Aziz Nesin. G'aroyib bolalar (roman)  ( 97246 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 21 B


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:07:29

Bir payt gardanim igna sanchilgandek qattiq achishib ketdi. Jonholatda yonimdagi bolaning qo'lidan rogatkasini tortib olib, tez-tez o'qladim. Rezinkani obdan cho'zib turib, bir otdim... Bilasanmi, Zaynab, o'q kimga tegdi? Shu payt zalga o'qituvchilar bilan direktor boshlashib kirib qolsa bo’ladimi! Moijallagan odamim bir chekkada qolib, o'qim to'g'ri direktorning gardaniga borib tegdi-ya! Ana rasvogarchilik!
Direktor janoblari gardanlarini ushlaganlaricha bizga darg'azab bo'lib o'qraydilar.
—   Kimning ishi bu? Kim otgan bo'lsa, bu yoqqa chiqsin! — deb o'shqirdi 5-«B» sinf o'qituvchisi.
Boshimni egib, endi turaman deganimda o'qituvchimiz:
—   Agar gunohkor o'rnidan turmasa, hammangiz uning kasriga qolasiz. Hech kimni bu yerdan chiqarmaymiz! — deb dag'dag'a qildi.
Konkurs musobaqasi bir yoqda qolib ketdi.
—   Men otgandim, — dedim o'rnimdan turib. Direktor yuzimga tikilib qaradi.
—   Yo'q, otgan sen emassan!
—   Men edim.
—   Men odamlarni bir qarashda bilib olaman. Sen gunohkorga o'xshamaysan. Ko'rib turibsanki, aybni hech kim bo'yniga olmayapti, o'rtoqlaringni og'ir jazodan qutqazish uchun endi sen o'zingni tutib beryapsan. Sen bu noma'qulchilikni qilmagansan. Holbuki bu gap mening xayolimda ham yo'q edi.
—   Ataylab qilganim yo'q, afandim... Tasodifan bo'ldi... Boshqa odamga otmoqchiydim. Qo'limdan chiqib ketdi...

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:07:43

Direktor sahnaga chiqib oldi.
—   Mana, bolalar, ko'rdingizmi, fidoyilikning asl namunasi bu. Garchi aybdor bo'lmasa ham o'rtog'ingiz sizlarni jazodan qutqarish uchun o'zini fido qilyapti. Undan o'rnak olsangiz bo'ladi. Shu olijanob himmati evaziga sizlarga endi jazo bermayman. Gunohingizni kechirdim. Yozgan inshosi unchalik yaxshi bo'lmasa ham mana shu ibratli ishi uchun uni bugungi konkursning g'olibi deb e'lon qilaman.
Nima ahvolda qolganimni tushunyapsanmi, Zaynab? Fikrlarim chuvalashib ketdi. Aybdor birpasning ichida qahramon bo'lib qolganiga nima deysan? Nahotki fidoyilik bilan sho'xlikning o'rtasida hech qanday farq bo'lmasa?!
Maktab juda jonimga tegdi. Tezroq kitob-daftardan qutulsam deyman-u, lekin dadam o'zi o'qimagani uchun butun orzu-umidini menga tikkan. Litseyni bitirganimdan keyin meni oliy ma'lumot olish uchun chet elga yubormoqchi. Shu xususda hozirdanoq dadam bilan oyimning murosasi kelishmay turibdi. Oyimning meni yuborgani ko'ngli yo'q, sog'inib qolaman, deydi.
Bilmadim, senga qandayu, lekin mening nazarimda vaqt juda sekin o'tayotganga o'xshaydi. Katta imtihonlarga necha kun qolganini hisoblab yurish uchun o'zimga qo'lbola kalendar qilib olganman. Yakshanba va kanikullar hisobga olinmasa, imtihonlarga ko'pam vaqt qolgani yo'q. Lekin harholda kunlar imillab o'tyapti-da.
Senga hamisha shod-xurramlik va sihat-salomatlik tilayman.
Ahmad Tarbay.

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:09:13

Sendan buni kutmagan edim

Istanbul, 7-dekabr, 1963-yil.

