Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 231789 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 44 B


Musannif Adham  19 Yanvar 2009, 03:56:17

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ga ham jinlardan bir toifasi imon keltirganligi «Ahqof» va «Jin» suralarida xabar beriladi:

وَإِذْ صَرَفْنَا إِلَيْكَ نَفَرًا مِنَ الْجِنِّ يَسْتَمِعُونَ الْقُرْآنَ فَلَمَّا حَضَرُوهُ قَالُوا أَنْصِتُوا فَلَمَّا قُضِيَ وَلَّوْا إِلَى قَوْمِهِمْ مُنْذِرِينَ (٢٩)قَالُوا يَا قَوْمَنَا إِنَّا سَمِعْنَا كِتَابًا أُنْزِلَ مِنْ بَعْدِ مُوسَى مُصَدِّقًا لِمَا بَيْنَ يَدَيْهِ يَهْدِي إِلَى الْحَقِّ وَإِلَى طَرِيقٍ مُسْتَقِيمٍ (٣٠)يَا قَوْمَنَا أَجِيبُوا دَاعِيَ اللَّهِ وَآمِنُوا بِهِ يَغْفِرْ لَكُمْ مِنْ ذُنُوبِكُمْ وَيُجِرْكُمْ مِنْ عَذَابٍ أَلِيمٍ

«Ey Muhammad, eslang, huzuringizga bir guruh jinlarni Qur’on tinglasinlar, deb yuborgan edik. Bas, qachonki ular hozir bo‘lishgach, (bir-birlariga): «Jim bo‘linglar»,- dedilar. Tilovat tugatilgach, ular o‘z qavmlari oldiga ogohlantiruvchi bo‘lgan hollarida qaytib ketdilar. Ular dedilar: «Ey qavmimiz, darhaqiqat bizlar Musodan keyin nozil qilingan, o‘zidan oldingi (ilohiy kitob)larni tasdiq qilguvchi bo‘lgan, Haq (din)ga va To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladigan bir Kitobni — Qur’onni tingladik.  Ey qavmimiz, Allohning da’vatchisi Muhammadni qabul qilinglar va unga imon keltiringlar. Alloh gunohlaringizni mag‘firat qilur va sizlarga alamli azobdan panoh berur». (Ahqof, 29-31.)

«Ar-Rahmon» surasida Alloh taolo insonlarga bergan va berayotgan ne’matlari xususida savolga tutib, shu savol asnosida jinlarga ham barobar xitob qilayotgani, taklifda ham, mukofot yoki jazoda ham insonlar va jinlar barobar mas’ul ekanliklarini ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:05:34

Dunyomizning «qishr (qobig‘)» deb ataluvchi qatlamini tekshirgan geolog olimlar Yer yuzidagi hayotni to‘rt davrga bo‘lishgan. Bu olimlarning fikricha, Yer yuzidagi birinchi inson suyagi Janubiy Osiyodan topilgan. Insonlar tug‘ilishi haqida G’arb va Sharq olimlari o‘rtasida fikrlar, qarashlar xilma-xildir. Ammo hozirda inson zotining bir asosdan, bir asldan, bir ota va bir onadan tarqalganligi ilmiy haqiqat holini olganki, bu narsa ko‘pchilikka sir emas. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

«Ey insonlar, darhaqiqat, biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-biringiz bilan tanishishingiz (do‘st-birodar bo‘lishingiz) uchun sizlarni turli-tuman xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh bilguvchi va ogohdir». (Hujurot, 13) 

Qur’oni karimda Odamning qachon yaratilganligi aytilmagan, ammo Odamning yaratilishi va Odam qissasi turli shakllarda tushuntirib berilgan. Mufassir olimlarning fikrlaricha,

وَعَلَّمَ آدَمَ الأسْمَاءَ كُلَّهَا

«Alloh taolo Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi», (Baqara, 31.)  oyati karimasida insonga berilgan ilmning hududsiz ekanligiga ishora bor. Odam farzandi, ya’ni inson tajriba orqali hamma narsani tushunish va bilish quvvati bilan butun borliqlarga hokim bo‘lish uchun yaratilgan. Bu oyatda inson bilim darajasining farishtalarnikidan anchayin ustun ekanligi ko‘rsatilmoqda. Ammo inson bir ondayoq yaratilmagan, unga dastlab tuproqdan shakl berilgandan keyin ma’lum vaqt mobaynida tarbiya berilib, so‘nggi holatiga keltirilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:06:23

Farishtalarning Odamga sajdasi ibodat emas, Allohning buyrug‘iga itoat, Odamga bo‘lgan hurmat, inson zotiga berilgan yuksak bahodir. Chunki, Allohdan boshqaga ibodat sajdasi qilinmaydi. Ilm bilan sharaflantirilgan inson shu tariqa farishtalardan ham yuqori mavqe’ga ega bo‘ldi.

Ba’zi islom olimlari: «Qur’ondagi «Odam» umuman «Inson»ni tamsil etadi. Qur’oni karim bir necha oyatlar bilan insonning tuproqdan yaratilganligini xabar beradi. Odam bizning otamizdir. «Odam hikoyasi» faqatgina insonlarning otasi bo‘lmish birinchi payg‘ambar Hazrati Odamninggina emas, har bir insonning hikoyasidir.

Qur’onning bildirishicha, Odamning Yer yuziga bir xalifa qilib yuborilishi insonning butun tabi’at quvvatlariga hokim bo‘lishiga ishoradir», - deydilar.

Tadqiqotlarga qaraganda, insonlar dastlab dunyoning eng katta parchasi bo‘lmish Osiyo qit’asida yashaganlar. Keyinchalik bu yerdan boshqa qit’alarga tarqalib ketganlar. Shu sababdan Osiyo insonlarning ilk tavallud topgan joyi, ilk madaniyat, ilk din chiqqan hudud hisoblanadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:07:06

Insonlarning dastlabki hayoti, ularning yashash tarzi haqida arxeologlar va tarixchilar shunday fikr bildiradilar: «Insonlar avval vahshiy bo‘lishgan, keyinchalik darajama-daraja yuksalib, bugungi madaniy saviyaga yetishgan. Dastlab chaqmoq toshdan yasalgan bolta bilan ish ko‘rgan bo‘lishsa, keyinchalik temir qilich qo‘llay boshlashgan. Demak, bu nuqtai nazardan, inson ikki davrni - vahshiylik va madaniyat davrini boshidan kechirdi, deb hisoblanadi.

Lekin dinlar tarixi bilan shug‘ullangan olimlar arxeologiyaning, insoniyatning dastlabki davri «vahshiylik davri bo‘lgan», degan fikrini rad etadilar. Ularning fikricha, insonlarning dastlabki davri vahshiylik emas, balki ilk madaniyat davridir. Bu ilk madaniyat darsini insonlarga ilohiy payg‘ambarlar berishgan. Shu bilan birga ularga ilk diniy fikrlarni, ya’ni yagona Allohga ishonishni ham shu payg‘ambarlar yetkazishgan. Ilohiy payg‘ambarlardan ilk madaniyat darsini olgan insonlar keyinchalik bu madaniyatdan uzoqlashib, birinchi darsni unutish darajasida vahshiylashganlar. Ma’lum vaqt oradan o‘tib, yana ilohiy payg‘ambarlar vositasi bilan inson avvalgi madaniyatga qaytarilgan. Demak, inson o‘z hayoti davomida ikki davrni-vahshat va madaniyat davrini emas, balki ilk madaniyat, vahshat va ikkinchi madaniyatdan iborat uch davrni boshidan kechirgan. Vahshiylik esa, insonlar uchun ikki madaniyat orasidagi bir bosqichdir.

Ilohiy payg‘ambarlarning barchalari ham Alloh huzuridan bitta din — yagona Allohga ishonch va e’tiqoddan iborat bo‘lgan Islom dinini, musulmonlikni keltirganlar. Musulmonlik haqiqatan ham insoniylik dinidir. Insonlarning eng birinchi o‘rgangan dini Allohning birligiga ishonchdan iborat edi. Ularga bu e’tiqodni o‘z oralaridan tanlab olingan ilohiy payg‘ambarlar yetkazdilar. Eng so‘nggi payg‘ambar Muhammad (s.a.v) ham ayni shu e’tiqodni targ‘ib qildilar.

Biroq avvalgi payg‘ambarlar bildirgan yagona Allohga ishonchning asoslari turli kimsalar tarafidan buzildi. Turli sabablar bilan keyinchalik o‘zgarishlarga uchraydi. Hattoki Allohga ibodat o‘rnini but va sanamlarga sig‘inish egalladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:07:39

Butparastlikning asosi-tabi’at kuchlarini ilohiy lashtirib yuksaltirish, rasm, haykallarda aks etgan bu kuchlarga insonlarni sig‘intirish bilan ularning qadr va sharafini yerga urishdan iborat edi.

Boshqa payg‘ambarlar o‘z davrlarida amalga oshirgan vazifalari singari Muhammad (s.a.v) ham davr ta’sirida o‘zgarib qolgan bu asoslarni asl holiga qaytardilar. Tabi’at kuchlariga sig‘inishni man’ etibgina qolmay, ayni paytda, bu kuchlardan foydalanishni bildirib, insoniyat sharafini yuksaltirdilar. Binobarin, Alloh taolo Yer va ko‘kdagi narsalarni, shu jumladan insonni ham shunchaki yaratgan emas, demakki, insonga berilgan aql ham bejiz emas.

Alloh insonni ikki borliq-ko‘z bilan ko‘rinadigan moddiy va ko‘z bilan ko‘rinmaydigan ma’naviy borliq bilan yaratgan. Ko‘pincha insonning moddiy borlig‘i ma’naviy borlig‘idan ustun keladi. O’sha payt insonning irodasi haqni taniyolmay qoladi. Fazilat aqllari berkiladi. Kamolot darajasini topmagan aqlning kuchi adolat o‘rnatish uchun yetmay qoladi, ko‘z bilan ko‘rilmaydigan narsalarni tushunolmay qoladi. Bu hol ma’naviy xastalikdir. Bu xastalikni davolaydigan birdan-bir chora ilohiy tarbiya bo‘lib, uning dasturi esa payg‘ambarlar vositasi bilan insoniyatga yuborilgan vahiydir. Vahiy faqat payg‘ambarlar vositasida yuboriladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ilohiy vahiy — Yer yuziga payg‘ambarlarning yuborilishidir.

Din esa, har bir payg‘ambarning vahiy orqali Allohdan olgan hukmlar yig‘indisidir. Din deganda, yagona Alloh va uning elchisi esga keladi. Allohsiz din bo‘lmaganidek, vahiyga suyanmagan, bir payg‘ambar tomonidan yetkazilmagan ko‘rsatmalarni ham «din» deb bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:09:28

Allohning huzuridan payg‘ambarlar orqali insoniyatni hidoyatga chaqirish uchun yuborilgan din Islom dinidir.
Islom dini inson yaratilgandan buyon mavjuddir. Har asrda yashagan va hozirda yashab turgan insoniyat bor ekan, u ham albatta turadi. «Alloh» fikrining yo‘qolishi insoniyat hayotiga nuqta qo‘yilishidir.
Islomiy e’tiqodga ko‘ra, payg‘ambarlik Allohning bandalariga bergan eng buyuk lutfidir. Insonlik darajasining eng yuksak cho‘qqisidir. Hech kim payg‘ambarlik maqomiga o‘z zakosi, bilimi va o‘z g‘ayrati bilan erisholmaydi. Payg‘ambarlik meros ham qolmaydi. Payg‘ambarlarni Alloh taolo bandalari orasidan o‘zi tanlaydi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

اللَّهُ يَصْطَفِي مِنَ الْمَلائِكَةِ رُسُلا وَمِنَ النَّاسِ إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ بَصِيرٌ

«Alloh farishtalardan ham, odamlardan ham elchilarni O’zi tanlaydi. Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir». (Haj,75)

هُنَالِكَ دَعَا زَكَرِيَّا رَبَّهُ قَالَ رَبِّ هَبْ لِي مِنْ لَدُنْكَ ذُرِّيَّةً طَيِّبَةً إِنَّكَ سَمِيعُ الدُّعَاءِ

«Albatta, Alloh Odam va Nuhni hamda Ibrohim va Imron avlodlarini olamlar uzra (payg‘ambarlik uchun) tanladi». (Oli Imron, 38.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:11:18

Payg‘ambarlar o‘z vazifalarini bajarishda o‘zlarining aql-idroklari va zakovatlaridan foydalansalar ham, ularni bu ishga-da’vatga buyurgan narsa aql-zakovat emas, balki ilohiy vahiydir. Ular faqat Parvardigorlarining amrinigina bajaradilar:

يُنَزِّلُ الْمَلائِكَةَ بِالرُّوحِ مِنْ أَمْرِهِ عَلَى مَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ أَنْ أَنْذِرُوا أَنَّهُ لا إِلَهَ إِلا أَنَا فَاتَّقُونِ

«Alloh o‘z amri bilan xohlagan bandalariga farishtalarni (shunday) vahiy bilan tushirur: («Ey payg‘ambarlarim! Insonlarni) ogohlantiringlarki, Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, barchalaringiz Mendangina qo‘rqingiz!». (Nahl, 2)

قُلْ مَا يَكُونُ لِي أَنْ أُبَدِّلَهُ مِنْ تِلْقَاءِ نَفْسِي إِنْ أَتَّبِعُ إِلا مَا يُوحَى إِلَيَّ إِنِّي أَخَافُ إِنْ عَصَيْتُ رَبِّي عَذَابَ يَوْمٍ عَظِيمٍ

«Ayting, (ey Muhammad): «Uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish menga mumkin emas. Men faqat, menga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman. Men, agar Rabbimga itoatsizlik qilsam, ulug‘ Kun (Qiyomat) azobidan qo‘rqaman». (Yunus, 15.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:12:13

Alloh taolo insonlarga payg‘ambar yuborishidan ikki narsani iroda qiladi:

Birinchisi, moddiy hayotda ko‘ringan hodisalarning sabablari ham asosan moddiy bo‘lib, bularga moddiy bo‘lmagan narsalarning ta’siri ham bor. Payg‘ambarlar insonlarga moddiy sabablar bilan birga, moddiy sabablar ustidan hokim bo‘lgan ilohiy qudratga ishonmoqni o‘rgatadi, har narsaning ilohiy irodaga bog‘liq ekanligini, «Koinot» deb atalmish bu borliqni ilohiy iroda boshqarganidek, g‘ayri tabiiy hollar ham shubhasiz Allohning xohish-irodasi bilan sodir bo‘lishini tushuntiradi.

Ikkinchisi, inson o‘z aqli bilan barcha fazilatlarni topa olmaydi, chunki, aqlning quvvati har bir insonda turlicha bo‘lgani uchun, fikr ham, amal ham bir xil bo‘lmaydi. Ba’zi odamlarning nazdida yaxshilik yomonlik bo‘lib ko‘rinishi yoki aksincha bo‘lishi mumkin. Ba’zilar esa, yaxshilikni aniq his qila turib, uni ado qilmaydilar. Ba’zilar esa, yomonlikni bila turib, unga ruju’ qiladilar.

