Abdurauf Fitrat. Muxtasar Islom tarixi  ( 77204 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:09:29

Valid binni Abdul-malik

Valid otasi o‘lgandan keyin, sakson oltinchi yili xalifalik taxtiga o‘ltirdi. Bu xalifa zamonida musulmonlar ko‘pgina mamlakatlarni qo‘lga kiritganlar. Uning Muhammad binni Qosim ismli sardori Hindistonning ba’zi shaharlarini, Qutayba binni Muslim ismli boshqa bir sardori Turkiston va Qoshg‘arni zabt qildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:10:27

Andalus fathi

Andalus Ovruponing g‘arbiy-janubiy chekkasida joylashgan. Xaritiga qarasangiz ko‘rasizki, bu mamlakat juda kengdir. Bizning zamonamizda Isponiyo va Partug‘az nomli ikki davlat bu yerlarda hukmronlik qiladi. Andalus mamlakati shimol tarafdan Fransiyo, janub tarafdan Fors mamlakatiga hamsoyadir. Fors va Andalusning oralarida bir bo‘g‘oz bo‘lib, uni Sabata bo‘g‘ozi, deb ataganlar. Shunday qilib, ushbu mamlakat ham Valid binni Abdul-malik zamonida musulmonlar ko‘liga o‘tdi. Shu tariqa Misrdan Forsga qadar bo‘lgan hamma mamlakat Islom ahli qo‘lida bo‘ldi. Bu joylarning Muso binni Nasir ismli voliysi Validga maktub yozdiki, agar xalifa ijozat qilsalar, men Andalusni fath qilurman. Valid ijozat qildi. Muso binni Nasir o‘z g‘ulomi Toriq binni Ziyodni ozgina lashkar hamrohligida Andalus ahvolidan xabar olmoqqa yubordi. Toriq bu ozgina lashkar bilan Sabata bo‘g‘ozidan o‘tib, Andalus xokiga keldi. Bo‘g‘oz etagidagi tog‘ etagida to‘xtab, avvalan kemalarga o‘t qo‘yib yoqib yubordi va hamrohlariga aytdiki, endi bizga qaytmoqqa yo‘l qolmadi, g‘ayrat qilingizlar, oldingga yururmiz va ul obod mamlakatni qo‘lga olurmiz. So‘ngra tog‘ etagidagi yo‘ldan yurdilar. Andalus hukmdorlari bilan jang qilib, ularning shaharlarini oldilar. Ushbu tog‘ni hozirga qadar "Jabal-Toriq", ya’ni Toriq tog‘i, deb ataganlar va Sabata bo‘g‘ozini ham "Bo‘g‘ozi Jabal-Toriq", ya’ni Toriq tog‘ining bo‘g‘ozi, deyilgan. Muso binni Nasir bu xabarni eshitib, o‘z lashkari bilan Andalusga keldi. Ikkala sardor qo‘shildilar, birgalikda Andalus ahliga qarshi jang qilib, ul mamlakatni-da oldilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:11:09

