Abdulaziz Mansur. Aqoid matnlari  ( 33578 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:55:33

O’ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI

AQOID MATNLARI

Nashrga tayyorlovchi va tarjimon:
Shayx Abdulaziz Mansur

«Toshkent islom universiteti» nashriyot-matbaa birlashmasi
Toshkent — 2006

Ma’lumki, o‘rta asrlarda kalom ilmi diniy-falsafiy fikrlar, islomning nazariy asoslarini o‘rganish va uning aqidalariga e’tiqod qilish borasidagi ilmlarni ifodalagan. Shuningdek, bu ilm islomdagi turli firqa va oqimlarning Qur’on hamda Sunna ta’limotini aql-idrokka tobe etish kabi qarashlari, o‘zaro munozaralari natijasida shakllangan.

MUNDARIJA

Abu Mansur al-Moturidiy
Al-Fiqhul akbar. Imomi A'zam Abu Hanifa
Al-Aqidatut-Tahoviya. Imom Tahoviy
Aqoidi Nasafiya. Imom Nasafiy
Bad’ul-amoliy. Sirojiddin al-Farg'oniy

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:55:50

MUQADDIMA

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila

Hamdu sano ul Xoliqi donogakim, bizlarni aqlu nutq ila sarafroz va ilmu ma’rifat ila e’zoz etibdur. Yana, salavotu salomlar ul risolatpanoh Rasuligakim, sunnati saniyalari sharofatidan imonu aqidalarimizga soflik va axloqu amallarimizga poklik yetibdur.
Ammo ba’d, aqlu donish va ma’rifat ahliga maxfiy emasdurkim, aqoid ilmi diniy fanlar onasi va ilmiy mavzular durdonasidir. Ani dilga jo qilmay turib, ibodat va amallarga ruju qilmoq komil bandalik emas, balki ayni sharmandalikdir. Shu boisdanmu Shayx So‘fi Alloyor demishlar:

Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa yeldir.


Binobarin, ushbu zamoni saodatda bunchalik xo‘b fursat yetibdurkim, mazkur fan asoschisi, Ahli Sunna val-Jamoa peshvosi, mutakallimlar imomi Abu Mansur Moturidiy hazratlarining tavallud sanalari munosabati ila aqoid fanining yurtimizda yana rivoj topishiga ishonch va shu tufayli dillarda quvonch hosil bo‘ldi.
Ushbu mo‘‘jaz va muxtasar risolamizda Shayx Abu Mansur Moturidiy va ul zot asos solgan moturidiya aqidasiga doir muhim ma’lumotlar va aqoid matnlaridan to‘rttasining tarjimasini taqdim etamiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:56:08

