Ahmad Muhammad Tursun. Qaynona va kelin  ( 65015 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


Muslimа  26 Yanvar 2009, 11:44:22

BOYLIKKA UCHMANG

Rasulullohdan (s.a.v.) rivoyat qilingan bir hadisi sharifda keltirilishicha, «Kelin tanlash vaqtida to‘rt narsaga albatta qiziqiladi: qizning moliga, husnu jamoliga, nasab-hasabiga (kelib-chiqishiga) va to‘rtinchisi - dinu diyonatiga. Shu oxirgisi - dindorini tanlagin». Hadisdan ko‘rinib turibdiki, oila qurmoqchi, kelin olmoqchi bo‘lganlar eng avvalo uning iymonli, e’tiqodli, halol-pok, hayoli va iboli, sadoqatlisini tanlashlari kerak. Ammo ko‘pincha janobi Payg‘ambarimizning ko‘rsatmalari unutib qo‘yiladi. Ba’zilar kelin xonadonining mol-dunyosiga uchadi. Bilishmaydiki, boylik - vaqtincha narsa, bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin. Ota-onasining naslu nasabi ham kelinning uyida qoladi, yangi joyiga ko‘chmaydi. Husnu jamol ham boqiy emas, yillar uni ham yo‘qotadi. Demak, kelin bilan keladigan narsa - uning dini, iymoni, odob-axloqi, hayosi! Ana shunday kelin olgan odam, inshaalloh, mamnun bo‘ladi, oilasida totuvlik, farog‘at hukm suradi. Bizlar nima qilyapmiz? Biror joyga sovchilikka borsak, eng avvalo hovli-joyining shohonaligiga e’tibor beramiz. Qudalarning boyligini surishtiramiz. «Qiziga qaysi mamlakatning mebel-jihozlarini sep qilarkin?» deya bosh qotiramiz. «O’g‘limizga mashina mindirib qo‘yarmikin?» deb orzulaymiz. Qizning xulq-atvori qanday, dinu diyonati, odob-hayosi bormi - bu haqda so‘rab-surishtirishga vaqt topolmaymiz. Chunki miyamiz yuqoridagi hisob-kitoblar bilan band. Ko‘zimizni qudaning uyidagi jihozlarning jim-jimasi to‘sib qo‘ygan. Quloqlarimizda kuyovga (ya’ni, o‘g‘limizga) qilinadigan sovg‘alarning ro‘yxati jaranglaydi. Ana shunday xonadondan ne-ne umidlar bilan kelinni ham tushirib kelasiz. Ammo tezda shirin orzularingiz sarob chiqib qolganini anglaysiz. Boyligiga uchib bir dardi bedavoga mubtalo bo‘lganingizni tushunib yetasiz. Keliningizning ro‘zg‘or yumushlariga mutlaqo uquvi yo‘q ekan. Pishirgan ovqatining huzurini mahalla kuchuklari va mushuklari ko‘ryapti. Kir yuvish mashinasining nosozligi bahona bu ish ham qaynona zimmasida. Uy tutishni gapirmasa ham bo‘ladi - xonasiga kirib boshingiz aylanadi. O’rgatmoqchi bo‘lsangiz, g‘alvaga qolasiz - «Voy-dod, qaynonam tergab menga kun bermayapti». Indamay o‘zim qilaveray, desangiz, yana janjal - «Voy-dod, qaynonam menga hech narsani ishonmaydi, hatto oshxonaga ham yo‘latmaydi». Nima qilishga hayronsiz. «Ho‘l balo», «yorilmagan yara», deganlari shu bo‘lsa kerak-da!

Bu ham mayli-ya, katta oxurdan «em» yeb o‘rgangan kelin uncha-muncha narsani nazarga ilmaydi, kekkayadi. O’g‘lingiz keltirgan ko‘ylakni «Shu ham mato bo‘ldimi?» deb bir chetga otadi. Bir haftalik go‘shtni qozonga tashlayotganini ko‘rib «Qizim, sal tejamli bo‘laylik, qaynotangiz va eringizning topishi o‘zingizga ma’lum», deb gap ochishingiz bilan bobillab beradi: «Voy, muncha qurumsoq bo‘lmasalaring, uyimizda qozonga tushadiganining yarmini solyapman-ku!» Xullas, oiladagi hamma narsani pul bilan o‘lchaydi, o‘z xonadonidagi tartiblar bilan tenglashtiradi. Ko‘nglidagi ish bo‘lmasa, janjal-g‘avg‘oga zo‘r beradi.

