Ahmad Muhammad Tursun. Qaynona va kelin  ( 46488 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 B


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:43:26

HAMMA QIZLAR YAXSHI-YU...

VOQEA. Nazokat oilada yolg‘iz qiz. Dadasi Abdusamad aka qurilish trestida bosh hisobchi, onasi Manzura opa savdo uyida iqtisodchi. Gohida Abdusamad aka xotini bilan g‘ijillashib qolsa, buning sababchisi albatta Nazokat bo‘ladi. - Qizingni juda erkalatib yuboryapsan, hali bir joyga borsa, yuzimizni yerga qaratadi, - deydi dadasi kuyunib. - Sizning ishingiz bo‘lmasin. Yolg‘iz qizimni xo‘rlatib qo‘ymasman. To‘yigacha uch-to‘rt kun o‘ynab olsin, - deb ovutadi onasi. Baxtini qarangki, Nazokat Umida xola degan tul ayolning yakka-yu yolg‘iz o‘g‘li Abrorga turmushga chiqdi. Qaynonasi uch bolasini yerga qo‘ygani uchun «Bolam ikkita bo‘ldi», deb Nazokatni yer-u ko‘kka ishonmas, Abror bo‘lsa, shunday qizga ro‘para bo‘lgani uchun taqdiriga shukrona aytardi. Qaynona kelini bilan o‘g‘liga ko‘z tegmasin, deya tinmay isiriq tutatardi. Kelin-kuyov ishga birga ketib, birga qaytishadi. Hammalari baxtiyor edi. Bir kuni Abror ishdan ertaroq qaytsa, onasining ko‘zidan yosh quyilib, piyoz to‘g‘rab o‘tiribdi. - Ha, onajon, o‘zingiz urinib qolibsiz? - so‘radi o‘g‘il. - Bolam, sizlarga bir manti qilib beray, deb harakatga tushib qoldim-da. - Hademay keliningiz kelib qilar. Qo‘ying, siz urinmang. Ona bir dam sukut qildi, keyin miyig‘ida kulib shunday dedi: - Odam qariganida u-bu ovqatni qo‘msaydigan bo‘lib qolarkan. Bir-ikki bor manti qilaylik, desam, gapim e’tiborsiz qoldi. Bolam bechora manti qilolmasa kerak, deb o‘zim unnay qoldim. Hozircha kuch-kuvvatim bor, xudoga shukr. Abror ichkariga kirdi-yu xayol surib qoldi. Oyisi bechora kelin olib ham tinchimasa! Axir kelin olsam, xizmatimni bajarsa, deb orzu qilmaganmidi? Nazokat kelganida Abror mulohazalarini aytdi. Aytdi-yu baloga qoldi. - Nima, men o‘ynab yuribmanmi? Ertadan-kechgacha uyda bekor o‘tiradilar. Nima qipti ovqat tayyorlasalar, osmon uzilib tushiptimi? - Axir tushungin, Nazokat! Yoshlari bir joyga borib qolgan, buning ustiga kasalmandlar. - Bunaqa ekan, ishlatmasinlar edi. - Hech kim ishlashingga qarshi emas. Ammo ishlaganlar uyida mehmondek yurmaydi-ku! - Ha, men shunaqaman, chidasanglar, shu, bo‘lmasa... Shunchaki boshlangan gap janjal bilan tugadi. Ne mashaqqatlar bilan tayyorlangan ovqat yeyilmay qolib ketdi, kelin «O’g‘lingga shikoyat qilguncha o‘zimga aytmaysanmi?» deb ona bechoraning dilini xufton, ko‘nglini vayron qildi. Bunga ham chidamay uyiga arazlab ketib qoldi. Bir haftagacha kelmadi. So‘roqlab borgan Abrorni qaynonasi rosa «tuzladi»: - Ha, shuncha vaqt yoqqan endi «puf sassiq» bo‘lib qoldimi? Sizlarga tushib qolgan qizimiz yo‘q. Ne qiyinchilik bilan katta