Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 231795 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 44 B


Musannif Adham  30 Yanvar 2009, 08:49:20

Havvo jannat daraxtining mevasidan uzgan vaqtida, meva o‘rnidan qonga o‘xshash suyuqlik oqqan edi. Alloh taolo Havvoni har oyning boshida hayz ko‘rish, homilador bo‘lganda va farzandini tug‘ayotgan vaqtda esa, bir necha bor o‘lim bilan yuzma-yuz olishish azobiga giriftor qildi.   

Odam va Havvoning bu itoatsizliklari uchun:

قَالَ اهْبِطُوا بَعْضُكُمْ لِبَعْضٍ عَدُوٌّ وَلَكُمْ فِي الأرْضِ مُسْتَقَرٌّ وَمَتَاعٌ إِلَى حِينٍ

«Ey (Odam va shayton), bir-biringizga dushman bo‘lgan holda yerga tushinglar, sizlar uchun yerda yashaydigan joy va kerakli narsalar mavjuddir»(A’rof, 24.) , - deb jannatdan chiqardi.

Odam (a.s.)ning jannatda yaratilishi va Yerga tushirilishi muddatida ulamolarning turlicha fikrlari mavjud.
Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday deganlar:

«Oftob chiqib turadigan kunlarning eng yaxshisi jum’a kunidir, chunki shu kunda Odam yaratilgan, shu kunda Odam jannatda yashagan, shu kunda jannatdan Yerga tushirilgan, shu kunda qiyomat boshlanadi, shu kunda bir soat borki, o‘sha soatda qaysi bir banda Allohdan yaxshilik so‘rasa, albatta beriladi».(Tarixi Tabariy, 1-j. 78-bet.)

Mujohid (r.a.) «Inson shoshiluvchi (etib) yaratilgan» degan oyati karimaning tafsirida Odamning gapini rivoyat qiladi: «Alloh taolo barcha maxluqotni yaratib bo‘lgan kunning oxirida Odamning jismiga ruh kiritdi. Ruh uning ikki ko‘zi, tili va boshini tiriltirganida, hali boshqa a’zolariga ruh yetib bormay turib: «Ey rabbim, kun botib qolmasdan meni tezroq tiriltirgin» - deb xitob qildi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  30 Yanvar 2009, 08:50:37

Osmondagi hisob-kitob, Qur’onning shohidlik berishicha, bir kuni bizning hisobimizdagi ming yilga teng bo‘lsa, Odamning shakli yasalgan holda 40 yil turgan, keyin jannatda Havvo bilan yashagan va xato sodir bo‘lgandan keyin Yerga tushirilgan muddat 45 yil bo‘lib, Odamning jannatda turgan muddati 85 yil ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Haq taolo Odam (a.s.)ni Hindistonga, Havvoni esa Jiddaga tushirdi. Ular ko‘p yillar bir-birlaridan ayriliqda yashadilar. Ikkovlari qattiq pushaymon bo‘lib, Allohga iltijo bilan tovba qilib yolbordilar:

قَالا رَبَّنَا ظَلَمْنَا أَنْفُسَنَا وَإِنْ لَمْ تَغْفِرْ لَنَا وَتَرْحَمْنَا لَنَكُونَنَّ مِنَ الْخَاسِرِينَ

«Parvardigor, bizlar o‘z jonimizga jabr-zulm qildik. Agar bizlarni rahm va mag‘firat qilmasang, shubhasiz, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurmiz!»(A’rof, 23.)  - degan duoni Alloh ularning diliga soldi va shu duo bilan qilgan tavbalarini ham qabul qildi. Ikkovlari ayriliq azobidan qutuldilar, Makkada uchrashdilar. Ular bugungi Baytullohga asos solib, uni tavof qildilar.

Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Odam Hindistonga, Havvo esa Jiddaga tushirildi. Odam Havvoni qidirib, Arafotda topishdilar, Muzdalifada tunashdilar. Odamning Hindistondagi tushgan joyi «Buz» deb ataluvchi tog‘ning yoni edi».