Qayd etilgan


Muslimа  05 Fevral 2009, 11:13:13

RIVOYAT. Bir vaqtlar Bag‘dodda yuz bergan kuchli yong‘inda bir boyning hamma topgani, mol-mulki yonib kul bo‘ldi. Butun mol-dunyosidan bir zumda ajrab qolgan boy Bag‘dod ko‘chalarida faryodu fig‘on chekib yig‘lab yuribdi. Uning holatini ko‘rgan bir oqil kishi uni to‘xtatibdi: «Kap-katta odam yig‘lab yurgani uyalmaysanmi?» Boy: «Axir barcha mol-mulkim bir pasda yonib tamom bo‘ldi, men yig‘lamay, kim yig‘lasin!?» debdi. Ko‘pni ko‘rgan oqil kishi so‘rabdi: «Uydagi umr yo‘ldoshing yaxshimi, ko‘nglingdagi ayolmi?» Uyi yongan kishi javob qaytaribdi: «Ha, bu jihatdan baxtim bor. Allohga shukrki, farosatli, soliha, epli xotinim bor!» Shunda haligi oqil kishi xitob qilibdi: «U holda nega yig‘laysan, nodon?! Sen-ku ozgina harakat qilsang, yo‘qotgan boyligingni qayta toparsan, men kabi bir aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas, befarosat xotinga uylangin, ana o‘shanda bilasan haqiqiy falokat nimaligini!»

Ha, muhtaram onaxonlar, kelin izlab yurganingizda uni boy-badavlat xonadondan topsam, o‘g‘lim baxtli bo‘ladi, degan xayolga bormang. Boylik, mol-davlatning o‘zi hech qachon baxt-iqbol eshiklarini ochib berolmaydi. Keliningiz oqila, odobli, saranjom-sarishta, yaxshi fazilatli bo‘lsagina, u bilan xonadoningizga xotirjamlik, rohat-farog‘at kirib keladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:04:27

KAMBAG’ALLIK AYB EMAS!

Goho hayotda yuqoridagi voqealarning teskarisi ham bo‘lib turadi. Siz ancha o‘zingizga to‘q, to‘rt yoningiz tugal xonadonning bekasisiz. Ammo kelinni olgan joyingiz ro‘zma-ro‘z kun ko‘radigan, ro‘zg‘orini qo‘l uchida tebratib yurgan oila chiqib qoldi. Odatda bunday xonadonlardan olingan qizlar esli-hushli, oilam, erim, ro‘zg‘orim, deb jon kuydiradigan, borgan joyiga toshday cho‘kadigan, xizmatni do‘ndirib, yo‘qni yo‘ndirib, barchaning ko‘nglini oladigan epchil va uddaburon kelinlarga aylanishadi. Faqat ularning kamxarjligini, nochorligini betiga solmasangiz, arzimas mayda-chuydalar deb izzat-nafsini koyitmasangiz, har bir ishda ikki xonadon o‘rtasidagi farqni sezdirmaslikka urinsangiz, inshaalloh, uning oiladagilarga bo‘lgan mehr-muhabbati ortaveradi. Qudalaringiz yanada yaqinlashib borishaveradi. Xonadoningizni urish-janjal, bahs-mojaro tark etadi.

RIVOYAT. Hazrati Umar (r.a.) Madina ko‘chalarini aylanib yurar ekan, bir xonadonga yaqinlashganda ayol kishining shunday deganini eshitib qolibdi: «Qizim, ozroq suv olib kelsang, sutga qo‘shar edik, bugun sut ko‘zimga oz ko‘rinyapti». Qizi: «Voy onajon, nimalar deyapsiz, amiral-mo‘minin sutga suv qo‘shmang, deb buyurgan-ku!» - debdi. Onasi aytibdi: «Qizim, bilasanki, tirikchiligimiz sut bilan o‘tadi, uni ko‘paytirsak yaxshi bo‘ladi. Men bir bevaman, boshqa daromadimiz yo‘q». Qizi: «Gapingizni xalifa eshitsa, nima bo‘ladi?» debdi taajjublanib. «Qizim, kechasi bu vaqtda xalifa uxlab yotgan bo‘ladi, suv qo‘shganimizni qanday ko‘radi?» deydi onasi. Shunda dono qiz onani shu so‘zlar bilan gunohdan qaytaradi: «Onajon, bugun sizga bir narsa bo‘libdi, agar siz aytgan hiylani xalifa ko‘rmasa, hamma narsani biluvchi Alloh ko‘rib, bilib turibdi-ku! Nahot siz gunohga yo‘l qo‘ysangiz?!»