qilganmiz, yana boqib olishga qurbimiz yetadi. Mahalla-ko‘y aralashib Nazokatni olib kelishdi. Lekin u ikki oy o‘tmayoq, yana janjal chiqardi. Yana mashmasha, yana po‘pisalar, pand-nasihatlar... Ammo Nazokatning ko‘zi ochilmadi. Ajralishga ariza berdi. Abrorning «Bolani tirik yetim qilmaylik», degan iltijolari ham qulog‘iga kirmadi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Abror qayta uylandi. Nazokat hamon ishlayapti, o‘g‘li bog‘chaga qatnayapti. Ehtimol turmushi yaxshi ham bo‘lar. Lekin o‘g‘li-chi? Endi u kimni dada, deydi, qachongacha uning «uzoq safardan qaytishini» intizorlik bilan kutadi? Axir u ulg‘ayadi, hamma narsani tushunib oladi. Unda kimni ayblaydi? Hayotga, oilaga yengiltaklik bilan qaragan, hamma narsani o‘z rohatidan ustun qo‘ygan onasinimi yoki oilasi uchun qat’iyat, tadbirkorlik ko‘rsata olmagan otasinimi? Mana bitta oila buzilib ketdi. Agar kelinimiz bir gapdan qolganida, uydagilar bilan murosa qilish yo‘llarini axtarganida, yoshi ulug‘ qaynonasini hurmat qilib, xizmatini ayamaganida oila inqirozga uchramas, o‘rtada bola tirik yetim bo‘lmas, er qayta uylanmas edi. Jinday murosasizlikning bahosi ana shunday qimmat bo‘ldi. Xalqimiz «Oila qurish - nina bilan qasr barpo qilishga teng», deydi. Darhaqiqat, oilaning, turmushning, ro‘zg‘orning ming bir mashaqqati, sinovlari bor. Unga tayyor bo‘lmagan, uylarida erka, tantiq, ishyoqmas bo‘lib o‘sgan qizlarimiz kelin bo‘lgan joylarida darrov «fosh» bo‘lib qolishadi. O’z kamchilik-nuqsonlarini tugatish, bilmaganlarini o‘rganish, oiladagi ikki-uch kishining ko‘nglini olish o‘rniga darrov «huquqlarini» talab qilishga, o‘z «hukmronliklarini o‘rnatishga», bo‘lar-bo‘lmasga mojaro-janjal chiqarishga harakat qiladilar. Bilmaydilarki, turmushga chiqishning o‘zi baxtlilik, farovonlik asosi emas. Baxt mashaqqat, sabot, qanoat, fidoyilik bilan qo‘lga kiritiladi. Yaqinda oliy o‘quv dargohlaridan birining talaba qizlari o‘rtasida «Siz qanday yigitga turmushga chiqishni xohlardingiz?» degan savol bilan so‘rov o‘tkazishibdi. Berilgan javoblarda ular bo‘lajak erlarining bo‘yi uzun, qomati kelishgan, oqmag‘izdan kelgan, hind kinoartistlariga o‘xshagan, sevadigan, mard, baquvvat, puldor kabi fazilatlarga ega bo‘lishini istashgan. Ammo javoblar orasida «Erim aqlli, esli-hushli, odobli, diyonatli, oilaga vafodor, ota-onasiga mehribon bo‘lsin», degan gaplarni deyarli uchratmaysiz. To‘g‘ri, insonning tashqi qiyofasi, chehrasi ham muhim narsa. Ammo uning ichki dunyosi, sizga atalgan his-tuyg‘ularining ahamiyati yo‘qmi? Uning oilaga muhabbati, siz va qaynonangiz o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashdagi iqtidori shart emasmi? Erini faqat tashqi ko‘rinishiga qarab tanlagan qizlarimiz ertaga tom ma’noda baxtli bo‘la olarmikanlar?

