Hammamiz toza zerikdik. Bolalarning qiy-chuvi joniga tegdi shekilli, mehmon ayollardan biri:
— Bola-chaqa bilan bir joyga hecham borish kerak emas... Quloqni qoqib, qo'lga berishadi, — dedi yonidagi juvonga engashib.
Dadam:
— Ketaylik endi, bas, — deb shipshigan edi, oyim ko'nmadi.
— Birpas o'tiraylik... Darrov ketsak ayb bo'ladi.
— Kaminangiz yo'qsil bolalarga qo'ldan kelgancha yordam berib keladi. — dedi u dadamga qarab. — Har bayramda qumq qo'ymayman... Buni qarang, shuni ham yozib chiqishibdi-ya...
Yosh bolalarni bir joyga to'plashdi. Atamanga taqdim etilgan sovg'a-salomalarni stolga terib qo'yishdi. Xona dimiqib ketgan ekan, derazani ochib yuborishdi. Metin ikkimiz rosa terlagan ekanmiz, derazaga yaqinroq kelib turdik. Birpasda tumov bo’ldik. Zotiljam shu yerdan boshlandi.
Dadam mezbonlardan ketishga ruxsat so'ragan edi, Atamanning otasi javob bermadi.
— Bu qanaqasi? Ovqat pishsin, bir-ikki qadahdan otaylik, keyin ketarsizlar.
Dadam zarur ishi borligini aytib, uzr so'radi. Ko'chaga chiqdik.
— Ayb menda, kechirasan,— dedi oyim dadamning xunobi oshganini ko'rib.— Bunaqa bo'lishini bilmovdim. Oyisi hadeb chaqiraverganidan keyin va'da berib qo'ygan edim. Nima qilay gapini qaytarolmadim...
Ertasi kuni isitmam o'ttiz to'qqizga chiqdi.
Xatingda Hikmatning holi keyin nima kechdi, deb so'ragan ekansan. Hikmat bir haftadan beri maktabda ko'rinmaydi. Bechoraga nima bo’ldiykin, bilmayman. Birortamiz ham uyini bilmas ekanmiz. Uning boshiga tushgan kulfat menga qattiq ta'sir qildi. Shunga ko'ra bu haqda xatning oxirida yozyapman.
Menga o'xshab sen ham kechikib javob yozmas-san, deb umid qilaman.
Zaynab Yolqir.