Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 231900 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 B


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:09:25

Muso (a.s.) shogirdlari Yusha’ bilan yana izlariga qaytdilar va baliq suvga g‘oyib bo‘lgan joyda boshini mato bilan o‘rab olgan bir notanish odamni uchratdilar. Alloh aytadi:

فَوَجَدَا عَبْدًا مِنْ عِبَادِنَا آتَيْنَاهُ رَحْمَةً مِنْ عِنْدِنَا وَعَلَّمْنَاهُ مِنْ لَدُنَّا عِلْمًا

«Bas, bandalarimizdan bir bandani (Xizrni) topdilarki, Biz unga O’z dargohimizdan rahmat ato etgan va O’z huzurimizdan ilm bergan edik». (Kahf, 65.)       

Muso (a.s.) u kishiga salom berdilar. Xizr (a.s.) alik olganlaridan so‘ng Muso (a.s.): «Men Musoman» - dedilar. Xizr (a.s.): «Isroil avlodlarining payg‘ambari bo‘lgan Musomisiz?» - deb so‘radilar. Muso (a.s.): «Men xuddi o‘sha Musoman, sizdan ilm o‘rganish uchun keldim» - dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:11:36

قَالَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْرًا (٦٧)وَكَيْفَ تَصْبِرُ عَلَى مَا لَمْ تُحِطْ بِهِ خُبْرًا (٦٨)قَالَ سَتَجِدُنِي إِنْ شَاءَ اللَّهُ صَابِرًا وَلا أَعْصِي لَكَ أَمْرًا (٦٩)قَالَ فَإِنِ اتَّبَعْتَنِي فَلا تَسْأَلْنِي عَنْ شَيْءٍ حَتَّى أُحْدِثَ لَكَ مِنْهُ ذِكْرًا (٧٠)فَانْطَلَقَا حَتَّى إِذَا رَكِبَا فِي السَّفِينَةِ خَرَقَهَا قَالَ أَخَرَقْتَهَا لِتُغْرِقَ أَهْلَهَا لَقَدْ جِئْتَ شَيْئًا إِمْرًا (٧١)قَالَ أَلَمْ أَقُلْ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْرًا (٧٢)قَالَ لا تُؤَاخِذْنِي بِمَا نَسِيتُ وَلا تُرْهِقْنِي مِنْ أَمْرِي عُسْرًا

«U (Xizr) aytdi: «Aniqki, sen men bilan birga (ilm muammolariga) sabr qila olmaysan. (Zotan) o‘zing egallab xabardor bo‘lmagan narsaga qanday sabr qilursan?!» Xizr (a.s.) dedilar: «Ey Muso, Alloh taolo menga shunday ilmni bildirganki, uni sen bila olmaysan. Alloh taolo senga shunday ilmni bildirganki, uni men bila olmayman». (Muso) dedi: «Inshaalloh, sen mening sabrli ekanimni ko‘rursan. Men biror ishda senga itoatsizlik qilmasman». U (Xizr) aytdi: «Bas, agar menga ergashsang, to o‘zim senga aytmagunimcha, biror narsa haqida mendan so‘ramagin!» Xizr (a.s.) va Muso (a.s.) ikkovlari dengiz sohili bo‘ylab yo‘lga tushdilar va kema to‘xtab turgan joyga yetdilar. Kemachi bilan gaplashib, ikkovlari kemaga chiqqan edilar, Xizr (a.s.)ni tanib qolgan kemachi haq olmasdan aytgan joylariga olib borib qo‘yishga va’da berdi. «Bas, ikkisi yo‘lga tushdilar. To borib bir kemaga minishlari bilan (Xizr kemani) teshib qo‘ydi. (Muso) aytdi: «Odamlarni g‘arq qilish uchun uni teshdingmi?! Juda nojo‘ya ish qilding-ku!» U (Xizr) dedi: «Men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmaydi, demaganmidim?!» (Muso) aytdi: «Unutganim uchun meni ayblamagin va bu ishim sababli meni mashaqqatga duchor ham qilmagin». (Kahf, 67-73.)

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday dedilar: «Musoning avvalgi xatosi, ya’ni sabrsizlik qilishi unutish sababidan edi». Shuning uchun Xizr uzr-ma’zurni qabul qildilar. Shu onda bir chumchuq kemaning yoniga asta qo‘nib, dengiz suvidan tumshug‘i bilan bir qatra olib yuta boshladi. Xizr (a.s.) Muso (a.s.)ga chumchuqni ko‘rsatib: «Alloh taoloning ilmi oldida, uning sizga va menga o‘rgatgan ilmi dengizdan olingan chumchuqning tumshug‘idagi qatra miqdorichadir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:13:17

Ikkovlari sohil bo‘ylab yurishda davom etdilar va yo‘lda o‘rtoqlari bilan o‘ynab yurgan bir bolani uchratdilar. Xizr (a.s.) bolaning boshidan ushlab, uni uzib oldilar. Alloh aytadi: 

فَانْطَلَقَا حَتَّى إِذَا لَقِيَا غُلامًا فَقَتَلَهُ قَالَ أَقَتَلْتَ نَفْسًا زَكِيَّةً بِغَيْرِ نَفْسٍ لَقَدْ جِئْتَ شَيْئًا نُكْرًا (٧٤)قَالَ أَلَمْ أَقُلْ لَكَ إِنَّكَ لَنْ تَسْتَطِيعَ مَعِيَ صَبْرًا (٧٥)قَالَ إِنْ سَأَلْتُكَ عَنْ شَيْءٍ بَعْدَهَا فَلا تُصَاحِبْنِي قَدْ بَلَغْتَ مِنْ لَدُنِّي عُذْرًا (٧٦)فَانْطَلَقَا حَتَّى إِذَا أَتَيَا أَهْلَ قَرْيَةٍ اسْتَطْعَمَا أَهْلَهَا فَأَبَوْا أَنْ يُضَيِّفُوهُمَا فَوَجَدَا فِيهَا جِدَارًا يُرِيدُ أَنْ يَنْقَضَّ فَأَقَامَهُ قَالَ لَوْ شِئْتَ لاتَّخَذْتَ عَلَيْهِ أَجْرًا (٧٧)قَالَ هَذَا فِرَاقُ بَيْنِي وَبَيْنِكَ سَأُنَبِّئُكَ بِتَأْوِيلِ مَا لَمْ تَسْتَطِعْ عَلَيْهِ صَبْرًا

«So‘ngra yana yo‘lga tushdilar. To borib bir bolani uchratganlarida (Xizr) uni qatl etdi. (Buni ko‘rgan Muso) dedi: «Nahot birovni o‘ldirmagan bir begunoh jonni o‘ldirsang?! Haqiqatan sen xunuk ish qilding!» U (Xizr) dedi: «Senga men bilan birga sabr qilishga sira toqating yetmas, demaganmidim?!» Muso dedi: «Agar bundan keyin sendan biror narsa haqida so‘rasam, menga hamroh bo‘lmagin. Men tomondan o‘z (me’yori)ga yetgan bo‘lursan». So‘ngra ular yana yo‘lga tushdilar. To bir shahar ahlining oldiga kelib, ulardan taom so‘ragan edilar, ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Keyin o‘sha joyda yiqilay deb turgan bir binoni ko‘rishgach, (Xizr) uni tiklab qo‘ydi. (Muso) dedi: «Agar xohlasang, bu ishing uchun haq olishing mumkin edi». U (Xizr) aytdi: «Mana shu sen bilan mening ajrashimizdir. Endi men seni sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vilidan ogoh qilurman». (Kahf, 74-78.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:14:45

Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinishicha, Ibn Abbos (r.a.) va al-Har ibn Qays al-Fizoriy Muso (a.s.) bilan uchrashgan solih kishining kimligi xususida tortishib qoldilar. Ibn Abbos (r.a.) u kishini Xizr dedilar, al-Fizoriy esa boshqa odam derdi. Shu yerdan o‘tib ketayotgan Ubay ibn Ka’bni Ibn Abbos to‘xtatdilar va unga dedilar: «Men va sherigim ikkimiz Muso (a.s.) bilan uchrashgan solih kishi haqida tortishib qoldik. Siz shu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan biror so‘z eshitganmisiz?». Ubay ibn Ka’b Muso (a.s.) bilan uchrashgan solih kishi Xizr ekanliklarini Payg‘ambar (s.a.v.)dan eshitganlarini tasdiq etdilar.

