Sheriyat mulki  ( 95476 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 23 B


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 17:53:34

Ishq mazhabiga taqviyu toat chidayolmas,
Tasbehu sano, zuhdu ibodat chidayolmas.

Kim ko’rsa o’shal dilbari ra’noni bayakbor,
Betoqat o’lub, ayshi farog’at chidayolmas.

Faryodu fig’onlar qiladurman kecha-kunduz,
Hayratda qolib, qad ila qomat chidayolmas.

Adhamsifat ul kirsa kishi faqr yo’liga,
Osoyish ila xayri saxovat chidayolmas.

Arbobi muhabbatga yetib bo’yi sanamdin,
Aqli ketibon sabru qanoat chidayolmas.

Ey zohid, agar ko’rsang o’shal mohliqoni,
Zuhdu vara’u kashfi karomat chidayolmas.

Devona qilar ishqi sanam vasli chu Majnun,
Nomusu hayo, aybu qabohat chidayolmas.

Kim jomi muhabbat mayidin jur’aye ichsa,
Shohona hasham, izzatu hurmat chidayolmas.

Bu ishq elining har dam etar valvalasig’a,
Beshubha, biling, dasti irodat chidayolmas.

Mashrab, kelibon ko’ngul ila raqsi samo’ qil,
Ishq mazhabida obi tahorat chidayolmas.

Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 17:58:58

Men nola qilay shomu sahar dod, eshigingda,
Jonimni beray, sho’xi parizod, eshigingda.

Ul lolavu rayhonu suman, toza qizil gul,
Ham sarv bukuldi, qadi shamshod eshigingda.

Xo’boni jahon bo’lsa taqi Yusufi Kan’on,
Sultonu amir bandayi, ozod eshigingda.

Zulfing seni bu jonima yuz domi balodur,
Jonim qushi sayd o’ldi chu sayyod eshigingda.

Olam borisi lazzati husnungni topibdur,
Giryonu fig’on, nolavu faryod eshigingda.

Savdoyi muhabbatga tushubman seni izlab,
O’lturdi g’aming, ko’zlari jallod, eshigingda.

Ashkim to’kubon hajru g’amingda kecha-kunduz,
Vayrona vatan — manzil obod eshigingda.

Ul husnu jamoling o’ti Mashrabg’a tushubdur,
Parvonasifat quydi, parizod, eshigingda.



Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:03:19

Tushti savdoyi muhabbat boshima,
Or etar mardum kelurg’a qoshima.

Vah, muhabbat ko’yida qon yig’ladim,
Yetti iqlim g’arq bo’ldi yoshima.

Sajda aylar zohid ul mehrobig’a,
Men qilurman sajda egma qoshima.

Qil hazar, albatta, jonon, qahrdin,
Uzru zorim senga — bag’ri toshima.

Muhtasib to’kturdi soqiy bodasin,
Yetmadi aqli aning sirdoshima.

Kunda yuz ming jabr qilsang, o’rgulay,
Qo’y qarab g’am toshina bardoshima.

Mashrabi devonaman hayron qilib,
Ne sababdin kelmading bir qoshima.



Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:10:28

Ey sabo, g’ambodadurmen, bistarimni kavlama,
Chun shafaqoludaman, xokistarimni kavlama.

Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur,
Senki Majnun bo’lmasang, sardaftarimni kavlama.

Xonavayronlar bilur aftodalarning holini,
Eyki, mahram bo’lmasang, chashmi tarimni kavlama.

To kishiga dard tegmay, bo’lmadi bag’ri kabob,
Dilda darding bo’lmasa, dardi sarimni kavlama.

Hajr toshidin zarru ofat boshig’a yetgan o’zum,
Kishtiyi motamdadurman, langarimni kavlama.

Yetti do’zax o’rtanur aftodalarning ohidin,
Otashi hajrida kuygan mijmarimni kavlama.

Lomakonning shahrini bir hu bila sayr ayladim,
Jabrayil, borg’il nari, bolu parimni kavlama.

Bahri rahmatga kirib, qildim vujudimni adam,
Ma’rifatdin bexabarsan, daftarimni kavlama.

Durri daryoyi maoniy bo’ldi chun Mashrab, vale
Diydabino bo’lmasang, ko’z gavharimni kavlama.



Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:17:27

Sensan sevarim, xohi inon, xohi inonma,
Qondur jigarim, xohi inon, xohi inonma.

G’am shomi firoqingda kabob etti falakni
Ohi saharim, xohi inon, xohi inonma.

Nogah sari zulfung sori bo’ldum sanga moyil,
Ey toji sarim, xohi inon, xohi inonma.

La’ling g’amidin ko’nglum erur g’uncha kibi qon,
Gulbargi tarim, xohi inon, xohi inonma.

Zahri g’ami hajring meni o’ldurg’ali yetti,
Ey labshakarim, xohi inon, xohi inonma.

Mashrab, bo’lubon ko’yinga chun barqi tajalli,
Qolmay asarim, xohi inon, xohi inonma.



Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:24:27

To kiydi qizil o’zini zebo qilayin deb,
O’t yoqti jahon mulkida g’avg’o qilayin deb.

Mastona xirom ettiyu ko’rguzdi qadini,
Mendek necha devonani shaydo qilayin deb.

Zebo sanamim gul yuzidin parda ko’tardi,
Olam hama ko’z bo’ldi tamosho qilayin deb.

Zulfini tarab, qosh uchurub jilvalar etti,
Oshubi balo, fitnani barpo qilayin deb.

To ayladim oldig’a borib arzi niyozim,
Chin soldi jabinig’a tamanno qilayin deb.

Mastona samand sekrata keldi shahi xunrez,
Shamshiri jafoni yana burro qilayin deb.

Ko’p yilki, bu qul xizmatini qilmadi barjo,
Keldiki g’azab birla chu sazo qilayin deb.

Boshimni kesib olg’ilu xushhol bo’lub ket,
Qonimni to’kub, lolayi sahro qilayin deb.

Xanjar qo’lida Mashrabin o’ldurg’ali keldi,
G’avg’oyi qiyomatni huvaydo qilayin deb.


Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:29:18

Hech kima ma’lum emas holi parishonim mening,
Osmonni tiyra qildi ohu afg’onim mening.

Men nechun shod etmayin bul xasta ko’nlumni bugun,
Keldi xolimni so’rab ul sho’x jononim mening.

Ey sitamgar, kelgilu emdi shahid etkil meni,
Mavj ursun Karbalo dashtida bu qonim mening.

Chun Surayyo bormusan, aflokdin bolomusan,
Bu falakda ko’rmadim, ey ko’zi cho’lponim mening.

Nozu istig’no bila ketgil, meni holimni so’r,
Termulib doim yo’lungda chashmi giryonim mening.

Tobakay jabru sitam birla yurursan, ey rafiq,
Chiqti, Mashrab, ushbu g’amdin bu aziz jonim mening.



Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:37:18

Nogoh ko’runub ko’zlari shahlo boqa qoldi,
Parda ko’tarib qoshini ul dam qoqa qoldi.

Oshiq ekanimni bilib ul dilbari ra’no,
Aqlimni olib, jonima o’tlar yoqa qoldi.

Ruhum eritib yoshini, vah-vah, yuzi otash,
Ishq chaqmog’ini jonima, naylay, chaqa qoldi.

Tarsobachani ko’rdimu din ketti qo’lumdin,
Qil sajda debon bo’ynuma zunnor taqa qoldi.

Men oning uchun kechayu kunduz yugururmen,
Yorim kelibon birgina holim so’ra qoldi.

Aydi: "œNe tilarsan?" Dedim: "œSham’i jamoling!"
Ko’rsatti yuzin, maqsud hosil eta qoldi.

Mashrab bu jahonda yurubon topmadi bir mard,
Yuz shukrki, oning bila ulfat bo’la qoldi.



Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:42:18

Oshiq uldur to diliga saqlasa asrorini,
Barham ursa yo’lig’a olamda yo’qu borni.

To o’zungga dard tegmay, aylanib kelmas davo,
Bas, bu ma’nodin hakimlar ko’p so’rar bemorni.

Garchi osiyman, aning dargohidin navmid emam,
Bir gul uchun suv berurlar sad hazoron xorni.

Oxiri manzilga yetmasdur kuduratlik ko’ngul,
Dilga jo bermoq na hojat dushmani g’addorni.

To dilingga ma’rifatdin nuri imon bo’lmasa,
So’filar, bir hug’a almashlang ani — dastorni.

Xotiri pokingni mashg’ul qilma hargiz dunyog’a,
Dil g’uboroluda bo’ldi, ul ko’rolmas yorni.

Avliyolardek muazzam bo’layin desang, vale
Mashrabo, hech kanda qilma dildin istig’forni.


Qayd etilgan


AbdurRohman  06 Sentyabr 2007, 18:46:25

Bu tani xokiniyu ruhi ravonni na qilay?!
Bo’lmasa qoshimda jonona, bu jonni na qilay?!

Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq ne kerak?
Ibrohimdin qolg’an ul eski do’konni na qilay?!

Urayinmu boshima sakkiz bihishti do’zaxin,
Bo’lmasa vasli menga, ikki jahonni na qilay?!

Arshning kungurasin ustiga qo’ydum oyog’im,
Lomakondin joy olibman, bu makonni na qilay?!

Zarraye nuri quyoshdek bu jahon ichra tamom
Oshkoro bo’lmasa, sirri nihonni na qilay?!

Bir xudodin o’zgasi barcha g’alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo’lsa qo’lumda, ul tikonni na qilay?!



Qayd etilgan