Rahmatulloh Obidov. Payg'ambarlar tarixi islomiyat tarixidir  ( 232006 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 37 38 39 40 41 42 43 44 B


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:39:25

Alloh taolo bu haqda o‘zining oyati karimasida shunday bayon etadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تَكُونُوا كَالَّذِينَ آذَوْا مُوسَى فَبَرَّأَهُ اللَّهُ مِمَّا قَالُوا وَكَانَ عِنْدَ اللَّهِ وَجِيهًا


«Ey mo‘minlar, sizlar Musoga ozor bergan kimsalar kabi bo‘lmangizlar! Bas, Alloh (Musoni) ular aytgan narsa (ayblar)dan oqladi. U Alloh nazdida obro‘li kishi edi». (Ahzob, 69.)   

Muso (a.s.)ning Alloh huzurida ulug‘liklari shu darajada ediki, u kishining duolari sharofati bilan Alloh taolo birodarlari Horunni payg‘ambar va vazir qilib berdi:

وَوَهَبْنَا لَهُ مِنْ رَحْمَتِنَا أَخَاهُ هَارُونَ نَبِيًّا

«Biz unga O’z fazlimiz bilan birodari — Horunni payg‘ambar qilib berdik». (Maryam, 53.) 

Imom Buxoriy rivoyatlarida Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: «Rasululloh (s.a.v.) o‘ljalarni taqsimladilar. Bir odam kelib: «Bu taqsim Alloh roziligi yo‘lida adolat bilan bo‘lmadi» - dedi. Men uning gapini Rasululloh (s.a.v.)ga yetkazdim. Rasululloh (s.a.v.) qattiq g‘azablanganlaridan alomati yuzlarida aks etdi. Keyin dedilar: «Alloh taolo Musoni rahmat qilsin, unga bundan ham ko‘ra ko‘proq ozor berishardi, u hammasiga sabr qilardi». (Imom Buxoriy. "œSahih". Termiziy. "œSunan".)

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:41:05

Shunday qilib, Muso (a.s.) payg‘ambarlarning ulug‘laridan, shariatlari eng ulug‘ shariatlardan, ummatlari esa juda ko‘psonli edi. Ularning orasida podshohlar, amirlar, payg‘ambarlar, avliyolar, ulamolar, obidlar, zohidlar, donishmandlar va turli soha bilimdonlari bor edi. Shunga qaramay, ularning orasida itoatsizlik ko‘p bo‘ldi, Muso shariatini o‘zgartirdilar, natijada, Alloh taolo ularni ayanchli jazolar bilan jazoladi: ba’zilarini maymunga, ba’zilarini to‘ng‘izga aylantirib qo‘ydi. Shunda ham ular yomonlikni tark etmadilar, Alloh ularni bir necha bor zolim hukmdorlarga duchor qilib, ularning qatag‘oniga uchratdi.

Ulug‘ sahobalar Ibn Abbos, Abu Molik, Abu Solih va Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)lardan as-Sadiy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Alloh taolo Muso (a.s.)ga vahiy yuborib: «Men Horunni vafot ettirmoqchiman, falon joydagi toqqa olib keling!» - deb buyurdi. Muso (a.s.) Horun (a.s.)ni aytilgan joyga olib keldilar. U yerda bir ajoyib manzarali, go‘zal daraxtni ko‘rdilar. Uning yonida juda chiroyli qilib qurilgan uy bor edi. Uyning ichiga bir so‘ri qo‘yilgan bo‘lib, unga ozoda, yumshoq par to‘shaklar to‘shalgan edi. Uyning ichidan esa xushbo‘y, yoqimli hid taralardi. Horun (a.s.) toqqa nazar tashlar ekanlar, bu ajoyib daraxt, uy va so‘rini ko‘rib juda taajjublandilar va Muso (a.s.)ga dedilar: «Ey Muso, men shu yerda biroz uxlab dam olgim kelyapti» - dedilar. Muso (a.s.) ham rozilik bildirib: «Mayli so‘rida uxlab dam oling» - dedilar. Horun (a.s.): «Bu uyning egasi kelib menga g‘azab qilmasmikan?» - deb so‘radilar. Muso (a.s.): «Xotirjam uxlayvering, bu uyning egasi sizga g‘azab qilmasligiga men kafilman» - deb javob berdilar. Horun (a.s.): «Ey Muso, keling, birga uxlaylik, agar uy egasi kelib qolsa ham ikkovimizga barobar g‘azab qilsin!» - dedilar. Muso (a.s.) Horunning yoniga yotdilar va Horun (a.s.) shu yotganlaricha fanoga yo‘l oldilar. Horunning vafotlaridan so‘ng, uy ham, daraxt ham, so‘ri ham osmonga ko‘tarilib ketdi. Muso (a.s.)ning  yolg‘iz kelganlarini ko‘rgan qavm: «Muso Horunni o‘ldiribdi, bani Isroilning Horunni ko‘proq sevishi Musoning hasadini qo‘zg‘abdi» - degan ig‘volarni tarqatishdi. Bu ig‘voning xabari Muso (a.s.)ga yetganda, qavmni bir yerga jamlab turib: «Ey qurib ketgurlar, Men o‘zimning akamni o‘ldiramanmi?» - dedilar va ikki rakat namoz o‘qib, Allohga iltijo qildilar. Alloh taolo Horun (a.s.) yotgan so‘rini Yerga qaytarib, qavmga ko‘rinadigan joygacha tushirdi. Bani Isroil osmon bilan Yer o‘rtasida muallaq turgan, ustida Horun (a.s.)ning jasadlari yotgan so‘rini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar». (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. Dorul-manor. 322-bet.)         

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:41:50

Imom Buxoriy «Sahih»larida shunday rivoyat qiladilar: «Abu Hurayra (r.a.) dedilar: «Muso (a.s.)ning umrlari nihoyasiga yetganda, Alloh taolo o‘lim farishtasi Azroilni qabzi ruh uchun yubordi. Muso (a.s.) Azroilni qabul qilmadilar va haydab yubordilar. Azroil (a.s.) Allohning huzuriga borib shikoyat qildilar va: «Ey Rabbim, meni yuborgan bandang o‘limni istamayapti» - dedilar. Alloh taolo dedi: «Muso (a.s.)ning huzuriga qaytib bor va unga ayt, u bir ho‘kizning terisi ustiga qo‘lini qo‘ysin, kaftiga qancha dona mo‘y sig‘sa, o‘shancha yil yana yashaydi». Azroil (a.s.) Muso (a.s.)ga borib shu gapni aytganlarida, Muso (a.s.): «Undan keyinchi?» - deb so‘radilar. Azroil (a.s.): «Undan keyin o‘lim» - deganlarida, Muso (a.s.) taqdirga tan berdilar va baribir o‘lim haq bo‘lgandan keyin, o‘z vaqtidagisini tanladilar.

Imom Ahmad «Musnad»ida rivoyat qilgan hadisda Abu Hurayra (r.a.) aytadilar: «Azroil (a.s.) Muso (a.s.)ning huzurlariga kelib: «Rabbingizning da’vatini qabul qiling!» - dedilar. Muso (a.s.) Azroilni urib, ko‘zini chiqarib qo‘ydilar. Azroil (a.s.) Alloh huzuriga borib: «Bandang o‘lishni istamayapti, mening esa ko‘zimni urib chiqardi» - deb shikoyat qildilar. Alloh taolo Azroilning ko‘zini joyiga qo‘yib, keyin dedi: «Borib Musoga ayt. Agar u hayotni istasa, qo‘lini ho‘kizning ustiga qo‘yib, siqimlasin, qancha yung uning qo‘liga kirsa, shuncha yashaydi». Azroil borib Muso (a.s.)ga Allohning buyrug‘ini aytganlarida, Muso (a.s.): «Undan keyin nima bo‘ladi?» - deb so‘radilar. Azroil: «O’lim» - deb javob qilganlarida, Muso (a.s.): «Ey Rabbim, senga yaqin bo‘lganim ma’qul» - deb, o‘limga rozi bo‘ldilar.

Muso (a.s.) qavmlari bilan qirq yil Tiyh vodiysida adashib yurdilar, Baytul muqaddasga kirish nasib etmadi. Muso (a.s.)ning umrlari nihoyasiga yetib borgan paytda Alloh taolodan, Baytul maqdisga kirish nasib bo‘lmasa ham, unga yaqinroq joyda qazo ettirishni iltijo qildilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:42:54

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda, janob Rasululloh (s.a.v.) dedilar: «Agar men o‘sha yerda bo‘lganimda, sizlarga Muso (a.s.)ning qabrlarini ko‘rsatar edim. U zotning qabrlari «saxra» (muallaq tosh)dan bir o‘q yetar masofada, qizil rangli qum barxanlari orasidadir».

Vahb ibn Munabbahdan rivoyat etilishicha, Muso (a.s.) bir to‘p farishtalarning qabr qaziyotganlarini ko‘rdilar. Qabr juda manzarali, fayzli ko‘rindi. Muso (a.s.): «Ey Allohning farishtalari, bu qabrni kim uchun qaziyapsizlar?» - deb so‘radilar. Ular: «Allohning bandalaridan bo‘lgan bir ulug‘ odam uchun. Agar o‘sha ulug‘ odam siz bo‘lishni istasangiz, marhamat qabrga kiring, uzala tushib yoting, Allohga tavajjuh qiling!» - deyishdi. Muso (a.s.) qabrga kirdilar va shu yerda yotgancha vafot etdilar. Farishtalar Allohning ulug‘ bandasi va payg‘ambarini dafn etdilar.

Muso (as) 120 yoshlarida Tiyh sahrosida Baytul Muqaddas atrofida vafot etdilar, qabrlari ham o‘sha yerdadir.

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:44:50

Muso (a.s.) qissalaridan dars va ibratlar

Alloh taolo Muso (a.s.) va qavmlari bani Isroil haqida Qur’oni karimda juda batafsil ma’lumot bergan. Muso (a.s.)ning tavalludlaridan boshlab, to umrlarining oxirigacha hayotlari aks etgan oyati karimalarning ma’nolari va ularning hikmatlari haqida fikr yuritar ekanmiz, bu qissadan juda katta dars va ibrat olishimiz mumkin. Qissada Alloh taolo o‘zining qudratini ham, Fir’avn va uning tarafdorlari makriga munosib makrini ham, kutilmagan yerda bandalariga najot beruvchi mehribon Zotligini ham, bani Isroil qavmini qirq yil Tiyh vodiysida sargardon qilganidek qahrini ham namoyish etgan. Har bir kitobxon bu qissani o‘qir ekan, o‘ziga quyidagi ibratlarni olish mumkin:

1. Millatning ma’naviy tarbiyasi barchamizning vazifamizdir. Alloh taolo qissada bayon etishicha, zolim Fir’avn qavmining orasida, doimiy ravishda ulardan haqorat, zulm, zo‘ravonlik ko‘rib, ezilib, qo‘rqib kelgan bani Isroil qavmi erkin, farovon hayotdan uzoq, erkin fikr yuritish qobiliyatidan mahrum, axloqan tuban bo‘lishib, ular uchun yaxshilik bilan yomonlikning farqi qolmagan edi. Shuning uchun Alloh taolo bu qavmni qayta tarbiyalash uchun ularga Muso va Horun (a.s.)larni tarbiyachi payg‘ambar sifatida yubordi. Ularni o‘z haqqini taniydigan, qo‘rqmas, jasoratli, mard bo‘lish uchun Muso (a.s.) boshchiliklarida jihod qilib, «Muqaddas yerga» kirishga Alloh taolo amr etdi. Ammo qalbi vahima va qo‘rquv bilan limmo-lim to‘lgan, kimga bo‘lsa boshini egib, o‘zini hokisor tutib, itoat etishga o‘rganib qolgan qavm dushman bilan jang qilishga, ularga qarshi qurol ko‘tarib hujum qilishga yuragi dov bermadi va payg‘ambarga e’tiroz bildirishib:

قَالُوا يَا مُوسَى إِنَّ فِيهَا قَوْمًا جَبَّارِينَ وَإِنَّا لَنْ نَدْخُلَهَا حَتَّى يَخْرُجُوا مِنْهَا فَإِنْ يَخْرُجُوا مِنْهَا فَإِنَّا دَاخِلُونَ

Aytdilar: «Ey Muso! U yerda bahaybat (zolim) qavm bor. Ular u yerdan chiqmagunlaricha, biz u yerga sira kirmaymiz. Agar u yerdan chiqsalargina, biz kiruvchilardirmiz». (Moida, 22.)

«Jabbor bir qavm bilan biz jang qilmaymiz. Sen Robbing bilan borib jang qil», - deyishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:46:37

Alloh taolo qavmning Baytul muqaddasga kirish uchun tayyor emasligini aytib, itoatsizlik qilganlari sababidan, ularning boshlaridan biroz issiq-sovuq, qiyinchilik o‘tkazib, bu qiyinchilik birinchidan ularning itoatsizlik qilganlari uchun jarima bo‘lsa, ikkinchidan ularni mustaqillikka o‘rgatish va bu mustaqillik ulug‘ ne’mat ekanligidan ogoh etishni iroda qildi va ularni qirq yil Tiyh vodiysida sargardonlikka duchor qildi:

قَالَ فَإِنَّهَا مُحَرَّمَةٌ عَلَيْهِمْ أَرْبَعِينَ سَنَةً يَتِيهُونَ فِي الأرْضِ فَلا تَأْسَ عَلَى الْقَوْمِ الْفَاسِقِينَ

«Alloh dedi: «Albatta, u (Baytul muqaddas) endi ular uchun qirq yilga kirishi taqiqlangandir. Yer yuzi bo‘ylab sarsonlikda yuradilar. Sen (bu kabi) fosiqlar qavmi uchun qayg‘urma!» (Moida, 26.)

Alloh taolo Bani Isroilni qirq yil Tiyh vodiysida sarson qildi, sinadi, osmondan bedana kabob va halvo tushirib ham sinadi, bulut bilan soya solib, issiqdan najot berib ham, o‘zi bilan muloqotga chaqirib, bevosita ovozini eshittirib ham sinadi, buzoqqa sig‘inganlarni bir-birlarini o‘ldirtirib ham sinadi, xullas bir joyda qo‘nim topmadilar, ko‘chib yurdilar, qasr-bog‘lar barpo qilolmadilar, ular uchun anhor va daryo to‘la suvlar yo‘q edi, ular uchun mevalari g‘arq pishgan bog‘lar yo‘q edi. Misrdan qochib chiqqan va Baytul muqaddasga kirish amrini buzgan kishilarning birortasi qolmadi, ularning barchasi hasratda sochilib ketdi, hatto payg‘ambarlari Horun (a.s.) ham, Muso (a.s.) ham Baytul muqaddas yo‘lini topolmasdan olamdan o‘tib ketdilar. Bu muqaddas shaharga kirish baxtini Alloh taolo yangi payg‘ambar Yusha’ ibn Nun (a.s.) boshchiliklaridagi bani Isroilning sargardonlikda dunyoga kelgan va ko‘paygan yangi avlodiga nasib etdi. Ular sargardonlikda dunyoga kelib, hayot kechirib, bir joyda qo‘nim topish, o‘zlariga mustaqil bo‘lish qanday baxt ekanligining qadriga yetadigan bo‘lganlari uchun Alloh ularga bu mustaqillikni berdi va bani Isroil uzoq muddat Baytul muqaddas va atroflarini yashnatib, obod qilishib, payg‘ambarlariga itoat va Allohga shukr qilishib yashay boshladilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:48:28

Alloh taolo o‘zbek xalqini ham yetmish yil sinovda tutdi, ajdodlarimiz bir necha marta qatag‘onga uchradi, qancha-qancha olimlarimiz, ziyolilarimiz, tadbirkorlarimiz, imon-e’tiqodli din peshvolarimiz qurbon bo‘ldilar. Ona yerimizning behisob boyliklari talon-taroj etildi. Bog‘lar kesildi, daryolar, ko‘llar va dengiz suvi quritildi. Ota-bobolarimiz mustaqillik ne’matini orzu qilib, unga erisholmasdan, ko‘zlari bilan ko‘rolmasdan armon bilan olamdan o‘tib ketdilar. O’sha mash’um davrdan xalqimizga juda katta zarar – ma’naviy zarar meros bo‘lib qoldi. Xalq imon-e’tiqoddan uzoqlashdi. Halol-haromning chegarasi buzildi. Kishilar o‘rtasida mehr-oqibat yo‘qoldi, muruvvat qolmadi. Aroqxo‘rlik, fohishalik, qimorbozlik, o‘g‘irlik, sudxo‘rlik, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik kuchaydi. Bu illatlarning barchasi xalqimiz uchun sinov edi.

Alloh taolo mustaqillik ne’matini bergandan so‘ng, xalqimiz erkin nafas ola boshladi va istiqlol nashidasini sura boshladilar. Ammo o‘tmishdan qolgan sarqit va asoratlardan xalqimizni qutultirish, ko‘p asrlik ota-bobolarining diniga, imoniga, axloqiga qaytarish uchun hali ko‘p ish qilinishi lozim bo‘ladi.

«O’z istiqlol va taraqqiyot yo‘limiz, - deb yozgan edi I.A.Karimov mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq, - bu gul bilan qoplangan yo‘l emas, totalitarizm merosidan xalos bo‘lish va poklanish, mafkuraviylik illati yetkazgan ziyon-zaxmatlarni bartaraf etishning qiyin, uzoq davom etadigan yo‘lidir». (I.Karimov. Asarlar. 1-jild, 359-bet.)


Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:50:09

O’zbekiston prezidenti I. A. Karimov bu borada mustaqillikning dastlabki yillaridayoq jon kuydirib gapirgan va xalqning tarbiyasi uchun muhim bo‘lgan «ma’naviyat» masalasini ko‘ndalang qo‘ygan edi. Ma’naviyatni esa prezident shunday ta’riflagan:

«Ma’naviyat haqida gap ketar ekan, men avvalo, insonni ruhiy poklanish va yuksalishga da’vat etadigan, inson ichki olamini boyitadigan, uning iymon-irodasini, e’tiqodini mustahkamlaydigan, vijdonini uyg‘otadigan qudratli botiniy kuchni tasavvur qilaman». (M.Inomnazarov. Milliy ma’naviyatimiz asoslari. TIU nashriyoti. Toshkent. 2001. 3-bet.)


Mustaqillikka erishganimizga o‘n yildan ortib ketdi. Bu davrda mamlakatimiz siyosiy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham juda katta muvaffaqiyatlarga erishdiki, ularni televidenie va radio orqali har kun kuzatib bormoqdamiz, takrorga hojat yo‘q. Ammo ma’naviy jihatdan hali juda orqadamiz. Ma’naviyatning ham ba’zi jihatlari, masalan ilmu fan, san’at, madaniyat va maorif masalalarida ancha ilgarilash bor. Ammo ta’lim-tarbiya, odob-axloq masalalarida anchagina kamchilik mavjud. Yoshlar orasida aroqxo‘rlar, buzuq yo‘llarga kiruvchilar, fohishalar, giyohvandlar, xiyonatchilar, guruhbozlar ko‘payib ketgan. Yoshlarning bu jihatlarini sozlashda asosan diniy tarbiyaga kuch berilishi kerak. Chunki, xalq orasida: «Xudodan qo‘rqmagandan qo‘rq!» - degan maqol bejiz aytilmagan. Insonni hamisha yaxshilikka chorlab turuvchi, hech kim «rahmat» demasa ham yaxshiligini davom ettirishiga turtki bo‘luvchi narsa bu uning imonidir, xudo albatta uning yaxshiligini mukofotsiz qoldirmasligiga chin qalbidan bo‘lgan ishonchidir. Bunday odam: «Yaxshilikni daryoga qil, daryo bilmasa baliq bilur, baliq bilmasa xoliq (yaratuvchi) bilur», - degan maqolga amal qiladi va ezgu ishida davom etadi. Yomonlikdan esa, birov uni uyaltirmasa yoki qo‘rqitmasa ham, o‘zining imoni unga: «Alqasosu minal haq (ekkaningni olasan!)» - deb tanbeh berib turadi va yomonlikdan, jinoyatdan saqlanadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:51:06

Shuning uchun, insonlar ma’naviyatini yuksaltirishda quyidagi takliflarni o‘rtaga tashlash mumkin:

1. Xalq orasida diniy ta’lim-tarbiyani kuchaytirish lozim, buning uchun faqat masjidlarda qilinadigan ma’ruzalar kamlik qiladi, chunki masjidlarga kam odam yig‘iladi, keladiganlari ham o‘zining ozmi-ko‘pmi to‘g‘ri yo‘lini topib olganlar keladi. Har bir mahallada haftada bir marta faqat rasmiyatchilik uchungina emas, muntazam ravishda diniy suhbatlar, savol-javoblar kechasi uyushtirilishi kerak.

2. Televidenie va radioda diniy ko‘rsatuvlar sonini ko‘paytirilishi va har xil ulamolar suhbatini uyushtirilishi, Din peshvolari bilan ochiq muloqotlar, savol-javoblar tashkil etilishi kerak. Mavzular ham rang-baranglashtirilib, hozirgi dolzarb mavzular — turli nopokliklarning zarari, ulardan saqlanish haqida ochiqroq gapirilishi lozim.

3. Oliygohlarda, maxsus va o‘rta maktablarda dinimizning asosi bo‘lgan Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislari, ulardan chiqadigan hukmlarni o‘qitish muntazam rejaga kiritilishi kerak. Chunki, Qur’oni karim va Hadis ham diniy, ham dunyoviy ilmlar konidir. Butun olamga tatigilik kashfiyotlar va ilmiy meroslar qoldirgan hamyurt allomalarimizning ilmu fan taraqqiyotidagi xizmatlarida, yuksak ma’naviyatimizning yulduzlariga aylanishlarida Qur’on va Hadis qo‘shqanot bo‘lganligi sir emasdir.

4. Televidenieda ko‘rsatilayotgan, yoshlarning ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazadigan film va seriallarni, ichkilikbozlikni, kashandalikni targ‘ibot qiluvchi reklamalarni to‘xtatish kerak.

5. Shaharning serqatnov ko‘chalariga o‘rnatilgan, kashandalikni targ‘ib etuvchi reklama lavhalari o‘rniga yurtimiz erishgan muvaffaqiyatlarni ko‘rsatuvchi, shahrimiz jamolini ko‘z-ko‘z qiluvchi rasmlar qo‘yilsa, ular ma’naviy tarbiya uchun xizmat qilardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  13 Fevral 2009, 05:52:50

2. Har kim ekkanini o‘radi. Alloh taolo Muso (a.s.) qissalarida va boshqa o‘tgan payg‘ambarlarning qissalarida ham zulmkorlarga qanday muomala qilganini bayon etadi. Zulmkorga bildirmasdan qarshi zulm qilish ham zulmdir. Shuning uchun Alloh taolo zolim emas, hech kimga bildirmasdan, tasodifan jazo yubormaydi. Ko‘rib o‘tganimizdek, avval payg‘ambarlari orqali ogohlantiradi, tavba va imon keltirishlariga, zulmdan voz kechishlariga imkon beradi. Zulm va tajovuzlari Allohga qarshi bo‘lganidan keyingina, Alloh ularni jazolaydi. Bunday misollarni o‘tgan payg‘ambarlar: Nuh, Hud, Solih, Shu’ayb, Lut va boshqalar misolida ko‘rib o‘tdik. Agar qavmlar Allohning ogohlantirish imkoniyatidan foydalansalar, qilmishlariga tavba etsalar va zulmdan qo‘l tortsalar, Alloh taolo ularning tavbasini qabul qiladi va jazodan najot beradi. Bunday voqe’ani Yunus (a.s.)ning qavmlari misolida ko‘rib o‘tdik.

Qur’oni karim bizlarga ana shu o‘tmish payg‘ambarlar haqida qissa qilib berar ekan, ulardan ibrat olishga, zulm va tajovuzdan qochishga, har bir amalni Alloh roziligi yo‘lida qilishga da’vat etadi:

أَوَلَمْ يَسِيرُوا فِي الأرْضِ فَيَنْظُرُوا كَيْفَ كَانَ عَاقِبَةُ الَّذِينَ كَانُوا مِنْ قَبْلِهِمْ كَانُوا هُمْ أَشَدَّ مِنْهُمْ قُوَّةً وَآثَارًا فِي الأرْضِ فَأَخَذَهُمُ اللَّهُ بِذُنُوبِهِمْ وَمَا كَانَ لَهُمْ مِنَ اللَّهِ مِنْ وَاقٍ

«Axir, ular yer yuzida sayr qilishib, o‘zlaridan avval o‘tgan, (imonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘rsalar bo‘lmaydimi?!»... Bas, Alloh ularni gunohlari sababli ushladi va ular uchun Allohdan o‘zga biror saqlovchi bo‘lmadi». (G’ofir, 21.) 

Qayd etilgan