Xizr (a.s.) Muso (a.s.)ga bo‘lib o‘tgan voqealarning sababini bayon etdilar:
   
أَمَّا السَّفِينَةُ فَكَانَتْ لِمَسَاكِينَ يَعْمَلُونَ فِي الْبَحْرِ فَأَرَدْتُ أَنْ أَعِيبَهَا وَكَانَ وَرَاءَهُمْ مَلِكٌ يَأْخُذُ كُلَّ سَفِينَةٍ غَصْبًا (٧٩)وَأَمَّا الْغُلامُ فَكَانَ أَبَوَاهُ مُؤْمِنَيْنِ فَخَشِينَا أَنْ يُرْهِقَهُمَا طُغْيَانًا وَكُفْرًا (٨٠)فَأَرَدْنَا أَنْ يُبْدِلَهُمَا رَبُّهُمَا خَيْرًا مِنْهُ زَكَاةً وَأَقْرَبَ رُحْمًا

«Kema xususiga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskinlarniki edi. Bas, men uni aybli qilib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Chunki ularning ortida barcha kemalarni tortib olayotgan podshoh bor edi. «Haligi bolaning esa, ota-onasi mo‘min kishilar edi. Bas, biz u bola tug‘yon va kufr bilan ularni qiynab qo‘yishidan qo‘rqdik. «Shu sababdan, ularga Parvardigorlari u boladan ko‘ra pokizaroq va undan ko‘ra mehribonroq (boshqa bolani) evaz qilib berishini istadik». (Kahf, 79-81.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:16:05

Xizr (a.s.) o‘ldirgan bolaning evaziga Alloh taolo qiz farzand bergani, bu qiz kelajakda ota-onasiga ko‘p mehribonlik qilib, xizmat qilgani va o‘zi ham soliha ayollardan bo‘lgani haqida Dovud ibn Abu Osim juda ko‘p muhaddislardan rivoyat qilgan. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. Dorul-manor. 296-bet.)

وَأَمَّا الْجِدَارُ فَكَانَ لِغُلامَيْنِ يَتِيمَيْنِ فِي الْمَدِينَةِ وَكَانَ تَحْتَهُ كَنْزٌ لَهُمَا وَكَانَ أَبُوهُمَا صَالِحًا فَأَرَادَ رَبُّكَ أَنْ يَبْلُغَا أَشُدَّهُمَا وَيَسْتَخْرِجَا كَنْزَهُمَا رَحْمَةً مِنْ رَبِّكَ وَمَا فَعَلْتُهُ عَنْ أَمْرِي ذَلِكَ تَأْوِيلُ مَا لَمْ تَسْطِعْ عَلَيْهِ صَبْرًا

«Endi devor esa, shu shahardagi ikki yetim bolaniki bo‘lib, uning ostida ular uchun bir xazina bor edi. Ularning otasi solih kishi edi. Bas, Rabbing ular voyaga yetib, Rabbingning rahmati bo‘lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu ishlarni o‘zimcha qilganim yo‘q. Mana shu sen sabr qilishga toqating yetmagan narsalarning ta’vilidir». (Kahf, 82.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:18:21

Suhayliyning fikricha, yetimlar Koshih ismli solih bir insonning ikki o‘g‘li Asram va Sarim edi.

Ikrima (r.a.) aytadi: «Devor tagidagi xazina xumga solingan tillo edi».

Ibn Abbos (r.a.)ning aytishlaricha, bu xazina tillo lavh bo‘lib, unga ilm yozilgan edi.

Abu Zar al-G’iforiy (r.a.) aytadilar: «Alloh taolo Qur’on oyatlarida keltirgan «kanz — xazina» tillodan yasalgan lavh bo‘lib, unda quyidagi hikmatli gaplar yozilgan edi: «Men taqdirga ishonib turib yana baland imoratlar qurgan odamdan taajjublanaman. Do‘zaxni eslab turib, yana kulgan odamdan taajjublanaman. O’limni eslab turib, yana g‘aflatda qolgan odamdan taajjublanaman. La ilaha illalloh, Muhammadun Rasululloh».