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:43:50

RIVOYAT. Hazrati Ibrohim alayhissalom to‘ng‘ich o‘g‘li Ismoil alayhissalomni ko‘rgani Makkaga keldi. O’g‘lining uy eshigini taqillatganda bir xotin eshikni ochib qo‘pollik va zarda bilan so‘radi: -Kimsan, kimni so‘rayapsan? - Siz kimsiz? - deya so‘radilar Ibrohim alayhissalom. - Men Ismoilning xotiniman, - dedi ayol o‘shqirib. -Ismoil qaerda? - so‘radilar otalari. - Uyda yo‘q, ovga ketgan. Ismoil alayhissalomning bu xotini qo‘pol va sovuq ayol edi. Tarbiyasi ham yomon, o‘zi yaramas axloqli edi. Uning aqli past, qalbi kir bo‘lganidan qariyaning kimligini ham so‘ramadi. Ibrohim alayhissalom otdan ham tushmay, ularning ahvolini so‘radilar. Bunga javoban xotin: «Juda qiyinchilik bilan yashayapmiz», deb aytdi. Ibrohim alayhissalom o‘g‘lining bunday nonko‘r, qo‘pol, axloqsiz ayolga uylanganidan ranjib, ketar chog‘ida: - Ering kelishi bilan unga aytib qo‘y, uyining ostonasini almashtirsin, - deb tayinladilar. Kunlardan bir kun Ibrohim alayhissalom yana o‘g‘illarini ko‘rgani keldilar. Bu gal eshikni yoshgina ayol ochdi va «Erim uyda yo‘q, ovga ketgandi», dedi. Ibrohim alayhissalom ularning ahvolini so‘radilar. Xotin: - Allohga shukr, juda yaxshi, tashvishimiz yo‘q, - deb javob qildi va yana, - hazratim, uzoq yerdan kelayotgan ko‘rinasiz, uyga kirib biroz dam oling, ovqat ila mehmon qilaman, - deb Allohning payg‘ambariga iltifot, hurmat ko‘rsatdi. Qo‘yarda-qo‘ymay u kishining otda turgan hollarida oyoqlarini yuvib, kiyimlarini tozalab berdi. Ibrohim alayhissalom egilib bu odobli, chiroyli, go‘zal xulqli kelinlarining boshidan o‘pdilar va ketarda tashakkur aytib, unga tayinladilar: - Xojangga ko‘p salom ayt, uyining ostonasini yaxshilab muhofaza qilsin, qo‘riqlasin. Ismoil alayhissalom otalarining tavsiyalari bilan avvalgi badfe’l, badaxloq xotinlarini haydab, keyingi xushxulq, tavoze’li, mehmondo‘st, serhimmat xotinlariga ko‘p minnatdorchiliklar izhor qildilar. Darhaqiqat, yaxshi, soliha, xushaxloq xotin er uchun bir jannat misolidir. Tarbiyasiz, axloqsiz, janjalkash xotinlar esa do‘zaxdan ham battar. Bir kuygan er: «Hamma qizlar yaxshi-yu, yomon kelinlar qayoqdan paydo bo‘lar ekan?» deb hayron bo‘lgan ekan. Chunki ota-onangiz barcha erkalik, noz-firoqlaringizni ko‘taradi, nuqsonlaringizdan ko‘z yumadi. O’zga xonadonda esa bu tezda oshkor bo‘lib qoladi. Shuning uchun to‘ydan keyin barcha yomon qiliqlaringizdan voz kechib, chiroyli amallar qilishni boshlasangiz, faqat o‘zingizga yaxshi bo‘ladi. Islom ummatining payg‘ambari Muhammad alayhissalomdan yaxshi va yomon xotinlar xususida bir necha hadisi shariflar vorid bo‘lgan, yangi turmush qurayotgan va qurgan yigit-qizlar ana shu ko‘rsatmalarni yaxshi bilmoqlari maqbul edi. Janobi Rasululloh dedilar: «Ummatim xotinlarining afzali xushro‘y bo‘lgaylar va qahrlari kam bo‘lgay!» Yana bir hadisi sharifda esa: «Mo‘min kishi dushmanining zo‘rrog‘i yomon xotindir», deyilgan. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Uch xil yomon sifat bordirki, ular (ma’naviy) faqirlikdandir, bularning uchinchisi yomon xotindirkim, birga bo‘lsang, ozor beradi, yo‘q bo‘lsang, xiyonat qiladi». Payg‘ambarimizning kuyovlari hazrati Ali (r.a.) yomon xotinlar haqida shunday deganlar: «Yomon xotinlar yasanib, oro berib, barhana (yalang‘och) yuradigan bo‘lgaylar, dindan, ya’ni musulmonlikdan yalang‘och bo‘lgaylar, din va shariat, musulmonchilik qanday ekanini bilmagaylar. Fitnalarga, ya’ni yo‘ldan ozdiradiganlarga doxildirlar, shahvatga moyildirlar, lazzatga shitob qiladigandirlar, ya’ni shirin va mazali narsalarga tez borguvchilardir. Harom narsalarni halol bilguvchilardir. Bular jahannamda doim va hamisha bo‘lg‘uvchidirlar». Darhaqiqat, yomon kelinlar erlariga va uning yaqinlariga qo‘pol, dag‘al muomalada bo‘ladilar. Xonadon yumushlaridan bo‘yin tovlaydilar. Erning mol-mulkiga beparvo bo‘lib, asrab-avaylamaydilar va isrof qiladilar. Yolg‘on gapirishdan, chaqimchilikdan, hayosizlikdan uyalmaydilar. Oilaning tinchi, farog‘ati, farovonligi haqida o‘ylamay, har kuni - kun osha oila a’zolarining oromini buzib janjal ko‘taraveradilar. Ularga na pandu nasihat, na kattalarning yo‘l ko‘rsatishi, na qonun-tartiblar, na farzandlar qismati - hech narsa kor qilmaydi. Ular ana shunday badbaxt kimsalardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:44:25

