Shamsiddinxon Boboxon, Abdulaziz Mansur. Ming bir fatvo (1-qism)  ( 68804 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 B


AbdulAziz  22 Yanvar 2009, 09:34:07

293-FATVO
Namozda o‘qilgan sajda oyati uchun namoz ichida sajda qilinmagan bo‘lsa, namoz tashqarisida uning qazosi yo‘qdir. Tarki vojib qilgani uchun gunohkor bo‘ladi. Buning uchun istig‘for aytishdan o‘zga chora yo‘qdir.
«Olamgiriya», «Sirojiya», «Kofiy»

294-FATVO
Namoz ichida sajda oyatini o‘qib, sajda qilgandan keyin namozni salom bilan tugatib, turgan joyida o‘sha oyatni qayta o‘qisa, yana bir marta sajda qilishi kerak bo‘ladi. Ba’zi ulamolar salomdan keyin gapirib qo‘ygan bo‘lsa deb shart qo‘ygan ekanlar. Bordi-yu, namoz ichida oyati sajdani o‘qib, sajda qilmay salom bergandan keyin yana o‘sha oyatni o‘qisa, bitta sajda kifoya qiladi.
«Olamgiriya», «Qozixon»

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Yanvar 2009, 09:34:31

295-FATVO
Sajda oyatini ado etish uchun o‘rnidan turib, qiyomdan sajdaga borish, sajdadan keyin ham o‘rnidan tik turib, so‘ngra o‘tirish mustahab amallardandir. Sajda niyatini dilida qiladi, tilida "Allohga tilovat sajdasini qilyapman" deb qo‘ysa kifoya.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «as-Siroj al-vahhoj»

296-FATVO
Namozdan tashqarida sajda oyatini o‘qisa, darhol sajda qilish shart emas, balki qachon sajda qilsa ham qazo emas, ado hisoblanaveradi, Ammo, namoz ichida sajda oyatini o‘qisa, darhol sajda qilishi kerak bo‘ladi. Sajda qilmay qiroatni cho‘zib yuborib, so‘ngra sajda qilsa, qazosini bajargan bo‘ladi. Ayrim fuqaholar nazdida uch oyat yoki undan ortig‘i qiroatni cho‘zganidir.
«Olamgiriya», «G’iyosiya», «Tatarxoniya», «al-Bahr ar-roiq»

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Yanvar 2009, 09:34:56

297-FATVO
Qiroat qilganda sajda oyatini qoldirib o‘qish makruhdir. Agar sajda oyatidan oldinroq joyda to‘xtatsa yoki faqat sajda oyatini o‘qish bilan kifoyalansa makruh emas. Lekin boshqa oyatlardan ham qo‘shib o‘qishlik mustahabdir.
«Olamgiriya». «Muxtasar», «Qozixon»

298-FATVO
Sajda oyatini odamlar eshitadigan joyda o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa, qaraydi: agar ular sajda qilishga tayyor bo‘lib, ularga mashaqqat tug‘dirib qo‘ymasligini bilsa, ovozini chiqarib o‘qisa bo‘laveradi. Ammo, ular tahoratsiz bo‘lishsa yoki eshitsalar-da, sajda qilmasliklari mumkin ekanini bilsa yoxud tahoratli bo‘lsalar ham sajda qilish o‘sha paytda ularga malollik paydo qilishini bilsa, maxfiy o‘qishi lozim bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Xulosa»

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Yanvar 2009, 09:35:24

299-FATVO
Bir joyda bitta sajda oyatini ko‘p marta takroran o‘qisa ham bir marta sajda qilish vojib bo‘ladi. Bir joyda 14 ta sajda oyatidan nechtasini o‘qisa, o‘sha miqdorda sajda qilish vojib bo‘ladi. Eshituvchi nechta joyda eshitganiga va necha xil sajda oyatini eshittaniga qarab sajda qiladi.
«Muxtasar al-Viqoya»

300-FATVO[/b]
Shukr sajdasi xususida mujtahidlarimiz ixtilof qilganlar. Ya’ni biror ne’matga erishganda, farzand yoki nabira ko‘rganda, yo‘qolgan narsasi topilganda, dardidan shifo topganda, kutgan kishisi safardan sog‘-salomat kelganda, biror tashvishidan forig‘ bo‘lganda va hokazo xursandchilik soatlarida Allohga shukrona qilish maqsadida bitta sajda qilib qo‘yishni Abu Hanifa (rh.) keragi yo‘qdeb sanaganlar. Ammo Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (rh.)lar uni savobli ishlardan deb hisoblaganlar. Ulamolar shunga fatvo berganlar.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «as-Siroj al-vahxoj»


