Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 231815 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 44 B


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:08:31

Ayyub (a.s.) qissalaridan dars va ibratlar

Alloh taolo Ayyub (a.s.)ni juda qattiq sinovga duchor etdi. Hayoti davomida erishgan obro‘si, mol-dunyosi va bola-chaqasidan butunlay ayrilgani yetmasdan, unga alamli og‘ir dard ham berildi. Bu sinov muddati juda uzoq davom etdi. Nihoyat, Ayyub (a.s.)ning sabr-toqatlari, Allohdan noumid bo‘lmasdan, unga ibodatda bardavom bo‘lishlari, imonlarining zanglamasdan, zarracha darz ketmasdan, aksincha avvalgi ne’matni shukriga shu azob barobar evaz bo‘larmikan, degan fikrga borib, azobdan zavq olishlari natijasida yana Allohning marhamatiga erishdilar va asl hollariga qaytdilar. Mazkur qissada ham kitobxon uchun muhim ibratlar bor:

1. Musibatlar insonning baxtsizligiga dalolat qilmaydi. Inson hayoti davomida turli musibatlar, sinovlar, kasalliklar va omadsizliklarga uchraydi. Bu narsa (ko‘pchilik o‘ylaganidek) uning qilgan biror yomon ishi evaziga ko‘rgilik emas, erishgan ketma-ket muvaffaqiyatlari ham, uning yaxshiligiga berilayotgan mukofot emas. Chunki, bu dunyo qilmishiga yarasha jazolanadigan joy emas, balki oxiratga zaxira tayyorlaydigan maydondir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu haqda: «Dunyo oxiratning ekinzoridir», - deganlar. Bu dunyoda qilingan yaxshilikni ham, yomonlikni ham mukofot yoki jazosini Alloh taolo oxiratda beradi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:09:38

Agar bu dunyoda yaxshi va mo‘min odamga faqat yaxshilik bo‘lganda, yomon va kofir odamga faqat yomonlik berilganda edi, dunyoda yomon odam qolmasdi, hech kim Allohni inkor etmasdi, kofir bo‘lmasdi.

Aksincha, dunyo oxirat ekinzori bo‘lgani va inson yaxshilik bilan ham, yomonlik bilan imtihon etib sinalgani uchun, yaxshi odamlarning ham, yomon odamlarning ham oralarida azoblanayotganlar, ishi yurishmayotganlar, omadsizlar, falokatlarga yo‘liqqanlar bor. Ular orasida rohatda yashayotganlar, maqsadiga erishayotganlar, boy-badavlatlar, omadlilar borki, bu sinovlar hali ularning qaysi birlari baxtli, qaysi birlari baxtsiz ekanligini aniqlash va hukm chiqarish uchun imkon bermaydi. Har ikki toifa uchun har ikki holat shunchaki bir sinovdir. Alloh taolo shunday deydi:

وَنَبْلُوكُمْ بِالشَّرِّ وَالْخَيْرِ فِتْنَةً وَإِلَيْنَا تُرْجَعُونَ


«Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. Keyin faqat Bizgagina qaytarilursizlar». (Anbiyo, 35.)

Hattoki bunday sinovlar payg‘ambarlar ustilarida ko‘proq va qattiqroq bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: «Odamlarning eng qattiq sinovga uchraydiganlari payg‘ambarlardir. Ulardan so‘ng avliyolar, ulardan keyin esa pastroq darajadagi odamlar. Har bir inson imonining darajasiga muvofiq imtihon etiladi. Imoni salobatli kishining sinovi ham ortib boradi».


Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:11:47

Har bir inson darajasi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, Allohning sinovlariga imoni bilan bardosh bersa, sabr qilsa, uning musibati muvaffaqiyatga almashadi. Sabrining natijasi esa oxirat uchun zaxira bo‘ladi. Qiyinchilik va musibatlarga sabr qilish hamma payg‘ambarlar va ularning ummatlari uchun, shuningdek, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) va ummatlari uchun ham maqtov hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida shunday degan:

وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الأمْوَالِ وَالأنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ (١٥٥)الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ (١٥٦)أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

«Shunday xolatlarda sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat yetganda: «Albatta, biz Allohning mulkimiz va albatta, biz Uning sari qaytuvchilarmiz», - deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salovot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir». (Baqara, 155-157.) 

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham ummatlarini doim sabrga chorlaganlar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: «Sabr imonning yarmidir».

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: «Kim o‘zini sabrga o‘rgatsa, Alloh unga sabr ne’matini beradi. Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq ne’mat berilmagan».

Arablar maqolida shunday deyiladi: «Sabr nusratga yetkazuvchi vositadir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:13:11

2. Nusrat faqat Allohdandir. Qissada bayon etilishicha, Ayyub (a.s.)ning musibatdan avvalgi hayotlarida seribodat bo‘lganlari, ertayu kech Allohga iltijo va duoda bo‘lganlari, Alloh taolo esa bu bandasini barcha ne’mat bilan siylagani, bunga shaytonning hasadi va adovati qo‘zg‘ab: «Ayyub (a.s.)ning bunday ibodatda mustaqim turishlariga ne’matlar sababchidir. Agar bu ne’matlardan judo bo‘lsa, ibodatdan ham yuz o‘giradi», - deb Ayyub (a.s.)ning boshlariga shunchalik musibat tushishiga sabab bo‘ldi. Ammo qissadan shu narsa ayon bo‘ldiki, Ayyub (a.s.)ning ko‘p ibodat qilishlari ne’matlar tufayli emas, balki, imonlarining mustahkamligi tufayli ekan. Musibatlar ketma-ket yog‘ilsa ham, uzoq muddatga cho‘zilsa ham, Ayyub (a.s.)ning imonlari yanada quvvatlandi, ibodatlari yanada samimiylashdi va iltijolari qattiq bo‘ldi. Natijada, Allohning marhamatiga erishdilar, shayton esa noumid bo‘ldi.

Bundan xulosa shuki, islom ibodatiga yangi kirgan kishilar, agar biroz ishlari yurishmay qolsa yoki biror dindor kishidan kamchilik sodir bo‘lsa, darhol Alloh bilan urushib: «Men namoz boshlaganimdan keyin ishim yurishish o‘rniga teskarisi bo‘ldi», - deb yoki «falonchi namozxon bo‘lib turib ayb ish qildi, bor men namozxon bo‘lmayman», - deb Allohdan yuz o‘girib ketuvchilarga bu qissada katta ibrat bor. Alloh taolo faqat O’zini degan va:

إِيَّاكَ نَعْبُدُ وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ

«Yolg‘iz O’zinggagina ibodat qilaman va yolg‘iz O’zingdangina yordam so‘rayman», (Fotiha, 4.) - degan bandalarini hech qachon tashlab qo‘ymaydi va dunyoda ham oxiratda ham xor qilmaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:13:47

3. Har bir dardning davosi bor. Alloh taolo Ayyub (a.s.)ning duolarini ijobat qilganidan keyin, oyoqlari bilan yerni tepish va shu yerdan chiqqan buloq suvi bilan yuvinib va ichib poklanishni buyurdi. Alloh taolo busiz ham payg‘ambari jismidagi kasallikni yo‘q qilib, o‘sha ondayoq aslilariga qaytarishga qodir edi. Kasallikka davo istashni, uni topib, iste’mol qilib, shu sabab bilan shifolanishni payg‘ambariga buyurdi. Demak, har qanday bemor ham, o‘z kasalining shifosini Allohdan so‘rash bilan birga, uning sababiga kirishishi, davosini qidirishi lozim. Ko‘p davolash vositalari orasidan qaysi birini sabab qilish esa Allohga havola. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday dedilar: «Turli usullar bilan davolaninglar, sihhat topasizlar!»

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:14:51

4. Sizlarning eng yaxshilaringiz oilasiga yaxshi munosabatda bo‘luvchilaringizdir. Ayyub (a.s.) obro‘lari yaxshi, mol-dunyolari serob, tan-jonlari salomat paytlarida ayollariga yaxshi munosabatda bo‘ldilar, mehribonlik qildilar. Yaxshi yedirib, yaxshi kiyintirdilar. Boshlariga musibat tushganda esa, ayollari ham yaxshilikni qaytarib, hamma tashlab ketsa ham, u tashlab ketmadi, vafodorlik qildi, juda mehribonlik bilan kasalni boqdi. Bu narsa barsa musulmonlarga ham ibrat. Insonning omadini kelib, ishini yurishib turishi har qachon ham bir xil bo‘lmaydi. Shuning uchun omadli paytlarda oilada ham, hamkasblar orasida ham har bir qadamni o‘ylab bosish kerak bo‘ladi. Manmanlik, oilaga xiyonat, ayollarga yomon munosabat va minnat qilishdan uzoq bo‘lish kerak. Alloh taolo Qur’on oyatlarida «Umr yo‘ldoshingizga yaxshilik qiling» (Niso, 36.) degan.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham o‘zlari ayollariga yaxshi munosabatda bo‘lish bilan birga, ummatlarini ham shunga da’vat qilganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:15:52

Ayyub (a.s.)ning qissalarida ayollar uchun ham yaxshi ibrat bor. Ayyubning xotinlari erining omadi ketgan paytda ham sabr-matonat bilan unga qaradi, vafo qildi. Eri bilan o‘tkazgan baxtli onlarni unutmadi va baxtsiz kunlarda undan jirkanmadi va yuz o‘girmadi. Natijada, Allohdan mukofotini oldi, ya’ni avval yo‘qotgan baxti, farovonligi qaytib keldi. Buning ustiga qo‘shimcha «payg‘ambarning soliha xotini» mavqe’ini saqlab qoldi, oxiratda payg‘ambar bilan jannatga kirish baxtiga ega bo‘ldi. Sadoqatli ayolning xolis xizmatini Alloh taqdirlab, uni jazodan O’zi qutultirdi:

«Yana biz Ayyubga aytdik: «Qo‘lingga bir bog‘ (novda)ni olib, u bilan xotiningni urgin — qasamingni buzmagin».

Yoshlik, sog‘lik, mansabdorlik va omadli paytlarida erlari bilan o‘ynab kulgan ko‘pgina ayollar bu qissadan o‘zlariga xulosa chiqarib olishlari lozim. Erining ishi orqaga ketganda, qariganda va kasal bo‘lganda uni mensimasdan xorlaydigan, o‘z holiga tashlab qo‘yadigan, xiyonat ko‘chasiga kirib ketadigan va unga tanbeh bergan eriga: «Men sendan nima ko‘rdim, endi o‘z bilganimni qilaman, bilganimcha yuraman!» - deydigan ayollar Ayyub (a.s.)ning xotinlari Rahimadan vafodorlikning va sabrning mukofoti nima bo‘lishini o‘rganib olsalar yomon bo‘lmas edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:18:15

2.15.  ZUL-KIFL (A.S.)

Ayyub (a.s.) vasiyatlarini o‘g‘illari Havmalga qoldirgan edilar. Havmaldan so‘ng esa, ikkinchi o‘g‘illari Bishr ibn Ayyub (a.s.) ota vasiyatini davom etdirdi.

Ko‘pchilik ulamolarning ittifoqlaricha, Bishr ibn Ayyub (a.s.) Zul-Kifl ismli payg‘ambardirlar. 

Alloh taolo Qur’oni karimning quyidagi oyatlarida Zul-Kiflni zikr qilgan:

وَإِسْمَاعِيلَ وَإِدْرِيسَ وَذَا الْكِفْلِ كُلٌّ مِنَ الصَّابِرِينَ (٨٥)وَأَدْخَلْنَاهُمْ فِي رَحْمَتِنَا إِنَّهُمْ مِنَ الصَّالِحِينَ

«Ismoil, Idris va Zul-Kiflni eslang. Barchalari sabr qiluvchilardandir. Biz ularni o‘z rahmatimizga doxil qildik. Darhaqiqat, ular solih zotlardandir». (Anbiyo, 85-86.)

وَاذْكُرْ إِسْمَاعِيلَ وَالْيَسَعَ وَذَا الْكِفْلِ وَكُلٌّ مِنَ الأخْيَارِ

«Yana Ismoil, al-Yasa’ va Zul-Kiflni eslang! Barchalari yaxshi kishilardandir». (Sod, 48.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:18:57

Ibn Jarir va Abu Najiyh Mujohid (r.a.)dan rivoyat qilishlaricha, Mujohid dedilar: «Al-Yasa’ payg‘ambar keksayib qolganlaridan keyin o‘z o‘rinlariga ishonchli vakil tayinlamoqchi bo‘ldilar va qavmni yig‘dilar-da, ularga dedilar: «Kim mendan uch omonatni: kunduzlari ro‘zador, kechalari namozxon va g‘azabini ichiga yutuvchi bo‘lishni qabul qilib olsa, uni o‘zimga xalifa qilaman».

Bir kishi ko‘zlaridan yosh quyilgan holda o‘rnidan turib: «Men!» - dedi. Al-Yasa’ unga: «Sen kunduzlari ro‘zador, kechalari namozxon bo‘lib, g‘azabingni ichingga yutasanmi?» - dedilar. O’rnidan turgan odamdan «Ha!» - degan javobni olib, uni qaytardilar.

Ikkinchi kuni ham jamoat orasida shu savol takrorlanganda, boshqalar jim turishdi, ammo kechagi odam yana o‘rnidan turib, o‘zini ro‘baro‘ qildi. Al-Yasa’(a.s.) o‘z o‘rinlariga shu odamni xalifa qildilar». (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 208-209-6et.)

Mazkur rivoyatning davomida Iblis bir necha bor al-Yasa’ning o‘rniga xalifa bo‘lgan odamning huzuriga kelib, uning g‘azabini keltirishga urinadi, lekin eplay olmaydi. Iblisga aldanmagan zotning nomini Alloh taolo Zul-Kifl deb ataydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  08 Fevral 2009, 17:19:38

Kinona ibn al-Axnas aytadi: «Men Abu Muso al-Ash’ariyning baland minbardan turib shunday deganini eshitdim: «Zul-Kifl payg‘ambar emas, bir solih odamdir. Uning davrida boshqa bir solih odam har kuni yuz bor namoz o‘qir edi. Solih odam vafot etgandan keyin, uning yuz vaqt namozini qoldirmay o‘qib yurishni o‘z bo‘yniga olgani uchun, Zul-Kifl deb nomlandi.

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyatlarida, Abu Umar aytadilar: «Men Rasululloh (s.a.v)dan bir hadis eshitdim, uni bir yoki ikki marta eshitgan bo‘lsaydim, sizlarga rivoyat qilmas edim, balki men bu hadisni yetti marta eshitganman. Al-Kifl Baniy Isroil qavmidan bo‘lib, taqvosiz, gunohdan qaytmagan odam edi. Uning oldiga bir ayol keldi. Al-Kifl ayolga oltmish dinor berib, uni zinoga ko‘ndirdi. Ikkovi yechinib, zinoni boshlash oldida, ayolni qattiq qaltiroq tutdi va yig‘lab yubordi. Al-Kifl sababini so‘raganda, ayol: «Men bunday ishni hech qilmagan edim. Muhtojlik meni shunga majbur etdi» - dedi va yana qattiqroq yig‘ladi.

Al-Kifl: «Sen ilgari bunday ishni qilmaganmi ding? Muhtojlik seni shunga boshladimi? Tur o‘rningdan! Dinorlar ham o‘zingga!» - dedi va o‘rnidan turib ketdi. Shu kundan boshlab al-Kifl ham hech qachon Allohga osiy bo‘lmaslikka ahd qildi va o‘sha kecha vafot etdi. Ertalab janozaga kelganlar uning uyi eshigida: «Alloh taolo al-Kiflni mag‘firat etdi!» - degan yozuvni ko‘rdilar». (O’sha manba. 209-6et.) 

Bu hadisning sahihligida muhaddislarning ixtilofi mavjud. Agar hadis sahih bo‘lganda ham, unda aytilgan odamning nomi «al-Kifl» bo‘lib, baniy Isroil qavmidan bo‘lgan biror odam bo‘lishi mumkin. Qur’onda nomlari payg‘ambarlar qatorida zikr etilgan kishi esa, Zul-Kifldirlar.

Qayd etilgan