Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232133 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 44 B


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:21:49

Shayton u yerdan noumid bo‘lib chiqdi va Ishoqning yoniga bordi. Ishoq otasining izidan sekin ketib borar edi. Shayton unga yaqinlashib: «Erta tongda otang seni qayoqqa olib ketyapti?» - deb so‘radi. Ishoq: «Biror ish bilan ketyapmiz, shekilli» - dedi. Shayton unga: «Otang seni Alloh buyurgani uchun so‘ygani olib ketyapti» - dedi. Ishoq beparvo: «Agar Alloh buyurgan bo‘lsa, otam unga albatta itoat qilishi lozim» - dedi.

Shayton Ishoq oldidan ham noumid bo‘lib, Ibrohim (a.s.) ning yonlariga o‘tdi va: «Erta tongda o‘g‘ling bilan qayoqqa ketyapsan?» - deb so‘radi. Ibrohim (a.s.) unga: «Ishlarimizni erta tongda bitiraylik, deb ketyapmiz» - dedilar. Shayton: «Ishlaringni bitirishga emas, o‘g‘lingni so‘yishga olib ketyapsan-ku!» - dedi. Ibrohim (a.s.): «Agar menga Alloh shuni buyurgan ekan, albatta itoat qilaman!» - dedilar. Shayton maqsadiga yetolmay, noumid bo‘lib ketdi.

Ibrohim (a.s.) o‘g‘li Ishoqni so‘yishga boshlaganda, Alloh taolo unga xitob qilib, o‘g‘lini afv etganini, uning o‘rniga jannatdan qo‘chqor keltirganini va o‘g‘li o‘rniga uni so‘yishini buyurdi. Ibrohim (a.s.): «Ey, o‘g‘ilcham! tur o‘rningdan, Alloh seni afv qildi va o‘rningga katta qo‘chqorni fido qildi» - dedilar.

Alloh taolo Ishoq (a.s.)ga vahiy yubordi va: «Hozir mening huzurimga duo qilib nimani so‘rasang, albatta, ijobat qilaman» - dedi. Ishoq (a.s.) duoga qo‘l ochib: «Ey, Rabbim! Men sening huzuringga, mening duoimni ijobat qilgin, deb duo qilmoqdaman. Senga shirk keltirmagan avvalinu oxirin bandalaringdan qaysi birlari senga yo‘liqsa, uni jannatingga doxil qilgin!» - dedilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:22:47

Ibn Abbos (r.a.)dan turli sanadlar bilan o‘nlab hadislar rivoyat qilingan va ularning hammasida zabih Ishoq (a.s.) ekanliklari aytilgan. Ibn Abbos va Abu Hurayradan tashqari yana Abdulloh ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Abiyd, Ibn Sobit, Ibn Abil-Huzayl, Abu Maysara, Abu Molik, Masruq va boshqa sahobiylardan ham Ishoq (a.s.) ning Zabihulloh ekanlari haqida hadislar rivoyat qilingan.

Ibn Abbosdan boshqa sanadlar orqali rivoyat qilingan hadislarda, Omir, Ash-Sha’biy, Yusuf ibn Mahron, Mujohid, Al-Hasan, Muhammad ibn Ka’b al-Quraziy, Muoviya va boshqalardan zabih Ismoil (a.s.) ekanlari aytiladi.

Muoviya ibn Abiy Sufyon aytadilar: «Biz Rasululloh (s.a.v)ning huzurlarida o‘tirgan edik. Bir odam kelib: «Ey, ikki zabiyhning o‘g‘li, Alloh sizga bildirgan narsalardan bizga ham so‘zlab bering!» - dedi. Uning so‘zidan Rasululloh (s.a.v) kuldilar.

