Aziz Nesin. G'aroyib bolalar (roman)  ( 97401 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 21 B


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:00:32

Javoblar bir-biriga qorishib ketganini o'zim ham sezib turibman-u, lekin noilojman: karaxt bo'lgan odamga o'xshayman.
Inspektorning g'azabi qaynab ketdi. Jahl ustida nima deganini o'zi ham bilmay qoldi.
—   O'g'lim, Amerikani qurgan odam me'mor sul¬ton Mehmed bo'ladi. Sulaymoniya machitini esa Fotih Sinon kashf etgan.
Bolalar piqirlashib qoldi. Inspektor noto'g'ri gapirib qo'yganini sezdi.
—   Ya'ni aytmoqchimanki, Sinoniya machitini me'mor Sulaymon qurgan. Fotihni me'mor sulton Mehmed fath etgan.
Yana qovun tushirib qo'ydi.
—   Meni ham yo'ldan urding, bolakay, — dedi u oxiri o'zini oqlamoqchi bo'lib.
Inspektor boshini tebrata-tebrata jahl bilan tashqariga chiqib ketdi.
Sinf suv quygandek jim bo'ldi.
— Ming afsus!— deb yubordi o'qituvchimiz anchadan keyin o'ziga kelib.
Bu gapni u menga qaratib aytdimi, inspektorgami yoki o'zigami — yaxshi tushunolmadim.
O'sha kuni rosa yuzim shuvut bo’ldi. Buni senga ta'riflab berishga ojizman. Shu voqea esimga tushsa hali-hali azob chekaman. Holbuki, niyatim xolis edi. Men inspektorning so'ragan narsalariga sharillatib javob bermoqchi va bu bilan o'qituvchimizning obro'yini saqlab qolmoqchi bo’lgan edim.
Sen ham va'daga vafo qil. Yangiliklardan yozib tur. Xo'pmi? Xatingni kutaman. Sengayam muvaffaqiyat tilayman, do'stim.
Sinfdoshing Ahmad Tarbay.

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:01:32

Dadalar a'lochi bo'ladi

Anqara, 19-noyabr, 1963-yil.
Qadrli do'stim Ahmad!
Javob xating uchun katta rahmat. Menga yozgan xating hamisha shunaqa bir quloch bo'lsin. Bu yerda nima voqea ro'y bersa, men ham batafsil yozib turaman. Xatingni o'qib turganimda seni ko'z oldimda bir zum tasavvur qildim. Shunda inspektor ikkoving qar-shimda namoyon bo'ldinglar. Kulaverib ichagim uzildi...
Endi senga uyimizni ta'riflab bersam. Biz to'rt qavatli binoda turibmiz. Har bir qavatda ikkitadan kvartira bor. Biz ikkinchi qavatdamiz. Dadamning uchala o'rtog'i ham shu binoda oilasi bilan yashaydi. Bu haqda senga oldingi xatimda yozgan edim.
Uyning orqasi maydon. Katta bo'lsa ham huvillab yotadi. Kechqurunlari hammamiz shu yerda o'ynaymiz.
Tunov kuniyam qiy-chuv ko'tarib o'ynab yurgan edik, dadalarimizdan gap chiqib ketdi. Har kim o'zining dadasini maqtayverdi. Mayda bolalar ayniqsa to'polon ko'tarib yuborishdi. Metin degan ukam bor. Hozir uchinchi sinfda o'qiydi. Hammadan shu ukam oshib tushdi. «Mening dadam zo'rla, mening dadam bilag'onla», deyaverdi ko'kragini kerib.

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:02:08

Aslida haq gap bu. Dadamiz maktabda nuqul a'lo baholar bilan o'qigan ekanlar. Buni o'z og'izlaridan eshitganmiz.
Ikki o'rtada bahs qizib ketdi.
—   Mening dadam sizlarnikidan zo'r o'qiganlar. Sinfdan sinfga nuqul a'lo baholar bilan o'tganlar. Ha, mana shunaqa, — derdi Metin bo'sh kelmay.
Dadam bilan birga o'qigan o'rtog'ining o'g'li:
—   Ho, rosa olib qochding-ku! — dedi Metinni kalaka qilib.
—   Bu gapni kimdan eshitding o'zi? — so'radi boshqa bir bola.
—   Dadamning o'zlari aytganlar, — dedi Metin kerilib. Keyin qo'shib qo'ydi:
—   Kim ishonmasa, borib dadasidan so'rasin. Hammamizning dadamiz birga o'qishgan ekan. Rost gapni aytib berishadi.
Kattaroq bolalar dahanaki jangga qo'shilmay turgan edi, men bilan bir sinfda o'qiydigan qo'shni qiz:
—   Yolg'on gapirgani uyalmaysanmi, a'lochi deb mening dadamni aytsa bo'ladi,— deb ukamni koyib berdi.

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:02:26

—   O'zing ham aldoqchi ekansan. Mening dadam sinfda hecham qolmaganlar. Nuqul a'lo o'qiganlar. Tushundingmi?— dedi boshqa bir bola bo'ynini cho'zib.
—   G'irt yolg'on bu. Dadang seni aldayapti. A'lo¬chi deb mening dadamni aytsa bo'ladi.
—   Dadam hecham aldamaydilar.
Katta bolalar ham bunga qo'shilganini ko'rib, xunobim oshdi. Bahs tobora qizib boryapti.
—   To'g'rimi, opa? Dadam a'lochi bo’lganlar-a? O'zing ayt, bular eshitishsin, — dedi ukam meni madadga chaqirib.
—   Ha, to'g'ri, shundoq bo'lgan, — dedim. Qiy-chuv yana avjga mindi.
—   Qo'y, xafa bo’lma, kim nima desa deyaversin. Baribir foydasi yo'q, — dedim ukamni yupatib.
Yoshi bizdan ancha katta bir bola:
—   Hammang noto'g'ri gapiryapsan, — dedi mahmadanalik qilib. — Hech kimning dadasi a'lochi bo'lmagan. To'g'risini aytsam, ularning orasida faqat mening dadam yaxshi o'qiganlar.
—   Ol-a! — dedi Metin qizishib.
—   Ishonmasang, borib dadangdan so'rashing mumkin.
—   Dadang laqillatipti seni!
—   Seni!

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:04:16

Metin o'ziga ikkita keladigan bu bolaga kalla qil-moqchi bo'lgan edi, arang ushlab qoldim. Uyga ketyapmiz-u Metin hadeb:
—   Aldoqchilar... Maktabda faqat mening dadam a'lochi bo'lgan! — deb ho'ng-ho'ng yig'ladi.
Uyga kira solib, u oyimning oldiga yugurdi.
—   Dadam a'lochi bo'lmaganmish. Dadam aldoqchi emish.
Oyimning jahli qo'zib, jerkib berdi:
—   O'chir ovozingni! Bu nima qiliq? Yana qaytarsang, tilingni kesib olaman.
Ukam darhol jim bo'ldi.
—   Nimaga achchiq qilasan, Metin, — dedim uni yupatish uchun.— Ayb o'zimizda bo'lishi ham mumkin. Dadamiz ularning dadalari bilan bir maktabda o'qimagandir balki.
—   O'zlari doim birga o'qiganmiz, deyishadi-ku.
—   Bo'pti, kechqurun dadamning o'zlaridan so'raymiz. Bor gapni aytadilar.
G'ulg'ulaga tushib qoldim. Bu masala meni ham qiziqtira boshladi. Kechqurun ovqatlanib o'tirgan edik, dadamdan boyagi gapni so'radim.
—   Ha, birga o'qiganmiz, to'g'ri. Aslida to'rttalamiz ham bir sinfda o'qiganmiz. Men ulardan biri bilan uch yil, qolgan ikkitasi bilan besh yil bir sinfda o'qiganman.

