Bularning hammasi, xuddi oyatda «tushirdik» deb xabar berilganidek, temirning Yerda paydo bo‘lmaganini, balki o‘ta yangi yulduzlardan tashib keltirilganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Qur’on nozil bo‘lgan VII asrda bu haqiqatni bilib olishning imkoni yo‘q edi. Shunga qaramay, bu haqiqat Qur’onda - hamma narsani O’zining cheksiz bilimida jamlagan Allohning kalomida o‘z aksini topgan.
Astronomiya fani, shuningdek, boshqa elementlarning ham Yerdan tashqarida paydo bo‘lganini kashf qildi. Oyatning «Yana, Biz temirni tushirdik» jumlasidagi «yana» so‘zi mana shu fikrni nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq bu oyatning aynan temirni eslatayotgani, XX asrning oxirida qilingan bu kashfiyotlarni hisobga olganda, juda hayratlanarlidir. Mashhur mikrobiolog Maykl Denton o‘zining Nature’s Destiny (Tabiatning taqdiri) kitobida temirning ahamiyatiga shunday urg‘u beradi:
Barcha metallar ichida temirdan o‘zga hayog uchun muhimroq bo‘lgan metall yo‘q. Yulduzning markazida jamlangan temir uning portlashi va shundan so‘ng hayot uchun zarur atomlarning kosmos bo‘ylab tarqalib ketishini yuzaga keltiradi. Tortishish kuchi temir atomlarini dastlabki Yer markaziga qarab tortgan va bu Yerning boshlang‘ich kimyoviy differentsiatsiyasiga, dastlabki atmosferaning gazlanishiga, pirovardida gidrosferaning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan issiqlikni keltirib chiqargan. Yerning markazidagi ulkan dinamo-mashinadek faoliyatda bo‘lgan erigan temir Yerning shunday magnit maydonini hosil qiladiki, u o‘z navbatida, Van Allen radiatsiya belbog‘larini yaratadi. Bu belbog‘lar Yerning yuzasini yuqori energiyali o‘tkir kosmik radiatsiyalardan himoya qiladi va ahamiyati katga bo‘lgan ozon qatlamini kosmik nurlarning vayrongarchiligidan asraydi ... Temir atomisiz kosmosda uglerodga asoslangan hayot bo‘lmas edi; na o‘ta yangi yulduzlar, na dastlabki yerning isishi, na atmosfera yoki gidrosfera bo‘lar edi. Va na himoyachi magnit maydoni, na Van Allen radiatsiya belbog‘lari, na ozon qatlami, na (inson qonida) gemoglobin hosil qiluvchi temir, na kislorodning reaktivligini ushlab turuvchi metall, na oksidlovchi metabolizm (moddalar almashinuvi) bo‘lar edi. Hayot va temir o‘rtasidagi, qonning qizil rangi va uzoq masofalardagi yulduzlarning tusi orasidagi qiziq hamda yaqin bog‘liqlik nafaqat metallarning biologiyaga, balki kosmosning biomarkazlashganligiga ham aloqadorligidan darak beradi ...42