O’tirganlardan biri: «Ey, Allohning Rasuli, ikki zabih deganining ma’nosi nima?» - deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar:
«Abdulmuttolib Zamzam bulog‘ini kengaytirishga uringanda, agar buloqni kavlash osonlik bilan bitsa, men o‘g‘illarimdan birini Alloh yo‘lida qurbonlik qilaman, deb nazr qildi. Ish bitgandan keyin, kimni so‘yish kerakligi haqida qur’a tashlanganda, qur’a Abdullohning haqiga tushdi. Lekin Abdullohning tog‘alari uni so‘yilishiga qarshi turdilar va Abdulmuttolibga: «Agar nazringni ado qilaman desang, uning xuni badaliga yuzta tuyani fido qilgin!» - deyishdi. Abdulmuttolib yuz tuya fido qilib, zabih Abdullohni saqlab qoldi. Ikkinchi zabih esa Ismoil (a.s.)dirlar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:27:42

Muhammad ibn Ka’b al-Quraziy aytadilar: «Alloh taolo o‘zining Kalomi sharifida Ibrohim (a.s.)ga so‘yish uchun buyurgan o‘g‘li Ismoil ekanini aytgan. Mazbuh Ismoilning qissasidan keyin, Alloh taolo o‘zining itoatli quliga:

وَبَشَّرْنَاهُ بِإِسْحَاقَ نَبِيًّا مِنَ الصَّالِحِينَ

«Yana, Biz unga solihlardan (bo‘lg‘usi) payg‘ambar Ishoqning xush-xabarini berdik», (Vas-Soffot, 112.)  - deydi. Yana bir oyati karimada:

فَبَشَّرْنَاهَا بِإِسْحَاقَ وَمِنْ وَرَاءِ إِسْحَاقَ يَعْقُوبَ

«Unga Ishoq (nomli farzand) va Ishoqning orqasidan Ya’qub (ismli nabira berishimiz) haqida xushxabar berdik» (Hud, 71.) - deb, Ishoqning so‘yilishini emas, balki, undan dunyoga keladigan farzand-Ya’qubning bashoratini beryapti. Shundan ma’lum bo‘ladiki, qurbonlikka buyurilgan o‘g‘il Ismoil (a.s.)dirlar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:31:26

Muhammad ibn al-Quraziy rivoyat qiladi: «Men bir kuni xalifa Umar ibn Abdulaziz huzurida o‘tirib, unga yuqorida aytilgan, zabih Ishoq emas, balki Ismoil ekanligi haqidagi fikrimni bayon etdim. Shunda xalifa: «Bu sening fikringdir. Ammo uning to‘g‘riligiga men ishonmay turibman» - dedi va islomni qabul qilgan yahudiy olimlaridan birining oldiga odam yuborib, saroyga keltirdi. Mening oldimda Xalifa undan: «Ibrohimning ikki o‘g‘lidan qaysi biri zabhga buyurilgan?» - deb so‘radi. Yahudiy olimi: «Zabih Ismoildir. Qasam ichib aytamanki, yahudiylar buni juda yaxshi biladilar, lekin, Alloh taolo zabhga buyurgan, Allohning buyrug‘iga bo‘yinsungan va otasiga itoat etgan, odobli, Allohning maqtoviga sazovor bo‘lgan kishi arablarning otasi bo‘lgani uchun, ularga hasad qiladilar. Shuning uchun Ismoilning zabih ekanligini inkor etib, Ishoqni zabih deb da’vo qiladilar» - dedi . (Tarixi Tabariy, 1-j. 189-bet.)

Qur’oni karim, Ismoil (a.s.)ning zabih ekanliklariga dalolat qiladi. Chunki, Qur’onda avval Ismoilning zabhi to‘g‘risida hikoya qilinib, keyin Ibrohimga Ishoq va Ya’qubning bashorati beriladi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, zabih Ismoil (a.s.)dirlar. (Afif Abdulfattoh. Tabbora.  Ma’al-anbiyo fil-Qur’anil Ka¬rim. Lubnon. 125-bet.)   
  
Ishoq (a.s.) va o‘g‘illari Ya’qub (a.s.)ning hayotlari  haqida Qur’oni karimda ko‘p ma’lumot berilmagan. Faqat, Ya’qub (a.s.)ning sevimli o‘g‘illari Yusufni yo‘qotib, uning firoqida uzoq muddat alamli hayot kechirganlari, ko‘p yig‘lashdan ko‘zlarining ko‘r bo‘lib qolganligi, umrlarining oxirgi yillarida bu musibatlardan Alloh najot berib, yo‘qolgan farzandlarini topishlari, ko‘zlarining yana ochilishi va nihoyat, o‘g‘illari Yusuf hokim bo‘lgan Misrga ko‘chib o‘tib, oxirgi vaqtlarigacha farovonlik, osoyishtalik va shukronalik bilan yashaganlari bayon etilgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:33:45

Ammo ahli kitoblar Ishoq (a.s.) va Ya’qub (a.s.) haqlarida quyidagi xabarlarni keltiradilar.

Ibrohim (a.s.) o‘z umrlarining  oxirlab qolganini sezganlaridan keyin, o‘g‘illari Ishoqning g‘amini yeyishga tushdilar. Chunki, Ishoq hali uylanmagan, Ibrohim (a.s.) esa unga Allohni tanimaydigan, oilaviy munosabatdan uzoq bo‘lgan kan’onlik qizlarni olib berishga ko‘ngillari yo‘l qo‘ymas edi. Shuning uchun Ibrohim (a.s.) aqlli, ishonchni oqlaydigan, har bir topshiriqni xo‘jasining ko‘nglidagiday bajarib keladigan bir xizmatkorni taklif etdilar va unga, Horonga borib, qarindoshlaridan birining qizini kelinlikka olib kelishni tayinladilar. Xizmatkor Horonga bordi va Allohning inoyati bilan Ibrohim (a.s.)ning akalari Batuiyl ibn Nohurning Rafiqa ismli qizini tanladida, uni o‘zi bilan Kan’onga olib keldi va Ibrohim (a.s.)ga topshirdi.

Ibrohim (a.s.) jiyanlari Rafiqani o‘z o‘g‘illari Ishoqqa nikohlab qo‘ydilar.

Ishoq (a.s.) uylangandan yigirma yil o‘tib, Rafiqa egiz o‘g‘il tug‘di. Birining ismini Iysu qo‘ydilar, arablar Iys deydilar. Ikkinchisining ismini Ya’qub deb qo‘ydilar. Uni Isroil (Ya’qubning ma’nosi "œergashib tushgan"dir.  Egizakning biri Ya’qub Iysudan keyin tug‘ilgani uchun uni shunday atalgan. Ya’qubning ikkinchi nomi Isroildir. "œIsro" qul demakdir. "œIyl" Allohdir. Demak, Isroiyl Abdulloh deganidir. Isroil Safvatulloh (Allohning tanlagan bandasi), Insonulloh (Alloh yaratgan inson), Mujohidulloh(Allohning jihod qiluvchi quli), Jundulloh (Allohning askari) degan ma’nolari ham bor)  ham deyilgani uchun, yahudiylarning barcha qabilalari Bani Isroil deyiladi.

Iysu amakisi Ismoil (a.s.)ning Nasama ismli qizlariga uylandi va ko‘p farzand ko‘rdi.

Ya’qubga esa otalari Ishoq (a.s.)ning vafotlaridan keyin payg‘ambarlik martabasi berildi va otalarining ishlarini davom ettirdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:35:12

2.11.  YA’QUB (A.S.)

Ya’qub (a.s.)ning nomlari Qur’oni karimda o‘nta suraning o‘n yetti oyatida zikr etilgan.

Ishoq (a.s.)ning ikki o‘g‘illari ham teng katta bo‘ldilar. Ammo Ya’qub alohida fazilat egasi bo‘lib, uning yuzidan nur tomib turardi. Shu sababli Ishoq (a.s.) bir kun bu o‘g‘illarining kelajagi porloq ekanligini, xonadonida baraka bo‘lishini, pokiza avlodlar dunyoga kelishini bashorat qilib, Ya’qubning haqlariga duoyi xayr qildilar. Ana shu sabab egizaklar o‘rtasida adovat va hasad paydo bo‘ldi. Iysu Ya’qubga yomon nazar bilan qarab, unga tazyiq o‘tkaza boshladi. Bundan bezor bo‘lgan Ya’qub otalariga shikoyat qilib, shunday dedi: «Ey ota, men sizga akam Iysudan shikoyat qilib keldim. Mening haqimga bashorat berib, duoyi xayr qilgan kuninggizdan buyon menga yomon munosabatda bo‘lyapti, meni haqoratlayapti, tahdid qilyapti, o‘rtamizda aka-ukalik mehri qolmadi, buning ustiga Kan’ondan uylangan ikki xotini bilan maqtanyapti, ikkovi ko‘p o‘g‘illar tug‘ib berarmish, ular menga hayotda ro‘shnolik ko‘rsatmasmishlar. Shuning uchun Alloh sizga bergan hikmatli, dono maslahatingiz bilan ikkovimizning oramizni kelishtirib qo‘yasiz deb sizga shikoyatimni aytdim».

Ikki aka-uka, jigarlarning bunday kelishmovchiligi, ular orasidagi adovat Ishoq (a.s.)ning dillariga anduh soldi va Ya’qubga dedilar: «Ey o‘g‘lim, shubhasiz men o‘zing ko‘rib turganingdek, soch-soqolim oqarib, peshonam tirishib, belim kamondek bukchayib, sharti ketib, parti qolgan cholga aylandim. Umrim oxirlab qoldi, bir sabab bo‘ladiyu ajal meni hayotdan olib ketadi, ammo o‘lganimdan keyin sendan xotirjam bo‘lmayman, chunki akang adovatini oshkor qilib turgan bo‘lsa, qaynota tomonlari serurug‘, tanish-bilishlari ko‘p bo‘lsa, seni ko‘p qiynab qo‘yadi, degan tashvishdaman. Shuning uchun senga maslahatim shuki, sen bu yerdan ko‘chib, Iroq yerining Faddonorom shahriga borgin. U yerda tog‘ang Lobon ibn Batuiyl yashaydi. U kishining qizlaridan birortasiga uylangin-da, farzandlaring va qarindosh-urug‘laring, himoyachilaring ko‘paygandan keyin bu yerga qaytib kelarsan. Men, albatta senga akangning hayotidan farovonroq hayotni, uning naslidan ko‘ra pokizaroq, yaxshiroq naslni orzu qilaman. Seni Allohga amonat topshirdim, O’zi saqlasin!».

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:35:42

Ya’qubga otalarining maslahatlari taskin berdi va ma’qul tushdi. Tug‘ilib o‘sgan ota shaharlaridan bosh olib, ota-onalarini Allohga topshirib, qaynoq yoshlar to‘kib, ikkovlaridan qayta-qayta duoyi xayr olib, musofirlikka yuz tutdilar.

Lobon ibn Batuiyl Ya’qubni juda e’zoz bilan qarshi olib, uni bag‘riga uzoq bosib turdi, ko‘zlaridan sog‘inch va surur yoshlari quyildi.

Ya’qub o‘zining kelishidan maqsadini, otasining so‘zlarini bayon qildi va agar rozi bo‘lsa, uning qizlaridan biriga uylanishini ham qo‘shib qo‘ydi. Lobon ibn Batuiyl Ya’qubning bu taklifini xursandchilik bilan qabul qildi, lekin nikohdan avval kelinning mahri uchun yetti yil cho‘pon bo‘lib ishlab berishni shart qildi. Ya’qub shartga rozi bo‘ldi. Lobonning ikki qizi bo‘lib, kattasi Layyo, kichigi esa Rohiyl edi. Layyo Rohiyldek go‘zal bo‘lmasada, odob va axloqda undan qolishmas edi. O’sha zamonning shariatida opadan avval singilni nikohlash mumkin emas edi, ammo bir erkak opa-singilni o‘z nikohiga olishi joiz edi. Shuning uchun Ya’qub yetti yillik shartni bajarib qaytganlarida Lobon unga katta qizi Layyoni nikohlab berdi va agar xohlasa, yana yetti yillik xizmatdan so‘ng kichik qizi Rohiylni ham nikohiga olishi mumkin ekanligini ta’kidladi. Ya’qub o‘n to‘rt yillik xolis xizmatdan so‘ng Lobon ibn Batuiylning ikki qizi Layyo va Rohiylni o‘z nikohlariga oldilar. Lobon ikki qiziga ikki cho‘rini xizmatga bergan edi. Layyo ham, Rohiyl ham erlari Ya’qubni qattiq yaxshi ko‘rganlari uchun o‘z cho‘rilarini Ya’qubga hadya qilishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:36:17

Ya’qub to‘rt xotindan o‘n ikki farzand ko‘rdilar:

Layyodan Robbin, Sham’un, Lovo, Yahuzo, Yasokir va Zabulun.

Rohiyldan Yusuf va Binyomin.

Balhadan Vaddon va Naftoliy.

Zalfadan Jod va Ashur ismli o‘g‘illar tug‘ildi.

Bularning hammasi Faddonoromda, yolg‘iz Binyomin Kan’onda tug‘ildilar. Bu o‘n ikki o‘g‘il avlodlari «asbot» deb ataladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:37:07

Ya’qub (a.s.) yigirma yildan so‘ng qaynotalari Lobondan ijozat olib, Faddonoromdan to‘rt xotin, o‘n bir farzand, behisob boyligu ko‘plab qarindoshlarga ega bo‘lib qaytdilar. Falastinga yaqinlashganda Ya’qub (a.s.) akalari Iysuning to‘rt yuz kishi bilan kutib olishga chiqqanligini eshitib, dillariga qo‘rquv tushdi va mollaridan katta miqdorda hadya ajratib, o‘zlaridan oldinroq akalariga yubordilar. Iysu ukasi Ya’qubdan kelgan hadyalarni ko‘rib, qalbi biroz yumshadi va butun yerlarini Ya’qub (a.s.)ga tashlab, o‘zi odamlari bilan Sa’iyr tog‘lariga chiqib ketdi.

Ya’qub (a.s.) otalari Ishoq (a.s.)ning huzurlariga keldilar va Hibrun shaharida otalari Ishoq (a.s.) bilan birga yashay boshladilar.

Ishoq (a.s.) bir yuz sakson yil umr ko‘rib, Hibrunda olamdan o‘tdilar va otalari Ibrohim hamda onalari Sora dafn etilgan yerga dafn etildilar. (Afif Abdulfattoh Tabbora, Ma’al-anbiyo fil-Qur’anil Ka¬rim. Lubnon.156-bet.)

Ba’zi rivoyatlarda, Ishoq (a.s.) bir yuz oltmish yil umr ko‘rganlari aytiladi. (Tarixi Tabariy,   1-j.  231-6et.) 

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 09:41:16

Ya’qub (a.s.)ning laqablari Isroil edi. Shuning uchun Ya’qubning o‘g‘illari va avlodlariga «Bani Isroil» deb nom berildi. Ularni «Asbot» ham deyiladi. Ya’qub (a.s.)ning bir o‘g‘il avlodi «sibt» bo‘lib, arablarning bir qabilasiga o‘xshashdir. O’n ikki sibtning faqat uchtasidan:

Lovo sibtidan Muso, Horun, Ilyos va Alyasa’.

Yahuzo sibtidan Dovud, Sulaymon, Zakariyyo, Yahyo va Iyso.

Binyomin sibtidan Yunus payg‘ambarlar chiqqanlar.       

Ishoq (a.s.)ning vafotlaridan keyin uning o‘rniga Ya’qub (a.s.) payg‘ambar bo‘ldilar. Uzun bo‘yli, bug‘doy rangli, vujudi zaif, tabiatan halim, shu bilan birga o‘tkir farosatli bo‘lgan Ya’qub (a.s.) o‘n ikki o‘g‘il orasidan Yusufning buyuk inson bo‘lishini sezar, shu sababli ham uni alohida yaxshi ko‘rar edilar.

Qayd etilgan