Damir bor-ku, Damir, sinfimizning a'lochisi. Hatto shu Damirning javoblaridan ham ko'ngli to'lmadi-ya. Navbat menga keldi. Bilganimni gapirib berdim. U bo'lsa nuqul «esiz, esiz» deb tizzasini shapatilab o'tirdi. Menga qolsa, so'ragan narsalariga to'g'ri javob berdim.
Bolalar birin-ketin darslarni gapirib berishyapti-yu, u bo’lsa dam-badam:
— Shuncha yil o'qib, hech nima o'rganmabsiz-da? Bekorga kelib-ketib yuraveribsizlar-da? Esiz vaqt, esiz... O'qish emas, uqish kerak edi, uqish, — deb noliydi boshini chayqab.
— Nima, so'ragan narsangizga to'g'ri javob ber-madimmi? — dedi bir payt Mine o'pkasi to'lib.
— Yo'q, javobing to'g'ri bo'ldi, — dedi yangi o'qituvchimiz. Keyin qo'shimcha qildi: — Ha, to'g'ri javob berding. Lekin yuzaki, sayoz. Hammalaring shunaqa, bilimlaring sayoz ekan.
Uning bu gapidan qattiq ranjigan bo'lsak ham indamadik. Eski o'qituvchimizning darslaridan yomon baho olib yurgan uch-to'rt bola buni eshitib g'imirlab qoldi. Yangi o'qituvchining gapi ularga moydek yoqqan edi.
— Eski o'qituvchimiz yaxshi dars berardi, yomon o'qimasdik, — dedi Damir o'zini tutolmay.
— Ha, javoblaringizdan bilinib turibdi, — piching qildi yangisi.
Shundan keyin u stol atrofida birpas aylanib yur-gach, muloyimiik bilan gap boshladi:
— Bolalar! Mana endi kelishib olaylik. Ilgari o'qigan narsalaringizni endi unutasiz. Mutlaqo esdan chiqaringlar. Hamma darslarni yangidan boshlaymiz. Tushunarlimi?
Damir qo'l ko'tarib so'radi:
— Axir biz kitobda nima yozilgan bo'lsa, shuni o'qigan edik-ku?
— Men sizlarga endi hammasini esdan chiqaring, deb aytyapman!