ENG YAXSHI YO’L — MUROSA

Ko‘pincha qaynona va kelin munosabatlari haqida so‘z borar ekan, ana shu abadiy muammoni hal etishni har kim o‘zicha har xil sharhlaydi. Kimdir butun aybni «zolim» qaynonalarning «yovuzligi»ga, kimdir «makkor» kelinlarning «o‘tkirligi»ga, yana boshqasi har ikki tomonni kelishtira olmagan «lapashang» kuyovga to‘nkaydi. Aslida kim aybdor? Bu g‘avg‘o-yu mashmashalarda murosa-yu madora io‘lini tutolmagan, islomii axloq-odoo ko‘rsatmalarini tan olmaydigan har bir kishi aybdor bo‘lsa kerak! Qaynona «Men kattaman, kechirimli bo‘lay, yosh, g‘o‘r kelinni yaxshi gapirib yo‘lga solay!» demasa, kelin bola «Qaynonam oilaning bekasi, kattasi, sevgan erimning oq sut bergan, tarbiyalagan onasi bo‘lsa, nega uni hurmat qilmayin, nega xizmatidan bo‘yin tovlayin?!» demasa - ikki o‘rtada mojaro chiqaveradi. Qaynota va kuyov bu hangomalarga tomoshabin bo‘lib turaversa, adolat qilmasa, mojaro katta janjalga, qo‘ydi-chiqdilarga, shirin turmushlarning kushandasiga aylanaveradi. Shayx Muhammad Abu Zahra oilani uch qismga bo‘ladilar: birinchi qism - er-xotin, ikkinchi qism - farzandlar, uchinchisi esa - yaqin qarindoshlar (ya’ni, ota-ona, aka-uka, opa-singil va boshqalar)dir. Ana shu uch qism ahil-totuv bo‘lgandagina oila tinch-osoyishta va fayzli bo‘ladi, aks holda urish-janjaldan boshi chiqmaydi. To‘y vaqtida va oilaviy hayotning avvalida kelin-kuyovga turli maslahatgo‘ylar, g‘amxo‘rlar ko‘payib ketadi. Umr yo‘ldoshini «gah, desa, qo‘liga qo‘nadigan qilib olish» haqida maslahatlar berishadi. Vaholanki, ularning o‘zi tajribasiz, maslahatga muhtoj, fikri tor kishilardir. Ularning «jaydari» yo‘l-yo‘riqlari oilaga foyda keltirish o‘rniga rahna soladi. Islomiy tarbiyaga ko‘ra, er - oilaning rahbari, uning hamma tomoniga mas’ul hisoblanadi. Ammo bu ayrimlar o‘ylaganidek, «deganim degan» qabilida ish tutish, oilaning boshqa azolariga zulm o‘tkazish huquqi berilgani emas. Aksincha, u xotinining haqlarini to‘la ado etadi, ota-onani o‘zi va xotini tomonidan hurmat-ehtirom qilinishini ta’minlaydi, ro‘zg‘or ta’minoti bilan shug‘ullanadi, oilasini halol rizq bilan boqadi. Bu degani - o‘zi yeganini oilasiga yediradi, o‘zi kiyganini kiydiradi, ro‘zg‘orning kerakli jihozlarini xarid qiladi. Xotiniga yaxshi muomalada bo‘ladi, uning Islom shariati belgilab bergan haqlarini to‘la ado etadi, agar ayol tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lsa, uni pand-nasihatlar, tanbehlar bilan yo‘lga soladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Xotinlaringiz bilan yaxshilikda yashang, agar-chi ularni yoqtirmasangiz ham. Shoyadki, sizga yoqmagan narsaning ortidan Alloh sizga ko‘p yaxshiliklarni ravo ko‘radi», deb marhamat etgan. Erlarning yana bir vazifasi - xotinlari xato yoki kamchilikka yo‘l qo‘ysa, kechirimli bo‘lib ularni tuzatish, ularning aybini berkitish, xotini va oilaning boshqa a’zolari o‘rtasida ixtilof chiqsa, buni isloh qilish va murosaga keltirishdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:45:03

RIVOYAT. Xotini bilan noiloj ajrashayotgan bir solih kishidan uning nima aybi borligini so‘rashibdi. Shunda u: «Birovning aybini so‘rab nima qilasiz? Agar u bilan qayta yarashib ketsam, o‘z xotinimning ayblarini boshqalarga fosh qilgan bo‘laman. Yarashmasam, begona bir ayolning aybini ochib sharmanda qilgan bo‘laman. Unisi ham, bunisi ham odobdan emas», degan ekan. Ko‘rdingizmi, ajdodlarimiz hatto ajralishib ketayotganda ham bir-birlariga yomon gapirmaganlar, ayblarini yashirganlar. Chunki ular Rasuli akramning (s.a.v.) «Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir», degan hadislariga rioya etishgan. Erga shunday talablar qo‘yilgan ekan, oila farog‘atida, totuvlik va ahilligida kelinlarimizning ham alohida burch va vazifalari bor. Keling, yaxshisi yuqorida tilga olingan Horisning qizi Asmoga onasi Umoma tomonidan kuyovnikiga jo‘natish oldidan qilingan o‘nta nasihatni keltirib o‘taylik:

«1. Qanoat sohibasi bo‘l. O’z holingga shukr qil. Ya’ni, ering uyga nimaiki olib kelsa, u xoh yeydigan, xoh kiyadigan narsa bo‘lsin, xushfe’llik bilan, go‘zal odob bilan qabul qilib ol! Eringga tashakkur aytib xushnudlik ko‘rsat. Zero, baxtli hayot kechirmoqning bir yo‘li o‘z holiga shukr etmoqlikdir. Holiga shukr etmagan, o‘z nafsini tiymagan kishida ko‘ngil huzuri, qalb rohati bo‘lmaydi!

2. Eringga itoat et, qil, degan ishlarini qil, qilma, deganini qilma!

3. Eringning ko‘zi tushadigan joylarga yaxshi e’tibor ber! Ya’ni, uyning ichini, tashqarisini nihoyatda toza tut. Shunday qilki, xojangning ko‘ziga bir chirkin yer ko‘rinmasin.