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:04:31

Kunduzi oyimning Metinga qilgan po'pisasi esimga tushib, boshqa narsa so'rashga yuragim betlamadi.
Ertasi kuni maktabga borganimda yonimdagi par-tada o'tiradigan qizdan dadasi maktabda qanday o'qiganini so'radim.
—   Mening dadam nuqul a'lo baho bilan o'qigan,— dedi u.
Bu gapni orqamizdagi bola eshitib qoldi.
—   Mening dadam ham a'lochi bo'lgan ekanlar, — dedi u kerilib.
Xullas, bu masala butun sinfning og'ziga tushdi. Atigi uch bola dadasi yoshligida qanday o'qiganligini bilmas ekan. Qolgan hamma o'quvchilarning dadasi a'lochi bo'lib chiqdi.
Ahmad, xatimni olganingdan keyin sen ham dadangdan so'rab ko'r — u kishiyam maktabda a'lo baholar bilan o'qigan ekanlarmi? Lekin a'lochi bo'lganlariga hozirdanoq ishonaman. Chunki kimni olib qarama, hammaning dadasi negadir a'lochi bo'lib chiqyapti.
Oradan ikki kun o'tmagan ham ediki, bir payt Metinning o'qituvchisi oyimni maktabga ayttirib yubordi. Ma'lum bo'lishicha, ukamning o'qishi pasayib ketibdi. Ishdan qaytgach, bu gap dadamning qulog'iga yetdi. Dadam Metinni ancha koyib berdilar, keyin esa uni oldilariga o'tqazib, yotig'i bilan nasihat qildilar.
—   Axir mendan ibrat olsang bo'lmaydimi, o'g'lim? Men sendek paytimda hamma fanlardan a'lo baho olib o'qirdim. Biror marta ham past baho olmaganman. Sinfda mening oldimga tushadigan bola yo'q edi. Xo sh, sen-chi? Uyat emasmi, axir! Nimaga o'qishingning mazasi yo'q? Bola degan dadasiga o'xshashi, undan ibrat olishi kerak-da, axir.

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:04:50

Dadam ancha hovuridan tushgan edi, fursatni qo'ldan bergim kelmadi:
—   Qo'yavering, dada,— dedim.— Metin ham katta bo'lganida bolalariga maktabda zo'r o'qiganman, deb aytishi mumkin-ku.
Ilmoqli gapimni oyim fahmlab qolib, darrov tanbehga o'tdilar:
—   Bu nima beadablik, qizi tushmagur? Endi se¬ning tilingni kesib olaymi? O'zingdan katta gapirayotganda tek o'tirsang bo'lmaydimi?!
Buyog'iga indamay qo'ya qoldim. Dadam boshqa churq etib og'iz ochmadilar.
Xullas, Anqaraga ko'chib kelganimizdan beri bundan bo'lak yirikroq voqea yuz bergani yo'q.
Mendan hamma sinfdosh o'rtoqlarga salom ayt. Senga ham muvaffaqiyatlar tilayman.
Sinfdoshing Zaynab Yolqir.

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:36:15

Darslar yangidan boshlandi
Istanbul, 23-noyabr, 1963-yil.

Do'stim Zaynab!
19-noyabrda yozgan xatingni olib, qanchalik quvonganimni ta'riflab berolmayman.
Xunuk bir yangilik bor: o'qituvchimiz maktabdan ketdi. Boshqa viloyatga ishga o'tganmish. Unga qattiq o'rganib qolgan ekanmiz, eshitib juda xafa bo'ldik. Oxirgi darsida biz bilan xayrlashdi, shunda ba'zilar ko'zyoshi to'kib olishdi. O'pkam to'lib, o'zimni arang bosib o'tirgan edim, sinfdan chiqayotib boshimni silashi bilan men ham chidab turolmadim. Ho'ngrab yig'lab yubordim.
Aslida o'qituvchimiz ho'v o'sha inspektor kelgan kundagi voqeadan keyin menga unchalik ro'yxush bermay yurgan edi. Shu xayrlashuv kuni bizga bir-ikki og'iz shirin gap aytib, hammamizga muvaffaqiyat tiladi.
—   Yana ko'rishguncha xayr, bolalar!
Shunday dedi-yu, eshikka qarab yurdi. Yonimdan o'tib ketayotganida esa boshimni asta silab qo'ydi.
Yangisi ham erkak o'qituvchi. Birinchi darsiga kirishi bilanoq nimalarni o'tganimizni surishtira ketdi. Har qaysimizni birma-bir turg'izib, ketma-ket savollar berdi. Javoblarimizdan sira qoniqmadi.
—   Afsus... Ming afsus... Hech nimani bilmas ekansizlar! — dedi u oxiri boshini chayqab.

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:36:47

Damir bor-ku, Damir, sinfimizning a'lochisi. Hatto shu Damirning javoblaridan ham ko'ngli to'lmadi-ya. Navbat menga keldi. Bilganimni gapirib berdim. U bo'lsa nuqul «esiz, esiz» deb tizzasini shapatilab o'tirdi. Menga qolsa, so'ragan narsalariga to'g'ri javob berdim.
Bolalar birin-ketin darslarni gapirib berishyapti-yu, u bo’lsa dam-badam:
—   Shuncha yil o'qib, hech nima o'rganmabsiz-da? Bekorga kelib-ketib yuraveribsizlar-da? Esiz vaqt, esiz... O'qish emas, uqish kerak edi, uqish, — deb noliydi boshini chayqab.
—   Nima, so'ragan narsangizga to'g'ri javob ber-madimmi? — dedi bir payt Mine o'pkasi to'lib.
—   Yo'q, javobing to'g'ri bo'ldi, — dedi yangi o'qituvchimiz. Keyin qo'shimcha qildi: — Ha, to'g'ri javob berding. Lekin yuzaki, sayoz. Hammalaring shunaqa, bilimlaring sayoz ekan.
Uning bu gapidan qattiq ranjigan bo'lsak ham indamadik. Eski o'qituvchimizning darslaridan yomon baho olib yurgan uch-to'rt bola buni eshitib g'imirlab qoldi. Yangi o'qituvchining gapi ularga moydek yoqqan edi.
—   Eski o'qituvchimiz yaxshi dars berardi, yomon o'qimasdik, — dedi Damir o'zini tutolmay.
—   Ha, javoblaringizdan bilinib turibdi, — piching qildi yangisi.
Shundan keyin u stol atrofida birpas aylanib yur-gach, muloyimiik bilan gap boshladi:
—   Bolalar! Mana endi kelishib olaylik. Ilgari o'qigan narsalaringizni endi unutasiz. Mutlaqo esdan chiqaringlar. Hamma darslarni yangidan boshlaymiz. Tushunarlimi?
Damir qo'l ko'tarib so'radi:
—   Axir biz kitobda nima yozilgan bo'lsa, shuni o'qigan edik-ku?
—   Men sizlarga endi hammasini esdan chiqaring, deb aytyapman!

Qayd etilgan


ZUBAIR  19 Mart 2010, 01:37:08

Yangi o'qituvchining birinchi darsi shunday o'tdi. Tanaffusda bolalar tarafma-taraf bo’lib ketishdi. Ba'zilar eski o'qituvchining yonini olgan bo’lsa, boshqalar yangisini himoya qilishdi. Ochig'ini aytsam, hech kimga qo'shilmay betaraf qoldim.
Bir payt qo'shni 5-sinf o'quvchilari bilan gaplashib qoldik. Ma'lum bo'lishicha, ularga ham o'quv yilining boshida yangi o'qituvchi kelgan ekan. Xuddi biznikiga o'xshagan voqea yuz beribdi. Ularning yangi o'qituvchisi ham darsga birinchi kirgan kuniyoq: «Ilgari nima o'tgan bo'lsangiz, hammasini esdan chiqa¬ringlar!» — deb buyuribdi.
Yangi o'qituvchimizning bu uslubi ayrim bolalarga juda qo'l kelib qoldi. O'qituvchining biror savoliga noto'g'ri javob berib, dakki eshitadigan bo'lishsa, darhol:
—   Oldingi o'qituvchimiz bizga shundoq degan edilar, afandim, — deyishadi.
O'qituvchimizning esa battar fig'oni falakka chiqadi:
—   Ming marta aytdim-ku senlarga, ilgari o'tilgan narsalarni esdan chiqaringlar deb!

Qayd etilgan