Abdurauf Fitrat. Muxtasar Islom tarixi  ( 77213 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:36:22

Payg‘ambar yoronlarining Habashga ketishlari

Ul hazrat Payg‘ambarligining beshinchi yilida musulmonlar soni 300 ga yetdi. Musulmonlarning soni orta borishi bilan kofirlarning ham zulmi kuchayib ketdi. Shuning uchun hazrat kimning xohishi bo‘lsa, Habashistonga borishlari mumkinligini aytdilar. Payg‘ambarning oliy himmatlari bilan bir necha ashoblari Habashiston yurtiga ketdilar va u yerning podshohidan muruvvat ko‘rdilar. Islom dini kuch olgunga qadar ashoblar o‘sha yerda istiqomat qildilar, so‘ngra Hazratning xizmatlariga qaytib keldilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:37:08

Xadicha va Abu Tolibning vafotlari hamda munosabatlarning uzilishi

Kofirlarning izza va haqoratlari ko‘paygan sari musulmon diniga rag‘bat bildiruvchilarning soni ham kundan kunga ko‘paya bordi. Makka ulug‘laridan bo‘lgan kofirlar majlis o‘tkazib, Payg‘ambar va u kishining yoronlari bilan har qanday munosabatni uzishga qaror qildilar. Qaror natijasi o‘laroq ahdnoma yozdilar: bundan keyin hech kim musulmonlarga xotinlikka qiz bermaydi va ulardan xotin olmaydi, ular bilan salomlashmaydi, savdo-sotiq aloqalarini qilmaydi. Bu ahdnomaga imzo chekib, Ka’ba darvozasiga osib qo‘ydilar. Bu ahdnoma uch yil o‘z kuchida turdi. Ko‘pgina musulmonlar bu ahdnoma natijasidan ko‘p qiyinchilik ko‘rdilar, ammo musulmonchilikni qabul qiluvchi olamlar safi to‘xtamadi. Oqibatda ahdnomadan hech qanday naf bo‘lmay, kofirlarning o‘zlari bu ahdnomani yirtib tashladilar, ahli Islom undan xalos bo‘ldi.
Hazrat Payg‘ambarimizning vahiy ola boshlaganlarining o‘ninchi yilida hazrati Xadicha va amakilari Abu Tolib dunyodan o‘tdilar. Abu Tolibning o‘limidan keyin Makka kofirlari Payg‘ambarimiz va musulmonlarga zulmlarini haddan oshirib yubordilar. Ayni iaytda Rasuli akramning me’rojlari voqe’ bo‘lib, hazrat moddiy olamdan ma’naviy olamga safar qilib qaytdilar. Me’roj tunidan boshlab besh vaqt namoz farz bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:38:23

Makkadan Madinaga hijrat

Kofirlarning zulmi va zo‘ravonligi haddan oshib ketganligi sababli Rasuli akram ba’zan atrofdan kelgan musofirlarni Islom diniga da’vat qilish va o‘z tarafdorlarini yanada ko‘paytirish uchun shahar tashqarisiga chiqar edilar. Payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yili bir kuni Madinadan kelgan bir necha odamni musulmonlikka da’vat qilmoq uchun shahar tashqarisiga chiqdilar. Madinaliklar Payg‘ambarimizga agar siz Madinaga kelsangiz biz o‘z mol va jonimizni siz uchun ko‘mak yo‘lida fido qilar edik, dedilar. Payg‘ambarimiz ularning bu qasamlariga ishonib, taklifni qabul qildilar. Bu uchrashuv Aqoba mavzeida sodir bo‘lgani uchun uni tarixchilar " Aqoba ittifoqi", deb ataganlar. Keyingi yilda Madinadan yana bir necha ulug‘lar kelib "Aqoba ittifoqi"ni yangilab ketdilar. Kofirlarning qulog‘iga bu itgifoq yetib borgach, musulmonlarga nisbatan o‘z zulmlarini yanada kuchaytirib yubordilar. Hazrat o‘z ashoblariga Madinaga hijrat qilishni buyurdilar va musulmonlar yakka-yakka va juft-juft bo‘lishib Makkadan hech kimga sezdirmay chiqib keta boshladilar. Kunlar o‘tgan sayin Makkada Hazratning o‘zlari Abu Bakr va Ali bilangina qoldilar. Kofirlar Payg‘ambarimizning yolg‘iz qolganliklarini bilgach, ul zotni tunda qatl qilmoqqa maslahat kildilar, ul Hazratga Alloh bu maslahatdan ogoh etdi va o‘rinlariga Alini yotqizib, Abu Bakr bilan birga o‘sha kuni Makkadan chiqib ketdilar. Kofirlar Payg‘ambarimizning ketib qolganliklarini bilib, izlashga tushdilar, ayniqsa, As-Saboh degan kofir ko‘p qidirdi, ammo izlarini ham topa olmadi. Ul Hazrat Abu Bakr bilan birga salomat holda Madinaga borib yetdilar. Ular kelgan kunni Madina ahli katta bayram qildi. Hazrat Ali ham oradan uch qun fursat o‘tgach, Madinaga kirib keldilar. Hijrati Payg‘ambarning o‘n to‘rtinchi yilida, isoviy 622-sanani musulmonlar o‘z tarix hisobining ibtidosi, deb bilurlar, ya’ni hijriy yil shu yildan boshlangan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:38:58