4. Ust-boshingni toza tut. Ering faqat xushbo‘yni sezsin, dimog‘iga yomon hid kelmasin. Chunki yomon hidlar ering ko‘z o‘ngida sening obro‘yingni tushiradi. Sendan irganishiga sabab bo‘ladi. Shuni yaxshi bilgilki, tozalik va zaiflik eng yaxshi narsalardir, inson ko‘ziga xush ko‘rinishlik shular bilandir.

5. Ovqatni vaqtida tayyorla. Ya’ni, ovqatlanish vaqtini hech qachon kechiktirma. Ering qachon ovqatlanishga o‘rgangan bo‘lsa, o‘sha paytga ovqatini tayyorlagin. U kelishi bilan darhol dasturxon sol. Shuni yaxshi bilginki, ochlik insonning jahlini tez keltiradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:45:22

6. Uyqu vaqtini, uyg‘onish paytini yaxshi bilib ol! Ya’ni, uning qachon uyquga yotish payti bo‘lsa, o‘rnini tayyorlab qo‘y. Zero, uyqusizlik insonni xafaxon etadi. Asablari buzuq, xafaxon odamlarning ehtirosi muhabbatini sekin-sekin so‘ndiradi.

7. Xojangning moli va ashyosiga juda e’tiborli bo‘l! Ya’ni, xojangning mol-dunyosini yaxshi saqla, ashyolarini avayla, muhofaza qilgin. Chunki uning mol-dunyosi senikidir. Erning mol-dunyosini isrof etmaslik - ish bilish va qadriga yetish, demakdir.

8. Eringning qarindoshi va yaqinlariga hurmat ko‘rsat! Ya’ni, xojangning qarindoshlari va yaqinlariga hurmat xojangning e’tiborini qozonmoq, demakdir. Ularni hurmat qilish xojangni hurmat qilish, demakdir. Bu esa qadr va e’tibor qozonishingdir.

9. Eringning sirini boshqalarga aytma! Ya’ni, eringning ba’zi sirlarini bilgan vaqtingda ehtiyot bo‘lib uni saqla, birovlarga aytib yurma. Agar aytib qo‘ysang, uning g‘azabini keltirib qo‘yasan, ishonchini yo‘qotasan. Bunda tuzayotgan oilangiz buziladi.

10. Eringning dinga to‘g‘ri keladigan barcha buyruqlarini ado qil! Ya’ni, xojangning dinga uyg‘un bo‘lgan buyruqlarini bajarishda tanbal bo‘lma. Hech qachon unga nisbatan itoatsiz bir harakat bo‘lmasin. Agar shunday bir harakat bo‘lsa, senga kin saqlab oxiri dushman bo‘ladi. U senga dushmanlik yo‘lini tutsa, sen ko‘p zarar ko‘rasan va qo‘lingdan hech narsa kelmaydi. Shuni yaxshi bilib olginki, xojang xafa bo‘lganda sen nash’ali, xursand bo‘lishdan, u xursand bo‘lganda sen xafa ko‘rinishdan juda ehtiyot bo‘lgin. Chunki uning xafa bo‘lgan paytida sening xursand ko‘rinishing, uning quvonchli bo‘lgan vaqtlarida sening g‘amgin bo‘lishing unga hamdard bo‘lmaslik kabi bir qusurni o‘rtaga tushiradi. Bu esa fahmsiz va tarbiyasi yomon odamlarga mansub ishdir. Bu sen kabi yuksak bir tarbiya ko‘rgan aqlli va oqila xotinlarga mansub emas. Bolajonim! Eringga qanchalik ko‘p sevgi va hurmat ko‘rsatsang, o‘zing shunchalik muhabbat va hurmatga erishasan. Aytganlarini qanday bajarsang, so‘zlarini tinglasang, shu darajada muhabbat va hurmatga sazovor bo‘lasan». Bu dono o‘gitlarga, nasihatlarga qo‘shimcha qilish, izoh berishning hojati bo‘lmasa kerak!

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:45:34

SEPLI BO’LGUNCHA...

Yangi kelin har qancha go‘zal va xushqomat bo‘lmasin, har qanday boy-badavlat, obro‘li xonadondan kelmasin, dono va odobli bo‘lmasin, ro‘zg‘or yumushlarini bilmasa, saranjom-sarishta ish tutmasa, xullas, epli bo‘lmaguncha borgan joyida obro‘ qozonolmaydi. Bekorga xalqimiz «Sepli bo‘lguncha, epli bo‘l», deb aytmagan. Ammo ko‘pincha qizlarimizning turmush, deya atalgan sinovga hech qanday tayyorgarlik ko‘rmaganlari to‘ydan keyinoq ochilib qolyapti. Non yopishni, ovqat qilishni, hatto oddiygina tuxum qovurishni ham eplay olmaydigan qizlar borligiga balki ishonmassiz? Axir bo‘lajak kelinning o‘zi tushgan oilaga mahkam ildiz otishi, obro‘ topishi, er-xotinning muhabbati yanada alanga olishi ko‘p jihatdan kelinning pazandaligiga ham bog‘liq-ku! Aksariyat oilalarda janjal, g‘ishavalarning kelib chiqishi ko‘pincha ovqatga borib taqaladi. Yosh kelinlar non yopish, mazali taomlar tayyorlashni o‘z uylarida o‘rganib olishlari lozim. Ovqat qilishdan oldin eng avvalo kattalarning istak-xohishlari inobatga olinadi. Ulardan «Nima ovqatni xohlaysizlar?» deb so‘rash ham odobga kiradi. Kattalar ko‘proq yumshoq, xushxo‘r, suyuq ovqatlarni istashadi. «Menga bu yoqmaydi», «Men bu ovqatni bilmayman» qabilida zarda qilib ularni og‘rintirish insofdan emas. Yosh uy bekasi avvalo har ishda saranjom-sarishta, tejamkor bo‘lishi kerak. Kelinchak bu fazilatni egallasa, ro‘zg‘or ishlarida qoqilmaydi, birinchi kunlardanoq atrofdagilarning hurmat-e’tiborini qozonadi. Aksincha, u ro‘zg‘or yumushlarini pala-partish, sovuqqonlik bilan bajarsa, o‘zi ozoda, did bilan kiyinmasa yoki o‘ziga oro berib qaramasa, mehmon kutishni bilmasa, uyni pokiza, ozoda tutmasa, erining katta-kichik yumushlariga beparvolik qilsa, bunday kelinchak aslo oiladagilarga yoqmaydi. Bu holning tuzalishidan umidini uzgan qaynona- qaynota oxiri sabri tugab, bunday epsiz kelinning bahridan o‘tish tashvishiga tushib qoladi yoki bu kelinning butun umri ta’na-malomatlar, mojaro-tortishuvlar bilan o‘tadi. Kelinlarimizning oiladagi hisob-kitob ishlariga befarqligi ham qimmatga tushishi mumkin. Elektr chiroqlarini zaruratsiz yoqib qo‘yadigan, masalliqlarni isrof qilib yuboradigan, ro‘zg‘or yuritishda tejamkor bo‘lmagan kelinlar ham xonadonga suyumli bo‘la olmaydilar. Yaqinda mahallamizda qaynona-qaynota hovlining chiqimlarini to‘laymiz, deb ajratib qo‘ygan pullariga o‘zboshimchalik bilan qandil xarid qilgan kelinning sal bo‘lmasa turmushi buzilib ketay, dedi. Yoki jurnalist M. Ahmadboeva hikoya qilgan mana bu holatga nima deysiz:

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:45:48

VOQEA. ...Tunov kuni avtobusda ketayotgan edim. Yonimdagi o‘rindiqda o‘tirgan qiz hozirgina bekatdan chiqqan qiz bilan quchoqlasha ketdi: - Voy, Mahbu, bormisan? - O’zingmisan, Ra’no? - Ochilib ketibsan. Pochcham yaxshi yigitga o‘xshaydi! - He, o‘lsin, - dedi qo‘l siltab Mahbuba ismli qiz. -Nega? Urishib qoldilaringmi? - Ajrashdik. - Voy, nimalar deyapsan, Mahbu? Bir oy bo‘lmasidan-a? - taajjublandi Ra’no. - Axir uni sevarding-ku? - Onasi o‘lgur yomonligini men qayoqdan bilay? Ertalab barvaqt turilgan uyda farishta bo‘larmish. Kelin kelindek bo‘lishi kerakmish. Eshikdan kim kirsa, salom berarmishman, o‘n marta bo‘lsa ham. Kechqurun albatta qozon-tovoqni yuvib qo‘yishim shartmish. Ertalab yuvamanmi, obedda yuvamanmi - bu mening ishim, to‘g‘rimi? Xullas, hiqildog‘imga keldi. Onasi bilan urishib qoluvdim, o‘sha kuniyoq masalani hal qildim: «Yo meni deng, yo onangizni», desam, erim nuqul hiringlab kuladi: «Ham sizni deyman, ham onamni». «Bo‘lmasa, bor o‘sha onang bilan qo‘shmozor bo‘l!» dedim-da, xayr-ma’zursiz uyga jo‘navordim. Dugonalar keyingi bekatga tushib qoldilar. Negadir o‘zining hayotiga yengil-elpi qarayotgan Mahbubaning gapi meni hayratga soldi. Hali kelinlik libosini yechmay turib oila, o‘zi sevgan, ko‘ngil bergan erining bahridan o‘tish uni zarracha tashvishlantirmayotganligiga ajablanasan kishi. Xo‘sh, endi u nima qilmoqchi? Ochig‘ini aytganda qaynona aytgan gaplarning hammasi to‘g‘ri-ku. Barvaqt eshik ochilgan uyda fayz bo‘lishi aniq. Xo‘sh, kelin uyda ro‘mol o‘rab yurishining nimasi yomon? Eshikdan kirib kelgan odamga esa salom bermaslik odobsizlik emasmi? Yana qozon-tovoqni yuvmagan kelin qanaqa kelin o‘zi? Qaynonaning o‘gitlarini nojo‘yalikka olgan Mahbubaxon qattiq yanglishadi. Kim bilsin, hali oradan ancha vaqt o‘tar, Mahbubaxon yana oila qurib qaynonali ham bo‘lar, lekin ishonchim komilki, u o‘zining qilmishidan afsuslanadi... Unda kech bo‘ladi, judayam kech. Yoshlikning qadriga yetmay, birinchi turmushidan sababsiz ajralgani uchun bir umr pushaymon bo‘lib yashaydi. Turmushda uchraydigan ikir-chikirlar tufayli murosasi qochib, ajralishayotganlar qancha?». Nazarimda, oilada qiz bolaning or-nomusli, iffatli, go‘zal xulqli qilib tarbiyalashdan tashqari uni kelajakda oila tebratib ketishi uchun lozim bo‘lgan boshqa bir qator fazilat egasi ham qilib tarbiyalash kerakdek ko‘rinadi. Kechirimli, kattalarga va turmush o‘rtog‘iga o‘ta hurmatli bo‘lgan, ozoda, shirinso‘z, qolaversa, turmushning bor-yo‘g‘iga sabr qilib, tejamkor, tadbirkorlik fazilatlariga ega bo‘lgan kelinlargina o‘z turmush o‘rtoqlariga munosib yor, qaynonalariga suyukli kelin bo‘la oladilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:46:09

KELINLAR, HUSHYOR BO’LING

VOQEA. Ne’matjon to‘y qilib o‘g‘lini uyladi. To‘yda, tabiiyki, oilaning eski qadrdoni Alijon ham boshqalardan ko‘proq yelib-yugurib xizmat qildi. Yangi kelin tushgan xonadon fayzli bo‘ladi, deyishadi. Ne’matjonning yangi kelini ham epchilgina chiqib qoldi, erta tongda turib hovlini, ko‘chasini chinniday supurib-tozalaydi, suv sepadi. Yosh, xushro‘y kelinning o‘z ko‘chasida paydo bo‘lishi Alijonning tinchini o‘g‘irladi-qo‘ydi. Shayton vasvasa qilib ko‘ngliga ne-ne qabih, iflos rejalarni soldi. Shofyor emasmi, ishga barvaqt ketadi, har gal ko‘cha supurib yurgan qo‘shnining kelinini ko‘rib ilmoqdor gaplar otadi, tagdor qochirimlar qiladi. Bu hol takrorlanavergach, kelin bor gapni turmush o‘rtog‘iga aytadi. U ham hayron: «Qo‘shni bo‘lsa, otasining uzoq yillik qadrdoni bo‘lsa! O’zi kelinli, nabirali odam, nahotki xotinining gapi chin bo‘lsa? Balki xotini adashayotgandir, uning samimiy gaplari shilqimlik bo‘lib tuyulayotgandir?» Xullas, bunga boshqa hech kim uncha e’tibor bermadi. Kunlarning birida uyda kelindan boshqa hech kim qolmaganini bilgan Alijon anchadan buyon dillab yurgan rejasini amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Ne’matjonni so‘roqlab uning xonadoniga kirib boradi va yosh kelinni zo‘rlamoqchi bo‘ladi. Yaxshiyamki, uning baxtiga qaynonasi ko‘chadan kelib qoladi. Sharmanda bo‘lishdan qo‘rqqan Alijon devor oshib ko‘chaga chiqadi va ishxonasiga jo‘navoradi. Bechora kelin bor voqeani qaynonasiga oqizmay-tomizmay aytib beradi. Qo‘shnining hech qaysi quyushqonga sig‘maydigan, na qonunlarga, na shariat hukmiga, na axloq-odobga to‘g‘ri keladigan bu qabih qilig‘i uning ishxonasiga-yu mahalla-ko‘yga ma’lum bo‘ldi. Bundan qattiq g‘azablangan mahalla ahli uning bu yerdan ko‘chib ketishini qat’iy talab qildi. Yaqinda eshitganimiz yana bir voqea oldida bunisi ham holva ekan. Tanishlarimizdan birining tog‘asi yaxshigina xonadonga qiz uzatgan ekan. Bir yilcha muqaddam qizning qaynonasi vafot etib, qaynota so‘qqabosh qolibdi. Mahalla-ko‘y, qarindosh-urug‘lar maslahatni bir joyga qo‘yib «Hali bardamsiz, uylab qo‘yaylik», deyishsa, u sira ko‘nmabdi. Xotin topishsa, rad qilaveribdi. Kosaning tagidagi nimkosa yaqinda ayon bo‘lib qolibdi. Qaynota o‘g‘lining Rossiyaga savdogarchilikka ketganidan foydalanib anchadan buyon reja tuzib yurgan niyatini amalga oshirmoqchi bo‘ldi. Avval kelinini o‘zi bilan birga yotishga ko‘ndirish uchun avraydi, xotinidan qolgan tilla taqinchoqlarni hadya qiladi, shirin va’dalarga ko‘mib tashlaydi. Qat’iy rad javobini olgandan keyin unga po‘pisa, tuhmat qilishga o‘tadi. «Sen suyuqoyoqsan, o‘g‘lim yo‘qligida boshqa yigitlar bilan don olishgansan, safardan kelishi bilan seni haydataman», deb rosa qo‘rqitgan. Bolalarining yetim bo‘lishidan, suyukli eridan ajrab qolishdan qo‘rqqan yosh kelin avvaliga qaynotasining talabiga ko‘nmoqchi ham bo‘lgan. Biroq Xudo diliga solib uyiga qochib borgan va bor gapni ota-onasiga aytib bergan. Bechora ota-onaning boshi qotgan: bu gapni ovoza qilaylik, desa, har tomonlama sharmandalik! Qudasining qiliqlariga indamaslikka esa vijdon ham, e’tiqod ham yo‘l qo‘ymaydi. Nahotki ota o‘rnidagi kishi, ikkinchi padari o‘z farzandining nomusiga