Ey sho'x, ko'zu qoshingga olam gado, man ham gado,
La'li labi durposhinga olam gado, man ham gado.
Gohi qapog'ing jon olur, gohi qoshing yag'mo solur,
Bo'yla qapog'u qoshinga olam gado, man ham gado.
Qaddu labing foshu nihon, eldin olur tobu tavon,
Ushbu nihonu foshinga olam gado, man ham gado.
Boshdin ayoqing jon erur, jonlar sanga qurbon erur,
Jono, ayodu boshinga olam gado, man ham gado.
Har necha otsang o'qu tosh, aylab g'azab olamg'a fosh,
Bo'lg'usi o'qu toshinga olam gado, man ham gado.
Jonlar fikri surating, ko'zlarda naqshi qomating
Suratgaru naqqoshinga olam gado, man ham gado.
O'n to'rtdan yoshing o'tub, husning jahonni yorutub,
Bu husningu bu yoshinga olam gado, man ham gado.
Davlat sanga yo'ldosh erur, lutfi xudo qo'ldosh erur,
Yo'ldoshu qo'ldoshinga olam gado, man ham gado.
Ohu yoshingg'a, Ogahiy, rahm etti ul xo'blar shahi,
Ta'siri ohu yoshinga olam gado, man ham gado.