Hazrati Umar bu suhbatni oxirigacha eshitdi. Ertasiga ertalab o‘sha xonadonga borib Allohdan qo‘rquvchi, go‘zal axloqli, yaxshi fazilatli, iffatli va tarbiyali qizni o‘g‘liga so‘radi. Butun musulmon olamining amiri bo‘lmish hazrati Umar o‘g‘lini faqir qizga uylantirdi. O’sha muborak kelindan shunday farzandlar dunyoga keldiki, ulardan biri bobosi kabi adolatni sevuvchi, Allohdan qo‘rqadigan, tarixda «Ikkinchi Umar» nomini olgan Umar ibn Abdul Aziz edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:41:29

Ko‘rdingizmi, kelinning yaxshi chiqishi, avlodlaringizning risoladagi insonlar bo‘lib yetishuvi mol-dunyo, boylik, allaqanday latta-puttalar bilan o‘lchanmas ekan. Ammo hozirgi kunimizga nazar tashlasak, buning g‘irt aksini ko‘ryapmiz. Hali xonadoningizga kelinni tushirib kelmay turib, qudalaringizning qiziga qilgan sep-sidirg‘asi o‘rtaga tashlanadi. Mahalla-ko‘y, qavmi-qarindosh hisob-kitobga tushib ketadi: «Bu ko‘ylagi arzon matoh ekan». Birovi hasaddan, birovi ko‘rolmaslikdan, birovi tushunmaganlikdan, yana boshqasi sizga dushanlikdan ichingizga o‘t yoqadi, gij-gijlaydi: «Voy, past bo‘lmay o‘lsin, kuyovga qilgan sarposini qarang», «Nima balo, mebelni arzon mollar do‘konidan olganmi?», «Sizni hurmat qilmas ekan-da, manavi ko‘ylakning ahvolini ko‘ring!» Shunaqa gaplar bilan to‘y ham tatimaydi, kelindan ham ichingiz chiqmaydi. Bu kayfiyat tez orada o‘rtadagi munosabatlarga ham ko‘chadi. Qildan qiyiq qidirib keliningizga zahringizni socha boshlaysiz, uyidagilarni yomonlaysiz. Oqibatda mojaro-g‘ishava, hammaning dili xufton.

Qizining tinchimayotganidan tashvishga tushgan qudalaringiz endi tipirchilab qolishadi. Hamma narsani o‘z o‘lchovlari, o‘z dunyoqarashlari, o‘z idroklari bilan baholab yurgan qudalar sizning tushunchalaringiz boshqacha ekanini tushunib yetishgach, endi o‘sha «boy berilgan» kemtikning o‘rnini to‘ldirish harakatiga tushib qolishadi. Zir yugurib, huzur-halovatdan kechib, mashg‘ulotlarini tashlab, Alloh buyurgan ibodatlarni ham esdan chiqarib, pul topishga kirishib ketishadi. Pul topisholmasa, qarz-havola qilib bo‘lsayam, qizlariga yangi sarpolar qilishga, xorijiy mebel topishga, hayit-bayramlarda qo‘sha-qo‘sha savat-tog‘oralar to‘ldirishga unnashadi. Biror bahona topib turli «yo‘qlov»larni tashkil etishadi. Kechagina «Qiz baxti molda emas», deb yurgan bechoralar endi sizning nog‘orangizga o‘ynashga, siz o‘rgatgan ashulani aytishga majbur. Shunday qilmasa, qizining turmushi tatimaydi, boshi g‘avg‘odan bo‘shamaydi, oromlari yo‘qoladi.

Vaholanki, Islom dinimiz bunday yomon ilatlarni qoralaydi. Har bir ishda insof, adolat bo‘lishini talab etgan. Faqirlikni, qo‘li qisqalikni ayb sanamagan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:41:53

MOLPARASTLIK ILLATI

Ota-onalar qizlarini turmushga uzatishga tayyorgarlik ko‘rar ekanlar, avvalo unga sep yig‘ishadi. Qo‘sha-qo‘sha ko‘rpa-to‘shaklar, qimmatbaho xorijiy mebel taxlamlari, tillo taqinchoqlar, bir necha sidirg‘a kiyim-kechaklar, xullas, har qanday baquvvat oila boshlig‘ining belini sindirib, yelkasini qayishtirib yuboradigan sarf-xarajatlar kerak. Biz kelin-kuyovning yangi ro‘zg‘orini tiklab olish uchun zarur bo‘lgan bir sidirg‘a kiyim-kechak, eng kerakli ro‘zg‘or buyumlari haqida so‘z yuritayotganimiz yo‘q, bu ishda «men sendan o‘taman» qabilida isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, kerak-nokerak, ortiqcha buyumlarni sotib olish uchun qancha vaqt oilani hamma narsadan qantarish, nomchiqarga, dabdabavozlikka intilish maqbul emasligini aytmoqchimiz. Vaholanki, ana shu qo‘sha-qo‘sha anjom-buyumlar hech qachon qizingizni baxtli qilolmaydi, oilada paydo bo‘ladigan kelishmovchilik, ixtiloflarning oldini ololmaydi. Aksincha, mol-davlat ko‘pincha yoshlar orasini buzadi, ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqaradi. Ko‘pincha, hatto to‘y boshlanmasdan turib «manavi narsani qilmabdi» yoki «oz qilibdi», «sifatsizini qo‘yibdi», degan bema’ni da’volar bilan qancha ko‘ngilxiraliklar bo‘lganiga, qudalarning yovlashib qolganiga, eng achinarlisi to‘ylar buzilib, ikki yoshning baxt-iqboliga zomin bo‘linganiga nima deysiz?! Axir kelin-kuyovning ahilligi, bir-biriga muhabbati, oqibati qaysi zamonda, qaysi yurtda mol-mulk, boylikka bog‘liq bo‘lgan?

RIVOYAT. Rasulullohning (s.a.v.) muborak odatlaridan biri - har gal safardan qaytganlarida eng sevikli qizlari hazrati Fotimatuz-Zahroni ko‘rgani, hol-ahvol so‘ragani borganlar. Bir kuni ana shunday safardan qaytganlarida hazrati Fotimani ko‘rgani uyiga kelibdilar. Qarasalar, qizlari o‘z bolalariga kumush uzuklar, bilaguzuklar taqib, uyining devorlariga chiroyli pardalar osib qo‘yibdi. Shunda janobi Payg‘ambarimiz uyda to‘xtamay qaytib ketibdilar. Fotima onamiz muhtaram otalarining nima sababdan ketib qolganlarini tushunibdilar. Darhol pardalarni, bezaklarni sottirib, pulini kambag‘allarga sadaqa qilibdilar. Demak, Payg‘ambar alayhissalomning ummati bo‘lgan har bir musulmon ana shundan ibrat olishi, mol-dunyo vasvasasiga uchmasligi, molparastlik orqasidan farzandlarining turmushiga og‘u solmasligi kerak. O’tkinchi dunyo istaklari, yaltiroq kiyimlar, shohona uy-joylar, anvoyi jihozlar, oltin zanjirlar sevgi alomati emas, bal’aks farzandlarni ma’naviy jihatdan o‘ldirish demakdir. Axir hazrati Payg‘ambarimiz sevikli qizlariga qarata: «Yo Fotima, bu ipaklarni kiyganlar, oltinlarni taqqanlar oxiratni ko‘rmaydilar», deganlarini bir eslang! Ayniqsa, hozirgi bozor sharoitida molparastlik, boylikka ruju qo‘yish, kimo‘zarga dunyosini ko‘z-ko‘z qilish xalqimizga qimmatga tushyapti. Qancha oilalar arzimas matohlar, deb boshlangan janjallardan parokanda bo‘lyapti. Qancha kelinlarimiz boshida malomat va zulm qamchilari o‘ynayapti. Qanchalab ota-onalarning bir maromdagi hayotlari izdan chiqyapti, kuyovlarning dunyosini qorong‘u qilyapti. Nahot ana shunday kulfatlarga sabab bo‘luvchi molparastlik balosidan qutilish, islomiy talablarga ko‘ra har ishda qanoatli, kamtar bo‘lish shunchalik mushkul ish bo‘lsa?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:42:08

VOQEA.  Yaqinda tahririyatlarning biriga 20-22 yoshlardagi bir juvon ko‘z yoshi qilib kelib qoldi. Nima voqea bo‘lganini surishtirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu qiz bundan uch yil muqaddam Akramjon ismli yigitga turmushga uzatilibdi. To‘ydan keyin bilsa, eri bundan avval ham uylangan, keyin onasining zug‘umi tufayli va oiladagi janjallardan bezor bo‘lib xotinini bitta bolasi bilan uydan haydagan ekan. Eridan ajralish sababini so‘rasa, «Ja boy xonadon edi, birortamizni mensimay qo‘ydi. G’iring, desak, dadasi o‘g‘illarini yetaklab kelib do‘q qiladi. Oxiri onam «Qo‘ysang ham, qo‘yasan, qo‘ymasang ham», deb haydatib yubordilar. ZAGS ham qirqildi, aliment to‘layapman. Mana seni topib uylantirib ham qo‘ydilar», debdi. Uch yilcha eri bilan juda ahil yashashibdi, bir o‘g‘illi bo‘lishibdi. Kichik ukaning uylatilishi bahonasida yarim yil muqaddam ijaraga uy olib chiqib ham ketishibdi. Bu yoqda bozor-bozor, degan gaplar chiqib, eri tijorat bilan haftalab boshqa shaharlarga ketarkan. Yaqinda erdan darak bo‘lavermagach, qaynonasinikiga boribdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, eri eski hovlida avvalgi xotini bilan yarashib olib bemalol yashayotganmish. Hayron bo‘lib buning sababini qaynonasidan so‘rasa, «O’g‘lim sizga uylangandan buyon kosasi oqarmadi. Bunaqa kambag‘al ekanliklaringni bilganimizda kelin ham qilmasdik. Manavinaqa turmush og‘irlashib ketdi, avvalgi erkak qudamiz o‘g‘limni yonlariga olib qo‘llab turmoqchi bo‘ldilar», deb beparvo turaveribdi. «Endi men qayga boraman, dardimni kimga aytaman?» deydi juvon ko‘z yoshlarini duv to‘kib. Darhaqiqat, kimga? Hamma narsani pul bilan o‘lchaydigan qaynonagami? O’g‘li va xotinini besh kunlik dunyo matohiga almashtirib yuborgan bemehr ergami? Yoki so‘rab-surishtirmay yoshgina qizini shunday molparast kishilarga ishonib berib yuborgan ota-onagami? Kimga?! Ilgari ota-onalar yangi turmush qurgan farzandlarining ro‘zg‘orini ajratishar ekan, bir sidra uy-ro‘zg‘or anjom-asboblari, un, gurunch, yog‘ kabi masalliqlar bilan ta’minlashgan. Shu tariqa yosh oila o‘zini tiklab olgan, sarmoyasiga baraka kirgan. Hozirda-chi? Ota-onalar bolalariga qimmatbaho mebellar, hatto mashinalar sovg‘a qilishyapti, shohona uylar qurib berishyapti. Ammo ro‘zg‘or tebratish, mablag‘ni tasarruf etish, qizlarga uy tutish, ovqat pishirish, non yopish, bichish-tikish kabi eng zarur yumushlarni o‘rgatishmayapti. Oqibatda yosh kelin-kuyov turmushning arzimas muammolari oldida dovdirab, san-manga borishyapti, hatto ajralib ketishyapti. Hayit, bayram arafalarida qudanikiga «Hayit yo‘qlov» jo‘natishdagi isroflar, kimo‘zarga bellashuvlar, bir-biriga solishtirib ko‘rib chiqayotgan g‘avg‘o-dilxiraliklar, «Qizim tinch o‘tirsa bo‘ldi», deb bor-budini sovurib, qarzlarga botib qilingan yo‘qlovlar qizga hech qachon baxt keltirmasligiga tushunib yetish va bulardan voz kechish payti kelmadimikan?

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:42:23

VAYRON QASR

Xonadoningizga kelin keldi. Balog‘atga yetgan, ota-onasiga ardoqli, suyukli bir qizning o‘z oshyonini ixtiyoriy tark etib, sizning uyingizda yashay boshlashga nima majbur qildi? Bundan murod - u sizning o‘g‘lingiz bilan turmush, degan ulkan qasrni birga qurmoqchi, hayot davomiyligini ta’minlamoqchi. Bu Allohning amri, Rasulullohning ko‘rsatmalariga bo‘ysungan muslima ayolning fidoyiligi, sadoqati. U er oldidagi burchlarini bajarmoq uchun eri va yaqinlarining xizmatiga hoziru nozir. Bu yo‘lda har qanday qiyinchilik va sinovlarga chidaydi. Ana shu er tufayli qaynona va qaynotani o‘z ota-onasidan a’loroq sevadi va hurmat qiladi. Eriga ehtiromi sababidan uning ini-singillarini izzat qiladi. Bu uning mazlumaligidan yoki tili qisiqligidan emas, balki oilaga, eriga ishqi va sadoqatidandir. Er bo‘lmasa, uning uchun bu xonadon g‘amxonaga, uning ota-onasi-yu yaqinlari shunchaki hamxonaga aylanadi. Er bo‘lmasa, unga turmushning qizig‘i qolmaydi, hayotning ma’nisi ketadi. Ammo ayrim xonadonlarda qaynonalar to‘ydan keyinoq o‘g‘illarini kelindan qizg‘anadilar. To‘g‘ri, ularning ahvolini tushunish kerak. Kechagina onasini o‘tqazgani joy topolmayotgan, mehribonlik ko‘rsatayotgan o‘g‘il bugun boshqa bir ayolni ardoqlay boshladi. Demak, mehr ikkiga bo‘linadi. Bu esa qaynonaning izzat-nafsiga tegadi, o‘zini kamsitilgan his etadi. Buni anglagan ayrim hushyor yigitlar onalari huzurida xotinga nisbatan sal «qirovida» turishadi. Muomalada ko‘pda ro‘yxushlik ko‘rsatishmaydi. Onalariga aslo xotinlarini, uning uyidagilarni maqtashmaydi. Aksincha, kamsitib turishga harakat qilishadi. Bu ahvolni ko‘rgan ona kelini tomonga o‘tib oladi. Sal ko‘ngli bo‘shroqlari xotiniga «qo‘pollik» qilayotgan o‘g‘illarini tergashga, tanbeh berishga kirishadilar. Oilasi buzilib ketmasin, deb ko‘z-quloq bo‘lib turishadi. Ammo ba’zi yigitlarimiz bor: birinchi kunlardanoq ota-ona oldida xotinga alohida iltifot, izzat-ikrom ko‘rsata boshlaydilar. To‘g‘ri, uni sevasan, u sening jufti haloling. Hurmatini joyiga qo‘yib, aybini yashirib, xulqini oshirib ko‘rsatishing shart. Lekin bu ish, ayniqsa, qaynona huzurida bo‘lmasligi kerak. Ayrim onalarning o‘z o‘g‘illarini kelindan qizg‘anishi ular tabiatiga xos narsa ekanini bir dam ham esdan chiqarmaslik lozim. Shuning uchun, muhtaram kuyovlar, ona va xotin o‘rtasida munosabatlar izdan chiqmasligi uchun siz biroz «ikkiyuzlamachiroq» bo‘lishingiz, erkaklik rolingizni qiyomiga yetkazib o‘ynashingiz kerak. Xotiningizni mayda-chuyda ishlarda ham onangizdan maslahat so‘rashga, unga doimo itoatda bo‘lishga o‘rgating. Hech qachon kattalar huzurida unga alohida e’tibor, iltifot ko‘rsatmang. Sal «viqor bilan» turing. Biror sovg‘a hadya qilmoqchi bo‘lsangiz ham, uni o‘ziga topshirmay, onangizga bering. «Shuni keliningizga atab oluvdim, xohlasangiz, berarsiz, bo‘lmasa, o‘zingizga qoldirarsiz», deb bemalol aytavering. Har bir qaynona ana shu gapdan keyin sovg‘ani o‘zi olmay, keliniga topshiradi. Chunki kelin oldida tili qisilishini xohlamaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:42:39

VOQEA. Hidoyat xola o‘g‘li Erkinni otasiz katta qildi. Yolg‘iz o‘g‘il bo‘lgani uchun yer-u ko‘kka ishonmasdi. Ikki qizini allaqachon uzatib qutilgan. O’zi yemay, o‘g‘liga ilindi, kiyim-kechakda o‘ksitmadi. Sut zavodida oddiy ishchi bo‘lishiga qaramay, ko‘chadagi tengdoshlari ichida unga birinchi bo‘lib velosiped olib berdi. Maktabni tugatishi bilanoq yugu-yugur qilib politexnika institutiga joylab qo‘ydi. Ikkinchi kursda bir hamkasbining suluvgina, sarvqomat qiziga uylantirib ham qo‘ydi. To‘ydan keyin ikki-uch oy o‘tmayoq Hidoyat xola kelin olib ko‘ngli to‘lmay, hasratini kimga ochishni bilmay, boshi qotib qoldi. Sababi kelin hali boshi kirib kelmay, xonadonda o‘z tartiblarini o‘rnatishga kirishdi. Birinchi kunlari yoshlar onalari bilan choy ichishar, kechqurunlari allamahalgacha o‘tgan-ketganlardan gaplashib, televizor ko‘rib o‘tirishardi. Oradan ko‘p o‘tmay, kelin-kuyov alohida nonushtaga o‘tirishni boshladi. Kechqurun horib ishdan qaytgan xolaning oldiga kelin «do‘q» etkazib kosadagi ovqatni qo‘yib chiqib ketardi. Televizor ham ularning xonasiga «ko‘chdi». Yoshlar qo‘ltiqlashib hali kinoga, hali mehmondorchilikka jo‘nashadi, hali shahar tashqarisiga borib hordiq chiqarishadi. Bu mustaqillik emish, yoshlar mustaqil yashashi kerakmish. Xola avvaliga chidadi, «Kel, insofga kelib qolar», deb o‘zini ovutdi. «Hech bo‘lmasa, o‘g‘lim onasini unutib yubormas», deb umidvor bo‘ldi. Qayoqda deysiz? Kundan-kun battar, deganlaridek ahvol yaxshi tomonga o‘zgarmasdi. Shunda Hidoyat xolaning bardoshi tugab, to‘nini teskari kiyib oldi. Kelinni yomon ko‘rib qoldi. Har bir ishidan nuqs topdi, uydan bezdirish harakatiga tushib qoldi. Ishning pachavasi chiqqanini ko‘rib kelin shoshib qoldi. O’g‘li tavba-tazarru qilib onasining dilini yumshatmoqchi bo‘ldi. Mahalla-ko‘y, qudalar o‘rtaga tushishdi. Yo‘q, xola aslo yon bermadi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘g‘lini o‘ziga ag‘darib olgan kelinni haydatib tinchidi. Ko‘rdingizmi, bechora qaynonaning ko‘ziga ne-ne umidlar bilan olingan kelin ham, qancha sarfu xarajatlar bilan qilingan to‘y ham, o‘zining mahalla-ko‘ydagi obro‘si-yu, o‘g‘lining baxt-saodati ham ko‘rinmadi. Chunki u eng katta boyligi - ko‘z qorachig‘iday avaylab voyaga yetkazgan o‘g‘lidan ajrab qolganini tushunib yetgandi. Kelin bola ona uchun yolg‘iz o‘g‘il hamma narsadan aziz, ardoqli ekanini anglolmay, katta xatoga yo‘l qo‘ygandi. Bu xato esa turmush, deya atalmish farog‘at qasrini vayron qilib tashladi. Vayronalarda esa chinakam baxt hech qachon oshyon qurmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:42:53

RASHK BALOSI

Qaynotalarni oilada kelinlarning himoyachisi, yosh oilaning posboni, deyish mumkin. Sababi nikoh to‘yining qiz tanlash, sep-sidirg‘a tomonlari ayol zimmasiga tushsa, to‘yning asosiy xarajatlari, uni uyushtirish, kelin-kuyovni uy va jihozlar, ro‘zg‘or buyumlari bilan ta’minlash oilaning xojasi hisoblangan erkakning chekiga tushadi. Shuning uchun ham u oilaning mustahkam, kelin-kuyovning ahil, totuv bo‘lishi uchun qayg‘uradi. Shu maqsadda ko‘pincha oilaviy mojarolarda kelinni himoya qilishga urinadi. Qaynona va kelin mojarolarida adolat tarozisi bilan ish ko‘radi. Erlarning bu «qilig‘i» ko‘pincha qaynonalarga yoqmaydi. O’ttiz yil, qirq yil birga yashagan, hamma ishda sirdosh va hamkor bo‘lgan kishining birdaniga kecha kelgan kelin tomonga o‘tib olishi, g‘ishavalarda ko‘proq uning yonini olishi, gohida esa kelinni himoya qilmoq uchun o‘z xotiniga qattiq-quruq tegishi o‘z-o‘zidan qaynonaning izzat-nafsiga tegadi. O’zini xo‘rlangan his etadi, himoyasiz qolganday tuyuladi. U buning sabablarini yuqoridagi holatlardan izlamaydi-yu, boshqa «dalillar»ni axtarishga tushadi. Bu «dalillar»ning tagi puch bo‘lsa ham, qaynonalar unga mahkam yopishib olishadi. «Yonini olyaptimi, demak, unda ko‘ngli bor» yoki «Shuncha yil turmush qurib, bir-birimizga sirdosh bo‘lib, qarigan chog‘imda yoqmay qolibman-da, shu zumrasha mendan aziz bo‘pti-da» yoxud «Bir balosi borki, keliniga shirinso‘z bo‘lib qoldi, menga biror marta bunaqa mehribonlik ko‘rsatmagandi» va shunga o‘xshash «tahlil»lar, shubhalar, g‘ashliklar ularning qalbini kemirib, nihoyat «barcha kulfatlarda kelin aybdor», degan xulosa chiqarishga olib keladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:43:08

VOQEA. Mahallamizdan uzatilgan Mashkura ismli qizning turmushi yarim yilga bormay buzilib ketdi. Buning sababini so‘raganlarga sho‘rlik ota-ona nima deb javob qaytarishga hayron. Ularning yalinib-yolvorishlari ham, mahalladagi baobro‘ odamlarning o‘rtaga tushishlari ham - hech narsa yordam bermadi. Oxiri kelinning ko‘ch-ko‘ronini kuyovnikidan yig‘ishtirib kelishdi. Mashkuraning o‘zi ham hayron, «Oramizdan hech gap o‘tmagandi, Anvar akam bilan juda ahil edik, ota-onalarini ham juda hurmat qilardim», deb yig‘larmish, xolos. Keyin surishtirishsa, qaynona kelinini yoqtirmay qolibdi. Oilaning erkaklariga «Yo shu kelin turadi bu uyda, yo men», deb keskin shart qo‘yibdi. Kuyov bechora «Keliningizning aybi nima o‘zi?» deb so‘rab baloga qolibdi. «Yo xotinni qo‘yasan, yo duoibad qilaman, oq qilaman, bir umr rozi bo‘lmayman», debdi ona. Eri ham hayronmish. «Hech bo‘lmasa, nima gap o‘tganini men bilib qolay, axir qudalarimizga biror bahona aytish kerak-ku!» deb so‘rasa, «Qo‘li egri, deng, yolg‘onchi, deng, xullas, biror gap toping. Agar u qoladigan bo‘lsa, unda men ketaman», deb qo‘rqitibdi. Xullas, oila buzilib ketdi, shiringina turmushga og‘u tomdi. Bu mashmashalarning hammasiga qaynota sho‘rlik o‘zi bilmagan holda «aybdor» bo‘lib qolgan ekan. Xushro‘ygina, donogina, epchilgina kelinni u otalarcha mehr bilan yaxshi ko‘rgan, «siz-siz»lab erkalagan, yumushi ko‘payib ketsa, xotinini turg‘izgan. «Axir birovning bolasi, yangi kelin, ja zulm qilib yubormaylik, sen ham munday qarashvor», deb yonini olgan. Oila davrasida «Kelinim zo‘r-da, saranjom-sarishta, imoga dik etib yuguradi», deb maqtagan. Bularning hammasi toshni teshgan tomchi yanglig‘ asta-sekin qaynonaning asabini parmalay boshlagan. Avval shunchaki g‘ashi kelgan. Keyinchalik hasad o‘ti, rashk balosi chirmay boshlagan. Bu og‘riqlar chidab bo‘lmas holatga yetishi bilan hech bir gunohsiz yoshgina kelin uning yovuz dushmaniga aylangan. Ikki yovning bir joyda turishi mumkin emas. Har jihatdan himoyasiz, sodda juvon shunday qilib rashk balosining qurboni bo‘lgan. Qaynona erini kelinidan qizg‘anib nima qilib bo‘lsa-da, uni yo‘qotish payiga tushgan va bunga erishgan ham. Demak, yuqoridagi voqeadan qaynotalar ham, qaynonalar ham, kelin-kuyovlar ham baravariga to‘g‘ri xulosa chiqarib olishlari kerak bo‘ladi.

Qayd etilgan