Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 231813 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 44 B


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 00:08:29

Abu Bakr Muhammad ibn Al-Hasan an-Naqqoshning rivoyatiga qaraganda, Ashobur-Rassi qavmining bir qudug‘i bo‘lib, qavm undan ichishar va yerlarini sug‘orishda ham foydalanishar edi. Qavmning bir chiroyli, odobli, adolatli podshohlari bor bo‘lib, qavm undan juda faxrlanishardi.

Taqdirning taqozosi bilan podshoh olamdan o‘tdi. Qavm bu judolikka chidamay, qattiq motam va iztirobda bo‘ldilar. Bir necha kun o‘tgandan so‘ng, Iblis alayhil-la’na marhum podshohning suratiga kirib, qavm huzuriga keldi va: «Men o‘lmagan edim. Sizlarni sinab ko‘rish uchun bir necha kun g‘oyib bo‘ldim, xolos» - dedi. Qavm podshohlarining «o‘lmaganidan» juda xursand bo‘ldilar.

Iblis ularni: «Men bilan orangizga parda tutib qo‘yinglar. Endi men abadiy o‘lmayman!» - deb aldadi. Qavm esa bu aldovga uchib, «abadiy o‘lmaydigan podshoh»ga sig‘ina boshladilar.

Alloh taolo ularga Hanzala ibn Safvonni payg‘ambar qilib yubordi. U, parda orqasida o‘tirgan va qavmni o‘ziga ibodat qilishga chorlagan odam qiyofasidagi Iblis ekanligini, unga emas, balki yolg‘iz Allohga ibodat qilish lozimligini aytib, qavmni imonga da’vat qildi.

Kofir qavm esa Allohning payg‘ambariga itoat etish, Iblisdan yuz o‘girish o‘rniga, payg‘ambarga dushmanlik qildilar va uni o‘ldirib, quduqqa tashladilar.

Ana shundan so‘ng, ularni sug‘orib, bog‘larini yashnatib turgan quduq suvi to‘xtadi, suvsizlikdan bog‘lar, ekinlar quridi va nihoyat odamlar ham tashnalikdan xarob bo‘ldilar. Obod shahar vayron bo‘lib, odamlar o‘rnini jinlar va vahshiy hayvonlar egalladi. Insonlarning shodlik qichqiriqlari o‘rnini vahshiy hayvonlarning o‘kirishlari qopladi. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 211-6et.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 00:11:20

Ibn Jarir at-Tabariy Ibn Ishoq orqali Muhammad ibn al-Quraziydan shunday hadis rivoyat qilgan: «Payg‘ambarimiz (s.a.v.) dedilar: «Qiyomat kuni jannatga birinchi kiradigan odam qora quldir».

Buning sababi shuki, Alloh taolo bir qishloqdagi qavmga payg‘ambar yubordi. Qavm payg‘ambarga unamay, bo‘yin tovladilar. Illo bir qora qul Allohning payg‘ambarini haq bilib, unga imon keltirdi. Qavm esa payg‘ambarning oyoq-qo‘lini bog‘lab, quduqqa tashladilar va ustiga hech kim ko‘tara olmaydigan og‘ir toshni qo‘yib bekitib tashladilar. Qulay fursatni topib, qora qul quduq boshiga keldi va ko‘p mashaqqatlar bilan toshni surib, payg‘ambarning ustini ochdi, unga suv va taom berdi. Shu tariqa har kuni qora qul o‘tin terib sotib, uning puliga taom sotib olib kelib, payg‘ambarning holidan xabar olib turdi. Bir kun yana o‘tin terib kelish uchun dalaga chiqdi. O’tinni yelkasiga ko‘tarib jo‘nashdan avval biroz dam olmoqchi bo‘ldi va yerga uzala tushib yotdi. Alloh taolo u qora qulni uxlatib qo‘ydi va shu yotganicha yetti yil yotdi. Uyqudan uyg‘onib ikkinchi yonboshiga o‘girildi va yana yetti yil shu yotganicha uxlab qoldi. O’n to‘rt yildan keyin o‘rnidan turib, o‘zini biroz uxlab dam olgan hisoblab, o‘tinni bozorga olib borib sotdi va odaticha payg‘ambarga yeyish uchun taom sotib oldi. Taomni ko‘tarib quduq yoniga keldi, lekin u quduqdan payg‘ambarni topa olmadi. Chunki, qora qul uxlab yotgan vaqtda qavmga Alloh insof berib, qilmishlariga afsus chekib, tavba qilish uchun payg‘ambarning yoniga borgan va uni quduqdan chiqarib, uzr-ma’zur aytishib, imonga kelgan edilar.

Payg‘ambar darhol qora qulni so‘radilar. Lekin qavm uni topa olishmadi. Qora qul uyqudan uyg‘onganda esa, Alloh taolo payg‘ambarning ruhini qabz qilgan edi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Ana shu qora qul jannatga kiruvchilarning birinchisidir» - dedilar.

Mazkur hadisni rivoyat qilgan Ibn Jarir o‘zini-o‘zi rad etadi va shunday deydi: «Qora qul oralarida mavjud bo‘lgan qavm Qur’onda zikr etilgan «Ashobur-Rassi» qavmi bo‘lishi mumkin emas. Chunki, u qavm keyinroq payg‘ambarga imon keltirgani va itoat etgani aytib o‘tildi. Alloh taolo Qur’onda esa «Ashobur-Rassi» qavmini butunlay halok qilganini bayon etib turibdi. (Tafsiri Ibn  Kasir. 3-j. 319-6et.)


Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 00:19:50

3.2.  YOSIN QAVMI

Alloh taolo ommatan azob yuborib, halokatga uchratgan yana bir qavm haqida Qur’oni karimning Yosin surasida bayon qiladi:

وَاضْرِبْ لَهُمْ مَثَلا أَصْحَابَ الْقَرْيَةِ إِذْ جَاءَهَا الْمُرْسَلُونَ (١٣)إِذْ أَرْسَلْنَا إِلَيْهِمُ اثْنَيْنِ فَكَذَّبُوهُمَا فَعَزَّزْنَا بِثَالِثٍ فَقَالُوا إِنَّا إِلَيْكُمْ مُرْسَلُونَ (١٤)قَالُوا مَا أَنْتُمْ إِلا بَشَرٌ مِثْلُنَا وَمَا أَنْزَلَ الرَّحْمَنُ مِنْ شَيْءٍ إِنْ أَنْتُمْ إِلا تَكْذِبُونَ (١٥)قَالُوا رَبُّنَا يَعْلَمُ إِنَّا إِلَيْكُمْ لَمُرْسَلُونَ (١٦)وَمَا عَلَيْنَا إِلا الْبَلاغُ الْمُبِينُ (١٧)قَالُوا إِنَّا تَطَيَّرْنَا بِكُمْ لَئِنْ لَمْ تَنْتَهُوا لَنَرْجُمَنَّكُمْ وَلَيَمَسَّنَّكُمْ مِنَّا عَذَابٌ أَلِيمٌ (١٨)قَالُوا طَائِرُكُمْ مَعَكُمْ أَئِنْ ذُكِّرْتُمْ بَلْ أَنْتُمْ قَوْمٌ مُسْرِفُونَ (١٩)وَجَاءَ مِنْ أَقْصَى الْمَدِينَةِ رَجُلٌ يَسْعَى قَالَ يَا قَوْمِ اتَّبِعُوا الْمُرْسَلِينَ (٢٠)اتَّبِعُوا مَنْ لا يَسْأَلُكُمْ أَجْرًا وَهُمْ مُهْتَدُونَ (٢١)وَمَا لِيَ لا أَعْبُدُ الَّذِي فَطَرَنِي وَإِلَيْهِ تُرْجَعُونَ (٢٢)أَأَتَّخِذُ مِنْ دُونِهِ آلِهَةً إِنْ يُرِدْنِ الرَّحْمَنُ بِضُرٍّ لا تُغْنِ عَنِّي شَفَاعَتُهُمْ شَيْئًا وَلا يُنْقِذُونِ (٢٣)إِنِّي إِذًا لَفِي ضَلالٍ مُبِينٍ (٢٤)إِنِّي آمَنْتُ بِرَبِّكُمْ فَاسْمَعُونِ (٢٥)قِيلَ ادْخُلِ الْجَنَّةَ قَالَ يَا لَيْتَ قَوْمِي يَعْلَمُونَ (٢٦)بِمَا غَفَرَ لِي رَبِّي وَجَعَلَنِي مِنَ الْمُكْرَمِينَ (٢٧)وَمَا أَنْزَلْنَا عَلَى قَوْمِهِ مِنْ بَعْدِهِ مِنْ جُنْدٍ مِنَ السَّمَاءِ وَمَا كُنَّا مُنْزِلِينَ (٢٨)إِنْ كَانَتْ إِلا صَيْحَةً وَاحِدَةً فَإِذَا هُمْ خَامِدُونَ

«Ey, Muhammad, Siz ularga qishloq (Qishloqning nomi Antokiya bo‘lib, u Rum (hozirgi Italiya)ning qadimiy qishloqlaridan biridir) ahlining u joyga elchilar kelgan paytini misol keltiring! O’shanda Biz ularga ikkita elchini yuborganimizda ular ikkisini yolg‘onchiga chiqarishgach, uchinchi elchi bilan quvvatlantirdik. Bas, (uchchala elchi Antokiya ahliga): «Haqiqatan, biz sizlarga yuborilgan elchilarmiz» - degan edilar. Ular: «Sizlar ham xuddi bizlarga o‘xshagan odamlarsiz. Rahmon biror narsa nozil qilgani yo‘q. Sizlar faqat yolg‘on so‘zlamoqdasizlar» - dedilar. Elchilar aytdilar: «Robbimiz bilurki, bizlar, albatta, sizlarga yuborilgan elchilardirmiz! Bizlarning zimmamizda faqat Allohning vahiysini sizlarga aniq yetkazishgina bordir. Ular dedilar: «Bizlar sizlardan shumlanmoqdamiz. Qasamki, agar da’vatlaringizni to‘xtatmasangizlar, sizlarni albatta, toshbo‘ron qilurmiz va sizlarga biz tomondan alamli azob yetar». Elchilar aytdilar: «Shumlanishingiz o‘zlaringiz bilandir. Sizlarga nasihat qilinsa shumlanasizlarmi?! Yo‘q, sizlar haddan oshgan qavmdirsiz!» Shu payt bir kishi (Bu taklifni xaloyiqqa aytgan kishi Habib ismli bir xudojo‘y duradgor edi) shaharning ichkarisidan shoshganicha kelib, dedi: «Ey qavmim, bu elchilarga ergashinglar! O’zlari hidoyatda bo‘lgan va sizlardan haq so‘ramaydigan zotlarga ergashinglar!» U yana aytdi: «Nega men o‘zimni yaratgan Zotga ibodat qilmayin? Sizlar ham Ungagina qaytarilursizlar. Men Undan o‘zgalarni iloh qilib olaymi? Holbuki, agar Rahmon menga biror zarar yetkazishni istasa, u (iloh)larning shafoatlari menga biror foyda bera olmas va ular meni azobdan qutqara olmaslar. U holda men, albatta, aniq zalolatda bo‘lurman-ku! Haqiqatan, men Rabbingizga imon keltirganman, meni eshitib qo‘yingiz!» (So‘zlariga boqmay uni qatl qilishgach, unga) «Jannatga kir», - deyildi. (U joydagi noz-ne’mat va izzat-ikromni ko‘rgach), u aytdi: «Qani edi qavmim bilsalar Robbimning meni mag‘firat etganini va meni mukarram kishilardan qilganini». Biz undan (Habib an-Najjor qatlidan) keyin uning qavmi ustiga osmondan biror qo‘shin (azob farishtalarini) tushirmadik. Biz (shoshilinch) tushiruvchi bo‘lmadik. Faqat birgina dahshatli qichqiriq bo‘ldi-yu, birdaniga ular «o‘chib» qoldilar». (Yosin, 13-29.) 

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 00:22:48

Avvalgi ulamolardan Ibn Abbos, Ka’bul-Ahbor va Vahb ibn Munabbahdan, keyingi ulamolardan Burayda ibn al-Xasib, Ikrima, Qatoda, az-Zuhriy va boshqalardan qilingan rivoyatlarga qaraganda mazkur qavm yashagan qishloqning nomi «Antokiya»dir.

Ibn Ishoq nomlari zikr etilgan avvalgi ulamolardan yana shuni ham rivoyat qilganki, mazkur qavmning Antixus ibn Antixus ismli podshohlari bo‘lib, ular sanamlarga sig‘inardilar. Alloh taolo ularga Sodiq, Masduq va Shalum ismli uch payg‘ambarni yubordi. Qavm esa payg‘ambarlarning da’vatiga quloq tutmadilar, ularni yolg‘onchi qildilar. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. 212-6et.)

Qatodaning taxmin qilishicha, Antokiya xalqiga yuborilgan uch payg‘ambarning ismlari Sham’un, Yo‘hanno va Pavlus bo‘lib, ular Iso (a.s.)ning elchilari edilar.

Qatodaning fikri noto‘g‘ri, chunki tarixda Antokiya shahri Iso Masih dinlarini qabul qilgan birinchi shahardir. Shuning uchun ham mazkur shahar dunyoda eng katta bo‘lgan to‘rt patriarxiya — Antokiya, Quddus, Iskandariya va Rumiyaning bittasi hisoblanadi. Qustantiniya esa beshinchi o‘rindadir. Qur’onda zikr etilgan qavm esa, payg‘ambarni tan olmagani uchun halokatga uchragan. (Ibn Kasir. Qisasul anbiyo.  Qohira. 213-6et.)

Lekin ikki rivoyatni quyidagicha jamlash mumkin. Ya’ni Antokiya qavmiga qadimda ham mazkur uch payg‘ambar — Sodiq, Masduq va Shalum ismli payg‘ambarlar yuborilgan. Ular inkor etilgach, qavmni Alloh taolo halokatga uchratgan. Oradan uzoq yillar o‘tgandan keyin, Iso Masih davrida ham shu shahar aholisiga yana uch havoriy-Sham’un, Yuhanno va Pavlus Iso payg‘ambar tomonidan da’vat uchun yuborilgan. Qavm ularni yaxshi kutib olishib, Iso (a.s.) shariatlarini qabul etishgan. Ammo bu fikr tarixiy nuqtai nazardan ancha uzoq, chunki, Antokiya tarixida hech qachon, Iso (a.s.)ning davrida ham, undan oldin ham biror qavm ommaviy halokatga uchramagan. (Muxtasari tafsiri Ibn Kasir. 3-j. 121-6et.)               

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 00:23:49

Qur’onda qissa qilingan uch payg‘ambarning Iso Masih havoriylari emasligiga uch dalil bor. Birinchisi shuki, oyatda xabar berilgan payg‘ambarlarni Alloh tomonidan yuborilganiga «O’shanda Biz ularga ikkita elchini yuborganimizda ular ikkisini yolg‘onchiga chiqarishgach, uchinchi elchi bilan quvvatlantirdik» - degan mazmun dalolat qilib turibdi. Agar ular Iso Masih yuborgan havoriylar bo‘lganida, oyatning lafzi shunga munosib bo‘lardi.

Ikkinchisi shuki, Qur’onda zikr etilgan qavm itoatsizliklari uchun halok etilganlar. Iso Masih davridagi qavm esa birinchilardan bo‘lib imonga kelganlar.

Uchinchisi shuki, Antokiyaga Iso Masihning da’vatchilar yuborishlari yahudiylarga Tavrot nozil bo‘lgandan uzoq vaqt keyin sodir bo‘lgan. Hamma ulamolarning ittifoq qilishlaricha, Tavrot nozil bo‘lgandan keyin biror qavmga ommaviy halokat yuborilmagan, balki, payg‘ambarga unamagan qavmga nisbatan chora ko‘rish va ular bilan payg‘ambar boshchiligida urushish musulmonlarga buyurilgan. (Muxtasari tafsiri Ibn Kasir. 3-j. 121-6et.) 
 
Demak, Qur’onning Yosin surasida xabar berilgan va halokatga uchragan qavm yashagan joyning nomi Antokiya emas yoki qadimda Antokiya deb nomlangan bo‘lsa ham, u qishloq Rum yeridagi Antokiya emas, deb xulosa chiqarishimiz mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 01:18:45

4-BOB
4.1.  MUSO VA HORUN (A.S.)

Alloh taolo Qur’oni karimda zikr etgan payg‘ambarlarning qissalari orasida Muso (a.s.) qissasi eng katta va mufassal bayon etilgan qissadir. Qur’onning o‘ttiz to‘rt surasida bir yuz o‘ttiz olti marta Muso nomi tilga olingan.

Muso (a.s.)ning nasablari Hazrat Ya’qubning o‘g‘illaridan biri bo‘lgan Lovo ibn Ya’qubga boradi. Muhammad ibn Ishoqning aytishicha, Lovo ibn Ya’qub va Nobita binti Moriydan Qohis ismli o‘g‘il tug‘ildi. Qohis ibn Lovo va Fohiy binti Mussindan Yashar ismli o‘g‘il tug‘ildi. Yashar ibn Qohis va Shumays binti Batodiddan Imron ismli o‘g‘il tug‘ildi. Imron ibn Yashar va Yuhib binti Shamvildan Muso va Horun ismli o‘g‘illar dunyoga keldilar. (Tarixi Tabariy. 1-j. 270-6et.)

Boshqa olimlarning fikrlaricha, Ya’qub ibn Ishoq (a.s.) bir yuz qirq yetti yil umr ko‘rganlar. Yoshlari sakson to‘qqizga yetganda, Lovo ismli o‘g‘illari tug‘ildi. Lovo qirq oltiga kirganda Qohis ismli o‘g‘il ko‘rdi. Qohis esa Yashar ismli o‘g‘il ko‘rdi. Yashar oltmish yoshligida o‘g‘li Imron dunyoga keldi. Muso (a.s.) ana shu Imronning o‘g‘lidirlar. Muso (a.s.) onalarining ismi Yukobid (Ba’zi manbalarda Yuxobid yoki Anohid, As-Suhayliyning yozishicha, Ayorixo yoki Ayozaxtdir. Lekin nomi kim deb aytilsa ham, juda baxtli ayol, ulug‘ payg‘ambarning onasi, Allohdan uning o‘ziga vahiy-ilhomiy xabar kelgan va Allohning buyrug‘iga itoat qilgan tabarruk ayoldir.) , xotinlari esa Safurodir. (Tarixi Tabariy. 1-j. 271-bet.) 

Ibn Kasir esa «Qisasul-Anbiyo» kitobida Muso (a.s.)ning shajaralarini «Muso ibn Imron ibn Qohis ibn Ozir ibn Lovo ibn Ya’qub ibn Ishoq ibn Ibrohim (a.s.)» deb keltirgan. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira, 221-6et.) 

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 01:22:53

Isroil o‘g‘illari Yusuf (a.s.)ning davrlarida Misrning unumdor chorva yerlariga kelib o‘rnashgan, Misrliklar oldida ularning mavqe’lari baland, hayotlari farovon o‘tdi. Bu vaqtda Misr fir’avni Ar-Rayyon ibn Al-Valid bo‘lib, u Yusufning hurmatlaridan Bani Isroilga juda katta saxovat va samohat ko‘rsatdi.

Ibn Ishoqning rivoyat qilishicha, Misr mulkida bir necha amoliqa fir’avnlar hukmronlik qilishdi va ular ham Yusuf, Ya’qub, Ishoq va Ibrohim dinlaridan yuz o‘girishmadi. Qachonki Muso (a.s.)ning fir’avni bo‘lgan Voliy al-Valid ibn Mus’ab (Uning tarixiy nomi Munfitoh  Ramzes II dir) Misr taxtiga o‘tirgandan keyin Bani Isroil qavmi boshiga balo yog‘ildi. Buning ikkita sababi bor edi. Birinchidan, boshqa fir’avnlarga qaraganda al-Validning qalbi qora, niyati buzuq, Bani Isroil qavmiga nisbatan adovati kuchli, o‘ta millatchi edi. (Tarixi Tabariy. 1-j. 272-6et.) 

Ikkinchidan, kohinlarning unga bergan bashoratla rida, uning podshohligini bani Isroil qavmida tug‘ilajak o‘g‘il bola barbod etishining xabari bor edi.

Shuning uchun Misrning bu johil fir’avni baniy Isroil qavmiga juda chuqur adovat saqladi va kuchining boricha ularga yomonlik, xunrezlik illatlarini namoyon qildi. Baniy Isrilning erki va farovon, osoyishta hayoti buzuldi. Ular endi Misr fuqarosi emas, balki misrliklarning qul va cho‘rilariga aylantirildi.   

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 01:24:07

Shunday qilib Muso (a.s.)ning zamonlarida bani Isroil qavmini misrliklar quldek ishlatishardi. Misr qavmini qibtiy deb atalardi. Ular o‘z podshohlari boshchiligida ulug‘ payg‘ambarlar keltirgan Allohning haq dinidan yuz o‘girishib, yulduzlarga va butlarga sig‘inishar, Isroil qavmini haqorat etib, kamsitishar edi. Bu ham yetmagandek Fir’avn (Ramzes II) xudolik da’vosini qila boshladi.

Bani Isroil qavmi Misrda o‘n ikki qabila bo‘lib yashagan. Fir’avnning zulmidan juda azob chekishar, ota-bobolarining yerlari bo‘lgan Kan’onga ketishni juda-juda istashar, biroq buning ilojini qilisha olmas edilar.

Fir’avn ularni turli guruhlarga: binokorlarga, dehqonlarga va cho‘ponlarga bo‘lib tashladi. Hamma ish bilan qattiq band edi. Qo‘lidan ish kelmaydiganlar esa alohida guruh qilinib, ulardan beish yurganlari uchun Fir’avn xazinasiga jarima soliq olinardi.

Ular orasida o‘zlarining haqiqiy e’tiqodlaridan voz kechmagan, dinlarini yashirganlar ham mavjud edi. Hatto ulardan biri bo‘lgan Osiya binti Mazohim ayollarning eng go‘zali, eng pokizasi va eng yaxshisi bo‘lib, Fir’avnning ishonch va muhabbatini qozongan, Fir’avnning jufti, umr yo‘ldoshi, Misr malikasi darajasiga erishgan edi. (Tarixi Tabariy. 1-j. 272-6et.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 01:39:08

Fir’avnning xotini bo‘lgan Osiya binti Mazohim haqida yana turli fikrlar mavjud.

As-Suhayliyning fikricha, Osiya Musoning ammasi edi. Ba’zi olimlarning fikricha, Osiya Muso (a.s.)ning sibti (qabilasi)dan  bo‘lgan.

Ibn Jarir At-Tabariyning aytishicha, Osiyaning to‘liq nomi  Binti Mazohim ibn Ubayd ibn ar-Rayyon ibn al-Valid bo‘lib, Yusuf (a.s.)ning zamonlaridagi musulmon fir’avnning chevarasi edi.

Fir’avn shunchalik zolim bo‘lsa-da, uzoq umr ko‘rdi. Uning ana shunday uzoq umr ko‘rishi oqibatda xudolik da’vosini qilib:

فَقَالَ أَنَا رَبُّكُمُ الأعْلَى

«Men sizlarning oliy Parvardigoringizdirman» (Van-Noziot, 24.) - deyishgacha olib bordi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Fevral 2009, 01:40:58

Alloh taolo Muso va Fir’avn qissasini  qisqacha tarzda Qur’oni karimning «Qasos» surasida shunday bayon etgan:

نَتْلُوا عَلَيْكَ مِنْ نَبَإِ مُوسَى وَفِرْعَوْنَ بِالْحَقِّ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ (٣)إِنَّ فِرْعَوْنَ عَلا فِي الأرْضِ وَجَعَلَ أَهْلَهَا شِيَعًا يَسْتَضْعِفُ طَائِفَةً مِنْهُمْ يُذَبِّحُ أَبْنَاءَهُمْ وَيَسْتَحْيِي نِسَاءَهُمْ إِنَّهُ كَانَ مِنَ الْمُفْسِدِينَ (٤)وَنُرِيدُ أَنْ نَمُنَّ عَلَى الَّذِينَ اسْتُضْعِفُوا فِي الأرْضِ وَنَجْعَلَهُمْ أَئِمَّةً وَنَجْعَلَهُمُ الْوَارِثِينَ (٥)وَنُمَكِّنَ لَهُمْ فِي الأرْضِ وَنُرِيَ فِرْعَوْنَ وَهَامَانَ وَجُنُودَهُمَا مِنْهُمْ مَا كَانُوا يَحْذَرُونَ

«Ey, Muhammad, imon keltiradigan qavm uchun Sizga Muso va Fir’avn xabarini haqiqati bilan tilovat qilib berurmiz. Darhaqiqat, Fir’avn yerda (Misrda) tug‘yonga ketib, uning aholisini bo‘lib tashladi. Ulardan bir toifani (Isroil avlodi qavmini) xorlab, o‘g‘illarini so‘yar, ayollarini tirik qo‘yar edi. Albatta, u buzg‘unchilardandir. Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorlikdan chiqarib, barchaga) peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir’avn mulkiga) merosxo‘r qilishni istaymiz. Yana ularni o‘sha yerda barqaror qilib, Fir’avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga ular xavotirlanayotgan narsani ko‘rsatib qo‘yishni istaymiz». (Qasos, 3-6. Fir’avn va uning vaziri Homonniig xavotiri mol-mulk va davlat Baniy Isroil qavmiga o‘tib ketish xavfi edi. Baniy Isroil qavmi o‘zaro suhbatlarda ulardan bir bola chiqib, shu bolaning qo‘li bilan Misr mulki qibtiylar qo‘lidan ketib ularga o‘tishini qayta-qayta takrorlardilar.)

Qayd etilgan