Imom Termiziy. Sunani Termiziy. 1-jild  ( 294705 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 63 64 65 66 67 68 69 B


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:27:27

35-BOB
MAVZU: SADAQAI FITR HAQIDA


668. Abu Sa’id Al-Xudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida fitr zakotiga taomdan (bug‘doydan) bir so’, arpadan bir so’, xurmodan bir so’, mayizdan bir so’, qurutdan bir so’ chiqarar edik. To Muoviya Madinaga kelgunicha (shuncha) chiqarib turganmiz. Muoviya (Madinaga kelgach) nutq so‘zladi, xalqqa aytgan gaplarida ushbu (so‘z) bor edi: «Men, Shom bug‘doyidan ikki muddi bir so’ xurmoga to‘g‘ri kelayotganini ko‘ryapman». Shunda xalq bunga ko‘ndi...» Abu Sa’id aytdiki, «Men avval qanday chiqargan bo‘lsam, hanuz xuddi o‘shanday chiqaraman».
So’ - don mahsulotlari o‘lchovi bo‘lib, kilogramm deganidir. So’-Hijoz va Iroq so’i tarzida ikkiga bo‘linadi. Iroq so’i - sakkiz ratl bo‘lib, har ratl 130 dirhamdir. Bu 130 sakkizga ko‘paytirilsa, bir so’ 1040 dirham bo‘ladi. 1040 dirham - dirhami shar’iy e’tibori bilan 2,917 kg, dirhami urfiy e’tibori bilan 3,333 kg bo‘ladi. Hijoz so’i esa besh butun, uchdan bir ratldir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam davrlarida shu so’ qo‘llanilgan.
Bu hadis hasan-sahih. Ba’zi ilm ahllarining amali shu hadis asosidadir. Hamma narsadan bir so’ beriladi, degan fikrdalar. Shofi’iy, Ahmad va Ishoqning qavli shudir. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamning sahobalaridan va keyingilardan ba’zi ilm ahllari, bug‘doydan tashqari hamma narsadan bir so’ beriladi va faqatgina bug‘doydan yarim so’ yetarli bo‘ladi, deb xulosa qilganlar. Sufyon As-Savriy, Ibnul-Muborak va Kufa ahlining qavli shudir. Bug‘doydan yarim so’ beriladi degan fikrdalar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:28:07

669. Ali ibn Shu’aybning bobosidan rivoyat qilindi; «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Makka (shahri) ko‘chalariga bir jarchi yubordilar: «Diqqat! Fitr sadaqasi, xoh erkak,xoh ayol, xoh ozod, xoh qul, xoh katta, xoh kichik bo‘lsin - har bir musulmon uchun vojibdir! Bug‘doydan ikki mudd, boshqa taomlar (masalliqlar)dan bir so’ (berilgaydir!)».
Bu hadis g‘arib-hasan.
Bir mudd so’ning to‘rtdan biri bo‘lib, ikki mudd yarim so’ bo‘ladi. Bir so’ dirhami shar’iy e’tibori bilan 2,917 kg va dirhami urfiy e’tibori bilan 3,339 kg bo‘ladi, shunga ko‘ra yarim so’ birinchi e’tiborda - 1,458 kg va ikkinchi e’tiborda 1,667 kg ga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:28:33

670. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam fitr sadaqasini erkaku-ayol, ozod va mamluk (qul) har bir musulmon kishiga, xurmodan bir so’ yoki arpadan bir so’ tarzida (bermoqlikni) farz qildilar». (Roviy) aytadiki, «Keyinchalik odamlar bug‘doydan yarim so’ bermoqni odat qilishdi».
Bu hadis hasan-sahih.
Bu bobda Abu Sa’id, Ibn Abbos, Al-Horis ibn Abdurrahmon ibn Zubobning bobosi, Sa’laba ibn Abu Suyor va Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:28:46

671. Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, fitr zakotini (fitri Ramazonni) musulmonlardan har bittasiga - xoh ozod, xoh qul; xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin - xurmodan bir so’ yoki arpadan bir so’ tarzida (bermoqlikni) farz qildilar».
Ibn Umarning hadisi hasan-sahih. Molik bu hadisni Nofi’dan, Ibn Umardan, Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdan, Ayyubning rivoyatidek «minal muslimiyn» («musulmonlardan») degan ilova bilan rivoyat qilgan. Bittadan ko‘p kishi ayni shu hadisni Nofi’dan rivoyat qilganlar; ammo hadisda «minal muslimiyn» ilovasini zikr qilmaganlar.
Ilm ahllari bu masalada ixtilof qildilar. Ba’zilari, «Kishining musulmon bo‘lmagan qullari bo‘lsa, ular uchun zakoti fitr bermaydi» deyishadi. Molik, Shofi’iy va Ahmadning qavli shudir. Ba’zi ilm ahllari esa bunday deydilar: «Musulmon bo‘lmasalar ham, ular uchun beradi». As-Savriy, Ibnul-Muborak va Ishoq shu qavlga ega bo‘lishgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:30:22

