Alloh taolo qalamni yaratib, unga hamma bo‘ladigan narsalarni yozdirib, keyin yumshoq bulutni yaratdi.
Abu Razin Al-Uqayliy shunday rivoyat qildilar: «Men Rasululloh (s.a.v)dan: «Ey Allohning rasuli, Yeru osmonlar yaratilmasdan oldin Alloh taolo qaerda edi?», - deb so‘radim. Rasululloh (s.a.v) shunday javob berdilar:
«Alloh avval tagida ham, ustida ham havo bo‘lgan yumshoq bulut ustida edi. Keyin suv ustida Arshini yaratdi».
Ibn Abbos (r.a.)dan «Allohning Arshi suvning ustida» degan oyatning tafsirida: «Suv nimaning ustida edi?» - deb so‘ralganda, Ibn Abbos (r.a.): «Suvni shamol ko‘tarib turardi», - deganlar.
Qosim ibn Hasan rivoyat qilgan hadisda Zamra shunday deydi: «Alloh taolo avval qalamni yaratdi. Keyin shu qalam bilan o‘zi yaratadigan narsalarni ham, bandalardan sodir bo‘ladigan ishlarni ham bir kitobga yozdi. Keyin ana shu kitob dunyo yaratilmasidan oldin ming yil Allohga tasbeh va tamjid aytdi. Qachonki Alloh dunyoni yaratishni iroda qilgandan so‘ng osmonlar va Yerni hamda undagi mavjudotni olti kunda yaratdi va bu kunlarning har biriga alohida - Abjad, Havvaz, Huttiy, Kalaman, Sa’fas va Qarashat, deb nom berdi».
Zahhok va Atodan rivoyat qilingan hadisda dunyoning yaratilishi olti kun deyiladi. Vahb ibn Munabbahdan esa yetti kun deb rivoyat qilingan. Biroq, ikki hadisning ma’nosi bir-biriga ixtilofli emas, chunki Alloh taolo Qur’oni karimda ham:
«U(Alloh) shunday zotki, osmonlar va Yerni olti kunda yaratgan» - deb, dunyo olti kunda yaratilganini aytadi. Yettinchi kun jum’a kunidir.