SHAYX ABU MANSUR HAZRATLARINING TARJIMAI HOLLARI

To‘liq ismi shariflari — Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiy.
Moturid — Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birining nomi. U hozirda buzilgan shaklda Matrit deya ataladi. Aslida esa, manbalarda aytilishicha, qishloqning nomi arabcha «Mo turid?» so‘zidan olingan. Ma’nosi «Nima demoqchisan?»dir. Aytishlaricha, Shayx Abu Mansur kalom ilmiga ruju qilgan paytlarida shogirdlari ko‘payib ketgan va ular o‘zaro bahs qilganlarida bir-birlariga arab tilida ko‘pincha «Mo turid?» deb murojaat qilganlar. Shu so‘z ko‘pchilik qulog‘iga tez-tez chalinavergach, Shayx shogirdlarini moturidiylar, qishloq nomini esa Moturid deb atay boshlaganlar (Zarnujiy. «Ta’lim al-muta’allim» sharhi).
Nasablari Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilib kelganlarida o‘z uyidan joy bergan mashhur sahobiy - Abu Ayyub Xolid ibn Zayd ibn Kulayb al-Ansoriy hazratlariga borib yetadi, deb naql qiladilar. Bu nisbatni ba’zi muarrixlar rad etganlar.
Tug‘ilgan yillari haqida tarixiy manbalarda qat’iy ma’lumot yo‘q, lekin taqribiy yoki taxminiy sanalar berilgan. Masalan, uning abbosiy xalifalardan Mutavakkil (232-247h.) davrida yashaganlari aniq. Yana, Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy (vaf. 248 h.) va Nasir ibn Yahyo al-Balxiy (vaf. 268 h.) kabi ustozlaridan saboq olganliklarini nazarda tutilsa, Shayxning tug‘ilgan yilini 238 h. deb taxmin qilish mumkin.
Lekin boshqa manbada, aniqrog‘i «Islom» qomusida tug‘ilgan yillari 870 milodiy yil deb ko‘rsatilgan. Shunga asosan 2000 yilda tavalludlarining 1130 yilligi nishonlandi. Bu hisobga ko‘ra, Shayx tavalludlari 257 h. yilga to‘g‘ri keladi.
Vafot etgan sanalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning eng ishonchlisi 333 h.y. hisoblanadi. Bu milodiy sana bo‘yicha 944 yilga to‘g‘ri keladi.
Moturidiya ulamolarining eng mashhurlaridan Abu Muin an-Nasafiy (438-508 H./1046—1114 m.) o‘zlarining «Tabsiratul-adilla» kitobida shunday yozadilar: «Abu Mansur Moturidiy vafot etganlarida yaqin shogirdlaridan biri Abul-Qosim al-Hakim uning qabr toshiga quyidagi bitikni yozdirgan ekan:
Ya’ni: «Bu qabr nafaslari miqdoridagi ilmlarni o‘zida jam etgan, bor kuchini u ilmlarni tarqatish va o‘rgatish bilan tugatgan, bas, shuning uchun diniy asarlari maqtovga sazovor bo‘lgan va o‘z umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotning qabridir».
Shayx Abu Mansur Moturidiyning qabri Samarqand shahrining Chokardiza qabristonida ekanligi ishonchli manbalar va ilmiy tadqiqotlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi. Shunga binoan 2000 yilning may oyida O’zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan bu xususda maxsus fatvo chiqarildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:56:17

Ilmiy unvonlari:
— Imomul-hudo (Hidoyatga eltuvchi imom);
— Qudvatu Ahlis-sunna (Ahli Sunnat peshvosi);
— Musahhihu aqoidil-muslimin (Musulmonlar aqoidini isloh etuvchisi);
— Imomul-mutakallimin (Kalom ilmi olimlarining peshvosi);
—  Rabibu Ahlis-sunna (Ahli Sunna val-Jamoa tarbiyasini olgan);
— Al-Imom az-Zohid (Dunyoni tark etgan imom);
— Ash-Shayx al-Imom va hokazo.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:56:27

USTOZLARI (shayxlari)

Shayx Abu Mansur Moturidiyning ustozlari yoki shayxlari Imom A’zam Abu Hanifa — No‘‘mon ibn Sobitning shogirdlari hamda shogirdlarining shogirdlari bo‘lganlar. Ulardan ba’zilarini eslatib o‘tamiz:
1. Abu Nasr al-Iyoziy (Ahmad ibn Abbos). Bu zot Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniydan ta’lim olganlar. Shayx Abu Mansur ham fiqh darsida Abu Nasrga sherik bo‘lib, al-Juzjoniyda o‘qiganlar. Al-Iyoziy somoniylar davrida dorul-harbda asir holida turk diyorida shahid bo‘lganlar («Tarixi Samarqand»dan).
2. Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy. Ray shahrining qozisi bo‘lgan bu zot Abu Hanifaning shogirdi — Muhammad ibn Hasan al-Shayboniyda o‘qiganlar. Mashhur muhaddis sahobiy Vake’ va boshqalardan hadis rivoyat qilganlar. Imom Buxoriy ham undan hadis tinglaganlar. Hakim Termiziy ham u zotdan hadis rivoyat qilganlar. Vafotlari to‘g‘risida 248 h. va 242 h. yil kabi sanalar ko‘rsatilgan.
3. Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniy. Bobosining ismi Subh yoki Subayh ekanida muarrixlar ixtilof qilganlar. Bu zot fiqh ilmi usullari va furu’lari sohasida, shuningdek, anvoi fununda yuqori darajalarga erishganlar. «Al-Furuq vat-Tamyiz», «Tavba» va boshqa kitoblar muallifidirlar.
Abu Bakr al-Juzjoniy Abu Hanifaning yirik shogirdlaridan Muhammad ibn Hasan huzurida dars tinglagan Abu Sulaymon al-Juzjoniydan saboq olgan. Vafotlari 268 h. yilda.
4. Nasir ibn Yahyo al-Balxiy. Bu zot ham mazkur shayxlari kabi Abu Sulaymon al-Juzjoniy, Abu Mute’ al-Hakim Abdulloh al-Balxiy va Abu Muqotil Hafs as-Samarqandiydan saboq olgan hanafiy maktabiga mansub fiqh va kalom ulamolaridandir. Vafotlari 268 h. yilda voqe’ bo‘libdur.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:56:39

