Payg‘ambarimiz (s.a.v.) isloh qiluvchi, xatolarni tuzatuvchi da’vatchini bejiz oynaga o‘xshatmadilar. Buning uchta hikmati bor:
1. Oyna o‘z yoniga kelgan odamning kamchiligini ko‘rsatib berish uchun o‘zi toza bo‘lishi kerak. Demak, da’vatchi ham, aytgan gaplarini amalda ko‘rsatish bilan birga, ayb-nuqsonlardan iloji boricha uzoq bo‘lishi lozim.
2. Oyna yoniga kelgan odamning aybini, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar to‘la ko‘rsatib beradi, yashirib yoki rioya qilib o‘tirmaydi. Da’vatchi ham boshqalardagi aybni, garchi odamlar oldida oshkora aytmasa ham, lekin unga loqaydlik bilan qo‘l siltab ketmasdan, alohida joyda sekin aytib, ogohlantirib qo‘yishi lozim.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: «Kim bir munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan qaytarsin. Agar unga qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin. Bu ish ham qo‘lidan kelmasa, dili bilan yomon ko‘rib, o‘sha joydan chiqib ketsin. Uchinchisi imonining zaifligini bildiradi».
3. Oyna o‘z yoniga kelgan odamlarning ayblarini keyingi kelganlarga oshkor qilib o‘tirmaydi. Demak, da’vatchi ham ko‘pchilik oldida ma’ruza qilayotganda bir-ikki odamni nishon qilib olmasligi kerak. Biror odamning aybidan xabardor bo‘lib qolsa, uni boshqalarga oshkor qilmasligi kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Yaxshilarning qalblari sirlarning qabrlaridir», - deganlar.