Marvon binni Muhammad va ummaviylar davlatining zavoli

Valid binni Abdul-malik vafotidan so‘ng, aksar xalifa bo‘lgan kishilar zolim, xunrez va fosiq edilar. Arab bo‘lmagan musulmonlarga jabr-zulm qildilar. Zotan, musulmonlar hodisasidan boshlab ulardan bezordirlar, nafrat qilardilar. Lekin u paytlar ummaviylar davlati zo‘r bo‘lgan. Odamlar o‘z nafratlarini ochiq bayon qilishdan qo‘rqqanlar. Hijratning 127 yilida ummaviylarning so‘nggi podshohi bo‘lgan Marvon binni Muhammad xalifalik taxtiga o‘ltirdi. Bu odam ko‘p g‘ayratli va ilmli bo‘lgan. Lekin ne foydaki, ummaviylar davlatining asosi avvalg‘i hukmdorlarning baxtsizliklari, zulm va fisq bilan qoplangan edi. Uni o‘nglab qolish mumkin bo‘lmadi. Xalq har tarafdan isyon qilib, Marvonni Abu Muslim Xurosoniy zohir bo‘lgunga qadar sargardon qildilar. Abu Muslim eronlik millatparvarlardan biri edi. U o‘z millatini ummaviy xalifalar zulmidan xalos qilmoq istadi. O’z atrofiga odamlarni to‘plab, ummaviylar tarafdorlari bilan qattiq janglar qildi. Abu Muslim aytar ekanlarki, binni ummaviylar xalifalikni egallab olganlar, ulardan xalifalikni olib, asl sohiblariga topshirurmiz. Abu Muslimning bu so‘zlari musulmonlarga ma’qul bo‘lgan. Uning atrofiga jam’ bo‘lishib, kundan kun quvvat topdilar va hijratning 132 yili Marvon lashkarini tamoman mahv etdilar. Marvon qochdi. Abu Muslim hazrati Abbos avlodlaridan bo‘lgan Abu Abbos ismli kishini xalifa qildi. Shunday qilib, xalifalik binni ummaviylar xonadonidan binni Abbos xonadoniga o‘tdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:11:30

Abbosiylar xalifaligi

Hazrati Abbos hazrati Payg‘ambarning amakilari edilar. Abbosiylar hazrati Abbosning avlodlaridirlar. Abu Muslim Xurosoniyning sa’y-g‘ayrati bilan xalifalik ummaviylardan ularga o‘tdi. Ularning avvalgi bir-ikki xalifalari ummaviylardan qasos olmoq niyatida ko‘p xunrezliklar va noinsofliklar kildilar. Bu ikki-uch xalifadan so‘ng boshqa xalifalar musulmonlarni ilm va san’atli bo‘lishga, Islom mamlakatlarini obod qilishga ko‘p harakat va xizmat qildilar. Qolganlari zavq va safo bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ularning zamonida Islom olami parcha-parcha bo‘ldi. Har tarafdan podshohlar va amirlar paydo bo‘ldilar. Abbosiylar jamoasidan o‘ttiz yetti nafari xalifalik qildi. Xalifalik muddati 524 yil davom etdi. Abbosiy xalifalarning poytaxti Bag‘dod edi. Ularning mashhurlari: Xorun ar-Rashid, Ma’mun, oxirgisi Musta’sim Billo.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:11:42

Xorun ar-Rashid

Xorun ar-Rashid hijriy 173 yili taxtga o‘tirdi. Abbosiylarning beshinchi xalifasi edi. Xorun ar-Rashid Islomning buyuk podshohlaridan biridir. Uning zamonida ko‘pgina madrasalar, kitobxonalar va shifoxonalar qurilgan. Bu xalifa haqiqatdo‘st, maorifparvar, azamat va shavkatli bo‘lgan. Ko‘pgina ilm-fan kitoblarini Erondan, Rumdan va Hindistondan keltirib, arab tiliga tarjima kildirgan, san’atni ham rivoj topdirgan. Uning zamonida musulmonlar zangdor soatni ixtiro qilganlar. Xorun o‘sha soatlardan birini Farangiston podshohlaridan biriga yuborgan. U yerning odamlari bungacha zangdor soatni ko‘rmagan edilar. Binobarin, mazkur soatni sehrli va joduli deb qo‘rqqanlar. Xorun ar-Rashid Rum imperatori bilan janglar qilib, uni o‘ziga boj to‘laydirgan qildi. Uning vaziri Yahyo binni Xolid Barmakiy bo‘lgan. Yahyodan so‘ng o‘g‘illari Fazl binni Yahyo va Ja’far binni Yahyo ham Xorunga vazirlik qildilar. Bu uchala vazir ham jahonda odilliklari, insofliklari, xayru ehsonparvarligi bilan mashhurdirlar. Tarixda ularni al-Barmakiy, ya’ni barmakiylar sulolasi, deb ataganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:11:52