***
Kitobning keyingi qismlarida namozga doir fatvolarning davomi, zakot, ro‘za, haj, emikdoshlik, nikoh, taloq, qasam, savdo-sotiq, foiz, omonat saqlash, talon-taroj qilish, garovga qo‘yish, kafillik, havola, vakolat, shirkat, qo‘shma tijorat, dehqonchilik, suvdan foydalanish, qo‘riq yer ochish, vaqf, karohiyat, ichkiliklar, hayvon bo‘g‘izlash, qurbonlik, ov, topib olingan narsalar, bedarak ketgan odam, qozilik, guvohlik berish, iqror bo‘lish, da’vogarlik, sulh tuzish, oliy jazolar, o‘g‘rilik, jihod, jinoiy ishlar, xun to‘lash, zo‘rlash, vasiyat va boshda turli mavzularga doir fatvolar yozilajak, inshoallohu taolo.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Yanvar 2009, 09:36:01

AYRIM SO’ZLAR IZOHI

Avlo — yaxshiroq; loyiqroq; afzalroq.
Avrat — ko‘zdan maxfiy tutilishi va namozda yopiq turishi farz qilingan a’zo. Erkak kishining avrati — kindigi ostidan tizzasining ostigacha. Ayol kishining avrati yuzi, ikki qo‘li, ikxi oyoqto‘piqlari ostidan boshqa hamma a’zolari shar’an avrat hisoblanadi. Avrat g‘aliza va xafifa bo‘ladi. G’aliza — bu insonning jinsiy a’zolari. Xafifa — bu avrat sanaluvchi boshqa a’zolar.
Valadi zino — nikohsiz tug‘ilgan bola.
Dirham — vazni 3,12 g tanga.
Janobat — g‘usl qilish farz bo‘lib qolgan holat, nopoklik.
Joiz — mumkin; ruxsat etilgan; hisobga o‘tadigan.
Junub — g‘usl qilish farz bo‘lib qolgan kishi.
Zamsura — namozda «Fotiha» surasidan keyin o‘qiladigan sura.
Zindiq — haqiqiy islomiy e’tiqoddan qaytgan kishi; murtad; dahriy.
Zirnix — margimush.
Izdihom — odamlarning gavjum bo‘lib, bir-birlariga xalaqit berib turishi.
Istibro — peshobdan keyin kesak, tualet qog‘ozi kabi namlikni o‘ziga tortadigan narsalar bilan peshob qrldig‘ini quritish (46-fatvoga qarang).
Istinjo — katta va kichik tahorat ushatgandan keyin kesak yoki boshqa narsalar bilan tozalanish. Shundan keyin suv bilan yuvish ham istinjo deyiladi.
Iqtido — ergashish; namozda imomga ergashib o‘qish.
Ixtilof — qarama-qarshilik; bir-biriga zid fikrda bo‘lish; nizo.
Karohat — xunuk ko‘rinish; nuqson; noma’qullik.
Madiy — ba’zi kishilarda siygandan keyin chiqadigan yopishqoq suyuqlik.
Maziy — er-xotin bir-biri bilan surkalishganda olat va farjdan chiqadigan suyuqlik. U bilan g‘usl farz bo‘lmaydi. Lekin tahorat ketadi. Ammo uyqudan uyg‘ongan kishi avratida yoki o‘rindig‘ida maziy ko‘rsa ham g‘usl vojib bo‘ladi.
Maniy — odatda jinsiy aloqa qilinganda va ba’zan boshqa sabablar bilan olat va farjdan shahvat (lazzat) bilan tez chiqadigan quyuq modda (spermatazoid). U bilan g‘usl qiliig farz bo‘ladi.
Makruh — xunuk sanalgan, noma’qul ish. Tahorat, namoz, ro‘za kabi ibodatlarda makruh ish qilinsa ibodat buzilmaydi, lekin u nuqsonli va savobi kamaygan bo‘lib qoladi. Yeyiladigan va ichiladigan narsalarda makruh — harom bilan halol o‘rtasidagi hukm.
Masbuq — namozga kech kelib imomga iqtido qilgan kishi.
Mash — silash; tahoratda qo‘llarni suv bilan namlab boshni va poyafzalni silash. Ba’zan jarohat va unga o‘ralgan matoh ustidan ham mash tortiladi.
Maxraj — insondagi axlat va siydik chiqadigan ikki yo‘l.
Mahram — o‘rtalarida nikoh mumkin bo‘lmagan kishi. Masalan ayol kishining o‘z otasi, aka-ukasi, amaki va tog‘asi, o‘g‘li, o‘g‘il nabirasi va hokazo.
Muallif — ta’lif etuvchi; asar yozuchi.
Musannif — o‘zgalarning asarlaridagi ma’lumotlardan to‘plab ijod qiluvchi.
Mujtahid — Qur’on, Hadis, Ijmo’, Qiyos va boshqa qo‘shimcha islom manbalaridan mustaqil ravishda shar’iy hukm chiqarib olishga ilmi yetadigan diniy olim.
Musofir — o‘z asliy vatanidan 90 km uzoqlikni niyat qilib safarga chiqqan kishi. Unga shariat bir necha imtiyoz va yengilliklar beradi. Masalan to‘rt rak’atli farz namozlarni ikki rak’at o‘qiydi, ro‘zani tutmay, keyin qazosini tutadi va hokazo.
Muqim — safarga chiqmay, o‘z vatanida yashayotgan kishi; musofirning ziddi.
Muqtadiy — imomga iqtido qilib namoz o‘quvchi kishi.
Najas, najosat — nopok narsa; inson va hayvonlarning axlat va siydigi; qon; yiring kabi narsalar.
Nafl — farzlardan tashqari ixtiyoriy ravishda bajariladigan namoz, ro‘za, haj kabi ibodatlar. Ularni bajarsa savob, bajarmasa gunoh bo‘lmaydi.
Nifas — ayollarda tuqqandan keyin keladigan qon. U uzog‘i bilan qirq kungacha kelib turishi mumkin, deb belgilangan.
Nufaso — tuqqandan keyin keladigan qoni to‘xtamagan (chilladagi) ayol.
Palid — nopok narsa.
Rukn — namoz va boshqa ibodatlarda bajarilishi farz qilingan amal. Masalan, namozda qiyom (tik turish), ruku’, sajda va hokazo.
Sajdai sahv — namozda biror vojib amalni sahvan tark etganida, o‘sha nuqsonni yuvish uchun namoz oxirida qilinadigan ikki sajda.
Salavot — namoz oxirida «Attahiyot»dan keyin o‘qiladigan durud. U «Allohumma solli alo Muhammad...» deb boshlanadi.
Sano - namozda qo‘llarkni ko‘tarib birinchi takbirni («Allohu akbar»ni) aytgandan keyin o‘qiladigan tasbeh — «Subhanakallohumma vabihamdika...» deb boshlanadi.
Sahvan — esdan chiqarish, qasddan qilinmagan xatolik.
Tasnif — o‘zga mualliflarning asarlaridan foydalanib kitob yozish.
Tashahhud — «Attahiyot» duosining nomi.
Tayammum — suvning yo‘qligi yoki uni ishlatishning imkoni bo‘lmagan hollarda tuproq, chang yoki yer jinsidan bo‘lgan narsalarga ikki qo‘lini urib, yuzi va qo‘llarining tirsaklarigacha surtib chiqish. U tahorat va g‘usl o‘rniga o‘tadi.
Farz — bajarilishi Alloh tomonidan buyurilgan amallar. Masalan, namoz va uning ichidagi qiyom, qiroat, ruku’, sajda kabi amallar, zakot, ro‘za, haj va boshqa ma’lum amallar.
Faqih — fiqh (islom huquqi) bilan shug‘ullanuvchi olim. Ko‘pligi fuqaho.
Xafifa — yengil. Masalan, Abu Yusuf (rh.) nazdida go‘shti yeyiladigan hayvonlar siydigi, ot va sigir axlati yengil najosatlar sirasiga kiradi.
Shozz — nodir; kam uchraydigan; e’tibordan chetda qrlgan so‘z yoki rivoyat. Uni «g‘arib» ham deyiladi.
Qa’da — namozda ikki rak’at o‘qigandan keyin «Attahiyot» o‘qish uchun va namoz oxirida o‘tirish.
Qiyom — namozda tik turish. U farz amallardan. Uzrli hollarda o‘garib o‘qishga ruxsat berilgan.
G’aliza — quyuq; ashaddiy. Masalan, g‘aliza najosat deganda inson va hayvon axlati, qon, aroq kabi narsalar tushuniladi.
G’arg‘ara — suvni og‘izga olib, osmonga qaragan holda harakatga keltirish. Bu amal tomoqni obdon chayish maqsadida tahorat va g‘uslda bajariladi.
G’usl — junub, ya’ni obdon yuvinishi farz bo‘lib qolgan kishining og‘iz-burun va jami badaniga suv yetkazib cho‘milishi.
Ehtilom — tushida jinsiy aloqa qilib maniysining oqib qolishi. Shunday holatga tushgan kishining g‘usl qilishi farzdir.
Hadas — tahoratning sinishi.
Hayz — ayollarning odatda har oy ko‘radigan qoni. Hayz uch kundan o‘n kungacha davom etishi belgilangan. Uch kundan kam yoki o‘n kundan ortiq keluvchi qon hayz emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Yanvar 2009, 09:36:21

Shartli qisqartma so‘zlar izohi

(as.) — "alayhis-salom" ("u zotga salom bo‘lsin. Ya’ni, Allohning rahmati yog‘ilsin").
(rz.) — "raziyallohu anh" ("u zotdan Alloh rozi bo‘lsin").
(rh.) — "rahimahulloh" ("u zotni Alloh rahmat qilsin").
(qs.) — "quddisa sirruh" ("ruhi muqaddas bo‘lsin").

Qayd etilgan



AbdulAziz  22 Yanvar 2009, 09:41:54

Ming bir fatvo - 1-qism



Muallif: Shamsiddin Boboxon, Abdulaziz Mansur
Hajmi: 370 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan