Insonlar balandlik joylarni tanlab olib, xuddi dunyoda abadiy yashaydigandek, u yerga behisob mablag‘ni sarflab, salobatli imoratlarni soladilar. Bu imoratlarda xotirjam va rohatda uzoq umr yashamoqni orzu qiladilar. Ammo bu orzu ko‘pam amalga oshavermaydi.
Birinchidan, shunday imorat-qasrni barpo qilish uchun katta mablag‘ni topish lozim bo‘ladi. Buning sa’yu harakatida inson rohatini ham, sog‘ligini va yoshligini ham yo‘qotadi. Ko‘p hollarda bunday katta mablag‘ni topishda harom aralashib qoladi, jinoyatga qo‘l uriladi. Qasr-binolar rohatxona emas, musibatxonaga aylanadi.
Ikkinchidan, insonning hozirgi davrdagi umri juda qisqa bo‘lib, imoratdan foydalanib, rohatda yashaydigan umri, uni bitirish uchun sarf qilgan umridan oz bo‘ladi.
Uchinchidan, umrini ham, boyligini ham dunyo imoratiga sarf qilib yuborib, oxiratda o‘ziga sadaqai joriya bo‘ladigan, borguncha jannatda qasr-bog‘larga aylanib turadigan ezguliklar imoratini solishga bo‘lgan imkoniyatini boy beradi.
Alloh taolo bu xitobni Hud payg‘ambarning qavmiga qilgan bo‘lsa ham, Qur’oni karimning barcha xitoblari Qiyomatgacha yashab o‘tadigan insonlarga, ya’ni bizlarga hamdir.