roviy siqa (ishonchli) roviyga muxolif (qarshi) tarzda rivoyat qilgan hadis. Munkarning eng ixcham ta’rifi shu. Munkar hadis roviysining zaif ekanligi jihatdan shoz(z) hadisdan farqlanadi. Chunki shoz(z) hadisning roviysi - siqa (ishonchli) kishi, munkar hadisning roviysi esa zaifdir. Shuni ham ta’kidlab o‘taylikki, «munkar»ning muqobili - «ma’ruf», shoz(z)ning muqobili «mahfuz»dir.
Matruk - hadisda yolg‘onchiligi taxmin qilingan yoki xoh fe’li, xoh so‘zi bilan fosiqligi ayon bo‘lgan yoki behad g‘aflatda qolgan yoki vahm-xayoli ko‘p bo‘lgan (xayolparast) roviy rivoyat qilgan hadis.
Bu - navli hadislar «matruk» deyilib, «mavzu’» deyilmasligiga sabab shuki, faqat yolg‘onchilik taxmini tufayli bir hadis mavzu’ deb hukm qilinmaydi, yolg‘onchiligi fe’lan sobit bo‘lishi kerak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:54:11

SAHIH, HASAN VA ZAIF HADISLAR ORASIDAGI MUSHTARAK ISTILOHLAR

Ushbu bo‘limda, yuqoridagi uch turli hadislar orasida mushtarak bo‘lgan ayrim istiloxlar ustida to‘xtalamiz.
Marfu’ - qavl (so‘z), fe’l yoki taqrir sifatida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamgacha ko‘tarilgan hadis. Xoh sahoba, xoh tobi’iyn, xoh ulardan keyingilar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamgacha yuksaltirgan hadis marfu’ deyiladi.
Bundan shu ma’no chiqadiki, marfu’ hadis hamisha ham muttasil bo‘lavermaydi. Ba’zan sanadidan sahoba tushib qolib, mursal bo‘ladi. Ba’zan roviylardan biri tushib qolib yoki sanadida mubham bir kishi zikr etilib, munqoti’ bo‘ladi. Ba’zan ikki yoki bundan ko‘p roviy tushib qolib, butkul mu’dal bo‘lib qoladi. Aytilganidek, bu uch holatda hadis zaif deb sifatlanadi.
Musnad - sanadi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamgacha marfu’ tarzida, roviysidan to intihosiga qadar muttasil yetib borgan hadisdir.
Muttasil - sanadi boshidan oxiriga qadar muttasil yetib borgan hadis.
Bu Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamgacha yuksalgan bo‘lishi shart emas. Sahobada yoki undan keyingi roviyda mavquf bo‘lgan (to‘xtagan) bo‘lishi mumkin. Bu hadis ayni vaqtda mavsul deb ataladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:54:36

Mavquf - qavl (so‘z), fe’l yoki taqrir sifatida sahobaga izofa qilingan hadis.
Maqtu’ - qavl (so‘z), fe’l yoki taqrir sifatida tobi’iynga izofa qilingan hadis.
Muallaq - sanadining boshidan bir yoki bir necha roviy ketma-ket tushirib qoldirilgan hadis.
G’arib va fard - sahobadan keyin sanadining har qanday bir joyida bitta roviy yakka holda rivoyat qilgan hadis.
G’arib va fard hadisni yuqorida mashhur, aziz va mustafiz hadislar bilan birga sahih hadisning turlari sifatida zikr qilgandik. Darvoqe, bu navli hadislar «aqsomi salosa», ya’ni sahih, hasan va zaif kabi uch turdagi hadislar orasidagi mushtarak hadislardir. Sahih bo‘lganlaridek, hasan ham, ba’zan zaif ham bo‘lishi mumkin. Chunonchi, «Ilm talab etmoq har bir musulmon erkak va ayolga farzdir» degan hadis mashhur bo‘lishi bilan birga hasan hamdir. «Qalblar o‘zlariga yaxshilik kilganlarni sevguvchi qilib yaratilgandir» degan hadis mashhur va zaifdir. Shuningdek, marfu’, maqtu’ va mavquf hadislar orasida mashhur bo‘la turib, asli (asosi) bo‘lmagan bir qancha hadislar bor.
«G’arib va fard» so‘zlari orasida lug‘at va istiloh jihatidan mushtarak uyqashlik bor. Bu bog‘liqlik faqat yakka-yolg‘izlik va toqlik ma’nosida bo‘lib, hadis olimlaridan ayrimlari bu xil hadislarni ba’zan fard, ba’zan g‘arib deb atashlarining sababi shudir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:55:08