SHOGIRDLARI

Abu Mansur Moturidiy hazratlari aqida fanidagi sunniy - hanafiy yo‘nalishini davom ettirib, ko‘p izlanishlardan keyin moturidiya maktabiga asos soldilar. Shu asnoda ko‘plab shogirdlarini yetishtirib chiqarganlar. Quyida ulardan ba’zi mashhurlari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot beramiz:
1.  Abul-Qosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Zayd al-Qoziy — al-Hakim as-Samarqandiy (vafoti 335 yoki 342 h. y. Chokardiza qabristoniga dafn etilgan).
U Shayx Moturidiyning eng yirik shogirdlaridan biri bo‘lib, tasavvuf ilmini Balx mashoyixlaridan, fiqh va kalom ilmini Shayx Abu Mansur hazratlaridan olgan. Uzoq vaqt Samarqandda qozilik vazifasini o‘tagan.
Asarlaridan «Savodi a’zam», «Imon» risolasi mashhurdir.
2. Abul-Hasan Ali ibn Said ar-Rustufag‘niy as-Samarqandiy. Hanafiya fiqhi va usuli bo‘yicha shuhrat qozongan. U bilan ustozi Shayx Moturidiy o‘rtasida mujtahid xatosiga oid masalada ixtilof kechgan. «Irshodul-muhtadiy», «Az-zavoid val-favoid», «Al-as’ilatu val-ajviba», «Bayonus-Sunnati val-Jamoa» kabi asarlar muallifidir. Vafoti 350 h./ 961 m.y.
3. Abu Muhammad Abdul-Karim ibn Muso ibn Iso al-Pazdaviy. Nasafdan olti farsax uzoqlikdagi Pazda yoki Pazdava qishlog‘idan. Asosan, fiqh ilmida mashhur bo‘lgan. Uning zurriyotidan yirik moturidiya ulamolari dunyoga kelgan. Masalan, Abul-Yusr al-Pazdaviy (vafoti 493 h./1100 m.y.), Abul-Hasan al-Pazdaviy (vafoti 482 H./1089 m.y.) shular jumlasidandir. O’zi 390 h./999 m. yilda vafot etgan.
4. Abu Ahmad ibn Abi Nasr Ahmad ibn al-Abbos al-Iyoziy. Abu Mansur hazratlarining ustozlari Abu Nasr al-Iyoziyning o‘g‘li. Fiqh, nutq, iffat va taqvoda benazir bo‘lgani haqida naql qilinadi.
5. Abu Abdir-Rahmon ibn Abil-Lays al-Buxoriy. Kalom va fiqh ilmlarini Abu Mansur hazratlaridan olgan. U Abul-Qosim al-Hakim as-Samarqandiy bilan ko‘p vaqt birgaliqda tahsili ilmda bo‘lgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:57:17

MOTURIDIYA ULAMOLARI

1. Abul-Hasan Ali ibn Muhammad al-Pazdaviy. Abul-Yusr Muhammad al-Pazdaviyning akasi. Ikkisi ham Shayx Abu Mansurning yaqin shogirdlaridan sanalmish Abdul-Karim al-Pazdaviy avlodidan. Abul Hasan 483 H./1089 m. yilda vafot etgan.
2. Abul-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdil-Karim al-Pazdaviy. Al-Krziy as-Sadr degan unvon bilan tanilgan. 421 h. yilda tug‘ilgan. Imom Kindiy kabi faylasuflarning falsafasini va mo‘‘taziliylar yozgan kitoblarni hatto uyda saqlash ham zararli deb bilar edi. Zero, ularni mutolaa qilib ko‘rib, shunday xulosa hosil qilgandi. Hatto, Abul-Hasan Ash’ariy kitoblarini ham xatolarini ajrata olmaydigan kishilar o‘qishi durust emas deb bilar edi. Usul va furu’ bobida ko‘p kitoblar tasnif etgan. Samarqandda qozilik qilgan va hadis ilmidan dars ham bergan. «Usul ad-din», «Al-Murattib», «Al-Voqeot», «Al-Mabsut» kabi asarlari bor.
Shogirdlari Najmiddin Umar ibn Muhammad an-Nasafiy, Usmon ibn Ali al-Poykandiy, Ahmad ibn Nasr al-Buxoriy, o‘z o‘g‘li Qoziy Abul-Maoliy Ahmad va boshqalar. 493 h. yilda vafot etgan.
3. Abul-Mu’in Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Makhul Abil-Fazl an-Nasafiy. 438 h. da tug‘ilib, 508 h. yilda vafot etgan. Ustozlari noma’lum. Shogirdlari - Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy, Mahmud ibn Ahmad as-Sog‘arjiy, Abdur-Rashid ibn Abi Hanifa al-Valvolijiy. Imom G’azzoliy bilan Boqilloniy ash’ariya aqidasining eng mashhur tashviqotchilari sanalganidek, Abu Mu’in an-Nasafiy moturidiya aqidasining eng yirik namoyandalaridandir. Kitoblaridan «Tabsiratul-adilla», «Bahrul-kalom», «Tamhid», «Manohijul-aimma» va boshqalarni misol keltirish mumkin.
4. Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Najmiddin an-Nasafiy. Nasafda 461 h. yilda tug‘ilib, 537 h.y.da vafot etgan. U 550 nafar yirik ustozlardan dars tinglagan. Ulardan Abul-Yusr Pazdaviy, Abdulloh ibn Ali ibn Iso an-Nasafiy, Abu Muhammad Hasan ibn Hasan as-Samarqandiy, Ali ibn Hasan al-Moturidiylarni misol keltirish mumkin. Ustoz va shayxlari to‘g‘risida alohida bir kitob ham ta’lif etgan.
Shogirdlaridan — o‘z o‘g‘li Abul-Lays Ahmad ibn Umar, Muhammad ibn Ibrohim To‘rpushtiy, Umar ibn Muhammad ibn Umar Aqiliy va boshqalarni zikr etish mumkin.
U yuzga yaqin asarlar yozgan. «At-taysir fi tafsiril Qur’on», «Sharhi Sahihi Buxoriy», «Al-akmal al-atval fit-tafsir», «Kitobul-qand fiy ulamoi Samarqand», «Tarixi Buxoro», «Al-aqoid an-nasafiya» risolasi kichik hajmda bo‘lishiga qaramay, hozirgi kungacha aqida fanida eng mashhur qo‘llanma vazifasini bajarib kelayotir.
5. Abul-barakot Hofizuddin Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy. Nasaf shahrida tug‘ilib, 701 h. yilda vafot etgan. Mashhur asarlari — «Madorikut-tanzil» tafsiri, fiqhga doir «Kanzud-daqoiq» kitobi, «Al-Vofiy» va «Al-Kofiy» va boshqalar.
6. Ahmad ibn Abi Bakr Nuriddin as-Sobuniy al-Buxoriy 580 h. yilda vafot etgan va Buxorodagi «Yetti qozi» qabristoniga dafn etilgan. Muhammad ibn Abdis-Sattor al-Kardariy uning shogirdidir. Kitoblaridan «Al-Hidoya fi ilmil-kalom» va uning sharhi diqqatga sazovordir.
7. Muhammad ibn Abdil-Vohid ibn Abdil-Hamid ibn Mas’ud ibn Hamididdin ibn Sa’ididdin (al-Kamol ibn at-Humom) as-Sivosiy al-Iskandariy al-Qohiriy al-Hanafiy. 788 yoki 780 h. yilda tug‘ilib, 861 h. yili Qohirada vafot etgan, islomiy fanlarning aksariyatida imtiyoz hosil qilgan. «Al-Hidoya» kitobini Sirojiddin Umar ibn Ali (Qoril-Hidoya) da o‘qigan. Hofiz Ibn Hajar Asqaloniydan hadis tinglagan. Aqlu zakovatda ustozlarini ham lol qoldirgan.
Asarlari ko‘p. «Al-Hidoya»ga yozgan «Fathal-Qadir» nomli sharhi yirik to‘qqiz jilddan iborat bo‘lib, u Kamol ibn Humomning shoh asari hisoblanadi. «Al-Musoyara» kitobi moturidiya aqidasiga doir bo‘lib, eng muhim manbalardandir.
8. Mullo Ali (Qoriy) ibn Sulton — Muhammad al-Hiraviy al-Makkiy (Abul-Hasan, Nuriddin). 1014 h. yilda Makka shahrida vafot etgan va «Jannatul-Muallo» qabristoniga dafn etilgan.
Asarlari juda ko‘p. Mashhurlari - «Mishkot» sharhi - «Mirqot», «Muxtasarul-Viqoya» sharhi, «Fiqhi akbar» sharhi, «Omoliya» sharhi, «Shotibiya» sharhi, «Mavzu hadislar» va hokazo.
Husnixat sohibi bo‘lganidan Ali Qoriy har yili bir nusxa Qur’oni karim ko‘chirib, sotib, yil davomida shu daromad bilan kun kechirgan.
9. Ali ibn Usmon ibn Muhammad ibn Sulaymon Abu Muhammad Sirojuddin al-O’shiy al-Farg‘oniy.
Ko‘plab asarlar muallifi. Moturidiya aqidasini nazmiy uslubda yozib, uni «Bad’ul-amoliy» deb nomlagan. Vafoti 569 h./1173 m. yilda.
10. Abush-Shakur as-Solimiy (Muhammad ibn Abdulloh as-Sa’id ibn Shu’ayb al-Keshiy).
As-Solimiynint moturidiya aqidasiga oid «At-Tamhid» nomli kitobi ulamolar o‘rtasida mashhur bo‘lib, yozma va bosma nusxalari bizgacha yetib kelgandir.
Moturidiya aqidasiga asoslanib ijod qilgan va bebaho asarlar qoldirgan ulamolar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Lekin bu muxtasar risolamizda uning o‘rniga aqidamizga oid boshqa muhimroq ma’lumotlarni taqdim etishni ma’qul topdik.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:57:27

ABU MANSUR AL-MOTURIDIYNING ASARLARI

1. «Ta’vilotu ahlis-Sunna» yoki «Ta’vilotul-Qur’on». Sakkiz mujalladdan iborat bu asar Qur’oni karimning tafsiri bo‘lib, unda asosan, islomiy aqidaga nisbatan turli qarashlar bayon etilib, moturidiya aqidasi asosida ularga baho berilgan. Tafsirni al-Moturidiyning shoh asari deb atash mumkin. Uning qo‘lyozma nusxalari Misr, Makka, Damashq, Hindiston, Turkiya va Toshkent kutubxonalarida saqlanmoqda. Toshkent nusxalari taqriban 700 yil burun ko‘chirilgan. Asarning birinchi jildi Misrda nashr etilgan.
Tafsirga Alouddin Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy sharh yozgan. Bu sharh qo‘lyozmasi hanuz chop etilmagan.
2. «Kitobut-tavhid». Kalom ilmiga oid eng muhim asar. Moturidiya aqidasiga oid barcha asarlarning eng birinchi va asosiy manbasi sanaladi. Asar hozirda o‘zbek tiliga o‘girilmoqda.
3. «Sharhul-fiqhil akbar». Abu Hanifa an-No‘‘mon (Imom A’zam) qalamiga mansub aqida bobida bitilgan ilk asar «Al-Fiqhul-akbar»ning sharhi. Ba’zi olimlar bu sharh Shayx Moturidiyga tegishli emas, balki u Abul-Lays as-Samarqandiyga mansub deydilar.
4. «Risola fil-aqida». 1953 yilda Anqarada chop etilgan.
5. «Risola fil-imon».
6. «Al-maqolot».
7. «Bayonu vahmil-mo‘‘tazila».
8. «Raddu tahzibil-jadal».
9. «Raddu vaidil-fussoq».
10. «Raddu avoilil-adilla».
11. «Raddul-usulul-xamsa».
12. «Arraddu alal-qaromita».
13. «Raddul-imoma».
14 «Ma’xazush-shari’a».
15. «Kitobul-jadal».
Mazkur kitoblarning oxirgi ikkitasi fiqhga doir, qolganlari aqidaviy masalalarga bag‘ishlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:57:41