Xuddi shu mazmundagi rivoyat Hasan Basriy va Ja’far Sodiqlardan ham rivoyat qilingan.

Ulamolarning fikricha, Muso (a.s.) bilan muloqotda bo‘lgan va ikki yetimning molini saqlash uchun yiqilgan devorni qayta tiklagan solih kishi Xizr (a.s.) bo‘lib, ikki yetimning yettinchi otasi, ya’ni oltinchi bobosi edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:22:31

Xizrning shaxsiyati borasida turli fikrlar mavjud. Uni nabiy, rasul, valiy va podshoh deganlar ham bor.

Ibn Jarirning aytishicha, Ahli kitoblar Xizrni podshoh Afridun zamonida yashagan deydilar. Ularning gumonlariga qaraganda, Xizr hayot bulog‘i suvidan ichgan va to hozirga qadar tirikdir.

Qur’oni karimdagi: «Rabbingning rahmati bo‘lmish xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Men bu ishlarni o‘zimcha qilganim yo‘q» - degan oyati karima Xizrning payg‘ambar ekanliklariga dalolat qiladi. Ammo uning hozirgacha hayot ekanligi asossiz rivoyatdir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 10:23:27

Alloh taolo Qur’oni karim oyatlarida, qaysi payg‘ambar bo‘lmasin, uning hayotligida oxirgi zamon payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) kelsalar, darhol ular kelib «xotamun nabiyyin»ga imon keltiradilar va unga yordam beradilar degan ahdni olganligini aytadi:

وَإِذْ أَخَذَ اللَّهُ مِيثَاقَ النَّبِيِّينَ لَمَا آتَيْتُكُمْ مِنْ كِتَابٍ وَحِكْمَةٍ ثُمَّ جَاءَكُمْ رَسُولٌ مُصَدِّقٌ لِمَا مَعَكُمْ لَتُؤْمِنُنَّ بِهِ وَلَتَنْصُرُنَّهُ قَالَ أَأَقْرَرْتُمْ وَأَخَذْتُمْ عَلَى ذَلِكُمْ إِصْرِي قَالُوا أَقْرَرْنَا قَالَ فَاشْهَدُوا وَأَنَا مَعَكُمْ مِنَ الشَّاهِدِينَ

«Eslang(ey ahli kitoblar,) Alloh payg‘ambarlardan ahd olgan: «Men sizlarga Kitob va Hikmat bergan bo‘lsam, sizlardagi (Kitob)ni tasdiq etuvchi bir payg‘ambar (Muhammad) kelganda, albatta unga imon keltirasiz va yordam berasiz!» (Alloh): «Tan oldingizmi va mazkur ahdnomani shu shart bilan qabul qilasizmi?» - deganida, ular: «Tan oldik» - deb javob berdilar. Alloh dedi: «Guvoh bo‘lingiz! Men ham sizlar bilan birga guvohlar dandirman». (Oli Imron, 81.) 

Oyati karimaning mazmuni ochiq-oydin dalolat qilib turibdiki, ahd oxirgi zamon payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) uchun olingan. Agar Xizr (a.s.) Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning zamonlarida tirik bo‘lganlarida, nabiy yoki rasul bo‘lsalar, Allohning ahdiga muvofiq yordam berish, agar valiy bo‘lsalar, Payg‘ambarga imon keltirish va bay’at qilish uchun Rasululloh (s.a.v.)ning huzurlariga kelishlari shart edi. Payg‘ambarimizning islom bayroqlari ostida Badrdami, Uhuddami yoki boshqa g‘azotlardami musulmonlarning g‘alabasi uchun bor ilmi, hunari bilan yordam berishlari kerak edi. Axir, Badr g‘azotida Jabroil (a.s.) va boshqa ulug‘ farishtalar Payg‘ambarimiz bilan bir safda jang qildilaru ilmi laduniy va g‘ayb sohibi bo‘lgan Xizr (a.s.) ishtirok etmasmidilar? Xizr (a.s.)ning Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning huzurlariga kelib ketganliklari biror zaif rivoyatlarda ham uchramaydi. Demak, bu narsa Xizr (a.s.)ning hozirda hayot ekanliklari borasidagi taxminni bekor etadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 15:43:22