Ahmad!
Menga kanda qilmay xat yozib turganing uchun rahmat. Eng so'nggi xatingni o'qir ekanman, qiziq-qiziq voqealar faqat senda uchrar ekan-da, deb o'ylab qoldim. Yoki sen bularni ataylab bo'rttirib yozyapsanmi? Har gal xatlaringni zavq bilan o'qib chiqaman. Endi men ham qo'limdan kelganicha sendan o'rga-nishga harakat qilaman.
O'tgan kuni bizning sinfimizda ham qiziq bir hodisa ro'y berdi. Tanaffusga chiqqanimizda rosa miriqib kuldik. Darsda kulishga imkon bo'lmadi, chunki o'qituvchimiz haddan tashqari jig'ibiyron bo'lgan edi.
Menga taqlid qilmoqchi bo'lib, haqiqatni bo'rttirib yozyapti, deb o'ylama. Men bor gapni oqizmay-tomizmay aytib beraman. Ichimdan hech narsa qo'shmaslikka harakat qilaman.
Dastlab men seni shu voqeaning qahramoni bilan tanishtirib o'tay.
Sinfimizda Usmon degan bir bola bor. O'zi a'lochi. Hisobga ayniqsa usta. Hamisha saranjom-sarishta yuradi. Dovotida nuqul rang-barang qalamlar bo'ladi, hammasining uchi silliq qilib ochilgan. Nega uning qalamlari hecham sinmaydi, heb hayron bo’laman. Men bunday qilolmayman. Qalamlarim o'zidan o'zi yerga tushib sinaveradi. Kerak bo'lib qolganida papkamdan birorta ham uchi butun qalam topolmayman. Oyim shunisiga ham shukur qil, deb meni yupatadi. Chunki opam o'qiganda papkasida umuman qalam turmas ekan, doim yo'qotib yurarkan. Demak, men opamga qaraganda ancha sarishta ekanman.

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:09:30

Usmonning yozma ishlari biram ko'rkam bo'ladiki! Harflari marvarid donasiga o'xshab alohida-alohida ajralib turadi. Yozma ishining har bir betini rangli qalam bilan chiroyli qilib bezaydi. Ko'rgan kishining havasi keladi. O'qituvchimiz uning ishlarini hamisha bizga o'rnak qilib ko'rsatadi. Men ham Usmonga o'xshab chiroyli va ozoda yozmoqchi bo'laman-u nuqul xatim suykalib, siyohlar chaplashib ketadi.
Sizlarda qandoq, bilmadim-u, ammo bizning o'qi¬tuvchimiz xudoning bergan kuni sinfda yozma ish o'tkazadi. Bu ham yetmagandek kun ora uyga har xil savollar berib yuboradi. Bularga ham yozma javob berishimiz kerak.
Bir kuni Usmon:
—   O'qituvchi hamma yozma ishlarimizni o'qishiga ko'zim yetmaydi, — deb qoldi.
Men hayron bo'ldim.
—   O'qimaydigan bo'lsa, nega bizni ovora qiladi?
Usmon fikrida qat'iy turib oldi.
—   Xo'sh, o'qimasligini nima bilan isbot qilasan? — luqma tashladi bir bola.
—   Ko'rinib turgan narsa bu. Mana, xomcho't qilib ko'raylik. Har kuni bir marta yozma ish o'tkazadimi?
—   To'g'ri, — bir og'izdan tasdiqladi hamma.
—   Kun ora uyga ham yozma ish berib yuboradimi?
—   Shundoq.
—   Mana endi hisoblab ko'ramiz. Sinfda nechta o'quvchimiz? Ellik ikkimi?
—   Ha.

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:09:59

—   Demak, o'qituvchimiz bir kunda ellik ikkita inshoni o'qib chiqishi kerak. Bundan tashqari, kun ora uyga ham vazifa beradi. Bir kunga yigirma oltitadan to'g'ri keladi. Boyagi ellik ikkiga yigirma oltini qo'shsak, yetmish sakkiz bo'ladi. Demak, bir kunda yetmish sakkizta ishni o'qib chiqishi kerak ekan. Qani, aytingchi, uyiga qaytgach, u yozma ishlarimizni qachon ko'ra boshlaydi?
—   O'zi biladi. Senga nima?
—   Hisobga kerak axir. Bitta ishni necha minutda ko'rib chiqish mumkin?
Usmon darrov hisoblab chiqdi. Ma'lum bo'lishi-cha, hamma yozma ishlarni ko'rib chiqish uchun kamida o'n bir soat vaqt kerak bo'larkan. O'qituvchimiz kechasi bilan uxlamay o'qigan taqdirda ham bunga vaqti yetmas ekan.
Buni eshitib, bolalar churq etmay qolishdi.
—   Harholda o'qisa keragov, — dedim jimlikni buzib.
—   Ha, albatta, yozma ishlarimizni ko'rishga ko'radi, — javob berdi Usmon. — Lekin hammasini emas, tanlab ko'radi.
Oradan bir-ikki kun o'tgan edi, qizlardan biri menga:
—   Usmonning taxmini to'g'riga o'xshaydi, — deb qoldi. Keyin bir voqeani aytib berdi.
Dugonamning uyi o'qituvchinikiga yaqin ekan. Ertalab maktabga kelayotganida birdan shamol ko'tarilibdi. Bundoq qarasa, yerda har xil qog'ozlar sochilib yotganmish. Kerakli narsa bo'lmasin tag'in, degan xayolda u engashib bir varaq qog'ozni olibdi. Bundoq o'qib qarasa, o'zining kechagi yozma ishi emish. Oldiniga hayron bo’libdi. Bu yerga qayerdan kelib qoldiykin, deb atrofiga alanglabdi. Keyin o'qituvchimizning uyi oldidagi axlat qutisiga ko'zi tushibdi. Quti to’la qog'oz emish.
—   Ishonmasang, mana, o'zing ko'r! — deya u menga qo'lidagi g'ijim qog'ozni uzatdi.
—   Yozma ishlarimizni ko'rib chiqqandan keyin biror yerga tushlaydi-da. Nima, ularni sandiqqa bisot qilib bosib qo'ysinmi? — dedim pinagimni buzmay.

