Abdurauf Fitrat. Muxtasar Islom tarixi  ( 77236 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:54:56

Iroq va Suriyaning fath etilishi

O’sha zamonlarda dunyoda ikki ulug‘ davlat — biri Eron va ikkinchisi Rum ekanligini yuqorida aytib o‘tgan edik. Arab yarim orolidagi barcha odamlar musulmon bo‘lganlaridan so‘ng Islom ahli endi bu ikki buyuk mamlakat sari borib, u yerdagi odamlarni ham musulmon qilishni lozim topdi. Shunday qilib, Abu Bakr Siddiq ushbu fikrga kelganlaridan so‘ng, Xolid binni Validni 18 ming nafar jangchiga bosh qilib Eron tarafiga va Obid binni al-Jarrohni bisyor lashkar bilan Rum mamlakati chegarasiga yubordilar. Xolid binni Valid Eron lashkari bilan qattiq janglar qilib, arab Iroqi nomli keng bir viloyatni qo‘lga kiritdi, so‘ng Obid binni al-Jarrohga yordamga yetib keldi. Bu ikki yirik sarkarda hamkorlikda Rumning ko‘p lashkari bilan janglar olib borib, Rumning ko‘p shaharlarini egalladilar. Shu vaqtlar mobaynida hazrati Abu Bakr betoblanib, o‘z o‘rinlariga hazrati Umarni xalifa qilib, dunyodan o‘tdilar. Hazrati Abu Bakrning yoshlari 63 da edi va ul kishining xalifalik davri ikki yilu uch oy va yana 10 kun bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:55:20

Hazrati Abu Bakrning fazilatlari

Hazrati Abu Bakr Payg‘ambarimizning eng birinchi yoronlaridan va maslahatdoshlaridan edilar. Hijratga ham birga ketgan edilar. Erkaklardan birinchi bo‘lib musulmonlikni qabul qilgan ham shul janobdirlar. Ham tovozeli, ham shijoatli zot edilar. Ul hazratning xalifalik zamonlarida Islom dinining kuchga kirishi uchun ko‘p ishlar qilindi va ul hazrat bor mol-dunyolarini shu yo‘lda sarf qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:55:50

Hazrat Umar xalifaligi va Eron janglari

Hijratning o‘n uchinchi yilida hazrati Umar xalifalikka o‘tdilar. Musulmonlar bul janobga "Amir-al-mo‘minin", deb taxallus qo‘ydilar. Amir-al-mo‘minin eng avvalo hazrati Abu Bakr vasiyatlariga asosan katta qo‘shin to‘plab, Sayyid binni Vaqqos boshchiligida Eronga jo‘natdilar. Bu lashkar eronliklar bilan ko‘pgina janglar qilib, bir qancha shaharlarni qo‘lga kiritdi. Bu janglardan eng qattig‘i va mashhuri Quddus uchun olib borilgan muhoraba bo‘ldi. Mazkur muhorabada Islom lashkaridan qirq ming kishi va Eron tarafdan bir yuz yigirma ming kishi hozir bo‘ldi. To‘rt kun jang bo‘lib, musulmonlarning beshdan biri shahid bo‘ldi, Eron lashkari ham ko‘p talofot ko‘rdi. Natijada Eronning poytaxti bo‘lgan Madoyin shahri egallandi. Musulmonlar qo‘liga juda ko‘p o‘ljalar tushdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:56:52

Shom va Quddusning fath etilishi

Islom lashkari Eron bilan jang qilayotgan paytda hazrati Umar Rum chegaralarida jang qilayotgan lashkarga madad yuborib, Abu Ubayd binni Jarrohni barcha lashkarlarga amir qilib tayin etdilar. Islom lashkari Shom va Xalabni Rum davlati qo‘lidan tortib oldi va lashkarning bir qismi borib Baytul-Maqdisni qamal qildi. Hazrati Umarning o‘zlari qamalga kelib, Baytul-Maqdisni sulh yo‘li bilan oldilar va bu joydagi nasroniylar haqiga ko‘p adolat va muruvvat ko‘rsatdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:57:07

Misr fathi

Shundan so‘ng Amir-al-mo‘minin Umar binni al-Os ismli sardor boshchiligidagi to‘rt ming kishini Misrga yubordilar. Lashkar jang bilan Misrni qo‘lga kiritib, Iskandariyaga keldi. Uch oylik qamaldan keyin Iskandariyani ham oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:57:30