Oliy - sanadida roviy sanog‘i oz bo‘lganidan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga yaqin bo‘lgan hadis.
Nozil - sanadida roviy sanog‘i ko‘p bo‘lganidan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan uzoqlashgan hadis.
Tobi’ va shohid - bir hadisning boshqa bir hadisga muvofiq kelishidir.
Agar muvofaqat lafzda bo‘lmay, faqat ma’noda bo‘lsa, bu hadis shohid deyiladi. Agar muvofiqlik ham lafzda, ham ma’noda bo‘lsa, bunday hadis tobi’ yoki mutobi’ deyiladi.
Agar muvofaqat roviyning shayxidan to sanadning oxiriga qadar butun sanadda mavjud bo‘lsa, bunday hadis mutobaayi tamma deyiladi; agar sanadning bir qismida bo‘lsa, noqisa deyiladi.
Agar hadisning lafzida ham, ma’nosida ham muvofiqlik uchramasa, bu fard va g‘arib deyiladi.
Mudraj - matnida yoki sanadida asli o‘zida bo‘lmagan biror qo‘shimcha topilgan hadis.
Sahih va hasan hadislarning roviylari oz va oddiy (sodda) ham bo‘lsalar, hadislarida uchragan qo‘shimchalarga diqqatni tortadilar va bu qo‘shimchaning kimga oid ekanligini aniq belgilaydilar. Toki begona bir so‘z Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning so‘zlariga aralashtirilmasin va u kishi aytmagan biror so‘z u zotga izofa qilinmasin. Idroj, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning hadisida o‘tgan ba’zi tushunilmagan so‘zlarni tafsir qilmoq maqsadida yoki bir shar’iy hukmni izohlamoq maqsadida qilinadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:55:27

Musalsal - bir sifat yo bir hol yoki bir kayfiyat borasida roviylari ittifoq qilgan hadis.
Musalsal - zanjirdek (silsiladek) bir-biriga bog‘liq bo‘lgan narsa, degani. Bu o‘rindagi tasalsul har bir roviyning hadisni rivoyat qilganda muayyan bir so‘z yo harakati yoki kayfiyati sanadda o‘zidan oldin kelgan roviydan aynan naql etilmog‘idir.
Musalsalning turli xillari bor.
Muzahhaf - nuqtalari o‘zgartirilib, bir yoki bir nechta harfi o‘zgargan, ammo yozma shakli boqiy qolgan hadis.
Mabodo, yozma shakli o‘zgarsa, u muharraf deyiladi.
Ibn Hajar muzahhaf va muharrafni ana shunday ta’riflagan. Aslida bular mutarodif (ma’nodosh) so‘zlardir. Chunonchi, ayrim muhaddislar bu ikki lafz orasini ajratmaganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:57:02

:bs1:

SUNANI TERMIZIY TARJIMASI

TAHORAT BOBLARI

Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra at-Termiziy aytadi(lar)...

RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VA SALLAMDAN RIVOYAT QILINADI

1-BOB
MAVZU: TAHORATSIZ NAMOZ QABUL EMAS


1. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: Nabiy sallallohu alaihi va sallam aytdilar: «Tahoratsiz kishidan namoz va harom puldan sadaqa qabul qilinmaydi». Hannod o‘z rivoyatida («illa bi tuhuri», ya’ni «namoz faqat tahorat bilangina qabul qilinadi») dedi.
Muslim, Abu Dovud, An-Nasoiy va Ibn Moja ham shu hadisni rivoyat kilganlar. «G’ulul» - xiyonat, o‘g‘rilik, hiyla, pora va suiiste’mol qilish yo‘li bilan topilgan harom moldir. Qozi Abu Bakr ibn Al-Arabiy bu hadis tafsirida aytadi: «Tahoratsiz namoz qabul qilinmay, jazoni taqazo etganidek, harom moldan berilgan sadaqa ham shundaydir. (O’zbekcha tarjimada «g‘ulul»ning umumiy ma’nosi bo‘lgan «harom» degan so‘zni tanladik).
Bu hadis ushbu bobda vorid bo‘lgan hadislarning eng sahihi va eng hasanidir. Abul-Malihdan, uning otasidan, Abu Hurayra va Anas (roziyallohu anhum)dan ham bu bobda hadis rivoyat qilingan. Abul-Malih ibn Usomaning nomi Omir bo‘lib, uni Zayd ibn Usoma ibn Umayr Al-Huzaliy deb ham atashadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:57:43

