Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 231611 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 44 B


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:34:41

Allohning hukmi bajarilib, barcha insonlar va hayvonlar suvga g‘arq bo‘lib, Yer yuzi nopoklardan tozalandi. Nuhning kemasi 150 kun mobaynida suvda suzib, Arabiston yarim orolidagi Judiy tog‘ining ustida to‘xtadi.

Qatoda (r.a.) rivoyat qiladilarki, Nuh va hamrohlari Rajab oyining o‘ninchi kunida kemaga minib, 150 kun suvda suzganlar va Al-Judiy tog‘i ustida yana bir oy turganlar, muharram oyining o‘ninchi kuni kemadan chiqish buyurilgan. Ibn Jarir Tabariyning rivoyatiga qaraganda, Nuh (a.s.) va hamrohlari shu kuni ro‘za tutishgan.

Muhammad ibn Ishoq aytadi: «Alloh taolo To‘fonning to‘xtashini iroda qildi va Yer yuziga shamol yubordi. Uning kuchi bilan mavjlar to‘xtadi, buloqlar yopildi. To‘fon boshlangan vaqtdan yettinchi oyning o‘ninchi  kunida kema Al-Judiy tog‘i ustida turib qoldi. O’ninchi oyda esa tog‘larning cho‘qqilari ko‘zga tashlana boshladi. Oradan  yana qirq kun o‘tgandan keyin, Nuh (a.s.) kemaning tuynugini ochdilar va quruqlikni topish maqsadida qarg‘ani uchirib yubordilar. Qarg‘a qaytib kelmadi. Keyin Nuh (a.s.) kaptarni uchirdilar. Kaptar ham qo‘nish uchun joy topolmadi. Nuh (a.s.) kaftlarini yozib, qo‘llarini yuqoriga ko‘targan edilar, kaptar qaytib kelib unga qo‘ndi.

Kemada yana yetti kun turdilar. Keyin yana kaptarni uchirdilar. Kaptar kun bo‘yi qaytib kelmasdan, kechki payt og‘zida zaytun daraxti bargini tishlagan holda keldi. Nuh (a.s.) suvning biroz kamayganini, Yer yuzi ochila boshlaganini bildilar. Yana yetti kundan so‘ng Nuh (a.s.) kaptarni ikkinchi marta uchirdilar. Kaptar qaytib kelmadi. Nuh (a.s.) bildilarki, Yerning yuzi to‘liq ochilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:48:53

Yahudiylarning qo‘llaridagi Tavrotda yozilishicha, Alloh taolo To‘fon balosini yuborgandan to Nuh (a.s.) kaptarni ikkinchi bor uchirgan kunlarigacha bir yilu bir kun o‘tdi. (Tavrot, "œIbtido". 3-bob, 13-bet.) 

Ikkinchi yilning ikkinchi oyi yigirma oltinchi kechasida Alloh taolo Nuh (a.s.)ga shunday vahiy yubordi: (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. 71-bet.)

قِيلَ يَا نُوحُ اهْبِطْ بِسَلامٍ مِنَّا وَبَرَكَاتٍ عَلَيْكَ وَعَلَى أُمَمٍ مِمَّنْ مَعَكَ وَأُمَمٌ سَنُمَتِّعُهُمْ ثُمَّ يَمَسُّهُمْ مِنَّا عَذَابٌ أَلِيمٌ

«Aytildi: «Ey, Nuh! Bizdan bo‘lmish salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan Yerga) tushgin! Ummatingdan kelajakda shunday kofir jamoalar ham bo‘ladiki, ularni ozgina bahramand qilurmiz, so‘ngra ularni Bizdan (yuboriluvchi) alamli azoblar tutar». (Hud, 48.)

Nuh (a.s.) tirik qolgan mo‘minlar, uch o‘g‘illari va kelinlari hamda kemadagi maxluqotlar bilan Yerda ikkinchi bor hayot kechirish uchun kemadan tushdilar.