MOTURIDIYA NAZARIYASINING O’RTAHOLLIGI

Avvalo, shuni qayd etib o‘tish lozimki, moturidiya aqoidini faqat Abu Mansur Moturidiyning o‘zi ixtiro qilgan emas. Balki aqoidning asoslari, arkonlari va bandlari ungacha ham ma’lum darajada shakllangan edi. Aqida ilmi tobe’inlar davridan boshlab, ya’ni hijratning ikkinchi asrida mustaqil fan sifatida zohir bo‘la boshlagan. Mashhur tobe’inlardan Hasan Basriy (21-110 h.) aqida masalalari bo‘yicha dars aytgani, mo‘‘tazila oqimining boshlanishi ham o‘sha paytda ro‘y bergani tarixiy manbalardan ma’lum. Abu Hanifa (Imom A’zam) yashagan davrda esa islom niqobi ostida turli oqim va firqalarning yuzlab turlari yuzaga kelgandi. Ular bilan kurashish uchun esa aqida mustahkam bo‘lishi zarur edi. Bunday dolzarb masalaga Abu Hanifa befarq qarab tura olmaganlar, balki aqida faniga oid birinchi asar - «Fiqhi akbar», Usmon al-Battiy (al-Bustiy)ga yozgan raddiyasi, beshta vasiyatnomasini yozib qoldirganlar. Demak, mazhabimiz asoschisi Abu Hanifa No‘‘mon ibn Sobit (rahmatullohi alayh) nafaqat fuqaholar peshvosi, balki aqida va ilmi kalomga ham asos solgan buyuk siymolardan bo‘lganlar.
Shayx Abu Mansur hazratlari diniy ta’limni hanafiya ulamolarining ko‘zga ko‘ringan mashhur namoyandalaridan olganlari va diniy fanlar bo‘yicha qanchalik chuqur bilimga ega ekanliklariga yozib qoldirgan asarlari guvohlik beradi.
Shayx yashagan davrda aqida ulamolari ikki asosiy manbaga suyanganlar. Birinchisi — oyat va hadislar hamda sahoba va tobe’inlarning ijmo va ijtihodlari, ya’ni naqliy dalillar. Ikkinchisi — aqliy dalillar. Shayx Abu Mansur esa boshqalarga taqlid qilmadilar, balki naqliy dalillar bilan aqliy dalillarni uyg‘unlashtirib, undan so‘ng xulosa chiqardilar. Aqliy dalil deganda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar ko‘zda tutiladi. Vaholanki, salaf ulamolarining ko‘pchiligi bu dalillarni tan olmas edilar, balki naqliy dalillarning o‘zi bilan kifoyalanardilar. Shayximiz esa, bu ikkisidan ham munosib ravishda istifoda etib, o‘rtahollikni ixtiyor qilgan ekanlar. Darhaqiqat, naqliy dalillarni yaxshi anglash uchun aqliy dalillarni ham puxta bilish shartligini hech kim inkor eta olmaydi. Aql imkoniyatining ham chegarasi borligini e’tiborga olib, Shayx ko‘p joylarda inson aqli juda ko‘p haqiqatlarni idrok etishga qodir emasligini uqdirib o‘tadilar. Shu bilan birga, aqlning Alloh tomonidan ato etilgan eng buyuk mislsiz ne’mat ekani, undan oqilona foydalanish zarurligini ham ta’kidlab o‘tadilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Dekabr 2008, 04:57:57

