Yahuzo Yusuf akalari orasida rahmdilroq, fikri o‘tkirroq edi. U ham gapga qo‘shilib: «Ey birodarlar, biz payg‘ambar avlodimiz, payg‘ambar nabirasimiz, hammamizning ham aqlimiz bor, dinimiz bor, aql ham, din ham odam o‘ldirishga buyurmaydi. Holbuki, Yusuf beayb bola, hech qachon uni o‘ldirishga sabab bo‘ladigan yomonlik ham, gunoh ham qilgani yo‘q. Shuning uchun, modomiki, undan qutulishga qaror qilgan ekansizlar, Baytul-Maqdis yaqinidagi chuqur, suvi ko‘p bo‘lgan quduqqa tashlanglar, biror o‘tkinchi topib olsa, o‘zi bilan birga olib ketadi, sizlar undan qutulasizlar, qotillik gunohidan ham uzoq bo‘lasizlar», dedi. Hammalari uning fikriga qo‘shildilar.
«Haqiqatan, Yusuf va (uning) akalari (qissasi)da so‘rovchilar uchun alomatlar bordir.
O’shanda (akalari) aytdilar: «Yusuf va uning ukasi (Binyomin) otamizga bizdan ko‘ra suyukliroqdir. Vaholonki, biz bir to‘p (ko‘pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlikdadir.
(Bir-birlariga): «Yusufni o‘ldiringiz yoki uni biror yerga chiqarib tashlangiz, shunda otangiz o‘zi sizlarga ortar (faqat sizlarga mehr qo‘yar). Undan keyin yana solih kishilar qavmi bo‘lursizlar.
Ulardan bir so‘zlovchi dedi: «Yusufni o‘ldirmangiz, balki agar qilmoqchi bo‘lsangiz, uni quduq qa’riga tashlangiz, shunda uni ba’zi yo‘lovchilar olib ketar!»