tajovuz qilsa, o‘g‘lining hamiyatini poymol qilib, uning halol-pok xotiniga ko‘z olaytirsa? Axir Alloh taolo Qur’oni karimda: «Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz harom qilindi)», deb amr etib qo‘ygan-ku! Mana shunda miyangni bir savol tinmay kemiradi: bizga o‘zi nimalar bo‘lyapti, nega bu qadar tubanlashib ketyapmiz? Qo‘shnining keliniga ko‘z olaytirgan, o‘z kelini bilan to‘shakni baham ko‘rishni istagan bu yovuz va vijdonsiz kishilar qayoqdan paydo bo‘lib qoldi? Uzoq yillik istibdodning asoratlari, mustabid mafkuraning ming yillik qadriyatlarimizdan uzoqlashtirib yuborgani oqibatida xalqimizning turmushiga kirib kelgan behayolik, fahsh, ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi yaramas illatlardan iloji boricha tezroq qutulish payti kelmadimikan? Yoki ana shunday qabih, razil voqealarning sodir bo‘lishiga teleekranlar, videolar orqali xonadonimizga kirib kelayotgan g‘arbona «axloq» va oilaviy mojarolarning ko‘rinishlari sabab bo‘lmayotganmikan? Yana bir mulohaza: o‘zga bir xonadonga kelin bo‘lib tushgan qizlarimiz o‘z iffatlari, hayolarini asrash haqida jinday o‘ylab ko‘rsalar yomon bo‘lmasdi. Sir emaski, ayrim xonadonlarda yosh kelinlarimiz qarindosh -erkaklar, kuyovning do‘stlari, qo‘ni-qo‘shnilar huzurida badan ko‘rinib turadigan xarir liboslarda, ko‘ksi ochiq ko‘ylaklarda, xushbo‘y atirlarga «cho‘milib» bemalol yurishaveradi, bir dasturxonda o‘tirishaveradi. Hatto o‘pishib, quchoqlashib ko‘rishishlar rasm bo‘lib qolgan xonadonlar ham bor. Axir «Shayton hamisha hamroh», deydi xalqimiz. Tabiatan qiziqqon, ehtirosli bo‘lgan o‘zbek yigitlari bunday holatlar oldida o‘z his-tuyg‘ularini jilovlay olishlari mushkul emasmi? Vaholanki, Payg‘ambarimiz alayhissalomning «Ikki nomahram erkak-ayol yolg‘iz qolsalar, uchinchilari shayton bo‘ladi», degan hadisi shariflari bor. Shuning uchun mukammal dinimiz kelinlarni (barcha xotin-qizlarni ham) hayoli bo‘lishga, o‘zlarini ochiq-sochiq, behayolarcha tutmaslikka, nomahram kishilardan chetlanib turishga da’vat etadiki, bunda eng avvalo o‘sha qizning, juvonning sha’ni-obro‘sini asrash, oila baxt-iqboliga rahna solmaslik, turli fitnalarga duchor bo‘lmaslik ko‘zda tutilgan. Shu boisdan kelinlarimizni «Hamisha hushyor bo‘ling, hayo-iffat pardasini asrang, chunki insonga shayton doimo hamroh», deb ogohlantirgimiz keladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:46:23

* * *

Mana, muhtaram kitobxon, oila farog‘ati, xususan, qaynona-kelin muammosi haqida imkoniyat qadar so‘z yuritdik, donolarning pand-nasihatlaridan voqif etdik. To‘g‘ri, birgina bu risola oila, qaynona-kelin munosabatlaridagi barcha savollarga javob beradi, degan fikrdan yiroqmiz. Yuqorida o‘qiganlaringiz sizlarga oilangizni farog‘at qasriga aylantirishga, sodir bo‘lib turadigan mojaro-janjallardan chetlanishga, oilada totuvlik, muhabbat, ahillik, oqibat nihollarini o‘stirishga bir oz bo‘lsa-da ko‘mak bersa, maqsadimizga erishgan bo‘lardik. Iloho, barchalarimizga bir-birimizga mehr-oqibatli, rahm-shafqatli bo‘lish, oilalarimizda tinchlik-xotirjamlik va totuvlik oshyon qurishiga erishish nasib etsin, Haq taolo O’zining hidoyat yo‘lidan adashtirmasin. Omin, yo Robbal olamiyn!

Qayd etilgan