2-BOB
MAVZU: TAHORATNING FAZILATI


2. Abu Xurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: Rasululloh salallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Musulmon (yoki mo‘min) banda tahorat olayotib, yuzini yuvganida ko‘zlari bilan qarab qilgan har bir gunohi tahorat suvi bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan (yoki shunga o‘xshash ta’bir qo‘lladilar) yuzidan yuvilib tushadi; qo‘llarini yuvayotganida qo‘llari bilan sodir qilgan har bir gunohi suv yoki suvning so‘nggi qatrasi bilan qo‘llaridan to‘kiladi va shunday qilib, banda gunohlaridan poklanib chiqadi».
Bu hadis hasan-sahih.
Bu hadisni Molik Suxayldan, uning otasidan, Abu Hurayradan rivoyat qilgan. Abu Solih Suxaylning otasidir, Abu Solih As-Sammon deb tanilgan bu zotning ismi — Zakvon. Abu Hurayraning ismi masalasida esa ixtilof qilindi. Ba’zilar «Abdushams» deb aytishdi. Kimdir, «Abdulloh ibn Amr», deb aytadi. Xullas, Muhammad ibn Ismoil (Al-Buxoriy), «Eng to‘g‘risi shu!» deydi. (Ya’ni, Abu Hurayraning ismi borasida turli xil naqllar zikr qilingan bo‘lib, Abdulloh ibi Amr ekanligiga ishorat qilingan).
Bu bobda Usmon ibn Affon, Savbon, As-Sunobihiy, Amr ibn Abasa, Salmon va Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhum)dan ham hadis rivoyat qilingan.
As-Sunobihiy Abu Bakr Siddiqdan rivoyat qilgan, ammo Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitgan emas. Asli ismi — Abdurrahmon ibn Usayla, kunyasi Abu Abdulloh bo‘lgan As-Sunobihiy Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamni ko‘rmoq uchun yo‘lga chiqqan edi, u hali yo‘lda ekanligida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etdilar. U kishi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan turli hadislar rivoyat qilgan.
Suyutiy ibn Abdilbarrdan naql etib, bunday deydi: Sunobihiyning Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadislari borasida Ibn Moindan so‘raldi, u bunday javob qildi: «Bu hadislar mursaldir. Sunobihiy sahoba emas, ammo tobi’iynlarning eng oldingilaridandir».
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan bo‘lgan As-Sunobih ibn Al-A’sar Al-Ahmasiy ham As-Sunobihiy deb yuritiladi. Uning hadisi esa mana bunday: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim, aytdilarki: «Men boshqa ummatlarga nisbatan sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman. Binobarin, mendan keyin bir-birlaringizga qarshi urush qilib ketmangizlar!» (Bu hadisni Imom Ahmad «Musnad» kitobida 4/351 raqam bi-lan va Ibn Moja «Sunan» kitobida (2/240-241) raqami bilan rivoyat qilishgan.)

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:58:14

3-BOB
MAVZU: NAMOZNING KALITI TAHORATDIR


3. Ali (karromallohu vajhahu)dan rivoyat kilindi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «Namozning kaliti - tahorat, tahrimi — takbir, tahlili esa salomdir». (Ya’ni namoz uyining kaliti - tahorat, eshigi tahorat bilan ochiladi, iftitoh takbiri (takbiri tahrima) bilan ichkariga kiriladi va salom berishlik bilan namozdan chiqiladi.)
Bu hadis ushbu bobda vorid bo‘lgan hadislarning eng sahihi va eng hasanidir.
Abdulloh ibn Muhammad ibn Oqil to‘g‘riligi bilan tanilgan kishi bo‘lsa-da, ayrim muhaddislar uning xotirasini tanqid qilishgan. Muhammad ibn Ismoildan eshitdim, aytdiki: «Ahmad ibn Hanbal, Ishoq ibn Ibrohim va Al-Humaydiy, Abdulloh ibn Muhammad ibn Oqilning hadisini hujjat sifatida qabul qilar edilar». Muhammad hadis bobida uning o‘rta martabada ekanini qayd etadi.
Bu bobda Jobir va Abu Sa’iddan ham hadis rivoyat qilingan.

4. Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: u dedi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: «(Jannatning kaliti - namoz). Namozning kaliti — tahoratdir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:58:43

4-BOB
MAVZU: HOJATXONAGA KIRIShDA O’QILADIGAN DUO


5. (Hadisning ma’nosi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam hojatxonaga kirayotib, «Allohim, o‘zingdan panoh tilayman!» dedilar. Shu’ba aytdi: Bir daf’a esa «Iflos va tuban narsalardan» yoki «erkak va urg‘ochi shaytonlardan asramog‘ingni so‘rab, o‘zingdan panoh tilayman», dedilar).
Bu bobda Ali, Zayd ibn Arqam, Jobir va ibn Mas’ud (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan. Anasning hadisi bu bobda rivoyat qilingan hadislarning eng sahihi va eng hasanidir.
Zayd ibn Arqom hadisining isnodida chalkashlik bor. Hishom Ad-Dastavoiy va Sa’d ibn Abu Aruba, Qatodadan rivoyat qilishdi. Sa’id: «Al-Qosim ibn Afv Ash-Shayboniydan, Zayd ibn Arqomdan» degan bo‘lsa, Hishom Ad-Dastavoiy, «Qatodadan, Zayd ibn Arqomdan» dedi. Shuba hamda Ma’mar ham bu hadisni Qatodadan, An-Nazr ibn Anasdan rivoyat qildilar. Shu’ba: «Zayd ibn Arqomdan» degan bo‘lsa, Ma’mar esa: «An-Nazr ibn Anasdan, uning otasidan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan» dedi. Buning sababini Muhammad (Al-Buxoriy)dan so‘radim, u: «Qatoda har ikkovidan ham rivoyat qilgan bo‘lishi ehtimol», deb javob berdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Dekabr 2008, 10:59:00

6. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat kilindi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam hojatxonaga kirayotganlarida:
«Allohumma inniy a’uzu bika minal hubsi val-habaisi» («Allohim, yomon narsa va yomon ishlardan asramog‘ingni so‘rab, o‘zingdan panoh tilayman!») der edilar.
Bu hadis hasan-sahih.
Ahmad (ibn Hanbal), Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, An-Nasoiy va ibn Moja ham bu hadisni rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan