Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232093 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 ... 44 B


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:24:26

Ayyub (a.s.)ning kasallari shu darajada og‘ir ediki, go‘shtlari chirib, to‘kilib  ketgan, faqat suyaklari va paylarigina qolgan edi. Ayyubning xotinlari qum olib kelar va qoq suyakning ostiga to‘shardi. Rahimaning eriga juda rahmi kelganidan, bir kuni: «Rabbingizga duo qilsangiz, sizga o‘zi shifo berardi» - dedi. Shunda Ayyub (a.s.): «Axir yetmish yil ne’matda va farovonlikda yashadim. Alloh uchun men ham yetmish yil azob cheksam, bu juda oz-ku!» - dedilar. Buni eshitgan Rahima biroz og‘ringan bo‘lsa-da, erining xizmatida astoydil davom etdi.

Ahli kitoblarning rivoyat qilishicha, odamlar Ayyubni shahardan tashqariga axlatxonaga chiqarib tashlashdi. Chunki, u yara-chaqaning ko‘pligi va og‘irligidan sasib ketgan edi. Hamma undan yuz o‘girgan, faqat xotini Rahimagina avvalgi yaxshi kunlarini qadrlab, eriga vafo va sadoqat bilan xizmat qilardi. Molining va xizmatkorlarining hisobiga yetib bo‘lmaydigan Ayyub shunday qashshoqlashib ketdiki, Rahima birovlarning uyida xizmatkorlik qilib, topgan puliga Ayyub (a.s.) uchun taom sotib olardi.

Nihoyat odamlar, erining kasalini yuqtirib qo‘yadi, deyishib Rahimani ishga ham aytmay qo‘yishdi, undan ham hazar qiladigan bo‘lishdi. Nochor qolgan vafodor xotin bir o‘rim sochini tagidan qirqdirib boylardan birining qiziga sotdi va puliga Ayyub uchun yegulik taomlar oldi. Ayyub (a.s.) taomni nari surib, buni qaerdan olganini so‘radi. Rahima, bu taomni odamlarning uyida ishlab topgan pulga olganligini aytdi. Ertasi kuni ham uni hech kim ishga aytmadi. Nochorlikdan ikkinchi o‘rim sochini ham qirqtirib, bir boyning qiziga sotdi va puliga Ayyub uchun taom sotib oldi. Ayyub (a.s.) bugun ham taomni yemasdan surib qo‘ydilar va uni qaerdan olganini xotinlaridan so‘radilar. Rahima, eriga taomni bemalol yeyishini, qaerdan olganini esa albatta tushuntirishini qasam ichib aytdi va ro‘molini olib, boshini ochib ko‘rsatdi. Ana shundagina Ayyub (a.s.): «Parvardigorim, menga musibat yetishdi. O’zing rahmlilarning rahmlirog‘isan» - deb duo qildilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:25:37

Abdulloh ibn Ubayd ibn Umayr aytadi: «Ayyub  (a.s.)ning ikki yaqin birodarlari bor edi. Boshqalar yuz o‘girib ketgan bo‘lsa ham, ikkovi kelib, Ayyubdan xabar olib turishardi. Bir kuni kelishib, Ayyubning yaqiniga borolmasdan, uzoqdan salomlashishdi-da, keyin o‘zaro gaplashishib, biri ikkinchisiga dedi: «Agar Alloh taolo Ayyubni yaxshilar qatoriga qo‘shganda, uni bunchalik og‘ir kasalga mubtalo qilmasdi»  - dedi. Bu gap Ayyubning quloqlariga yetib, qattiq ranjidilar va Allohning huzuriga iltijo qildilar: «Ey, parvardigor, men biror odamning ochligini bila turib, o‘zim to‘q yotmaganimni  bilsang, meni tasdiq etgin!». Osmondan uni tasdiqlagan ovoz keldi va bu ovozni ikki birodari ham eshitdi.

«Ey, parvardigorim, muhtoj-yalang‘och odamni bilganim holda, o‘zim ikkita kiyim kiymaganimni bilsang, meni tasdiq etgin!». Osmondan tasdiq ovozi keldi va bu ovozni ikkovi ham eshitdi. Keyin Ayyub: «Ey parvardigorim, sening aziz zotingdan najot so‘rayman, agar mendan bu baloni aritmas ekansan, men boshimni abadiy ko‘tarmayman!» - dedilar va sajdaga bosh qo‘ydilar. Alloh taolo barcha dardlaridan xalos qildi».

Anas ibn Molik (r.a.) shunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «Allohning payg‘ambari Ayyubning sinovi o‘n sakkiz yil davom etdi. Ayyubning yaqinlari ham, uzoq tanishlari ham undan yuz o‘girishdi. Faqat doim Ayyubning yoniga chopadigan ikki qadrdonlarigina kelib-ketib, xabar olib yurishardi. Ularning biri ikkinchisiga dedi: «Bilasanmi, nima uchun o‘n sakkiz yildan buyon Alloh Ayyubga najot bermayapti, chunki u kechirilmaydigan katta gunoh qilib qo‘ygan, shuning uchun Alloh unga rahm qilmayapti» - dedi. Sherigi bu gapni sir saqlay olmasdan, Ayyubga aytib qo‘ydi. Ayyub (a.s.) qattiq iztirobga tushdilar va: «Nima deyapsan?! Alloh biladi, men bir kuni ikki kishining janjallashayotganini eshitdim. Ular tinmay Allohning nomini tilga olishardi. Men ularga, Allohning nomini faqat haq bo‘lsanggina tilga ol, deb tanbeh bergan edim. Keyin uyga kelib, qilgan ishimga pushaymon yedim va kafforat berdim. Bundan boshqa xato qilganimni bilmayman» - dedilar. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. 205-6et.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:26:32

Ayyub (a.s.) agar hojatga chiqmoqchi bo‘lsalar, Rahimaning yetagida chiqar edilar. Bir kuni zarur bo‘lib, xotinlarini chaqirdilar, ammo u kelavermadi. Alloh taolo shu onda Ayyub (a.s.)ga vahiy yuborib:

«Oyog‘ing bilan ostingdagi yerni tepgin! «Mana shu muzdek ichiladigan va cho‘miladigan suvdir» - deb xitob qildi. Ayyub (a.s.) ichkiyu tashqi kasalliklaridan shifo topib, avvalgidan ham sog‘lomroq va go‘zalroq insonga aylandilar.

Birozdan so‘ng Ayyub (a.s.)ning xotinlari kelsa, nihoyatda xushro‘y va sog‘lom bir kishi o‘tiribdi. Undan shu yerda yotgan kasal mubtalo erining qayoqqa ketganini so‘radi: «Baraka toping! Shu yerda yotgan mubtalo payg‘ambarni ko‘rmadingizmi? Allohga qasamki, siz erimning sog‘lik vaqtidagi qiyofasiga juda o‘xshar ekansiz!» Ayyub (a.s.): «Men Ayyubning o‘ziman» - dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:27:41

Ibn Abbos (r.a.) shunday rivoyat qiladilar: «Alloh taolo Ayyub (a.s.)ga jannat libosidan kiydirdi. U kishi o‘rinlaridan turib bir chekkaga borib o‘tirdilar. Rahima kelib, o‘z erini tanimadi va: «Ey, Allohning bandasi, shu yerda yotgan kasal qayoqqa ketdi? Uni itlar yoki bo‘rilar tortib ketmadimikin?!». Ayyub (a.s.) xotinlariga: «Ey, sho‘ring qurg‘ur, men axir Ayyubning o‘ziman-ku!» - dedilar. Xotin taajjublanib: «Ey, Allohning bandasi, siz meni masxara qilyapsizmi?» - dedi. Ayyub (a.s.) takroran: «Axir men Ayyubman-ku! Alloh menga asli jasadimni qaytarib berdi» - dedilar. Ibn Abbos aytadilarki, Alloh taolo Ayyub (a.s.)ga sog‘lik bilan birga mol-dunyolarini, avlodlarini va a’yonlarini ikki barobar qilib qaytarib berdi.

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytdilar:

«Alloh taolo Ayyub (a.s.)ga shifo bergandan keyin, osmondan tilla chigirtkalarni yomg‘ir qilib yog‘dirdi. Ayyub (a.s.) ulardan birini olib liboslariga taqib oldilar. Alloh taolo u kishiga: «Ey, Ayyub! Dunyoga haliyam to‘ymadingmi?» - deb xitob qildi. Ayyub (a.s.): «Ey Robbim, sening rahmatingga kim to‘yibdi?!» - dedilar. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. 206-6et.)   

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:31:00

Ayyub (a.s.)ga yetgan kasalliklar va og‘riqlar ahli kitoblar tomonidan haddan ortiq bo‘rttirib ko‘rsatilgani ba’zi mufassirlarning ta’nasiga va inkoriga sabab bo‘lgan. Masalan: ustoz Ahmad Mustafo Al-Marog‘iy o‘zining «Tafsirul-Marog‘iy» kitobida shunday deydi:

«Ayyub (a.s.)ga yetgan kasallikning odamlar nafrat qiladigan va uni shahardan tashqariga, axlatxonaga chiqarib tashlaydigan darajada bo‘lishi, undan barcha yaqinlar yuz o‘girishib, faqat xotini Rahimagina uning oziq-ovqatidan xabar olib turishi to‘g‘risidagi rivoyatlar yolg‘on isroiliy rivoyatlardan bo‘lib, bu rivoyatlarning barchasini yolg‘on deb e’tiqod qilish vojibdir. Chunki, mazkur rivoyatlarning rostligini quvvatlovchi sahih sanadlar mavjud emas.

Buning ustiga Allohning payg‘ambarlari bunchalik darajada hamma jirkanadigan va axlatxonaga chiqarib tashlanadigan kasalliklarga mubtalo bo‘lishi mumkin emas. Agar shunday bo‘lsa, payg‘ambar o‘z ummatiga aralasholmay qoladi va shariat hukmlarini ularga yetkazolmay qoladi». (Afif Abdulfattoh Tabbora.  Ma’al-anbiyo fil-Qur’onil Ka¬rim. Lubnon. 209-bet.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:31:26

Ammo biz ahli kitoblarning rivoyatlarigagina emas, balki Ayyub (a.s.) haqlarida qissa qilingan Qur’oni karim oyatlariga e’tibor qilsak, ustoz Marog‘iyning ta’nalari o‘rinsiz ekanligining guvohi bo‘lamiz. Chunki, Alloh taolo Ayyub (a.s.)ning jismlariga qattiq zarar yetganini, unga uzoq muddat sabr qilib, keyin alam jonlaridan o‘tgandan keyin, Allohga iltijo qilganlarini, Alloh bu iltijoli duoni mustajob qilib, Ayyub (a.s.)ga oyoqlari ostidan shifobaxsh suv chiqarib berganini va undan ichib, cho‘milganlaridan keyin jismlaridan dard-alam chiqib ketganini hikoya qilib beradi.         

Bir kun Ayyub (a.s.)ning xotinlari ko‘chada bir tabibni uchratib qoldi. Uni Ayyub (a.s.)ni davolatish uchun uyga boshlab keldi. Tabibning odam qiyofasidagi iblis ekanini payqab qolib, Ayyub (a.s.) uni boshlab kelgan xotinlariga g‘azab qildilar va: «Eson-omon tuzalsam, seni yuz darra uraman!» - deb qasam ichdilar.

Ba’zi olimlarning fikricha, Rahima eridan so‘ramasdan soch o‘rimlarini sotgani uchun, Ayyub (a.s.) uni yuz darra urishga qasam ichgan edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:34:21

Muhammad Jodul Mavloning «Qur’on qissalari» kitobida buning sababi quyidagicha keltirilgan. (Rivoyat qisqartirib berildi.) 

«Ayyub (a.s.)ning fazilatlari farishtalar o‘rtasida maqtab zikr qilindi. Ular aytardilar: «Bugunki kunda Yer yuzida Ayyubdan boshqa yaxshiroq odam yo‘q. U e’tiqodli mo‘min, seribodat muttaqiydir. Uning rizqini ham Alloh taolo kengaytirib berib qo‘ygan, umrini uzoq qilgan. Uning molidan boyu kambag‘al bahramand, kecha-kunduz Allohga uning ne’matlari uchun shukr etib, ibodat qiladi».

Farishtalarning bunday maqtovidan Iblisning hasadi qo‘zg‘adi va Ayyubni yo‘ldan urib, amallarini botil qilishni istadi. Avval Ayyubning qalbiga vasvasa bilan fitna solishga urindi. Buning uddasidan chiqa olmagach, Allohning yaqiniga borib, unga ig‘vo qila boshladi.

«Ey, parvardigor, bandang Ayyub senga samimiy qalb bilan ibodat qilayotgani yo‘q. Sen unga behisob boylik, beadad farzandlar, obro‘-martabalar berib qo‘ygansanki, u o‘shalardan ayrilib qolmaslik uchun senga mulozamat yuzasidan ibodat qilyapti. Agar uni ne’matdan ayirib, imtihon qilib ko‘rsang, itoati va ibodati samimiy emasligining guvohi bo‘lasan» - dedi.