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:10:39

Tarix darsi edi.
—   Hozir o'qituvchimizni bir sinab ko'raman. Qani, yozma ishlarni ko'rarmikin yoki yo'qmi, — deb qoldi bir payt Usmon.
—   Nima qilmoqchisan?
—   Keyin ko'rasan.
—   O'qituvchimiz savollarni doskaga yozdi. Hammasiga yozma javob berishimiz kerak. Mana, o'sha savollar: «Daftardor, nishonchi, beglarbegi, ajami o'g'lon deb kimga aytilgan? Sulton Ibrohim davriga tushuntirish bering».
Usmon tanaffusda nima ish qilganini gapirib berdi. Rosa kulishdik. Gapiga qaraganda, u sulton Ibrohim davriga tushuntirish berayotganida ozgina to'g'ri gap qilibdi-da, buyog'ini ichidan to'qibdi. Keyin sulton Ibrohimga atab bir xat yozibdi. Xatning boshiga: «Tentaklarning tentagi bo'lgan sulton Ibrohim tog'a!» deb yozib qo'yibdi.
Shundan keyin boshqa savollarga o'tibdi. Yozgan javoblari shu emish.
«Beklarbegi — Bosfor bo'yidagi bekatning nomi».
«Daftardor — daftari bor odam».
«Nishonchi — mergan degani. Sinfimizdagi Chetin degan bolaning laqabi shunaqa. Biz uni ko'r mergan, deb chaqiramiz. Chunki futbol o'ynab qolsak, darvoza bir chekkada qolib, u nuqul to'pni derazaga qarab tepadi. Uning dastidan maktabda butun oyna qolgani yo'q».
«Ajami o'g'lon — sinfimizdagi Rizo degan bola¬ning naq o'zi. Hecham lanka o'ynashni bilmaydi. Nuqul bizga malaylik qilgani qilgan».

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:14:53

Usmonning gaplariga uncha ishonmadik. Harhol¬da aravani quruq olib qochgan bo'lsa kerak.
Ertasiga u toza hadiksirab yurdi. Ikki-uch kungacha yuragini hovuchlab turdi-yu, lekin o'qituvchi bir og'iz bir nima demaganidan keyin ancha o'zini bosib oldi. Shu-shu u ko'zbo'yamachilikka o'rganib qoldi. Aytishicha, savollarga bir-ikki qator to'g'ri javob berarkanda (o'qituvchining ko'zini shamg'alat qilish maqsadida), buyog'iga xohlagan narsasini yozaverarkan.
Usmon bizni laqillatyapti, deb o'ylab yiirgan edik, lekin kechagi voqeadan keyin sira shubha qolmadi.
Voqea bunday bo'ldi. Birinchi darsga kirib, sinfda o'tirgan edik. Saldan keyin eshik ochilib, o'qituvchiniiz kirib qoldi. Doim xushchaqchaq yuradigan odamning bugun qovog'idan qor yog'ilib turibdi. «Salom, bolalar!» deb o'dag'aylaganicha joyiga borib o'tirdi.
—   Qani, Usmon, o'rningdan tur-chi! Usmon joyidan qo'zg'aldi.
—   Yaqinroq kel!
Usmon Lining oldiga bordi.
—   Bolalar, ikki kun oldin men tabiat darsi bo'yicha sizlardan yozma ish olgan edim. Esingizdami? Mana hozir sinfdoshingiz Usmon yozgan ishini hammamizga o'qib beradi.
Usmon lavlagidek qizarib ketdi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:15:06