Tarixni belgilash

Hazrati Umar zamonlarida musulmonlarning shuhrati yoyildi va Islom mamlakati g‘oyat kengaydi. Xalifalik markazidan har tarafga xatlar va buyruqlar yuborilardi. Bu xatlar va buyruqlarda bir muayyan tarix yozish darkor bo‘lib, musulmonlar tarixini qachondan boshlash kerak, degan masala o‘rtaga tushdi. Hazrati Umar bu masala bo‘yicha mashvarat to‘pladilar va maslahat davomida hazrati Ali tarixning boshlanishini Payg‘ambarimizning hijrat qilganlari davridan, ya’ni Muharram oyidan boshlashni taklif qildilar. Bu voqea hijratning o‘n yettinchi yili ro‘y berdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:57:41

Hazrati Umarning shahid bo‘lishlari

Hazrat Umar Islom dinining avj olishiga va musulmonlar shavkatini ko‘tarishga g‘ayrat qildilar. Lekin hijratning yigirma uchinchi yilida bir kun nasroniy qul nogahon ul janobga pichoq urib shahid qildi. Amir-al-mo‘mininning yoshlari oltmish uchda va xalifalik davrlari o‘n yilu olti oy bo‘lgan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:57:59

Hazrati Umarning fazilatlari

Hazrati Umar juda qanoatli, odil, nizomparvar va g‘ayratli edilar. O’zlariga yuklatilgan vazifalardan boshqa ishlar bilan shug‘ullanmasdilar. U kishi mashhurligi, Eron va Rumni larzaga solgan sarkarda bo‘lishiga qaramasdan hamisha yamoq kiyim kiyganlar. Baytul-Maqdisga safar qilgan paytlarida bir qul bilan tuyani navbatma-navbat minib borganlar. Hatto Baytul-Maqdis darvozasiga yetib kelganlarida ham azbaroyi g‘ulomning navbati kelgani sababli uni tuyaga mindirib, o‘zlari piyoda kirib borgan ekanlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:58:21

Hazrati Usmonning xalifaligi

Hazrati Umar xastalik davrlarida hech kimni xalifa qilmadilar, balki ashoblarning ulug‘laridan olti kishini to‘plab, o‘zlaringiz o‘z ichlaringizdan kimni loyiq bilsangizlar, o‘shani xalifa qilingizlar, dedilar. Hazrati Ali, hazrati Usmon va Abdur-Rahmon binni Avf shu olti nafar qatorida edilar. Bular hazrati Umarning dafnlaridan keyin bir uyga yig‘ilib mashvarat qildilar. Abdur-Rahmon binni Avfdan tashqari hammalari Usmonni xalifalikka loyiq topdilar. Abdur-Rahmon ko‘rdiki, vaziyat bo‘lakcha, hammadan farqlanib, xalifa bo‘lishdan cho‘chidi. Binobarin, ertangi kun odamlar masjidga to‘planganlarida janob Abdur-Rahmon minbarga chiqdi, avvalan hazrati Alini oldilariga chaqirib, baland ovozda so‘radilar: "Yo Ali, men seni xalifalikka loyiq bilurman, shu shart bilanki, Payg‘ambarimiz hazratlari va avvalgi ikki xalifa tutgan yo‘ldan chiqmaysan". Bu mushkul shart edi. Hazrati Ali javob berdilarki, men buning uddasidan chiqolmayman. Janob Abdur-Rahmon bu daf’a hazrati Usmonni chaqirdilar va yana ushbu shart bilan xalifalikni taklif qildilar. Hazrati Usmon qabul qilgach, odamlar hazrati Usmonni tan oldilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 00:58:44

Fathlar

Hazrati Usmon zamonlarida ham Islom lashkari har tarafga muzaffarona yurish qildilar. Eron yerida bo‘lgan lashkar Eron mamlakatining barcha jabhalarini egalladi va endi Turkistonga yurish qildi. Rum davlati bilan jang qilayotgan lashkar Suriyani egalladi. Janubda Afrika ham shu tariqa zafarli va g‘olibona yurishlar natijasida musulmonlikka o‘tdi. Hazrati Usmon zamonlarida Islom mamlakatlari juda kengaydi.

Qayd etilgan