Alloh taolo unga javoban: «Shubhasiz Ayyub, imoni tama’dan yiroq bo‘lgan, muxlis bandadir. U menga martaba va mol-dunyosini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, tama’ning tasirida ibodat qilmaydi, balki u ibodatning haqqini bilgani uchun menga ibodat qiladi, zikrning haqqini bilgani uchun mening zikrimni qiladi.

Unday solih payg‘ambarimning haqida sen mal’un yomon fikrda bo‘lmasliging uchun, senga ijozat beramanki, barcha lashkarlaringni yig‘ib, uni istaganingcha sinab ko‘r! Ayyubning moliyu zurriyoti  hukmini senga berdim, ishonchim komilki, uning e’tiqodidan zarracha qaytarolmaysan, uning imonini zarracha bo‘shashtirolmaysan, bilganingni qil, keyin uning sabrini qanday ekanligiga, ibodatlardan biror maqsad va g‘arazni iroda qilmayotganiga o‘zing shohid bo‘lgin va tan bergin!» - dedi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:34:42

Iblis qattiq sa’y-harakat qilib, Ayyub (a.s.)ni vasvasa qilib ko‘rdi, niyatiga yetmagandan keyin, Ayyubning oilasi va avlodlari yashaydigan saroyni zilzila bilan vayron qildi. Saroyda farovon, shohona yashayotgan uning barcha zurriyotlari saroy vayronalari ostida qolib  halok buldi.

Iblis inson qiyofasida Ayyub (a.s.)ning oldilariga kelib, hamdardlik bildirgan bo‘ldi va Alloh uning shuncha qilgan ibodatlarini rioyasini qilmaganiga, balki bu ibodatlar butunlay qabul etilmaganiga ishora qildi.

Ayyub (a.s.) oila va farzandlariga achinib yig‘lagan bo‘lsalar-da, bu hodisa Allohning sinovi ekanligini aytib: «Bu ne’matlarni Alloh bergan edi, yana qaytarib oldi, uning berganiga ham, qaytib olganiga ham, uning g‘azabiga ham, roziligiga ham beadad shukrlar bo‘lsin!» - dedilar va yana astoydil ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldilar.

Iblis Ayyub (a.s.)ning mol va avlodlaridan ajralib ham qattiq ibodatdan to‘xtamagani va Allohga bo‘lgan imoni zaiflashmaganini ko‘rib, uni ibodatdan mahrum etish maqsadida jismlariga bedavo va qattiq alamli dardni yuqtirdi. Biroq, Ayyub  (a.s.)ning alamlari qancha ziyoda bo‘lsa, shukrlari shuncha ko‘p va iltijoli bo‘ldi.

Iblis nima qilmasin, Ayyubning imonlari ziyoda, shukrlari behad ko‘p bo‘lib, Alloh oldida mulzam bo‘lgandan keyin, o‘zining maslahatchi shaytonlarini kengashga chaqirdi. Ulardan biri: «Ey, boshlig‘imiz, sening o‘tkir hiylalaring, tadbirkorliging qaerda qoldi. Ayyubga shuncha zarar yetkazib, uning imoniga ta’sir o‘tkazolmading-ku! Odam va Havvoni vasvasa bilan qanday qilib jannatdan chiqargan eding? Shu usulni Ayyubga ham qo‘llab ko‘r, shoyad foyda bersa!» - dedi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:35:56

Iblis: «Odamni jannatdan chiqarishda, uning xotini yordam bergan edi. Sen juda to‘g‘ri fikr aytding», - dedi va odam qiyofaga kirib, Ayyubning xotini yoniga bordi. Uni vasvasa qilib, diliga biroz shubha soldi.

Ayol Ayyub (a.s.)ning oldilariga borib, hayotidan noliy boshladi: «Ey, Ayyub! Sening rabbing qachongacha senga azob beradi, davlating, obro‘ying, bola-chaqang, do‘stlaring, yoshliging qayoqqa ketdi? Bu alamli kunlarning nihoyasi bormi? Boshimizga kelgan bu musibat qachon tugaydi?!»

Ayyub (a.s.) xotinlaridagi bunday o‘zgarishni sezib: «Ey, xotin! Seni shayton yo‘ldan uribdi, imoningni zaiflashtiribdi, qalbingni tor qilibdi, agar eson-omon tuzalsam, qasam ichib aytamanki, seni yuz darra o‘z qo‘lim bilan uraman!. Bugundan boshlab sening qo‘lingdan taom yeyishni, seni biror ishga buyurishni o‘zimga harom qildim! Menga Allohning o‘zi biror hukm yubormagunicha mening oldimdan ket!» - dedilar.

Yolg‘iz qolgan Ayyub (a.s.)ning dard-alamlari ziyoda bo‘lib, Allohga astoydil iltijo va tazarru’ bilan duo qildilar:
«Parvardigorim, menga musibat yetishdi. O’zing rahmlilarning rahmlirog‘isan».

Alloh taolo Ayyub (a.s.)ning duolarini ijobat qildi, oyoqlari ostidan shifo bulog‘ini chiqarib berdi. Bu suvdan ichib, badanlarini yuvishlari bilan ichkiyu tashqi kasalliklari shifo topdi va avvalgidan ham xushsurat odamga aylandilar.

Ayyub (a.s.)ning xotinlari ham borgan joyida xotirjam bo‘lolmadi. Eriga shuncha yil xizmat qilib, oxirida uning dilini og‘ritib qo‘yganligi uning oromini yo‘qotdi. Chunki, eri bilan sakson yil rohat-farog‘atda yashab, qancha shodlik kunlarini birga o‘tkazgan edi. Endi erining boshiga biroz musibat tushganda yuziga solishi, avval qilgan xizmatlarini ham ta’na bilan yo‘qqa chiqarishi aqldan emasligini tushundi va erining yoniga qaytdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, nochor va mubtalo erining o‘rnida yosh, go‘zal, sog‘lom bir yigit turardi. Avval tanimasdan biroz taajjubga tushdi. Keyin aql-hushini yig‘ib, bu yigit o‘z eri Ayyub (a.s.) ekanliklarini bildi va Allohning qudratiga tan berib, marhamatiga shukronalar aytib, o‘z erini bag‘riga bosdi». (Muhammad Jodul Mavlo. Qur’on qissalari. Bayrut. 2000 y. 192-198-6et.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 15:37:03

Alloh taoloning o‘zi Rahimani yuz darra azobdan xalos etish, Ayyub (a.s.)ning qasamlarini ham buzdirmaslikni iroda qildi va shunday buyurdi:

وَخُذْ بِيَدِكَ ضِغْثًا فَاضْرِبْ بِهِ وَلا تَحْنَثْ إِنَّا وَجَدْنَاهُ صَابِرًا نِعْمَ الْعَبْدُ إِنَّهُ أَوَّابٌ

«Yana biz Ayyubga aytdik: «Qo‘lingga bir bog‘ (novda)ni olib, u bilan xotiningni urgin — qasamingni buzmagin. Darhaqiqat, Biz (Ayyub)ni sabr qiluvchi deb topdik. U naqadar yaxshi bandadir!». (Sod, 44.) 

«Ayyub payg‘ambar qadimdan sabr-toqat bobida mashhuri jahon bo‘lib, bu fazilati zarbul-masalga aylanib ketgan. Zero, u shaytonning hasadiga javoban Allohning yuborgan barcha musibat va dardlariga bardosh bergan, shikoyat qilmagan. Bu ishlarning ajrini yorug‘ dunyoda qisman olishga muyassar bo‘lgan». (Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. Toshkent. 2001. 329-6et.)

Hazrat Ayyubning amakisi Bohiyl Horon viloyatining hukmdori edi, lekin Allohga emas, butga sajda qilardi. Ayyub (a.s.)ning qayta-qayta da’vatlaridan so‘ng Alloh uni imon ne’mati bilan siyladi.

Ibn Jarir va boshqa tarixchilarning yozishicha, Ayyub (a.s.) to‘qson uch yoshlarida vafot etdilar. Ba’zilar undan ham ko‘proq umr ko‘rganini aytganlar.

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Ayyubni shu nom bilan atalishlariga sabab, u kishi har qanday holda ham Allohga yolvorib, ibodat qilganlari va shukr aytganlari uchundir». (Afif Abdulfattoh Tabbora.  Ma’al-anbiyo fil-Qur’onil Karim. Lubnon. 208-6et.)

Qayd etilgan