Odam (a.s.) va Havvoni Makka bilan Toif shaharlari orasidagi Dajan nomli joyga tushganlari ham Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan. Ba’zi olimlar: «Odam (a.s.) Safo tog‘iga, Havvo esa Marva tog‘iga tushganlar», - deydilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  30 Yanvar 2009, 08:51:56

Imom Tabaroniy va Abu Na’im «Al-Hulya» kitobida rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Odam (a.s.) Hindistonga tushganlar», - deganlar.(Doktor Shavqiy Abu Xalil. Atlas-ul Qur’on. Bayrut. 2001.)

Ibn Ishoq aytadi: «Ahli Tavrotlarning rivoyatlaricha, Odamning tushirilgan joyi Hindistonning Ad-Dahnaj va Al-Mandal shaharlari orasidagi Bahyal vodiysining Vosim tog‘idadir».(Tarixi Tabariy, 1-j. 81-bet.)

Odam farishtalarni ko‘rishdan, ularning suhbatini eshitishdan mahrum bo‘lganlaridan keyin, yuraklariga g‘ulg‘ula tushib, zerika boshladilar va bu holatlaridan Allohga namoz va du’olarida shikoyat qildilar. Alloh taolo Odamni Makkaga borishga buyurdi. Odam (a.s.) Makkaga borar ekanlar, qadamlari yetgan joy keyinchalik obod qishloq va shaharlarga aylandi.

Odam (a.s.) Makkaga yetganlarida Alloh jannatdan bir qizil yoqut chiqarib, hozirgi Ka’ba o‘rniga qo‘ydi. Odam (a.s.) uni tavof qilib yurdilar. Allohning To‘foni boshlangach, yoqut yana osmonga olib chiqib ketildi. Qachonki, Ibrohim payg‘ambar kelib, Ka’bani qurishga taraddud ko‘rdilar, Alloh o‘z payg‘ambariga Ka’baning o‘rnini ko‘rsatib berdi:

وَإِذْ بَوَّأْنَا لإبْرَاهِيمَ مَكَانَ الْبَيْتِ أَنْ لا تُشْرِكْ بِي شَيْئًا وَطَهِّرْ بَيْتِيَ لِلطَّائِفِينَ وَالْقَائِمِينَ وَالرُّكَّعِ السُّجُودِ

«(Ey Muhammad,) eslang, Biz Ibrohimga Baytulloh o‘rnini belgilab berib, (unga shunday dedik): «Menga biror narsani sherik qilmagin va Mening Baytimni tavof qiluvchilar, namozda tikka turuvchilar, ruku’ va sajda qiluvchilar (ya’ni, hojilar va namozxonlar) uchun poklagin!»(Haj, 26.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  30 Yanvar 2009, 08:53:01

Abu Muso al-Ash’ariy aytadilar: «Alloh taolo Odam (a.s.)ni jannatdan chiqarishni iroda qilganda, u kishiga bu dunyoda tirikchilik uchun qilishi lozim bo‘lgan kasb-hunar, dehqonchilik sirlarini o‘rgatdi, jannat ne’matlari va mevalaridan o‘ttiz turini ozuqa tariqasida tayyorlab berdi. Ularning o‘ntasi po‘stlik mevalar, o‘ntasi danakli mevalar, qolgan o‘ntasi esa danagi ham, po‘sti ham yo‘q bo‘lgan mevalar edi. Mana shu dunyoda yeyiladigan barcha mevalar jannatdan chiqqan, ammo jannatdagisi aynimaydi, dunyodagisi esa ayniydi. Odam (a.s.) o‘zlari bilan jannatning xushbo‘yini olib chiqqan edilar. Shuning uchun, Hindistonda o‘sadigan barcha daraxtlar va butalar xushbo‘ydir».

