Vahb ibn Munabbah aytadi: «Ilyos (a.s.)ning qavmlari takzib qilib, u zotga ko‘p ozorlar yetkaza boshlaganidan keyin Alloh taolo Ilyos (a.s.)ni vafot ettirishni iroda qildi. Ilyos (a.s.)ning huzurlariga osmondan olov rangli bir hayvon tushdi. Unga mingan zahoti Ilyos (a.s.)da qanot paydo bo‘ldi, nurdan libos kiygizildi, uni taom va sharob lazzatidan xalos qilindi, Ilyos (a.s.)da ham farishtalik, ham insonlik, ham osmoniylik, ham yerlik xususiyati paydo bo‘ldi. Payg‘ambarlikni al-Yasa’ ibn Axtubga vasiyat qilib, o‘zlari osmonga chiqib ketdilar».
Abu Bakr al-Bayhaqiy rivoyat etishicha, Anas ibn Molik (r.a.) dedilar: «Biz Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan safarga chiqqan edik. Bir joyda dam olish uchun to‘xtadik. Shu payt, vodiydan bir odamning: «Allohim, meni o‘zing gunohini kechirgan, rahmat qilib ummatga yuborgan payg‘ambaring Muhammad (s.a.v.)ning ummatlaridan qilgin!» - degan nidosi eshitildi. Men vodiyga chiqib, ovoz kelgan tarafga bordim. Ro‘paramda bo‘yi uch yuz gaz (Bir gaz yetmish sm ga teng) (taxminan ikki yuz ellik metr) keladigan bahaybat odam o‘tirar edi. U menga: «Sen kimsan?» - deb savol qildi. Men: «Anas ibn Molik, Alloh Rasulining xodimiman» - deb javob qaytardim. «U qaerda?» - deb so‘radi. Men Rasululloh (s.a.v.)ga ishora qildim. U dedi: «Unga mendan salom aytgin va deginki: «Sizga birodaringiz Ilyos salom yubordi». Men Rasululloh (s.a.v.)ning huzurlariga qaytib kelib, Ilyosning xabarini berdim. Rasululloh (s.a.v.) Ilyosning oldiga keldilar va ikkovlari uchrashib, bir-birovlari bilan quchoqlashib ko‘rishdilar. Keyin yonma-yon o‘tirib suhbatlashdilar. Ilyos dedilar: «Ey Allohning rasuli, men bir yilda faqat bir marta taom yeyman. Bugun mening taom yeydigan kunim, siz bilan iftor qilaman». Shu payt osmondan dasturxon tushdi. Unda non va pishirilgan baliq bor edi. Ikkovlari tanovul qildilar, menga ham taomdan berdilar, keyin birga asr namozini o‘qidik. Keyin ikkovlari xayrlashdilar va osmondan bir bulut tushib, Ilyos (a.s.)ni olib chiqib ketdi». (Ushbu hadis to‘qilgan hadis bo‘lib, Ibn Al-Javziy uni "œMavzu’ot"da keltirgan.)
Ushbu hadisni an-Naysoburiy «Mustadrak»ida Imom Buxoriy va Imom Muslimdan deb keltirgan. Holbuki, bu hadis to‘qilgan, yolg‘on hadisdir. Qolaversa, uning mazmuni sahih hadisga munosib kelmaydi, balki zid keladi.