Masjid qurilishi va qiblaning tayin bo‘lishi

Hazrat Madinaga kelganlaridan so‘ng, Madinaning tashqarisidagi Qubo dahasida bir masjid qurdilar va keyinchalik ham Madinaning o‘zida yana bir masjid bino qildilar. Alloh taolo hanuz musulmonlarning qiblasini tayin qilmagan edi. Musulmonlar namoz o‘qiganlarida yahudiylar qiblasi bo‘lmish Baytul-Maqdisga qarar edilar, binobarin, Madinadagi ikki masjidning ham qiblasi o‘sha tomonga qaragan edi. Musulmonlar bir qancha vaqt Baytul-Maqdisga qarab namoz o‘qiganlaridan keyin, qibla Ka’baga qarashi kerakligi haqidagi oyat nozil bo‘ldi. O’sha vaqtdan buyon musulmonlarning qiblasi Ka’ba uyi tarafidadir. Bu voqea Islom tarixida qiblaning tayin bo‘lishi, ya’ni "Tahvili qibla", deb ataladi. Alloh taoloning har bir amri bir necha foyda va hikmatga egadir. Zero, bu amrning hikmati shundan iboratki, musulmonlar har namozda Ka’baga qarab namoz o‘qir ekanlar, asl vatanlari bo‘lmish Makkani yod etadilar va tezroq quvvatlanib, Makkani kofirlar qo‘lidan xalos etmoqqa sa’y-harakat qiladilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:39:39

Jihodga buyurish

Qibla tayin bo‘lgach, musulmonlar o‘z vatanlarini kofirlar qo‘lidan xalos qilish orzusida bo‘lib, jihodni istar edilar. Hijratning ikkinchi yilida Alloh tomonidan jihod farz qilindi. Shundan so‘ng musulmonlar kofirlarga qarshi ko‘pgina jang qildilar. Payg‘ambarimiz ishtirok etgan har bir jangni g‘azot, deb ataganlar va o‘zlari ishtirok etmay, lashkar yuborgan janglarni sariyya deganlar. Musulmonlar qariyb yigirmata g‘azot va sariyya uyushtirganlar. Ulardan mashhurlari: Badr, Uhud, Xandaq, Haybar, Makkaning fath etilishi. Boshqalari haqida ozrak yozamiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:40:32

Badr g‘azoti

Dastlabki g‘azot Badr yurishidir. Hazrati Payg‘ambar bu jangga 313 nafar jangchi bilan kelgan edilar. Makka kofirlari esa, qariyb ming kishi bo‘lib jangga kirdilar. Ikki muxolif lashkar Badr deb atalgan mavzeda to‘qnashdilar. Musulmonlar haq yo‘lida yaqdil bo‘lib jang qilganliklari uchun ham o‘zlaridan uch barobar ko‘p bo‘lgan dushman lashkarini yengdilar. Bu g‘azotda musulmonlardan 14 kishi, kofirlardan 70 kishi halok bo‘ldi. Bu jangda Islomning ashaddiy dushmani Abu Jahl ham halok bo‘lganlar orasida edi. Kofirlardan yetmish nafari musulmonlarga asir tushdi. Hazrat Madinaga qaytgach, ba’zi asirlarni tovon hisobiga ozod qildilar. Tovon to‘lashga qurbi yetmaganlarni esa, musulmon bolalarning xat-savodini chiqarishga majbur qilindi, bu ishni bajargandan keyingina ozod kilinishi shart qilib qo‘yildi. Bu g‘azot hijratning ikkinchi yili sodir bo‘lgan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:40:59

Uhud g‘azoti

Kofirlar Badr jangida mag‘lub bo‘lib, Makkaga qaytdilar. Bir oy azadorlik qilib, keyin qasos olish niyatida jangga tayyorgarlik ko‘ra boshladilar. Keyingi yilda uch ming lashkar bilan Madinaga qarab yul oldilar. Hazrati Payg‘ambar kofirlarning lashkarlari kelganini eshitib, ashoblarining mo‘‘tabarlarini yig‘ib mashvarat o‘tkazdilar va dushmanlarning lashkari ko‘p ekan, agar biz shahar darvozalarini berkitib, ichkaridan jang qilsak yaxshi bo‘lar, dedilar. Ashoblarining g‘ayratli yoshlari bu maslahatga quloq osmay, shahardan tashqariga chiqib dushman bilan yuzma-yuz jang kilamiz, dedilar. Hazrat ularning tashqariga chiqib jang qilish tarafdorlari ekanliklarini ko‘rdilar va hech narsa demay yetti yuz nafar musulmonlar bilan shahar tashqarisiga chiqdilar. Madina shahri tashqarisidagi Uhud tog‘ining tagida dushman bilan yuzma-yuz keldilar. Islom lashkarining chap tomonida bir dara bo‘lib, Hazrat ellik nafar o‘qchilarni ajratib, sizlar shu joyda turinglar, aslo boshqa joyga ko‘chmanglar, agar dushman bu yerga kelib hujum qilsa, ishimiz mushkullashadi, dedilar. Jang boshlandi, musulmonlar hujum qildilar, kofirlar chekina bordilar, lekin boyagi ellik nafar o‘qchi Hazratning farmonini yoddan chiqarib, kofirlarning har yerda qolgan molini o‘lja olish uchun daradan keldi. Bir qancha dushman askarlari bu fursatni g‘animat bilib, ana shu darani egallab oldilar va shu yerdan Islom lashkariga hujum qildilar. Musulmonlar mag‘lub bo‘ldilar, yetmish nafar musulmon shahid bo‘lib, Payg‘ambarimizning amakilari hazrati Hamza ham shu qatorda edilar. Hazratning ham bu jangda tishlari sinib, aziyat cheqdilar. Garchi kofirlarning qo‘llari bu jangda baland kelgan esa-da, musulmonlarning yana kuch to‘plab hujum qilib qolishlaridan qo‘rqib chekindilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:42:41

Handaq g‘azoti

Hijratning beshinchi yili Makka kofirlari yahudiylar bilan ittifoq tuzib, o‘n ming kishini go‘plab, Madina tarafga yo‘l oldilar. Hazrat bu xabarni eshitgach, ashoblari bilan mashvarat qildilar. Maslahatga binoan Solmon Forsiy uch ming kishi bilan shahar tashqarisiga chiqib, shahar ostonasida Islom lashkarining atrofida chuqur qazidilar. Kofirlar Islom lashkarining ro‘baro‘siga kelib saf tortdilar, ammo xandaqdan o‘tolmadilar, nochor qolib, xandaqning narigi tomonida turib o‘q otdilar. Musulmonlar ham bu tarafda turib dushman o‘qiga javob berib turdilar. Oqibatda dushman hech qanday natijasiz qaytib ketishga majbur bo‘ldi. Musulmonlar muzaffar va mansur bo‘lib Madinaga qaytdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:43:22

Hudaybiyah sulhi

Hijratning oltinchi yili Hazrat besh yuz nafar sahobiylari bilan Ka’bani ziyorat qilish niyatida yo‘lga tushdilar. Jang qilish niyati bo‘lmaganligi sababli qilichdan boshqa jang qurollarini olmaslikni buyurdilar. Makka yaqinidagi Hudaybiyah mavze’iga joylashib, Makka ahliga elchi yuborib, o‘z niyatlarini ma’lum qildilar. Lekin Makka kofirlarinigi sardorlari musulmonlarga bo‘lgan eski adovatlari hamda gina-kuduratlari bilan Hazrat Rasuli akram ‘alayhissalomga Ka’ba ziyorati uchun ruxsat bermadilar.
Shuncha miqdor musulmonni ko‘rib, ularning niyatlaridan bexabar yoki xabardor bo‘lsalar ham ataylab, darhol lashkar to‘plab, jangga hozirlik ko‘ra boshladilar.
Jang chiqishiga sal qoldi, lekin ba’zi kishilar g‘ayrat qilib, ular o‘rtasida sulh va ahdnoma tuzdilar. Bu sulhga ko‘ra, Hazrat bu yil Ka’bani ziyorat qilmay qaytadigan va keyingi yilda ziyoratga kelaligan bo‘ldilar; musulmonlar o‘n yil mobaynida Makka ahli bilan jang qilmaydilar. Makkadan Madinaga qochgan har bir kimsani esa, qaytarib Makkaga yuboradilar va Madinadan Makkaga qochgan xar bir kimsani Makka ahli Madinaga jo‘natmaydilar. Har ikki tomon ushbu ahdnomaga imzo chekdilar, Hazrat Madinaga qaytib ketdilar, keyingi yili esa Ka’ba ziyoratiga bordilar. Bu voqeani Hudaybiyah sulhi, deb ataganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:47:37

Haybar g‘azoti

Shom va Madina orasida Haybar otlig‘ qal’a bor edi. Bu joyda yahudiylar yashardilar. Hazrat hijratning yettinchi yilida shu qal’ani olmoq uchun ming nafar Islom ahli bilan keldilar. Yahudiylar shahar darvozasini berkitib, ichkaridan turib jang qildilar. Islom lashkari o‘n kun mobaynida qal’ani qat’iy qamal qildi, natijada uni egalladi. Bu shahardan Islom lashkari qo‘liga beadad o‘lja tushdi.

Qayd etilgan