95-FATVO
Bir kishi sahroda qiblani bir tomonga qasd qilib namoz o‘qib turganida boshqa bir odam kelib qiblani qasd qilmay shak bilan unga iqtido qilib namoz o‘qidi. Keyin qiblaga to‘g‘ri yuzlanganlari ma’lum bo‘lsa ikkisining namozi ham durust. Ammo qibla xato chiqsa, imomning namozi durust, qasdsiz iqtido qilgan kishining namozi nodurust.
«Olamgiriya», «Xulosa»
96-FATVO
Qaysi namozni o‘qishga kirishayotganini dilida niyat bilan idrok etib turishi shart. Masalan, birov bexos «Qaysi namozni o‘qiyapsan» — deb so‘rab qolsa, hech o‘ylanib o‘tirmasdan to‘g‘ri javob qila olsa, qilgan niyati hisobga o‘tadi. Necha rak’atligini ham niyat qilishi yaxshi, lekin shart emas. Farzdan boshqa namozlarda faqat namoz o‘qishni niyat qilishning o‘zi kifoyadir.
«Olamgiriya», «Sharhi Viqoya», «Qozixon»