Allohning hukmi bajarilib, barcha insonlar va hayvonlar suvga g‘arq bo‘lib, Yer yuzi nopoklardan tozalandi. Nuhning kemasi 150 kun mobaynida suvda suzib, Arabiston yarim orolidagi Judiy tog‘ining ustida to‘xtadi.
Qatoda (r.a.) rivoyat qiladilarki, Nuh va hamrohlari Rajab oyining o‘ninchi kunida kemaga minib, 150 kun suvda suzganlar va Al-Judiy tog‘i ustida yana bir oy turganlar, muharram oyining o‘ninchi kuni kemadan chiqish buyurilgan. Ibn Jarir Tabariyning rivoyatiga qaraganda, Nuh (a.s.) va hamrohlari shu kuni ro‘za tutishgan.
Muhammad ibn Ishoq aytadi: «Alloh taolo To‘fonning to‘xtashini iroda qildi va Yer yuziga shamol yubordi. Uning kuchi bilan mavjlar to‘xtadi, buloqlar yopildi. To‘fon boshlangan vaqtdan yettinchi oyning o‘ninchi kunida kema Al-Judiy tog‘i ustida turib qoldi. O’ninchi oyda esa tog‘larning cho‘qqilari ko‘zga tashlana boshladi. Oradan yana qirq kun o‘tgandan keyin, Nuh (a.s.) kemaning tuynugini ochdilar va quruqlikni topish maqsadida qarg‘ani uchirib yubordilar. Qarg‘a qaytib kelmadi. Keyin Nuh (a.s.) kaptarni uchirdilar. Kaptar ham qo‘nish uchun joy topolmadi. Nuh (a.s.) kaftlarini yozib, qo‘llarini yuqoriga ko‘targan edilar, kaptar qaytib kelib unga qo‘ndi.
Kemada yana yetti kun turdilar. Keyin yana kaptarni uchirdilar. Kaptar kun bo‘yi qaytib kelmasdan, kechki payt og‘zida zaytun daraxti bargini tishlagan holda keldi. Nuh (a.s.) suvning biroz kamayganini, Yer yuzi ochila boshlaganini bildilar. Yana yetti kundan so‘ng Nuh (a.s.) kaptarni ikkinchi marta uchirdilar. Kaptar qaytib kelmadi. Nuh (a.s.) bildilarki, Yerning yuzi to‘liq ochilgan.