Ahli kitoblar aytadilar: «Alloh taolo Muso (a.s.) ga Shamshod daraxtining yog‘ochi, tuyaning terisi va qo‘yning yungidan foydalanib, bir katta qubbali imorat yasashni, uni turli rangga bo‘yalgan ipak, tillo va kumush bilan ahli kitoblarning havasi keladigan qilib bezashni buyurdi. Qubbaning o‘nta ustuni bo‘lib, har birining uzunligi yigirma sakkiz ziro‘ (Bir ziro’ bir gaz, ya’ni yetmish sakkiz sm dir), kengligi to‘rt ziro‘ edi. Qubbaning to‘rtta eshigi bor edi. Uning ustiga esa ipak mato tortilgan edi. Xullas, ba’zi rivoyatlarda uzundan-uzun bayon etilgan hashamatga ega edi.

Alloh taolo Muso (a.s.)ga yana shamshod daraxtining yog‘ochidan bir tobut ham yasashni buyurdi. Uning bo‘yi ikki yarim ziro‘, kengligi ikki ziro‘, balandligi bir yarim ziro‘ bo‘lib, tobutning ichi ham, atrofi ham toza tillo qoplama bilan qoplangan, to‘rt tarafida to‘rtta halqasi bor, ikki yonida bir-biriga qarab turgan ikki qanotli farishtaning rasmi bor edi. Bu tobutni yasagan ustaning nomi Basaliyol edi.

Alloh taolo yana shamshod daraxti yog‘ochidan bir xontaxta yasashni ham buyurdi. Uning bo‘yi ikki ziro‘, eni ikki yarim ziro‘ bo‘lib, rangi tillo rang, qirg‘oqlariga esa tillodan jimjimador naqsh ishlangan, to‘rt tarafida tillodan halqa o‘rnatilgan, xontaxta ustiga taom yeyiladigan turli-tuman idishlar terilgan edi.

Alloh taolo yana bir tillodan minora qurishni ham buyurdiki, bu minora olti burchakli bo‘lib, harbir tarafida uchtadan chirog‘i bor edi, minoraning shiftida esa to‘rtta qandil bo‘lib, hamma narsalar faqat tillodan yasalgan edi. Bularning ustasi ham Basaliyol edi. Bu qubba yahudiylar sanasining birinchi kunida o‘rnatildi. Tobut esa ularning ozodlik ramzi bo‘lib qoldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  12 Fevral 2009, 15:46:29

Ahli kitoblarning aytishlaricha, Muso (a.s.) qurgan qubba go‘yoki Ka’ba o‘rnida bo‘lib, Bani Isroil Baytul muqaddasga kirishlaridan va Somiriy yasab bergan buzoqqa sig‘inishlaridan avval mavjud edi. Bani Isroil qubbaga kelishib, namoz o‘qishardi, uning yonida qurbonliq qilishardi. Muso (a.s.) agar qubbaga kirsalar, ular ham yaqin kelib, Muso (a.s.)ning munojotlarini tinglar edilar. Osmondan nurdan bo‘lgan ustun qubbaning eshigi yoniga tushar, Muso (a.s.) tobutning yonida turgan hollarida Alloh bilan gaplashar, keyin Allohdan olgan vahiyni bani Isroilga e’lon qilar edilar.

Bani Isroil yechimi Alloh tarafidan hal etilmagan biror masalada tortishib qolsalar, Muso (a.s.) yana qubba yoniga kelardilar va Alloh tarafidan xitob bo‘lib, mazkur masalaning yechimi bayon etilar edi.

Muso (a.s.)ning zamonlarida tillo va kumush ziynatlar taqish hamda ibodatxonalarni ular bilan bezash man etilmagan edi.

Ammo bizning shariatimizda masjidlarni tillo-kumushlar bilan bezash, namozxonlarning xayolini olib qochishi, ibodatning xolis va xushyorlikda bo‘lishiga xalal berishi mumkinligi sababidan man etilgan.

Qayd etilgan