Ma’mun

Ma’mun Xorun ar-Rashidning o‘g‘li va abbosiylarning yettinchi xalifasi bo‘lgan. Ilm va ma’rifatning taraqqiysi xususida otasidan ham ko‘proq harakat qilgan. Qaerda biror olim yoki dononi eshitsa, ularni mamlakatga keltirib asrar va qaerda hikmatli kitoblar xabarini eshitsa, keltirib arab tiliga tarjima qildirgan. Barcha ilm olimlari din va mazhabidan qat’i nazar uning atrofida jam’ bo‘lganlar. Bog‘dodda ko‘p bilimli tabiblarni to‘plagan va oliy darajadagi shifoxonalar barpo qilgan. Musulmonlarning san’ati, tijorati va ziroati Ma’mun davrida boshqa hamma ajnabiy mamlakatlardan ko‘proq taraqqiy qilgan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:12:11

Al-Musta’sim Billo va abbosiylar davlatining zavoli

Ma’mundan so‘ng abbosiylar jamoasidan yigirma nafar kishi xalifalik qildi. Lekin ularning aksariyati beobro‘, susttab’ va ba’zilari badaxloq edilar. Binobarin, abbosiylar davlati kundan kun tanazzul topdi. Bora-bora Islom mamlakatlarining har tarafidan bir podshoh, ketidan ikkinchisi paydo bo‘la boshladilar. Abbosiy xalifalar esa, Bog‘dodda o‘girib, bu podshohlar farmonlarining tobeiga aylanib qoldilarki, 640 (hijriy) yilda al-Musta’asim Billo xalifa bo‘ldi. Al-Musta’asim abbosiy xalifalarning oxirgisi bo‘lib, susttab’ odam bo‘lgan. O’n besh yil xalifalik qilib, 656 (hijriy) yili Xalokuxon kelib Bog‘dodni olgach, xalifani o‘g‘li bilan o‘ldirdi va kitobxonalarni yondirdi. Jannatobod Bag‘dod qon va otash ichida qoldi. Abbosiylar davlati barham yedi. Al-Musta’simning amakisi Xalokuxonning qo‘lidan qochib, Misrga bordi. U yerning amiriga o‘zini tanitdi. So‘ngra Misrda o‘n to‘rt abbosiy xalifalik qilgan. Lekin ularning xalifaligi podshohlik qilish bo‘lmay, balki shayxlik edi. Usmoniya davlati xalifalikni shulardan olgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:12:25

Andalusdagi ummaviylar davlati

Yuqorida 132 (hijriy) yili Abu Muslim Xurosoniyning sa’y-harakati bilan xalifalik ummaviylar xonadonidan olib, abbosiylar xonadoniga berilgani va abbosiylarning birinchi va ikkinchi badniyat xalifalari o‘ch olish maqsadida ko‘pgina ummaviylarni o‘ldirganliklarini aytgan edik. Shu zamonda Abdur-Rahmon binni Muoviya binni Hishom ismli kishi Andalusga qochib ketgan edi. Andaluslik musulmonlar uni o‘zlarining podshohi qildilar. Abdur-Rahmon 135 (hijriy) yilda Andalus taxti saltanatiga o‘ltirib, u mamlakat obodligi yo‘lida ko‘p xizmat qildi, masjidlar va madrasalar qurdirdi, kanallar va yo‘llar ochdirdi. Mamlakat tijorati va ziroatini tarakqiy qildirdi. Shunday qilib, Andalus mamlakatida ham bir Islom saltanati ta’sis qilindi. Andalus podshohligining eng kattalari Malik Abdur-Rahmon Solisdirki, 291 (hijriy) yili podshoh bo‘lib, Andalus qit’asini ilm va madaniyat sohasida dunyodagi eng oliy mamlakatlar qatoriga qo‘shdi. U zamonlarda Farangiston odamlari Andalusga kelib, musulmon madrasalarida ilm va fan o‘rganib, qaytib ketar edilar. Shu sababli olam tarixining biluvchilari Andalus musulmonlarini Farangiston ustozlari, deb ataganlar. Andalus davlati 422 (hijriy) yilga qadar shu tariqa shavkatli va qudratli bo‘lib turgan. So‘ngra, qo‘zg‘olonlar, mardum nifoqi, podshohlar andishasizliklari natijasida mamlakat parcha-parcha bo‘ldi va har parchasi bir amirning qo‘liga o‘tdi. Bu amirlar musulmon ekanliklariga qaramay bir-birlari bilan doimo jang qilganlar. Va nasroniylar ularning o‘zaro ixtiloflaridan foydalanib, ba’zi viloyatlarni egalladilar. Ish shu joyga yetdiki, Andalusning oxirgi podshohi bo‘lgan Abu Abdulloh as-Sag‘ir zamonida Andalus olti qismga bo‘linib, bir qismigina uning qo‘lida qolgan, boshqalari esa, nasroniylar qo‘liga o‘tgan. Andalus nasroniylarining Ferdinand ismli podshohi Abu Abdulloh as-Sag‘ir shaharlarini ham asta-sekin egallab, poytaxti Granadani musoxara qildi. Abu Abdulloh chora topmay, toju taxtini Ferdinandga topshirib, ba’zi narsalarini, qarindoshlari va ayollarini olib ko‘chib ketgan. Ushbu tariqa Andalus hukumati 870 (hijriy) yili o‘sha yerning nasroniylari qo‘liga o‘tgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:12:47

