Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232088 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 44 B


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 10:59:14

Yusuf (a.s.)ning akalari otalari va oilalarini olib, Misrga ko‘chib bordilar. Yusuf (a.s.) ularni kutib olib, ehtirom bilan saroyga keltirdilar.

«(Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so‘ng) u ota-onasini o‘z taxtiga chiqardi va ular (ya’ni ota-ona va akalari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: «Ey, otajon, mana shu (qirq yil) ilgari ko‘rgan tushimning ta’biridir. Rabbim uni rost qildi».

Barchalari sevinchlarini ichlariga sig‘dirolmay, Yusufni ulug‘lab unga ta’zim bajo keltirganlarini ko‘rib, Yusuf (a.s.) qo‘llarini duoga ko‘tardilar, Allohga shukr qildilar va fazlini zikr qildilar:

«Ey Robbim, menga mulk berding va menga tushlar ta’vilini o‘rgatding, o‘zing osmonlar va yerni yaratgan zotsan. Dunyoda ham, oxiratda ham sen mening do‘stimsan, meni musulmon holda o‘ldirgin va solih bandalaringga qo‘shgin».

Oyati karimaning «u ota-onasini o‘z taxtiga chiqardi» - degan mazmuniga qaraganda, Yusuf (a.s.)ning onalari Rohiyl ham hayot bo‘lgan. Ba’zi mufassirlarning fikricha, Alloh Rohiylni tiriltirgan, chunki tushning ta’biri amalga oshishi shart edi.

Ba’zi olimlar: «Taxtga chiqqan onalari emas, balki xolalari «Layyo» edi. Chunki xola ona maqomidadir» - degan fikr bildiradilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 11:00:24

Ibn Jarir Tabariy aytadilar: «Yusufning onasi u yoshlik paytida o‘lganini ahli kitoblar rivoyat qilganlar. Biz esa ularning rivoyatlarini to‘la qabul qilavermaymiz. Allohning oyati karimasi uning tirik bo‘lganligiga dalolat qilyaptimi, biz albatta tasdiq etamiz». (O’sha manba, 200-6et.)

Ya’qub (a.s.) bilan Yusuf (a.s.)ning o‘rtalarida bo‘lgan firoq muddatida ham ulamolar turlicha fikrlar bildirganlar. Al-Hasan al-Basriydan ikki xil fikr rivoyat qilingan: biri sakson yil, ikkinchisi sakson uch yil. Qatoda, o‘ttiz besh yil degan. Muhammad ibn Ishoqning fikricha, o‘n sakkiz yil, ba’zi ahli kitoblardan esa, qirq yil, deb rivoyat qilingan.

Voqe’aning rivoji firoq muddatini aniq hisoblashga imkon beradi. Aksar ulamolarning ittifoq qilishlaricha, Azizning xotini Yusufni «birga bo‘lishga» chaqirganda, Yusuf o‘n yetti yoshli yigit edi. Yusuf zindonda yetti yil turgan. Zindondan chiqib, vazir bo‘lgandan keyin yetti yil mo‘l-ko‘lchilik bo‘ldi. Keyingi yetti yillik qahatchilikning birinchi yilida akalar Yusufning oldiga yordam so‘rab keldilar, ikkinchi yilida Binyominni olib keldilar, uchinchi yilida esa, otalari va butun oila a’zolari bilan birga ko‘chib keldilar. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 199-6et.)

«Yusuf (a.s.) Misrga kelganlarida o‘n yetti yoshda edilar. Misr azizining uyida o‘n uch yil turdilar. O’ttiz yoshga kirganlarida Fir’avn o‘ziga vazir qilib oldi. Vasiyatlarini akalari Yahuzoga qildilar va bir yuz o‘n yoshlarida vafot etdilar. (Tarixi Tabariy. 1-j. 235-236-bet.)           

Qayd etilgan


Musannif Adham  01 Fevral 2009, 11:01:39

Ya’qub (a.s.) o‘g‘lilari va butun oila a’zolari bilan Misrga ko‘chib keldilar. Ular Balbis viloyatining Joshir shahariga yetib kelganlarida, Yusuf (a.s.)ga xabar qilindi. Yusuf (a.s.) bilan birga Fir’avn Ar-Rayyon ibn Al-Valid (Ba’zi manbalarda Al-Valid ibn Ar-Rayyon)  saroy a’yonlari bilan Yusufning hurmati uchun otalarini istiqboliga chiqdi va izzat-ikrom ko‘rsatib kutib oldi. Ya’qub (a.s.)ga Balbisning shimolidagi Joshon (hozirda Siftul-Hanna deyiladi) yerlarini in’om qildi. 
       
Ya’qub (a.s.) Misrda yana o‘n yetti yil yashadilar. Umrlarining oxirida farzandlarining har biriga alohida-alohida vasiyat qildilar. Ularning zurriyotlari haqida alohida bashoratlar berdilar. Navbat Yahuzoga kelganda, uning naslidan ulug‘, ko‘pchilik itoat qiladigan payg‘ambar zuhur qilishini bashorat qildilar. Bu bashorat Iyso (a.s.)ning haqlarida edi.

Ya’qub (a.s.) Misrga kelgan vaqtlarida bir yuz o‘ttiz yoshda edilar. Bir yuz qirq yetti yoshda vafot etdilar.

Ya’qub (a.s.) vafot etganlarida Misr ahli yetmish kun yig‘ladi. Yusuf (a.s.) otalarini moylatdilar va shu holatda qirq kun turdi.

Yusuf (a.s.) podshohdan izn oldilar va otalari qilgan vasiyatni amalga oshirib, jasadni Shomga olib bordilar va Ibrohim (a.s.) hamda Ismoil (a.s.)lar dafn etilgan Hibrundagi g‘orga dafn etdilar. 
     
O’z navbatida Yusuf (a.s.)ga ham o‘lim yetib keldi. Yusuf (a.s.) bir yuz o‘n yoshlarida Misrda vafot etdilar.

Bani Isroil Muso (a.s.) bilan birga Misrdan Falastinga qaytayotganlarida Yusufning jasadini ham «Tobuti sakina» nomli tobutda Falastinga olib kelishgan. Hozirda Yusuf (a.s.)ning tobutlari Madina tul-Xalil (Hibrun)dagi Al-Makfiyla g‘oridadir. 

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Fevral 2009, 06:03:01

Yusuf (a.s.) qissasidan dars va ibratlar

Alloh subhonahu va taolo Qur’oni karimda bir necha payg‘ambarning qissasini keltirgan bo‘lsada, Yusuf (a.s.)ning qissalarini «qissalarning go‘zali» deb atagan:

نَحْنُ نَقُصُّ عَلَيْكَ أَحْسَنَ الْقَصَصِ بِمَا أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ هَذَا الْقُرْآنَ


«Biz Sizga ushbu Qur’on (surasi)ni vahiy qilishimiz bilan birga qissalarning go‘zalini aytib berurmiz».( Yusuf, 3.)

Qissaning o‘zi go‘zal bo‘lishi bilan birga, undagi voqe’alarning jarayoni go‘zal. Unda ota mehri  tengsizligining achchiq alami, manmanlikning oqibati, hasad olovining dillarda aks etuvchi adovati, ayollarning makri, taqdirning haqligi, poklikning sharafi va sabrning natijasi ochiq-oydin bayon etilgan. Qissaning  yakuni esa hammasidan go‘zal, ya’ni umumiy yaxshilik va umumiy xursandchilik bilan nihoyasiga yetgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Fevral 2009, 06:04:34

Kitobxon qissani o‘qir ekan, undan ma’naviy zavq olish bilan birga o‘zining hayoti uchun zarur bo‘lgan quyidagi dars va ibratlarga ega bo‘ladi:

1. Ya’qub (a.s.)ning Allohga imonlari, uning sinoviga bo‘lgan bardoshlari barchaga ibratdir. Ya’qub (a.s.) ulug‘ payg‘ambarning o‘g‘illari, o‘zlari ham ulug‘ payg‘ambar bo‘lib, boshqa payg‘ambarlardek qavmlarining tazyiqiga uchramagan bo‘lsalar ham, ammo shaxsiy hayotlari nihoyatda dardli, alamli sinovlarga to‘la bo‘ldi. Yoshlik paytlaridayoq otalari Ishoq (a.s.)ning Ya’qubga bo‘lgan alohida e’tibor va muhabbatlarini ko‘rib, tug‘ishgan egiz akalari Iysuning qalbida Ya’qubga nisbatan adovat paydo bo‘ldi va bu adovat kattalashib, yuzaga chiqib, Iysu Ya’qubga: «Men seni o‘ldiraman», - deydigan darajada zohir bo‘ldi. Ota-onalarining tavsiyasi bilan Ya’qub (a.s.) Iroqning Horon shahrida istiqomat qiluvchi Lobon ismli tog‘alari yoniga qochib borib jon saqlashga majbur bo‘ldilar. Horonda uylanib, katta oila va bir necha farzandlarga ega bo‘lgan bo‘lsalarda, ota-onalaridan yigirma yil hijronda, musofirlikda, g‘ariblikda yashashga majbur bo‘ldilar.

Ota-ona hijronidan endi qutulib, xotirjam bo‘lganlarida, Alloh taolo sevimli farzandlarining hijroniga duchor etdi. Yusuf akalari qalbida paydo bo‘lgan hasad va adovat qurboni bo‘ldilar. Otalari bag‘ridan yulib olinib, noma’lum muddatga badarg‘a qilindilar. Endi Ya’qub (a.s.) sevimli farzandlaridan ayriliq-hijron balosiga giriftor etildilar. Ammo Ya’qub (a.s.)ning ibrat bo‘ladigan mustahkam imonlari va dars bo‘ladigan sabr-toqatlari bu musibatga ham bardosh berishlarida namoyon bo‘ldi. U zotning bardoshlari nochorlikdan o‘zini sabr qilgan ko‘rsatib, uchraganga shikoyat qiladigan yoki Allohning taqdiriga qarshi urush ochib, jaza’ qiladigan odamlarning bardoshi emas, balki har qanday musibatni Allohning sinovi deb biladigan va o‘zigagina takya qilib (suyanib), o‘zidangina yordam so‘raydigan hanif va muxlis kishining bardoshi edi. Shuning uchun Yusufning akalari, uni bo‘ri yeb ketganligini aytib, qonga bulangan kiyimni oldilariga tashlaganda, Ya’qub (a.s.) shunday javob qildilar:

قَالَ بَلْ سَوَّلَتْ لَكُمْ أَنْفُسُكُمْ أَمْرًا فَصَبْرٌ جَمِيلٌ وَاللَّهُ الْمُسْتَعَانُ عَلَى مَا تَصِفُونَ

«(Yaqub) dedi: «Yo‘q! Sizlarni (o‘z) nafsingiz (bunday mudhish) ishga undagan. Bas, (mening burchim) chiroyli sabrdir. Sizlar tavsiflayotgan narsa ustidan Alloh (menga) madadkordir». (Yusuf, 18.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Fevral 2009, 06:06:19

Yusufning akalari Misrga birga olib borish uchun otalaridan kenja o‘g‘illari Binyominga ruxsat so‘rashganda, ularning makrlari zahridan bir marta totib ko‘rgan bo‘lishlariga qaramasdan, Allohning irodasisiz tikon ham kirmasligiga bo‘lgan imonlari tufayli Binyominni ham birga qo‘shib berdilar va dedilar:

فَاللَّهُ خَيْرٌ حَافِظًا وَهُوَ أَرْحَمُ الرَّاحِمِينَ

«Zotan, Alloh eng yaxshi saqlaguvchidir va U mehribonlarning mehribonrog‘idir». (Yusuf, 64.)   

Ya’qub (a.s.)ning imonda mustahkam ekanliklari o‘g‘illarini «yomon ko‘zlar tushmasligi» uchun Misrga turli darvozalardan kirish nasihatini qila turib, Allohga tavakkul qilganlari va o‘g‘illarini ham shunga da’vat qilganlarida ochiq namoyon bo‘ladi:

وَمَا أُغْنِي عَنْكُمْ مِنَ اللَّهِ مِنْ شَيْءٍ إِنِ الْحُكْمُ إِلا لِلَّهِ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَعَلَيْهِ فَلْيَتَوَكَّلِ الْمُتَوَكِّلُونَ

«Men sizlardan Allohning biror hukmini qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Ungagina tavakkul qildim. Barcha tavakkul qiluvchilar ham Uning O’zigagina tavakkul qilsinlar». (Yusuf, 67.)

Ya’qub (a.s.)ning o‘g‘illariga Misrga turli darvozadan kirishga, jamlanib kirmaslikka buyurganlarining sababi shuki, Allohga tavakkul qilgan kishi, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bo‘sh qo‘yib yuborilgan tuyasini yo‘qotgan bir a’robiyga: «Avval tuyangni tushovlab, keyin Allohga tavakkul qilgin!» - deganlaridek, avval ehtiyot chorasini ham ko‘rib, keyin tavakkul qilsin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Fevral 2009, 06:08:43

Ya’qub (a.s.)ga musibat ustiga musibat, hijron ustiga hijron bo‘ldi, ya’ni Misr azizi «o‘g‘irlik qilgani uchun» Binyominni asirlikda olib qoldi. Bu musibatga ham bag‘rilari keng bo‘lgan Ya’qub (a.s.) faqat Allohdan najot kutdilar:

قَالَ إِنَّمَا أَشْكُو بَثِّي وَحُزْنِي إِلَى اللَّهِ وَأَعْلَمُ مِنَ اللَّهِ مَا لا تَعْلَمُونَ

«U aytdi: «Men g‘am va tashvishlarimdan faqat Allohga shikoyat qilaman va men Allohning (mehribonligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman».(Yusuf, 86.)

Barcha musibatlardan najotni faqat Allohdan kutgan Ya’qub (a.s.)ga Alloh taolo ikkinchi bor marhamat qilib, yo‘qotgan o‘g‘illarining ikkovini ham o‘z amonatida saqladi va muxlis payg‘ambariga sog‘-salomat qaytardi. Yusufning dardida ojizlanib qolgan ko‘zlariga shifo berdi. Qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lgan akalar tavba qildilar. Ya’qub (a.s.) gunohkor o‘g‘illarini ham faqat Allohdan mag‘firat so‘rashga, uning rahmatidan noumid bo‘lmaslikka chaqirdilar:   
   
يَا بَنِيَّ اذْهَبُوا فَتَحَسَّسُوا مِنْ يُوسُفَ وَأَخِيهِ وَلا تَيْأَسُوا مِنْ رَوْحِ اللَّهِ إِنَّهُ لا يَيْئَسُ مِنْ رَوْحِ اللَّهِ إِلا الْقَوْمُ الْكَافِرُونَ

«Ey o‘g‘illarim, boringlar, Yusuf va uning ukasini izlanglar va Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofirlar qavmigina noumid bo‘lur».(Yusuf, 87.)

Juda og‘ir musibatlarga duchor bo‘lsalarda, Ya’qub (a.s.) hech qachon Allohning rahmatidan noumid bo‘lmadilar, oxirda uning marhamatiga sazovor bo‘ldilar. Shuning uchun o‘g‘illarini ham noumid bo‘lmaslikka chaqirdilar, natijada ularning gunohlari ham kechirilib, umrlarining oxirini yaxshilikda, rohat-farog‘atda o‘tkazdilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Fevral 2009, 06:53:00

2. Allohning yagonaligiga hujjatlar ko‘p. Barcha payg‘ambarlar tarafidan Allohning huzuridan ummatlariga keltirgan din — islom dini bo‘lib, bu din insonlarni Allohning vahdoniyatiga-yagona deb e’tiqod qilishga chaqiradi. Qavmlarini vahdoniyatga chaqirgan payg‘ambarlarning siyratlari haqida bayon etilarkan, ular ham qavmlarini o‘z tillari bilan Allohni yagona deb imon keltirishga, unga biror narsani sherik qilmaslikka-tavhidga chaqirganlari aytiladi. Masalan: Yusuf (a.s.)ning zindonda o‘z sheriklariga shunday deb da’vat qilganlari Qur’on oyatlarida keltirilgan:

إِنِّي تَرَكْتُ مِلَّةَ قَوْمٍ لا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَهُمْ بِالآخِرَةِ هُمْ كَافِرُونَ (٣٧)وَاتَّبَعْتُ مِلَّةَ آبَائِي إِبْرَاهِيمَ وَإِسْحَاقَ وَيَعْقُوبَ مَا كَانَ لَنَا أَنْ نُشْرِكَ بِاللَّهِ مِنْ شَيْءٍ ذَلِكَ مِنْ فَضْلِ اللَّهِ عَلَيْنَا وَعَلَى النَّاسِ وَلَكِنَّ أَكْثَرَ النَّاسِ لا يَشْكُرُونَ (٣٨)يَا صَاحِبَيِ السِّجْنِ أَأَرْبَابٌ مُتَفَرِّقُونَ خَيْرٌ أَمِ اللَّهُ الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ (٣٩)مَا تَعْبُدُونَ مِنْ دُونِهِ إِلا أَسْمَاءً سَمَّيْتُمُوهَا أَنْتُمْ وَآبَاؤُكُمْ مَا أَنْزَلَ اللَّهُ بِهَا مِنْ سُلْطَانٍ

«Men Allohga imon keltirmaydigan va oxiratni inkor etuvchi qavm dinini tark etdim. Shuningdek, ajdodlarim Ibrohim, Ishoq va Ya’qublarning diniga ergashdim. Biz uchun Allohga biror narsani sherik qilish mumkin emasdir. Bu Allohning bizlarga va odamlarga fazlidir, lekin aksariyat odamlar shukr qilmaydilar. Ey ikki hamzindonlarim! Turli-tuman «ilohlar» yaxshimi yoki yagona va g‘olib Allohmi? Sizlar Uni qo‘yib, o‘zlaringiz va ota-bobolaringiz atab olgan nomlar (but-sanam)largagina sig‘inyapsizlar. Ularga Alloh biror hujjat tushirmagan bo‘lsa?!». (Yusuf, 37-40.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Fevral 2009, 06:53:35

Yusuf (a.s.) fursatni g‘animat bilib, zindonda yotgan boshqa kofirlarning ko‘zini ochib, ularga ko‘pxudolik yaxshimi yoki yakkaxudolikmi ekanligini tushuntira boshladilar. Alloh taolo insonlarga boshqa payg‘ambarlar qissasidagidek, Yusuf (a.s.)ning tillaridan O’zining vahdoniyatini tushuntirmoqda. Unga shirk keltirishning oqibatini bayon etmoqda.

Alloh bergan aql va tafakkurini ozgina ishlatib mulohaza qilgan inson aniq biladiki, butun olam Yaratganning mavjudligiga va yagonaligiga dalolat qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  03 Fevral 2009, 06:54:51

3. Begona erkak va ayolning bir joyda turishi fitnaga sabab bo‘ladi. Yusuf (a.s.)ning qissalarida ayollarning o‘z maqsadiga yetish yo‘lida har qanday makr, ig‘vo va shaytonlikdan qaytmasliklariga ishora bor. Alloh taolo oyati karimada shunday deydi:

إِنَّهُ مِنْ كَيْدِكُنَّ إِنَّ كَيْدَكُنَّ عَظِيمٌ

«Albatta,bu siz ayollarning makrlaringizdir. Haqiqatan, sizlarning makringiz ulkandir». (Yusuf, 28.)

Ayol kishi jismonan zaifroq yaratilgan bilan, erkakka nisbatan hissiyoti, shahvoniy nafsi kuchliroqdir. Ko‘p fitna-fasodlarga aksariyat ayollar sababchi ekanligini hayot ham tasdiqlab turibdi.

Shuning uchun Islom ayol kishining begona erkak huzurida ota-onasi, aka-ukasi yoki eri singari biror mahramisiz qolishini taqiqlaydi. Chunki, begona erkak va begona ayol bir joyda tursa, albatta, uchinchisi shayton bo‘ladi.

Qayd etilgan