Odam (a.s.) Yerga tushganlaridan keyin ko‘ngillari biroz ovqat tusadi, Jabroil (a.s.) jannatdan bir xalta olib chiqib, uni Odamga berdilar. Odam (a.s.) hayron bo‘lib: «Bu nima?» - deb so‘radilar. Jabroil (a.s.): «Sizni jannatdan chiqishingizga sabab bo‘lgan narsa shu» - deb, xaltadagi bug‘doyni ko‘rsatdilar. Uning vazni yuz ming sakkiz yuz dirham og‘irligida edi. Odam (a.s.): «Buni men nima qilaman?» - deb so‘radilar. Jabroil donni Yerga sepishni buyurdilar. Odam (a.s.) uni Yerga sepishlari bilan Alloh uni o‘sishga, don tugishga amr etdi. Bug‘doy shu ondayoq o‘sib, boshog‘i pishdi. Odam (a.s.) uni Allohning amri bilan o‘rib oldilar. Donini qo‘llari bilan boshoqdan ajratgandan keyin, ikki tosh olib bug‘doyni yanchdilar va unga aylantirdilar. Undan xamir qorib, Jabroil temir bilan toshdan chiqargan uchqun bilan olov yoqdilar va non pishirdilar. Dunyoda birinchi bor dehqonchilik, tegirmonchilik va novvoylik qilgan kishi Odam (a.s.)dirlar.

Ibn Abbos(r.a.) aytadilar: «Hajar-ul-asvad ham Odam bilan birga jannatdan chiqqan va Musoning hassasidan ham, oppoq qordan ham oqroq edi. Odam (a.s.) uchun jannatdan bolta ham tushirildi».

Shunday qilib, Odam va Havvoning oldida, kelajakdagi zurriyotlari oldida endi rohatbaxsh jannat emas, balki ikki yo‘l paydo qilindi. Yo zalolat, yo hidoyat! Yo imon, yo kufr! Yo najot, yo ofat!

Qayd etilgan


Musannif Adham  30 Yanvar 2009, 08:55:31

Alloh taolo Odam (a.s.)ni o‘z farzandlarini tarbiyalash va ularga Haq yo‘lni ko‘rsatish uchun payg‘ambar qilib yubordi.

Abu Zar al-G’iforiy aytadilar: «Men masjidga kirdim. Rasululloh (s.a.v) yolg‘iz o‘tirgan edilar. Yonlariga borib o‘tirdim. Rasululloh (s.a.v) menga:

«Ey Abu Zar, har bir masjidning  salomi bor, u ikki rakat nafl namoz o‘qimoqdir. Bor, ikki rakat namoz o‘qib ol!» - dedilar. Men namozni o‘qib, yana Rasulullohning yonlariga o‘tirib so‘radim:

«Ey Allohning Rasuli, siz meni namozga buyurdingiz, namozning o‘zi nima?». Rasululloh (s.a.v) dedilar:

«Oz o‘qisang ham, ko‘p o‘qisang ham eng yaxshi mavzu’ namozdir».

Shu yerda men Rasulullohdan so‘radim: «Payg‘ambarlarning soni nechta?». Rasululloh (s.a.v) dedilar:

«Bir yuz yigirma to‘rt ming». «Qanchasi mursal payg‘ambarlar?». Rasululloh (s.a.v) dedilar: «Uch yuz o‘n uchtasi».

«Eng avvali kim?». Rasululloh (s.a.v): «Odam (a.s.) birinchi mursal payg‘ambar, Alloh uni qo‘li bilan yasadi, unga ruh kiritdi va go‘zal inson qilib yaratdi».

Abu Zar (r.a.)dan qilingan boshqa bir rivoyatda shunday deyiladi: «Men Rasululloh (s.a.v)dan: «Ey Allohning Rasuli, Odam payg‘ambarlardan edimi?» - deb so‘radim. Rasululloh (s.a.v): «Albatta, Odam birinchi bo‘lib Alloh bilan bevosita gaplashgan payg‘ambar edilar» - deb javob berdilar».(Tarixi Tabariy, 1-j. 102-bet.)

Unga o‘n sahifalik dastur nozil etildi. Bu dasturda Allohga imon keltirish va uning buyruqlariga itoat etish (ibodat) yozilgan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  30 Yanvar 2009, 08:57:27

«Ba’zi olimlarning aytishlaricha, Odam (a.s.)ga o‘limtik, qon, to‘ng‘iz go‘shti va birovlarning hayvonlarini yeyish harom qilingan yigirma bir varaqlik kitob nozil etilgan».(O’sha manba va sahifa.)       

Odam (a.s.)ning farzandlari buni yaxshi qabul qildilar va amal qildilar.