Andalus musulmonlarining oqibat ahvoli

Musulmonlar Andalusda hukmron bo‘lgan zamonlarda ul yerning nasroniylari ko‘p osuda va rohatda bo‘lganlar. Ularga hech vajdan zulm va jabr qilmaganlar. Lekin Islom hukumati u yerda tugatilgandan so‘ng va mamlakat Ferdinand qo‘liga o‘tgach, Islom ahli uchun zulm va muruvvatsizlik darvozalari keng ochildi. Ularni zo‘rlik va jabr bilan nasroniylikka o‘tkazdilar, ularning dodlarini so‘ramaganlar. Masjid va madrasalarni vayron qildilar. Musulmonlarning ba’zilarini o‘ldirdilar, ba’zilarini o‘tda yoqdilar, qolganlarini xiyla qilib, mamlakatdan chiqarib yubordilar. Shunday qilib, musulmonlar u yerda ko‘rgan zulmlarini hech qaysi g‘olibdan ko‘rmaganlar. Shu sabab bo‘lib Andalusda musulmonlar zo‘rlik bilan barham topdilar. Hozirgi kunda tamomi Andalusda (Isponiyo va Partug‘azda) bir musulmon ham qolmagan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Yanvar 2009, 01:13:32

Muharrir ilovasi

Abdurauf Fitrat risolasini Andalusdagi xalifalar tarixi bilan tugatadi. Tugatgan, degan gap agar rost bo‘lsa! Bizning nazarimizda ham risolaning davomi bordek. Ehtimolki, tala-to‘plarda, Fitratning boshiga balo-ofatlar yog‘ilganda asarning davomi yo‘qolgandir.
Tasavvur qilib ko‘raylik: agar asarning davomi bo‘lsa, Fitrat nimalarni, Islom tarixining qaysi jihatlarini yoritdi ekan?
Nazarimizda, albatta Afrika va Andalusdagi tarixiy hodisalarni o‘ziga xos lo‘nda uslubda bayon qilib, asosan Mo‘g‘ul istilosiga e’tibor bergan va bu istilo natijasida qanchadan qancha Islom obidalarining, kutubxonalarining, umuman madaniy va ilmiy jabhalarining yo‘qolib ketganligini yozar edi. Ayni paytda xalifalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning, bir dindagi, bir millatdagi odamlarning bir-birlarining qonlarini to‘kishi jamiyatni qay ahvolga solganligini ko‘z oldimizda gavdalantirgan bo‘lur edi.
Albatta, buyuk olim Islom dinining O’rta Osiyoga tarqalishi va undan avval O’rta Osiyoning tarixiy, ijtimoiy-siyosiy ahvolini bayon qilgan holda, bu yerga ham Haq dinning naqadar zarur ekanligini isbot qilardi. Fitrat yashagan siyosiy zo‘ravonlik va ma’naviy tushkunlik zamonida bunday isbot dadillik talab qiladi, biroq bunday dadillik Fitratga xos xususiyatdir.
Ummaviylar sulolasi zavol topib, abbosiylar sulolasi boshlangach, fan va madaniyat rivojiga xiyla e’tibor berilgani tarixiy dalil, albatta. Ammo abbosiylar sulolasi ham o‘z umrining oxirlariga borib, Fitrat aytgandek, xalifalik emas, shayxlik qila boshladi; binobarin, Bog‘dodda o‘tirgan xalifa podshohlardan keladigan sadaqalar bilangina kun o‘tkazadigan bo‘ldi. Ammo bu shayxlik ham mo‘g‘ul sarkardasi Xulakuxon kelishi bilan qumga singidi. Mo‘g‘ul xonlari ham asta-sekinlik bilan musulmon dinini qabul qilib, Islom sulolasining bir shaxobchasini egalladilar.
Amir Temur tarix maydoniga chiqqach, bu sulola ham Amir Temur eshigining gadosi bo‘lib qoldi. Islom bayrog‘ini endi Amir Temur baland ko‘tardi. Ammo bu buyuk saltanat ham zavol topdi, keyingi hodisalar esa bizga qonli urushlar, o‘zaro to‘qnashuvlar manzarasini chizib beradi va paydo bo‘lgan har bir sulolanish tanazzulini ko‘ramiz.
Ammo Islom hamisha barqaror bo‘ldi va o‘zining sobitligini yo‘qotmay, taraqqiy qildi.
Albatta, Fitrat bu hodisalarni qisqa tarzda yoritib, asosiy e’tiborini Islom olamida keng quloch otgan fan va madaniyatning taraqqiyotiga bag‘ishlagan bo‘lur edi.
Muhammad ‘alayhissalom vafotlaridan keyin dastlabki ilmiy ish Qur’oni karimni jamlash bo‘ldi va Payg‘ambarimizning amakivachchalari Abdulloh binni Abbos birinchi bo‘lib Qur’oni karim tafsiri ilmiga asos soldi. Va u kishining sa’y-harakati bilan hadislar ham to‘plana boshlandi. Payg‘ambarimizning keyingi avlodlari, xususan, Ja’fari Sodiq rahmatullohi ‘alayh ko‘plab hadislar to‘pladi.
Lekin hadislarni bir tizimga solish, ularni ilmiy jihatdan o‘rganish O’rta Osiyo olimlarining buyuk xizmatlaridir, hadis ilmining peshvosi bo‘lgan Imom Buxoriy va bu ilmning azamat namoyondalaridan biri Imom Termiziy shu ilm orqasida dunyoga tanildilar. Qur’oni karim tafsiri masalasida ham O’rta Osiyo olimlari peshqadamlikka erishib, Islom olamiga mashhur, dasturul-amal bo‘lgulik tafsir kitoblari yaratdilar.
O’rta Osiyoda o‘ziga xosgina emas, balki Islom olami tan olgan avliyolar sulolasi ham vujudga keldiki, bu avliyolarning jamiyat taraqqiyotida, davlatchilikning barqaror bo‘lishida ahamiyatlari buyuk bo‘ldi.
Fitrat risolani davom ettirganda, albatta, mana shu masalalarni olimona tafakkur bilan yoritgan bo‘lur edi.
Haqiqatda Islom tarixi buyuk bir ummon; uni daf’atan qamrab olish bir kitobning, bir muallifning yumushi emas. Ummaviylar va abbosiylar xalifaligining o‘zi bir necha asrlarni qamrab oladi va ularning o‘zaro kurashlari, boz ustiga abbosiy bilan abbosiyning bir-biriga qilich ko‘tarishi, ummaviy bilan ummaviyning yoqa bo‘g‘ishishlari, hatto ota-bolaning bir-biriga lashkar tortishi singari voqealarni bir zarb bilan yoritishning iloji yo‘q.
Afsuski, hali Islom tarixi bo‘yicha o‘zbek tilida salmoqli asarlar yaratilmagan, bu ish, albatta, kelajakdagi vazifalardandir.

Asror Samad

Qayd etilgan