21-FATVO
Janobatdagi odam namoz vaqti kirgunga qadar g‘usl qilmay tursa gunohkor bo‘lmaydi. Zero, tahoratsiz odamga tahorat qilish, janobatdagi va hayz yoki nifosdan chiqqan ayolga g‘usl qilish namoz o‘qish yoki boshqa tahoratsiz qilib bo‘lmaydigan amallarni bajarish oldidan vojib bo‘ladi.
«Olamgiriya», «al-Bahr», «Muhit»
22-FATVO
Ishlatilgan suv (obi musta’mal) Imom Muhammad (rh.) nazdida pok, tahoratli odamning qo‘l, oyoq yoki badaniga yopishgan loy, xamir yoki kirlarni ketkazish uchun ishlatgan suvi «obi musta’mal»ga aylanmaydi. Demak, uni tindirib, yana ishlatsa bo‘ladi. Salqinlash maqsadida cho‘milishga ishlatgan suvi ham musta’mal hisoblanmaydi, balki tahorat, g‘usl, najosatni ketkazish kabilar uchun ishlatilgan suv Imom Muhammad (rh.)dan boshqalar nazdida nopoklik sifatini oladi.
«Olamgiriya», «Qozixon»