—   Qani, o'qib ber-chi! Nima yozgan bo'lsang, barini o'qi! Savollarni ham qo'shib o'qi! — deb o'qituvchi qo'lidagi ishni unga uzatdi. Usmon noiloj o'qiy boshladi.
«Savol 1. Shamol nima? U qanday hosil bo'ladi?
Javob. Havo isigandan keyin uning hajmi kengaya-di, og'irligi kamayadi, natijada u tepaga ko'tariladi».
—   O'qi, o'qi, davomini o'qi!
—   Tepaga ko'tarilgan shamol... shamol... shamol... Usmon g'oidirab qolgan edi, o'qituvchi o'shqirdi:
—   Ha, shamolga nima qipti?!
—   Shamol «Galatasaroy» komandasiga ko'p halaqit berdi. O'yinning birinchi yarmida «Galatasaroy» komandasi shamolga qarshi o'ynadi. Lekin shunga qaramay galatasaroychilar chiroyli kombinatsiyalar ishlatib, zo'r mahorat ko'rsatishdi. O'yin juda shiddatli bo’ldi. «Anqarakuchi» komandasi galatasaroychilarning hujumiga bardosh berolmadi. Qattiq kurash vaziyatida o'tgan bu o'yinda «Galatasaroy» futbol komandasi 2:1 hisobi bilan yutib chiqdi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:15:20

«Savol 2. Bo'ron deb nimaga aytiladi?
Javob. Sekundiga yigirma metrdan ko'p tezlik bilan esadigan shamol bo'ron deb ataladi. «Galatasaroy» komandasi «Mitxatposho» stadionida chinakam bo'ron yasab turgan edi. Ammo sudya o'z vazifasini yaxshi eplolmadi. Metin Shukriga bo'rondek hamla qilgan edi, Shukri oyog'ida turolmay yiqilib tushdi. Sudya buning uchun penalti berdi. Stadionda o'tirgan futbol ishqibozlari bundan qattiq g'azablandilar».
Kulgidan o'zimizni zo'rg'a tiyib o'tiribmiz. Oramizda piqirlab kulganlar ham bo'ldi. Usmonning ovozi titray boshladi. Xijolatpazlikdan yig'lab yuboradigan holi bor.
—   Bu nima qilganing, Usmon?
Usmon o'qituvchiga javob berish o'rniga yuzini teskari oldi.
—   Men seni yaxshi o'quvchim deb bilardim. Bu ishni sendan kutmagan edim. Bor, joyingga o'tir!
Rostini aytsam, Usmon qo'lga tushganidan ich-ichimdan xursand bo'ldim.
—   Xo'sh, qalaysan endi! — deb tanaffusda uni mayna qildim. — Yozma ishlarimizni tekshirar ekanmi?
Ittifoqo o'sha kuni kechqurun uyimizga mehmon keldi. Oyimning dugonasi ekan. Men uni ilgari hecham ko'rmaganman. Mehmon qaysi maktabda, nechanchi sinfda o'qiysan, deb mendan so'rab qoldi. Men javob berdim.
—   Mualliming yaqin do'stim bo'ladi, — dedi u javobimni eshitgach. Keyin oyimga o'girilib, qiziq gapni aytib berdi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  22 Mart 2010, 01:15:40

—   Kecha bir ko'rib o'tay, deb o'shaning uyiga borgan edim. Antiqa bir ish bo’ldi. Stolining ustida bir quchoq qog'oz uyulib yotgan ekan. Bu nima, deb so'rasam, o'quvchilarimning yozma ishi, dedi. Shuncha ishni qachon o'qib chiqasan, ulgurmaysan-ku, deb hayron bo'ldim. «Ajoyib o'quvchilarim bor. Birortasining daftarini beraymi, o'qib ko'rasanmi?» — deb qoldi. Tanlab-tanlab, birini uzatdi. Bolaning xati chiroyli ekan, juda ravon yozibdi. Sarlavhalarning ostini rangli qalam bilan erinmay chizib chiqibdi. Muhim so'zlarning ostiga ham qalam tortilgan. Yozma ish shamol haqida ekan. Ozgina o'qishim bilan og'zim ochilib qoldi. Bolasi tushmagur shamolni tushuntirib berish o'rniga, «Galatasaroy — Anqarakuchi» komandalari o'rtasidagi futbol o'yinini ta'riflabdi. O'ziyam toza miriqib kuldim. Do'stim hayron bo'ldi. Nega kulayotganimni so'radi. Yozma ishni o'ziga berdim. O'qib chiqdi-yu, tepa sochi tik bo'lib ketdi. Men uni yaxshi o'quvchim deb yurardim. Shu ishni qiladi, deb o'ylamovdim, dedi.
Usmon yana haq bo'lib chiqdi. Ochig'ini aytsam, men ham o'qituvchimizdan shu ishni kutmagan edim. Qattiq ranjidim.
Mana, bo'lgan voqeaning hammasini yozdim.
Omon bo'l, qadrdon do'stim Ahmad. Tez-tez xat yozib tur. Xo'pmi? Sinfdosh o'rtoqlardan ham darak ber. Xatingni kutaman.
Zaynab Yolqir.

Qayd etilgan