36-BOB
MAVZU: «FITR (HAYIT) NAMOZIDAN OLDIN BERILMOG’I


672. Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi; «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, fitr sadakasi Ramazon hayiti kuni namozga borishdan oldin chiqarilsin, deb amr qildilar».
Bu hadis hasan-g‘arib.
Ilm ahllari kishi fitr sadaqasini namozga yurishdan oldin chiqarmog‘ini mustahab ko‘rganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:30:35

37-BOB
MAVZU: ZAKOTNING VAQTIDAN OLDIN BERILMOG’I HAQIDA


673. Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: «Abbos (roziyallohu anhu) o‘z sadaqalarini vaqti kirmasidan ertaroq bermoq borasida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan so‘radilar. Rasuli Akram bu xususda u kishiga ruxsat berdilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:30:55

674. Ali (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam Umar (roziyallohu anhu)ga aytdilar: «Biz Abbosning bu yilgi zakotini avvalgi yili (o‘tgan yili) olganmiz».
Bu bobda Ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan hadis rivoyat qilingan.
Zakotning vaqtidan oldin berilmog‘i haqidagi hadis Isroilning Al-Hajjoj ibn Dinordan qilgan rivoyati ekanligini bitta shu vajhdan bilayotirman. Ismoil ibn Zakariyoning Al-Hajjojdan qilgan rivoya-ti, menimcha, Isroilning Al-Hajjoj ibn Dinordan qilgan rivoyatidan ko‘ra sahihdir. Bu hadis Al-Hakam ibn Utaybadan, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilindi. (Bu rivoyatga ko‘ra) mursaldir.
Ilm ahllari, vaqti kirmasdan oldin zakot berilmog‘i masalasida ixtilof qildilar. Ilm ahllaridan bir guruhi, zakot vaqtidan oldin beriladi, degan fikrga ega bo‘lganlar. Sufyon As-Savriyning qavli shudir. Aytadiki, «Menimcha, vaqtidan oldin berilmog‘i yanada maqbulroq». Ilm ahllarining ko‘pchiligi bunday deydi: «Vaqti kirmasdan oldin berilsa, zakot berganga o‘tadi». Shofi’iy va Ishoq shu qavlga ega bo‘lishgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:31:30

38-BOB
MAVZU: TILANMOQDAN QAYTARUV


675. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan eshitdim, aytdilar: «Sizlardan birortangiz erta tongda borib o‘tin termog‘i, uni orqalab tashimog‘i, undan sadaqa qilmog‘i va shu bilan odamlardan behojat bo‘lmog‘i, so‘rasa yo beradigan, yo bermaydigan kishidan tilanib yurmog‘idan ko‘ra, albatta, o‘zi uchun yaxshiroqdir! Yuqori qo‘l past qo‘ldan yaxshiroqdir!.. (Avval) qo‘l ostingizdagilardan boshlang!».
Bu bobda Hakim ibn Hizom, Abu Sa’id Al-Xudriy, Zubayr ibn Al-Avvom, Atiyya As-Sa’diy, Ab-dulloh ibn Mas’ud, Mas’ud ibn Amr, Ibn Abbos, Savbon, Ziyod ibn Al-Horis As-Sudoiy, Anas, Xubshiy ibn Junoda, Kabisa ibn Muhoriq, Samura va Ibn Umar (roziyallohu anhum)dan hadis rivoyat qilingan.
Abu Hurayraning hadisi hasan-sahih-g‘arib.
Bu hadisning g‘arib ekanligi, bayonning Qaysdan rivoyat qilingani tufaylidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Dekabr 2008, 01:32:55

676. Samura ibn Jundub (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi; aytdi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Tilanchilik bir (uqubatli) tirnalmoqdirki, kishi u bilan o‘z yuzini tirnagaydir. Illo kishi hukmdordan so‘rasa yoki o‘ta zarur ish borasida bo‘lsa (mumkin)».
Bu hadis hasan-sahih.

ZAKOT BOBLARI TUGADI


BIRINCHI JILD TARJIMASI TUGADI

Hijriy 1419 yil zulhijja oyining 29-kuni,
milodiy 1999 yil, 15-aprel payshanba kuni
birinchi jild tarjimasi nihoyasiga yetdi.

Alhamdullillahi robbil a’lamiyn!
As-solaatu vas-salaamu ‘ala sayyidina
Muhammadin  :sw: va ‘ala olihi va ashaabihi ajma’iyn!

Ushbu kitobni o‘qib, bahramand bo‘lganlar murodlariga yetsinlar!

Qayd etilgan