Payg‘ambarlar ana shu insonlarga, ularning o‘zligini tanitadilar, yaxshilik bilan yomonlik chegarasini aniqlab beradilar, ularning har bir harakati Allohning nazarida ekanligini, yaxshilikka mukofot, yomonlikka jazo muqarrar ekanligini anglatadilar. Hech kimning ezgu ishlari zoe’ bo‘lmaydi, yomonliklariga esa uzr qolmaydi:

رُسُلا مُبَشِّرِينَ وَمُنْذِرِينَ لِئَلا يَكُونَ لِلنَّاسِ عَلَى اللَّهِ حُجَّةٌ بَعْدَ الرُّسُلِ وَكَانَ اللَّهُ عَزِيزًا حَكِيمًا

«Payg‘ambarlar kelgandan keyin odamlar uchun Allohga qarshi hujjat bo‘lmasin deb payg‘ambarlarni xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib  yubordik. Alloh qudrat va hikmat sohibidir». (Hiso, 165 ) 

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:13:15

Alloh taolo oxiratda hech bir bandasini beayb va besabab jazolamaydi. Shuningdek, o‘zining mavjudligini va yagonaligini bildirmay turib: «Meni nega tanimading, nega menga itoat va ibodat qilmading?» - deb qahr qilmaydi. Bu haqda Alloh shunday marhamat qiladi:

وَمَا كُنَّا مُعَذِّبِينَ حَتَّى نَبْعَثَ رَسُولا

«To payg‘ambar yubormagunimizcha (biror kimsani) azoblovchi bo‘lmadik». (Isro, 15.)

Payg‘ambarlar Parvardigor tomonidan o‘zlariga yuklatilgan bu muhim vazifani bajarishda, ularga berilgan g‘ayritabiiy xususiyatlardan foydalanadilar.

Payg‘ambarlardagi bunday g‘ayritabiiy xususiyatlar «mo‘‘jiza» deyiladi. Payg‘ambarlik ana shu mo‘‘jizalar bilan tushuniladi. Payg‘ambar bo‘lmagan odam bunday mo‘‘jizalardan yiroqdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  29 Yanvar 2009, 17:13:39

Qur’oni karimda va Payg‘ambarimizning hadislarida mo‘‘jizalar «oyat» va «burhon» deyiladi. Alloh taolo tabiat qonunlarini qanday yaratgan bo‘lsa, g‘ayritabiiy hollarning qonunlarini ham shunday qudrat va iroda bilan yaratgan. Biz g‘ayritabiiy hollarning sabablarini bilolmaymiz. Chunki, u g‘ayb ilmidir. Buni faqat payg‘ambarlargina bilishadi, tushunishadi. Ular insonlarning bilmaganini biladilar, ko‘rmaganini ko‘radilar, eshitolmaganini eshitadilar.

Moddalar olamini o‘zgarmas qonunlarga bog‘lab qo‘ygan Alloh taolo payg‘ambarlarini quvvatlantirmoq, ularni yanada sharaflantirmoq uchun tabiat hodisalariga ham o‘zgartirish kiritishi mumkin. Shu maqsadda U tabiat hodisalarining sabablarini ham, ta’sirini ham yo‘qotishi mumkin. Masalan, olov kuydiruvchi xossaga ega bo‘lgan bir modda bo‘lishiga qaramay, Allohning qudrati bilan Ibrohim (a.s.)ni yondirmadi, unga ta’sir o‘tkazolmadi. Suv tabiatan suyuq modda bo‘lishiga qaramay, Fir’avndan qochib borayotgan Muso (a.s.) va qavmlariga yo‘l ochib, ikki tomonda tepalik hosil qilib, qotib turdi.

Mo‘‘jizalar ko‘rinishdan tabiat qonunlariga ziddir. Har handay kishining ham bu narsaga aqli yetavermaydi. Lekin mo‘‘jizalar bor va haqiqatdir.

Qayd etilgan