ISLOM UMMATINING OQIMLARGA BO’LINIB KETISHI

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ogohlantirib aytganlarki: «Yahudiylar 71 firqaga, nasroniylar 72 firqaga bo‘linib ketgan edilar. Mening ummatim 73 firqaga bo‘lingaylar. Ulardan bittasigina najot topib omon qolur, qolganlari esa do‘zax ahlidirlar» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari).
Rasululloh (s.a.v.)ning bu mo‘‘jizaviy bashoratlari vafotlaridan keyin o‘z tasdig‘ini topdi. U firqalardan qadariya, murjia va xavorijlarni o‘z hadisi shariflarida nomma-nom keltirib, ulardan hazarda bo‘lishni vasiyat ham qilganlar.
Xulafoi roshidinlar zamonidan to Imom Moturidiy zamonasigacha, asosan, quyidagi firqa yoki oqimlar paydo bo‘lib, ummati muhammadiya o‘rtasiga tafriqa solish va ruhiy hayotlarini fitna va fasod bilan to‘ldirishga harakat qilgan edilar.
Ular — qadariya, murjia, xavorij, shia, mo‘‘tazila, ravofiz (rofiziylar), sabaiya, ziroriya, jahmiya, botiniya, qaromita, xurramiya, karromiya (mujassima), jorudiya, sulaymoniya (jaririya), butriya, bayoniya, mug‘iriya, janohiya, mansuriya, xattobiya, hululiya, azoriqa, najadot, sufriya, ajorida, xozimiya, shahbiya, ma’lumiya, majhuliya, ma’badiya, rashidiya, mukarramiya, hamziya, ibrohimiya, voqifa, hafsiya, horisiya, yazidiya, maymuniya, mo‘‘tazila firqalaridan — vasiliya, amriya, huzaliya, nazzomiya, murdoriya, ma’mariya, samomiya, johiziya, xobitiya, himoriya, xatotiya, shaxlamiya, ashobi Solih qubba, marisiya, ka’biya, jubboiya, bahshamiya, murjia firqalaridan — Abu Shimr, Muhammad ibn Shabib va Xolidiy firqalari, yana murjiaga — yunusiya, g‘assoniya, savboniya, sumaniya, marisiya, najjoriyalardan — burg‘usiya, za’faroniya, mustadrika, karromiylardan — haqoiqiya, taroiqiya, ishoqiya.
Demak, zikr etilganlardan 20 firqa rofiziylar, 20 firqa xavorijlar, 20 firqa qadariy va murjialar, 12 firqa qolgan najjoriya, bakriya, ziroriya, jahmiya, karromiya kabi oqimlarga taqsimlab chiqilsa, umumiy soni hadisi sharifda aytilgan 72 ta adashgan firqalarning adadiga to‘g‘ri kelib qoladi.
73-firqa esa, Ahli Sunna val-Jamoa deya ataluvchi mazkur hadisi sharifda qayd etilgan nojiya (najot topuvchi) firqadirkim, Abu Hanifa (Imom A’zam), Imom Molik, Imom Shofe’iy, Imom Ahmad, Avzoiy, Savriy kabi buyuk mujtahid allomalar va ularning izdosh va maslakdoshlari unga mansubdirlar. Kengroq qilib aytadigan bo‘lsak, bu saodatmand jamoaga Janob Rasuli akram (s.a.v.) dan tortib, sahobai kiromlar, tobe’inlar, tabaa tobe’inlar, fiqhiy mazhablarning asoschilari kabi mujtahidlar, muhaddislar, arab tili nahvi va adabiyoti namoyandalari, qiroat va tajvid roviylari, tasavvuf shayxlari, ahli tariqatlar, shuhadoyu, solihu zohid bandalar hamda turli buzuq oqimlarga ergashib, og‘ib ketmagan musulmonlar kirurlar.

Qayd etilgan