Odam (a.s.) ming yil umr ko‘rdilar. Imom Ahmad Ibn Abbos (r.a.)dan, Imom Termiziy Abu Hurayra (r.a.), Ibn Xuzayma(r.a.) va Ibn Habbondan rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Odam (a.s.) zurriyotlarining ruhlari ko‘rsatildi. Odam (a.s.) ularning orasidagi chiroyli ruhni ko‘rib: «Ey Rabbim, bu kim?» - deb so‘radilar. Alloh taolo: «Bu o‘g‘ling Dovuddir» - dedi. Odam (a.s.) uning umrini so‘radilar. Alloh taolo: «Oltmish yil» - deb javob berdi. Odam (a.s.) uning umrini ziyoda qilishni Allohdan so‘radilar. Alloh taolo: «Uning umri faqat sizning umringiz hisobiga ziyoda bo‘lishi mumkin» - dedi. Odam (a.s.)ning umrlari ming yil edi. Undan qirq yilini olib, Dovudga berildi.

Odam (a.s.)ning vafotlari yaqinlashganda, yana qirq yil umrlari bor ekanligini aytdilar. Uni Dovudga berganlarini unutdilar. Shundan so‘ng, Allohning karami bilan Odamning umrlari ming yil, Dovudning umrlari esa yuz yil komil bo‘ldi.

Odam (a.s.)ning qabrlarini ba’zilar Sarandib(Seylon) dagi Buz tog‘ida, ba’zilar Makkadagi Abu Qubays tog‘idagi g‘orda, deydilar. Ba’zi rivoyatlarga ko‘ra esa Nuh To‘fonidan keyin Baytul muqaddasga dafn etilganlar. (Doktor Shavqiy Abu Xalil. Atlas-ul Qur’on. Bayrut.  2001. 14-bet.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 05:52:31

Odam (a.s.) qissasidan dars va ibratlar

Odamning yaratilishi va unga barcha farishtalar hurmat bajo keltirib sajda qilgan holda, Iblis Odamni mensimasdan takabburlik bilan sajdadan bosh tortgani haqidagi qissa Qur’oni karimning turli suralarida qayta-qayta zikr etiladi. Sababi bu qissada musulmonlar uchun bir qator dars va ibratlar mavjud.

1. Insoniyatning boshqa maxluqot va mavjudotlardan ulug‘ligi.

Avvalo, bu qissa orqali Alloh taolo Odamning Yer yuziga xalifa, ya’ni Yer yuzining egasi, xo‘jayini qilib yaratgani xabarini bermoqda. (Baqara, 30.)

Alloh taolo Odamni boshqa maxluqotlarga, hatto farishtalarga ham nasib etmagan moddiy dunyoni bilish va tahlil qila olish qobiliyati, ya’ni ilm bilan ziynatladi, unga kelajakda foydalanish va barchasiga egalik qilish uchun jamiki mavjudotning nomlarini, yaratilish hikmatlarini o‘rgatdi. Mufassir olimlarning fikrlaricha,

وَعَلَّمَ آدَمَ الأسْمَاءَ كُلَّهَا

«Alloh taolo Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi», (Baqara, 31.)  - oyati karimasida insonga berilgan ilmning hududsiz ekanligiga ishora bor. Odam farzandi, ya’ni inson tajriba orqali hamma narsani tushunish va bilish quvvati bilan butun borliqlarga hokim bo‘lish uchun yaratilgan. Bu oyatda inson bilim darajasining farishtalarnikidan anchayin ustun ekanligi ko‘rsatilmoqda.

Bunday bilim sohibi bo‘lgan Odamning ulug‘ligini bildirish uchun farishtalarni unga sajda qilishga buyurdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 05:54:29

Bu martaba faqat Odam otaning o‘zinigina emas, balki uning barcha zurriyotlarining ham martabalaridir. Bunga quyidagi oyati karima dalolat qiladi:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلا

«Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov, kemaga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O’zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik». (Isro, 70.)

Odam farzandlari, ya’ni insoniyat Yer yuzining qaerida bo‘lmasin, millati, jinsi, rangi, tili va dinidan qat’iy nazar teng va mukarramdirlar.

Yer yuzidagi barcha mavjudotlar, maxluqotlar odamzodning tasarrufida bo‘lib, uning uchun xizmat qiladi:

هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُمْ مَا فِي الأرْضِ جَمِيعًا ثُمَّ اسْتَوَى إِلَى السَّمَاءِ فَسَوَّاهُنَّ سَبْعَ سَمَاوَاتٍ وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ

«U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi». (Baqara, 29.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 05:57:28

2. Takabburlikning yomonligi. Insoniyat yaratilishdan boshlab aqlli, go‘zal qaddi-qomatli, ilmli, dunyoga egalik qiladigan darajada fahm-farosatli, barcha maxluqot, hatto farishtalar ham sajda qilib ulug‘lagan martaba sohibidir. Ammo inson bunday ulug‘ martabaga noil etilgan ekan, bundan g‘ururlanib, kibru havoga berilib ketsa, katta xatoga yo‘l qo‘yadi.

Alloh uni shu xatardan qaytarish uchun, uning o‘ziga berilgan hayvoniy nafs tuzog‘iga tushib, Iblisdek kibr-havoga berilmasligi, uni yaratgan, ne’mat bergan zot — Allohni unutmasligi uchun, aslini tuproqdan, qora balchiqdan ajratib olingan yopishqoq loydan yasaganligini takror-takror oyatlarda eslatiladi. Iblisning takabburligi, manmanligi uning o‘ziga qanchalik qimmatga tushgani, Allohning dargohidan va farishtalarning orasidan haydalganini bayon etish bilan Alloh taolo insoniyatni shunday manfur illatdan saqlanishga amr etadi. Chunki, Alloh taolo manmanlikni yoqtirmaydi:

إِنَّ اللَّهَ لا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ

«Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymaydi». (Luqmon, 18.)

Iblis farishtalar orasidagi hurmati va mavqe’idan g‘ururlanib, o‘zini ulardan ham katta olgan edi, uning bu manmanligi yaratganga ham itoatsizlik qilishiga sabab bo‘ldi va natijada Allohning dargohidan quvildi:

قَالَ فَاهْبِطْ مِنْهَا فَمَا يَكُونُ لَكَ أَنْ تَتَكَبَّرَ فِيهَا فَاخْرُجْ إِنَّكَ مِنَ الصَّاغِرِينَ

(Alloh) aytdi: «Undan (jannatdan) chiq! U yerda takabburlik qilishing senga joiz emas. Bas, chiq! Albatta, sen haqirlardandirsan». (A’rof, 13.)

Kibrning yomonligini, oqibati xorlikka olib borishini Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday ta’riflaganlar:

«Kimki, Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uni ko‘taradi. Kimki, takabburlik qilsa, Alloh uni tushiradi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 06:02:18

3. Ma’naviy poklik zarurati. Alloh taolo o‘z kitobida Odamni oddiy tuproqdan yaratganligini eslatib turib, unga o‘zining ruhidan puflab, jon ato etganini bayon qiladi:

إِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلائِكَةِ إِنِّي خَالِقٌ بَشَرًا مِنْ طِينٍ (٧١)فَإِذَا سَوَّيْتُهُ وَنَفَخْتُ فِيهِ مِنْ رُوحِي فَقَعُوا لَهُ سَاجِدِينَ

«Eslang, Rabbingiz farishtalarga degan edi: «Albatta, men loydan bashar yaratuvchidirman. Bas, qachonki, uni rostlab, unga ruhimdan puflaganimdan so‘ng, unga sajda qilgan hollaringizda yiqilinglar!». (Sod, 71-72.) 

Ruh haqida olimlar juda ko‘p kitoblar yozganlar, fikrlar aytganlar. (Ibn Qayyim al-Javziy. «Ar-ruh».  Dorul-fikr. 1986. 336-bet. Ushbu ktob bu sohada yozilgan mukammal asarlarning biridir.)  Shunga qaramasdan uning mohiyati haqida inson to‘liq tasavvurga ega emas. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الرُّوحِ قُلِ الرُّوحُ مِنْ أَمْرِ رَبِّي وَمَا أُوتِيتُمْ مِنَ الْعِلْمِ إِلا قَلِيلا

«(Ey Muhammad), Sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: «Ruh faqat Rabbimning ishidandir». Sizlarga esa oz ilm berilgan».(Isro, 85)

Qayd etilgan