Insonlarning dastlabki hayoti, ularning yashash tarzi haqida arxeologlar va tarixchilar shunday fikr bildiradilar: «Insonlar avval vahshiy bo‘lishgan, keyinchalik darajama-daraja yuksalib, bugungi madaniy saviyaga yetishgan. Dastlab chaqmoq toshdan yasalgan bolta bilan ish ko‘rgan bo‘lishsa, keyinchalik temir qilich qo‘llay boshlashgan. Demak, bu nuqtai nazardan, inson ikki davrni - vahshiylik va madaniyat davrini boshidan kechirdi, deb hisoblanadi.
Lekin dinlar tarixi bilan shug‘ullangan olimlar arxeologiyaning, insoniyatning dastlabki davri «vahshiylik davri bo‘lgan», degan fikrini rad etadilar. Ularning fikricha, insonlarning dastlabki davri vahshiylik emas, balki ilk madaniyat davridir. Bu ilk madaniyat darsini insonlarga ilohiy payg‘ambarlar berishgan. Shu bilan birga ularga ilk diniy fikrlarni, ya’ni yagona Allohga ishonishni ham shu payg‘ambarlar yetkazishgan. Ilohiy payg‘ambarlardan ilk madaniyat darsini olgan insonlar keyinchalik bu madaniyatdan uzoqlashib, birinchi darsni unutish darajasida vahshiylashganlar. Ma’lum vaqt oradan o‘tib, yana ilohiy payg‘ambarlar vositasi bilan inson avvalgi madaniyatga qaytarilgan. Demak, inson o‘z hayoti davomida ikki davrni-vahshat va madaniyat davrini emas, balki ilk madaniyat, vahshat va ikkinchi madaniyatdan iborat uch davrni boshidan kechirgan. Vahshiylik esa, insonlar uchun ikki madaniyat orasidagi bir bosqichdir.
Ilohiy payg‘ambarlarning barchalari ham Alloh huzuridan bitta din — yagona Allohga ishonch va e’tiqoddan iborat bo‘lgan Islom dinini, musulmonlikni keltirganlar. Musulmonlik haqiqatan ham insoniylik dinidir. Insonlarning eng birinchi o‘rgangan dini Allohning birligiga ishonchdan iborat edi. Ularga bu e’tiqodni o‘z oralaridan tanlab olingan ilohiy payg‘ambarlar yetkazdilar. Eng so‘nggi payg‘ambar Muhammad (s.a.v) ham ayni shu e’tiqodni targ‘ib qildilar.
Biroq avvalgi payg‘ambarlar bildirgan yagona Allohga ishonchning asoslari turli kimsalar tarafidan buzildi. Turli sabablar bilan keyinchalik o‘zgarishlarga uchraydi. Hattoki Allohga ibodat o‘rnini but va sanamlarga sig‘inish egalladi.