Ibn Abbos (r.a.)ning rivoyat qilishlaricha, Nuh (a.s.) Yerga tushib, Allohga ko‘p shukrlar keltirdilar, uzoq vaqt ibodat qilib, Allohga yolborib, insonlarni boshqa ommaviy to‘fonga yo‘liqtirmaslikni iltijo bilan so‘radilar. Alloh taolo Nuh (a.s.)ning bu duolarini ham qabul etdi va va’dasiga ishora sifatida bulut ustida kamalakni zohir qildi. Bu kamalak o‘qsiz holatda bo‘lib, xalqqa ommaviy to‘fondan omonlik alomatidir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:50:04

Tarixiy to‘fonning sodir bo‘lganini majusiy dinidagi forslar inkor etadilar. Ba’zilari e’tirof etsalar-da: «To‘fon Yer yuzining bir qismida-Bobil zaminida bo‘lgan, bizgacha yetib kelmagan», - deydilar.

Holbuki, Allohning vahdoniyatiga ishongan har qanday diyonat kishisining imoni komilki, Alloh taolo o‘zining ulug‘ payg‘ambari Nuh (a.s.)ning «butun dunyoda bitta ham kofirni qo‘ymagin», degan duolarini ijobat qilgani uchun to‘fon balosini yubordi. Agar Yerning bir chekkasida to‘fon bo‘lib, ikkinchi chekkasi omon qolgan bo‘lsa, bir tarafdagi kofirlar jazoga mahkum etilib, ikkinchi tarafdagilar afv etilgan bo‘lsa, Nuh (a.s.)ning duolari mustajob etilmagan bo‘lardi.

Alloh subhonahu va taolo Nuh (a.s.)ni Qur’oni karimda:

ذُرِّيَّةَ مَنْ حَمَلْنَا مَعَ نُوحٍ إِنَّهُ كَانَ عَبْدًا شَكُورًا

«Albatta Nuh ko‘p shukr aytuvchi banda edi»,(Isro, 3.) -deb, taom uchun ham, sharob uchun ham, libos uchun ham va boshqa har qanday yaxshilik uchun ko‘p shukr aytishini bayon etgan.

Ibn Moja «Nuh payg‘ambarning ro‘zasi» bobida shunday hadis rivoyat qilgan: «Abdulloh ibn Amr (r.a.) aytadilar: «Men Rasululloh (s.a.v)ning shunday deganlarini eshitdim:

«Nuh (a.s.) umr bo‘yi ro‘za tutganlar, faqat iydul-fitr va iydul-azho kunlarigina og‘izlari ochiq bo‘lardi. Dovud (a.s.) bir kun ro‘za tutardilar, bir kun og‘izlari ochiq yurardilar. Ibrohim (a.s.) bir yil ro‘za tutardilar, bir yil tutmas edilar. Tutgan yillari esa har oyda uch kun ro‘zador bo‘lardilar».(Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. 72-bet. Mazkur hadis Ibn Mojjaning Sunanida rivoyat qilingan va za’if hadislar qatoriga qo‘shilgan)

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:51:42

Al-Hofiz Abu Ya’loning rivoyat qilishicha, Ibn Abbos (r.a.) aytadilar: «Rasululloh (s.a.v) hajga jo‘nadilar. Asfon vodiysiga yetganda: «Ey Abu Bakr, bu qanday vodiy?» - deb so‘radilar. Abu Bakr (r.a.): «Bu Asfon vodiysi» - dedilar. Rasululloh (s.a.v): «Mana shu vodiydan Nuh, Hud, Ibrohimlar (a.s.) qizil tuyalariga minib, aboga o‘ralib, Allohning baytini haj qilishga kelganlar» - dedilar.

Imom Tabaroniyning hadis kitobida Abdulloh ibn Amrning rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «Nuh payg‘ambarning o‘g‘lilariga qilgan vasiyatlarida: «Seni ikki narsadan qaytaraman va ikki narsaga buyuraman» - dedilar va «shirk» bilan «kibr»dan saqlanishga, «La ilaha illalloh» bilan «Subhanallohi va bihamdihi subhanallohil azim»ni ko‘p aytishga buyurdilar».

Vahb ibn Munabbahning aytishicha, Nuh (a.s.)ning o‘g‘illari: Som ibn Nuh — arablarning, forslarning va rumliklarning otasidir; Hom ibn Nuh — sudanlik va boshqa afrikalik qora tanlilarning otasidir; Yofas ibn Nuh esa turklar, ya’juj — ma’jujlar va boshqa osiyolik qavmlarning otasidir.

Yer yuzidagi insonlar shu uch o‘g‘ildan tarqalgani uchun Nuh (a.s.)ni ikkinchi Odam ham deyiladi. Nuh payg‘ambar 1000 yil umr ko‘rib vafot etganlaridan keyin Makkada dafn etilganlar.

Ibn Jarir Tabariyning rivoyatlariga ko‘ra, Nuh (a.s.)ning qabrlari Masjid ul-harom ichidadir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:52:51

Nuh payg‘ambar qissasidan dars va ibratlar

Nuh (a.s.)ning qavmlariga jazo tariqasida yuborilgan To‘fon balosi haqida Qur’on oyatlarini o‘qir ekanmiz, avvalo bu balo insoniyat boshiga tushgan balolarning eng qattig‘i va dahshatlisi ekanini ko‘ramiz. Bunday jazoga, hattoki undan qattiqrog‘iga ham Alloh qodirdir:

وَقَوْمَ نُوحٍ لَمَّا كَذَّبُوا الرُّسُلَ أَغْرَقْنَاهُمْ وَجَعَلْنَاهُمْ لِلنَّاسِ آيَةً وَأَعْتَدْنَا لِلظَّالِمِينَ عَذَابًا أَلِيمًا

«Nuh qavmini eslang! Qachonki, ular payg‘ambarlarini inkor etishgach, Biz ularni g‘arq qildik va ularni odamlar uchun ibrat qilib qo‘ydik. Yana biz bu kabi zolimlar uchun oxiratda ham alamli azob tayyorlab qo‘yganmiz». (Furqon, 37.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:54:01

Bu qissaning bayonida kitobxon uchun bir necha ibratli masalalar mavjud:

1. Qissani bayon qilish uslubi. Alloh taolo To‘fonning dahshatini shunday tasvir etganki, bundagi balog‘at va fasohat Qur’oni karimning mo‘‘jizalaridandir. Alloh taolo shunday deydi:

كَذَّبَتْ قَبْلَهُمْ قَوْمُ نُوحٍ فَكَذَّبُوا عَبْدَنَا وَقَالُوا مَجْنُونٌ وَازْدُجِرَ (٩)فَدَعَا رَبَّهُ أَنِّي مَغْلُوبٌ فَانْتَصِرْ (١٠)فَفَتَحْنَا أَبْوَابَ السَّمَاءِ بِمَاءٍ مُنْهَمِرٍ (١١)وَفَجَّرْنَا الأرْضَ عُيُونًا فَالْتَقَى الْمَاءُ عَلَى أَمْرٍ قَدْ قُدِرَ (١٢)وَحَمَلْنَاهُ عَلَى ذَاتِ أَلْوَاحٍ وَدُسُرٍ (١٣)تَجْرِي بِأَعْيُنِنَا جَزَاءً لِمَنْ كَانَ كُفِرَ

«Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi ham (Uni) inkor etgan edi. Ular bandamiz (Nuh)ni yolg‘onchiga chiqarishib: «(U) bir majnun», - dedilar va u (payg‘ambarlik ijrosidan) to‘sib qo‘yildi. Shunda u Parvardigoriga: «Men mag‘lubdirman, yordam qilgin!» - deb duo qildi. Biz osmon darvozalarini tinimsiz quyiluvchi suv bilan ochib yubordik. Yana Yerdan buloqlar chiqarib yubordik. Bas, (osmon va Yer) suvi taqdir qilib qo‘yilgan bir ish uzra uchrashdilar. Uni (Nuhni) esa taxtalaru mixlar yasamasida (kemada) ko‘tardik. U kema bizning «ko‘zlarimiz» o‘ngida suzar. (Bu) inkor qilingan kishi (Nuh) uchun mukofotdir».(Qamar, 9-14.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:56:15

Oyatning ma’nosiga e’tibor berilsa, Alloh taolo agar «osmondan qattiq yomg‘ir yog‘dirdik» yoki «Yerdagi buloqlardan suv toshirdik» desa, bu iboralar butun Yer yuziga yoyilgan To‘fon balosi to‘g‘risida to‘liq tasavvur bermasdi.

To‘fonning to‘xtatilishi haqidagi tasvirda esa balog‘atning eng yuqori darajasidan foydalanilgan, ya’ni Alloh o‘zining hamma narsaning egasi, hamma ishga qodir ekanligiga ishora qilish bilan birga, To‘fon balosi Uning hukmi va bu albatta sodir etilganiga hech qanday shak-shubha yo‘qligini qisqa va qat’iy ibora bilan bayon etgan:

وَقِيلَ يَا أَرْضُ ابْلَعِي مَاءَكِ وَيَا سَمَاءُ أَقْلِعِي وَغِيضَ الْمَاءُ وَقُضِيَ الأمْرُ وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِيِّ وَقِيلَ بُعْدًا لِلْقَوْمِ الظَّالِمِينَ

«(So‘ngra) aytildi: «Ey Yer! Suvingni yutgin! Ey osmon! O’zingni tutgin (yog‘ishni bas qil)!» Suv quridi, buyruq ado etildi va kema Judiy tog‘i uzra qo‘ndi hamda «Zolimlar qavmiga - halokat!» - deyildi. (Hud, 44.) 

Oyatdagi oxirgi jumla esa, halok bo‘lganlarning barchasi shunday jazoga loyiq bo‘lganlarini ko‘rsatadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:57:11

2. Qur’onning barcha xabarlari ilmiy haqiqatdir.

Qur’oni karimda shunday xabar va ma’lumotlar borki, ularning barchasini o‘n to‘rt asrdan buyon arablar o‘z aql-idroklariga yarasha tushunib keladilar va tasdiq etadilar. Bu ma’lumotlarning rostligini endilikda turli millat olimlari ilmiy tajriba, kuzatish va tahlillar natijasida isbot qilmoqdalar. Ilmiy kashfiyotlar bilan o‘z isbotini topgan ma’lumotlar Qur’oni karimda juda ko‘p. Misol tariqasida shulardan ikkitasini ko‘rib chiqamiz. Alloh taolo «Nuh» surasida:

وَجَعَلَ الْقَمَرَ فِيهِنَّ نُورًا وَجَعَلَ الشَّمْسَ سِرَاجًا

«(Alloh) oyni ular ichida nur qilib, quyoshni esa chiroq qilib qo‘ydi» (Nuh, 16.) — degan    jumla bilan, quyoshni ichidagi yog‘ va pilik bilan yonadigan chiroqqa, oyni esa uning nuridan akslanib yorug‘ beradigan narsaga o‘xshatadi. Olimlar quyosh va oy ustida tadqiqot olib borib, quyoshning yonayotgan gaz majmu’asidan iborat ekanini, u o‘zining yadrosidan quvvat olib yonishi natijasida, ham issiqlik, ham yorug‘lik tarqatib turishini, oy esa Yer singari oddiy moddadan iborat bo‘lib, quyoshning nuridan akslanib, olamga uning nurini taratishini isbotlaganlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:58:10

Alloh taolo ushbu surada:

وَاللَّهُ أَنْبَتَكُمْ مِنَ الأرْضِ نَبَاتًا (١٧)ثُمَّ يُعِيدُكُمْ فِيهَا وَيُخْرِجُكُمْ إِخْرَاجًا

«Alloh taolo sizlarni (Odamni) yerdan undirdi (paydo qildi). So‘ngra (vafot etganlaringizda) sizlarni yana yerga qaytarur va (Qiyomatda) sizlarni yana chiqarur»(Nuh, 17-18.) deb, insonning asli yerdan yaratilganiga ishora qilyapti. Haqiqatdan ham insonning yaratilishi tuproqdan bo‘lgani uchun, uning hayotini davom etishi ana shu tuproqqa bog‘liqdir. Inson o‘ziga kerakli moddani tuproqdan chiqqan o‘simliklar, mevalar va donlardan oladi. Hattoki u hayvonlarning, parrandalarning va suvdagi baliqlarning go‘shtini iste’mol qilsa ham, ularning tarkibida yerdan unib chiqqan o‘simlik moddasi mavjud. O’simliklarning manbai esa yerdir. Bu narsa biolog olimlar tomonidan ilmiy isbotlangan haqiqatdir.

Demak, o‘n to‘rt asr avval Qur’oni karim orqali juda qisqa iboralar bilan aytib o‘tilgan ma’lumotlarning ilmiy isbotlanishi uning mo‘‘jizaviy ilohiy kalom ekanligiga dalolat qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  31 Yanvar 2009, 09:59:16

3. Alloh nazdida barcha insonlar tengdir. Alloh taolo Nuh payg‘ambar zamonidan boshlab ikki tabaqaga — kiborlar va fuqarolarga bo‘linib ketgan Odam avlodini bir-birlaridan ortiqliklari yo‘qligini, hammalari ham bir ota, bir onadan yaratilganliklarini, shuning uchun bir-birlarini kamsitmasdan, aksincha qo‘llab-quvvatlab yashashlari lozim ekanligini eslatadi. Chunki, kiborlik illati inson ko‘zini ko‘r, aqlini zaiflashtirib qo‘yadi. Natijada, unday kimsalar haqni tan olmaydi, zaiflarga zulm qilishga o‘tadi, Alloh huzuridan kelib, imonga da’vat etadigan payg‘ambarlarni ham inkor etadi, tajovuz qiladi. Barcha yaxshiliklardan, ne’matni bardavomligidan, imondan va oxiratdagi mukofotdan manmanlik sababli mahrum bo‘ladi. Alloh taolo Nuh (a.s.)ning qissalarida ham ikki tabaqaning shunday tafovutini bayon etadi, ularning fuqarolari Nuh (a.s.)ning da’vatlariga quloq tutgan holda, kiborlari Nuhning payg‘ambarliklarini inkor qildilar:

فَقَالَ الْمَلأ الَّذِينَ كَفَرُوا مِنْ قَوْمِهِ مَا نَرَاكَ إِلا بَشَرًا مِثْلَنَا وَمَا نَرَاكَ اتَّبَعَكَ إِلا الَّذِينَ هُمْ أَرَاذِلُنَا بَادِيَ الرَّأْيِ وَمَا نَرَى لَكُمْ عَلَيْنَا مِنْ فَضْلٍ بَلْ نَظُنُّكُمْ كَاذِبِينَ

«Bas, (Nuh) qavmi orasidagi kufrga ketgan zodagonlari dedilar: «Seni (biz) xuddi o‘zimizdek (oddiy) inson deb bilamiz va senga faqat bechorahol kishilargina (o‘ylamay) bir ko‘rishda ergashayotganini ko‘rayapmiz. Sizlarning bizdan ortiq joyingizni ko‘rmayapmiz. Balki, sizlarni yolg‘onchi deb gumon qilmoqdamiz». (Hud, 27.) 

Qayd etilgan